Tarixdan insonlar bir jamoadan boshqasiga qoʻshilganida yangi muhitga moslashishi tabiiy jarayon, shu bilan birga talab va zarurat sanalgan. Va bu “qoida” dolzarbligini hech qachon yoʻqotmagan, hatto hayotidagi ilk ijtimoiylashuv bosqichida turgan bola ham bogʻchaga borib, oʻsha muassasa qoidalariga boʻysunadi, maktabga chiqib, yangi tartibga moslashadi. Shu kabi oliy taʼlim muassasalari, ishxona, yangi oila va nihoyat, boshqa bir mamlakat ham tabiiyki, barcha uchun teng amal qiladigan tartib-qoidalarga ega boʻladi. Ularga rioya qilish fuqaroning mazkur jamiyatga hurmatini koʻrsatib, oʻz oʻrnida, muvaffaqiyatli moslashuv va koʻngildagidek kelajak poydevori uchun muhim sanaladi. Aks holda esa…
Quyida buning aksi olib kelgan vaziyatlarni koʻrib chiqamiz.
Turli mamlakatlarda fuqarolar oʻz vatanida ona tilida soʻzlashishni talab qilgani bilan bogʻliq bir necha holatlar kuzatilgan. Oʻz tili uchun kurash, uning mavqeyiga nisbatan hurmat talabi koʻplab davlatlarda keskin muhokamalardan tortib, sud va mitinglarga ham sabab boʻladi. Natija esa eng kamida boshqalarning oʻsha tilga hurmat bilan munosabatda boʻlishi kerakligini koʻrsatib, baʼzan hatto, tarixiy oʻzgarishlarga ham olib kelgan.
Dunyo tarixini oʻzgartirib yuborgan talab – bengal tili mavqeyi uchun kurash
Vatan uchun jon fido qilganlar haqidagi hikoyalarning koʻpi bilan tanishmiz. Lekin Pokistonda ona tili uchun kurashga kirgan va shu yoʻlda halok boʻlganlar haqida bilarmidingiz?
1952-yil Pokiston hukumati mamlakat sharqida bengal tilida soʻzlashuvchi koʻp sonli aholini inkor etib, urdu tilini yagona davlat tili sifatida eʼlon qiladi. Talabalar, shuningdek, aholining boshqa qatlam vakillari bengal tilini rasmiy ona tili sifatida tan olinishiga erishish uchun ommaviy namoyishga chiqadi.
Politsiya norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishga urinib, talabalarga qarata oʻq ochadi. Lekin bu yuqoridagi qarorga munosabatlarni yaxshilamaydi, aksincha, hukumatga qarshilik tobora kuchayadi va 1956-yilda bengal tiliga va nihoyat davlat tili maqomi berilishiga erishiladi.
Qarshilik namoyishlari 21-fevral kuni boʻlib oʻtadi va UNESCO ona tili uchun jon fido qilgan insonlar xotirasiga bagʻishlab, ushbu sanani Xalqaro ona tili kuni deb belgilaydi.
Oʻzbekistonda
Oʻzbekistonda ham oʻzbek tilining davlat tiliga aylanish jarayoni oson kechmagan. 1989-yilda ziyolilar, talabalar, oddiy aholi oʻzbek tilini davlat tiliga aylantirishni soʻrab, bir qancha tinch namoyishlar oʻtkazishgan. Sovet hukumati xalqning ushbu qatʼiy, haqli va izchil talabini qondirishdan oʻzga chora topolmaydi. 1989-yilning 21-oktyabrida davomli bahs-muzokaralardan keyin “Davlat tili haqida”gi Qonun bilan tilimizga davlat tili maqomi beriladi. Oʻzbek xalqi ushbu voqelikni ulkan tarixiy gʻalaba, milliy ozodlik va uygʻonishning boshlanishi sifatida qabul qiladi. Yillar davomida ikkinchi darajali boʻlib qolgan oʻzbek tilining oʻz yurtida kutilgan maqomga erishuvi katta xursandchilik bilan qarshi olinib, matbuotda bayramona maqolalar, sheʼr va tabriklar chop etiladi, mamlakatda milliy ruh ortib boradi.
Bu aslida ham oʻzini, oʻzligini hurmat qilgan har bir millat vakili uchun har davrda bundan kam boʻlmagan gʻurur, mamnuniyat hissini beradigan voqelik boʻlgan.
