Davlat tashkilotlari va organlari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shahar hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi tashkil etilganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq.
Vazirlik, idora va hokimliklar kundalik faoliyatini doimgidek davom ettirmoqda. Bir qarashda maʼnaviy-maʼrifiy yoki davlat tili masalasida hech qanday ish qilinmayotgandek koʻrinadi. Biroq ichkariga bosh suqsangiz, fikringiz oʻzgarishi aniq. Ilgari toʻliq rus tilida faoliyat yuritgan idora yoki tashkilot ish muhiti birdaniga davlat tiliga oʻtishi oson emas. Baʼzan “Men xohlagan tilimda ishlayman!” yoki “Bizni necha yillik odatimizdan voz kechtirmoqchimisan?” degan iddaolar oldida tilingni tiyishga ham majbur boʻlasan. Yoki maslahatchilar faoliyatiga “Shuyam ish boʻldi-yu” degan kinoyali nazar bilan qaraydiganlar ham yoʻq emas.
Oʻrni kelganda oʻz faoliyatimga oid bir voqeani eslasam. Har doimgidek ishga koʻmilib oʻtirar ekanman, xizmat telefoni asabiy jiringladi. Hamkasbim ogʻriqli masalani koʻndalang qoʻydi: “Biz xorijiy kompaniya bilan shartnoma imzolash arafasidamiz, odatda oʻsha tashkilot faoliyat yurituvchi davlat tilida va rus tilida tuzardik. Bugungi siyosatdan kelib chiqib hujjatni ularning va oʻzimizning tilimizda rasmiylashtirishni taklif qildik. Ammo hamkorlar oʻzbek tilidagi shartnomani imzolamaymiz deb oyoq tirab turib olgan...”. Biroz qiyin vaziyat. Shartnomasi kerak emas, deyin desam, birinchidan, menda bunday vakolat yoʻq, ikkinchidan, hamkorlik nafaqat tashkilotga, balki mamlakatimizga yaxshigina manfaat keltirishi mumkin... Six ham, kabob ham kuymaydigan yoʻl topish mushkul.
Vazirligimizda 99 foiz holatda davlat tilida ish yuritilmoqda. Nega yuz emas, deyapsizmi? Oʻsha bir foizi mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari, tashkilot va korxonalar vakolatxonalari yoki chet davlatlarga yuboriladigan hujjatlar hisoblanadi. Bundan tashqari, xatlarga javobni imkoni boricha murojaat qilingan tilda yozamiz. Ha, nega, shuni davlat tilida qilsa boʻlmaydimi, degan savolingiz oʻrinli. Lekin qonunchilik murojaatchiga ustunlik beradi. “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahririda, balki, bu kabi savollarga oʻrin qolmas.
Biz bagʻrikeng xalqmiz. Turkiyada boʻlgani kabi barcha yozishmalar, hisob-kitoblarning hech qanday istisnolarsiz davlat tilida olib borilishini talab qilib oʻtirmaymiz, yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan davlat tilida boʻlmagan shartnomalarni bekor ham qilmaymiz. Ming afsus bilan aytish kerakki, har qancha harakat qilinmasin, qatʼiy chora-tadbirlar belgilanmasin, baribir xat-hujjatlarni haligacha rus tilida yuritayotgan vazirlik va idoralar mavjud.
Shu joyda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdugʻaffor Qirgʻizboyev har safar maslahatchilar bilan uchrashganda takrorlashdan charchamaydigan gaplardan iqtiboslar keltirmoqchiman:
– Oʻzbekistonning biror chekka qishlogʻi, u yerda oʻzbekdan boshqa millatning oʻzi yoʻq, lekin doʻkon peshlavhasiga “Мы открылись” (biz ochildik) deb yozib qoʻyishmoqda. Bu nima sharmandalik?!
– Rossiyaning biror tuman, shahrida qarorlar blankasi ustida ruscha-oʻzbekcha yozishadimi?
– Tadbirkor reklama eʼlonlarini, oshxona-yu doʻkonlar peshlavhasini davlat tilida yozsa, savdosi oʻladimi, biznesi sinadimi?..
Milliy oʻzlikning bosh sharti – tildir. Ona tilidan ayrilgan xalq millat sifatida yoʻqolib ketishiga koʻhna tarix necha bor guvoh boʻlgan. Jahon sahnasida oʻzbek tilining oʻrnini mustahkamlash faqatgina maslahatchilarning vazifasi emas, balki har bir yurtdoshimizning burchidir. Xalqaro nufuz haqida gapirishdan avval esa mamlakat ichkarisidagi muammolarimizni badastir qilib olishimiz shart.
Nurulla ABDULLAYEV,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish
vaziri maslahatchisi