“Xudo har bir zamonda Yerdan nimanidir koʻtaradi: bir gal barakani, yana bir safar xotirjamlikni…” derdilar buvim. Oʻsha kezlar hali yosh, gʻoʻr edim. Tabiiyki, teran falsafa yashiringan bu fikrni tuzukroq anglamaganman. Ammo hayotning past-baland dovonlaridan oshib, soch-soqolga qirov ina boshlagan bugungi kunda oʻsha naql bot-bot yodimga tushadi.

Xoʻsh, Yaratgan Egam bizni hozir qay yoʻl bilan sinamoqda ekan? Zamondoshlarimiz nimadan mosuvo etilgan ekan? Nazarimda, bugun oramizdan mantiq koʻtarilganga oʻxshaydi. Zero, turmushimiz, tutumimizda mantiq mezonlariga toʻgʻri kelmaydigan jihatlar koʻp, juda koʻp...

Yaqin-yaqingacha uylarimiz devori suvoq qilinib, ustidan odmi gulbezak berilardi. Ulfatlar bilan gap-gashtak qilgimiz kelsa, ularni xonadonimizga chaqirardik. Baqad­rihol dasturxon tuzab, dildan suhbat qurardik. Bugun-chi, uylarimiz ikki-uch qavatli, keng, baland. Naq besh yulduzli mehmonxonadek! Biroq mehmon atalmish atoi Xudo kamdan-kam ostona hatlaydi: nozik qoʻnoqlarni ham choyxonayu restoranda kutamiz. Nega, kim uchun qurdik oʻzi oʻsha qoʻshoshiyonli saroyni?!

Bir tanishim Paygʻambar yoshiga toʻlgani shukronasiga dasturxon yozdi. Kaminani oʻsha marosim boshlovchiligiga taklif qildi. Ertalab elga osh tortildi. Kechqurun esa... Ochigʻi, kechki ziyofatga borib, hayronlar qoldim. Mezbon akamiz Paygʻambar yoshi dasturxonini musallasu sharobning har turi bilan toʻldirib tashlabdi. Ishonavering, mantiq chambaragim chirpirak boʻlib ketdi!

Bizning avlod yaxshi xotirlaydi, 1990 yillarda shahar telefoni juda kam xonadonda boʻlardi. Telefon tushirish uchun yillab navbat kutishingiz, ish joyingizdan tavsifnomayu maqtovnoma keltirishingiz, gohida tanish-bilishni ishga solishingiz talab etilardi. Bir xonadondagi telefon esa butun koʻchaga xizmat qilardi. Endi-chi? Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barchamizda qoʻltelefon bor. Bu arzanda matohning narx-navosini ayting – bitta smartfonning puliga uch-toʻrtta qoʻy beradi! Shunga qaramay, ayrim hotamtoylar birinchi sinfga qatnaydigan bolasiga ham eng qimmatidan olib bergan. Chapdastroq zamondoshlarimiz esa uchtalab telefon koʻtarib yuradi deng. Lekin qoʻngʻiroq qilsangiz, birorta telefoniga javob bermaydi. Voy, mantigʻingdan aylanay!.. Shuncha hashamat, shuncha xarajat bilan nimani doʻndiryapmiz?

Avtomobilning yoʻrigʻi ham ana shunday. Otaning oʻz markabi, onaning oʻz mashinasi, oʻgʻil-qizlarning oʻz “tachka”si bor! Yana deng, mehmonga borgani alohida, bozor-oʻcharga alohida, ishga qatnagani yana alohida mashina! “Quturib ketmanglar!” derdilar onam, salgina oʻzimizdan ketsak...

Boylik ham bir neʼmat-da. Ilgari toʻy qilamiz, mashina olamiz, deb pul toʻplardik. Hozir ayrim zamondoshlarimizning davlati yuzta toʻyga yetadi. Bola-chaqadan ham tinchigan. Lekin tinim bilmaydi boyoqish, boylik ketidan yugurgani yugurgan. Fikru xayoli – yuzni ming, mingni tuman qilishda. Sogʻligʻidan kechib, umrini garovga qoʻyib, ozodligini tikib boʻlsa ham aqcha topadi! Pul kerak, qancha koʻp boʻlsa shuncha yaxshi! Vassalom! Ammo zamonamiz qorunlari oʻz ortidan bor davlatini qoldirib, nedir xastalikdan oʻlib ketayotgani koʻzimizni ochmaydi. Esiz umr, deysiz beixtiyor. Nima, meʼyor, chegara degani yoʻqmi boylik toʻplashda?