Lekin bugun…
Qanchalik inkor etmaylik, tashqaridan xalqning kundalik turmushi, muloqoti, umuman, atrof-muhitni uzoqroq kuzatgan kishida “Oʻzbekistonda ona tili faqat bayram haftaligidagina eslanib, mavqeyi yodga olinadi”, degan tasavvur paydo boʻladi. Bir oʻzbek tadbirkorligini boshlamoqchi boʻlsa, uni xorijiy tilda nomlaydi. Koʻngilochar manzil, ovqatlanish shoxobchalarida ham mehmonlar rus tilida qarshi olinadi.
Besh nafar oʻzbek davrasiga bir dona rus qoʻshilsa, suhbat uning tilida davom etadi. Yana boshqasi millatdoshidan ona tilida gapirishni talab qilsa, bulling, haqoratlarga uchraydi, mavjud huquqlari oyoq osti qilinadi. Oʻzbek boʻla turib, farzandi, uka-singlisining bu tilda gaplasha olmasligini faxr bilan taʼkidlash holatlari boʻlsa – tilimizning naqadar qadrsizlanayotganining eng yorqin misollari sanaladi. Va shu oʻrinda dolzarbligini hech yoʻqotmaydigan, yoʻqotolmaydigan savol yodga tushadi: Ona tilimiz fidoyilari qani?
Erkin Vohidov “Soʻz latofati” kitobida tilimizga ushbu maqom qay davrda berilgani, bunga erishuv millat fidoyilarini qanchalik xursand qilganini aytib, uning asl qudratini tiklash, oʻz mavqeyi darajasida munosabatda boʻlish va uni boyitish ustida yetarlicha ishlanmayotganiga oʻzbek tilining davlat tili deb eʼlon qilinganidan keyingi xotirjamlikni asos sifatida koʻrsatadi:
“Hali Shoʻro davlati qudratda boʻlgan zamonda sodir boʻlgan bu tarixiy hodisa – istiqlol bahorining ilk gʻunchasi – ilm ahli, ijod ahli uchun chinakam bayram edi. Qalblarimiz nurlandi, doʻppini osmonga otdik va... xotirjam boʻldik.
Vaholanki, tilga Davlat maqomining berilishi uzoq yillar davom etadigan, barcha kasb egalarining safarbarligini, ayniqsa, ziyolilarning tinimsiz mehnatlarini talab qiladigan umummilliy jarayonning boshlanishi boʻlgan edi.
Oʻsha qaltis va shukuhli yillarning joʻshqin bahslariga, jonbozliklariga shohid boʻlgan bir qalamkash sifatida bugun afsus va oʻkinch bilan oʻylayman: Ona tilimiz fidoyilari qanilar? Har yili 21-oktyabrni tabarruk kunday nishonlashimiz, til bayramlarini oʻtkazishimiz durust.
Lekin Ona tilimizni boyitish, atamalar ustida ishlash, chet tillaridan kirgan soʻz va terminlarga munosib oʻzbek soʻzlarini topish ustida gʻayrat va jonbozlik hali yetarli darajada emas.
Tilshunos olimlarimiz, tarjimonlarimiz, ayniqsa ijodkorlar oldida ulkan vazifalar bor.
Tilimizning Navoiy zamonidagi qudratini tiklash, badiiy, ilmiy, rasmiy til boyligi uchun astoydil jon koyitishimiz kerak.
Tilimizni chinakam davlat tiliga aylantirish hammamiz va har birimizning, men oʻzbekman degan har bir insonning sharafli vazifasidir”.
Biz oʻzbek tiliga munosib maqom berilishiga nisbatan tinch, qurolli toʻqnashuvlarsiz, bir soʻz bilan aytganda “qon toʻkmay” erishgandirmiz. Lekin asl masala til mavqeyining faqat hujjatlardagina aks etishida emas, uni saqlab, qadrlash, oyoq osti boʻlishiga qoʻyib bermaslikda hamdir.
Soʻnggi vaqtlarda kuzatilayotgan voqeliklar yuqorida qayd etilgan vazifaning toʻlaqonli bajarilishiga yoʻl qoʻymayotgandek.
Eng soʻnggilaridan boshlasak, uchoqda bort kuzatuvchisidan oʻzbek tilida gapirishini talab qilsada, kutilgan javobni ololmagani yetmaganidek, bir isteʼmolchi sifatida huquqlari poymol qilingan fuqaro voqeasini olaylik. Bu aslida aviakompaniya xodimi va yoʻlovchi oʻrtasidagi mojarodan chuqurroq, Oʻzbekistondagi xizmat koʻrsatish sohalarida davlat tiliga va fuqaro huquqlariga boʻlgan munosabat masalasi edi.