Yigitlik davrimiz butun bir shaharda toʻrt-beshta choyxona boʻlardi. Ulfatlar yigʻilib qolsak, dasturxonning dogʻiyu koʻrpachaning yamogʻi bilan hech kimning ishi yoʻq, allamahalgacha chaqchaqlashib oʻtirardik. Bugun esa serhasham choyxonalarda gap-gashtak qilamiz. Ilgari osh-ovqatimizni oʻzimiz pishirardik. Endi esa oshpazu oyoq-qoʻli chaqqon dastyor yigitlar xizmatingizda. Ammo davradan fayz qochgan. Baʼzi doʻstlar tinimsiz telefonda soʻzlashadi, yana baʼzisi bosh koʻtarmay ijtimoiy tarmoq “kezadi”. Razm solib qarasangiz, oʻsha davra, oʻsha ulfatlar. Qachon, nega bunchalik oʻzgarib ketdik?..

Eski hovlimiz oshxonasi hech koʻz oldimdan ketmaydi. Katta va kichik qozonga moʻljallangan qoʻsh oʻchoq. Somonsuvoq qilinib, ohak bilan oqlangan. Qishda ayvonda, bahor-yozda esa azim oʻrik tagidagi supada toʻkis-tugal jam boʻlib, onam pishirgan totli ovqatlarni tanovul qilardik. Bugun uyimizda bir emas, ikki oshxona bor. Ammo dasturxon atrofida butun oila kamdan-kam jam boʻladi. Unisi ishda, bunisi safarda, kamina xizmatda. Dabdabayu asʼasa bilan qurilgan oshxonada manti pishyapti-yu, mantiq pishib yetilmayapti-da!

Bolalarimiz kolleju institutni bitiryapti, lekin koʻpchiligi tahsil koʻrgan sohasi qolib, boshqa koʻchalarda tirikchilik qilib yuribdi. Bizga falon joyni tamomlagani toʻgʻrisida bir parcha hujjat boʻlsa bas-da! Oʻz oilamdan misol, oʻgʻlim Texnika universitetining malayziyaliklar ochgan fakulьtetida oʻqib, iqtisodchi boʻlib yetishdi. Lekin energetika sohasidagi bir shirkatning xodimlar boʻlimida ishlab yurdi. Shu boʻlimda ishlashi kerak boʻlgan mutaxassislar esa... yoqilgʻi qu­yish shaxobchasida javlon uradi!

El xizmatida, toʻy-hashamda koʻp boʻlaman. Bu mavzuda yozaman desam, gapim tugamasa kerak. Odamlarning isrofgarligini koʻrib yoqa ushlaysiz. Libos, taom, video-foto, bezak xarajatlarini xomchoʻt qilib, aqlingiz shoshadi. Davlatmandlar birgina bezak uchun sarflagan pulga kambagʻal oila badastir toʻy oʻtkazishi mumkin...

Qoʻltelefonimga juma kuni tabriklar yogʻiladi. Shunchaki qutlovlar emas, yuragingni erituvchi bitiklar. Oʻzini xudojoʻy deb bilgan tanishlarim koʻz oldimdan oʻtadi shunday vaqtlar. Namozni qoldirmaydi, ammo gʻiybatu yolgʻon, bidʼatu xurofotdan parhez qilmaydi. Yurtni chaqirib ehson dasturxoni yozadi, ammo dasti kalta doʻstidan oʻn yil avval olgan qarzini qaytarishni paysalga soladi. Luqmai halol haqida vaʼz oʻqiydi, ammo ish bitirmoq uchun pora qistirishdan tap tortmaydi. Qani sogʻlom mantiq, deya uzoq xayolga tolaman. Xuddi daryosini yoʻqotgan qirgʻoqdekmiz...

Birodarlar, agar eʼtiqodimizgaki shubha-gumon aralashgan ekan, vaqtida etakni yigʻishtirib, oʻzimizni taftish qilmasak boʻlmaydi chogʻi...

Muslimbek  YOʻLDOSHEV

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 3-son.

“Daryosini  yoʻqotgan qirgʻoq” maqolasi