Ushbu voqea aholi orasida keskin norozilik va qizgʻin bahslarga sabab boʻldi. Holat yuzasidan jamoatchilik faollari va tilga beeʼtibor boʻlmagan fuqarolar oʻrinli savollar qoʻyib, fikr bildirdi. Milliy aviakompaniya xizmatchisining aksariyati oʻzbeklardan iborat boʻlgan uchoqda eng avvalo oʻzbek, keyin boshqa tillarda soʻzlashishi kerakligini talab qilinib, blogerning bu soʻrogʻi oʻta tabiiy huquq sifatida qabul qilinishi zarurligi taʼkidlandi, tilga hurmatsizlik uchun esa aviakompaniyaga nisbatan boykot eʼlon qilishga chaqiruvlar ham kuzatilgan.
Jurnalist Ilyos Safarov mojaro tasodifiy holat emas, tizimli muammoning koʻrinib qolgan bir qismi ekanini va bu katta, jiddiy muammo ekanini taʼkidlaydi. Unga koʻra, turli sohalarda xodimlarning davlat tilida xizmat koʻrsatgisi kelmasligi bilan bogʻliq holatlar yetarlicha koʻp, lekin ularning barchasi ham ommaga koʻrsatilavermaydi, baʼzan shunchaki indamay ketiladi.
Jurnalist Mirzayor Erkinov boʻlsa muammoning qanchalik chuqur ekanini kompaniya sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasining rus tilida yuritilishi orqali koʻrsatib, ularning nazdida faqat rusiyzabonlar sayohat qila oladi, degan qarash borligi toʻgʻrisida yozadi.
Har qanday tijorat tashkiloti oʻz mijoziga sifatli va munosib xizmat koʻrsatishga majbur. Mazkur fikrni ilgari surgan tadbirkor Bektosh Xatamov til borasidagi tortishuvni yoʻlovchining reysdan qaytarilishiga umuman mos boʻlmagan asos boʻlganini taʼkidlaydi. U shuningdek, mazkur talab fuqaroning tabiiy huquqi ekanini aytib, muammo faqat bir kuzatuvchida emas, balki kompaniyaning kadrlar tayyorlash va mijozlar bilan ishlash tizimida ham borligini aytib, xodimlarning muloqot etikasi va xizmat koʻrsatishi ustida jiddiy ishlash zarurligini qayd etgan.
Natija qanday boʻldi?
Avvaliga yoʻlovchini tajovuzkorlikda, xodimni haqorat qilganlikda va qoʻpol ravishda talab qoʻyganlikda ayblagan, bort kuzatuvchisining ushbu qarorini toʻliq asosli deb baholagan kompaniya keskin bahs-munozaralardan keyin xodimning nohaq boʻlganini tan oldi. Blogerga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlar qoplanib beriladigan boʻldi, qoʻpollik qilgan xodim oʻzbek tili va mijozlarni hurmat qilishini aytib, uzr soʻradi.
Umuman olganda, soʻngi yillarda Oʻzbekistonda til huquqlarini talab qilish bilan bogʻliq hodisalar yetarlicha koʻp sodir boʻldi. Isteʼmolchilar xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan davlat tiliga hurmat bilan munosabatda boʻlishini talab qildi, oʻzbek tilini mensimaslik kuzatilgan restoran va kafelarga esa boykot qilish kabi keski choralar qoʻllanildi.
Qozogʻistonda
Qoʻshni qozogʻistonliklar ham xizmatlarning davlat tilida koʻrsatilishi boʻyicha huquqlarini faol ravishda talab qiladi. Mamlakatda qozoq tili davlat tili sifatida tan olingan, biroq rus tili ham rasmiy maqomga ega boʻlib, davlat idoralarida ularning ona tili bilan teng darajada qoʻllaniladi.
Shunga qaramay, soʻnggi yillarda fuqarolar qozoq tili foydasiga til huquqlarining sud va jamoatchilik bosimi orqali taʼminlanishiga erishish holatlari kuzatildi.
Taniqli bloger Dogan Air Astana aviakompaniyasi bortida bort kuzatuvchidan unga davlat tili – qozoqchada murojaat qilishini talab qilgan. Ekipajdan boshqa tilda rad javobi va ogohlantirish olgach, mojaroni tasvirga olib, mahalliy tashuvchi kompaniyadan kechirim soʻrashini va 1 tenge miqdorida maʼnaviy zarar uchun ramziy kompensatsiya talab qilib, ularni sudga beradi va tarixiy gʻalabaga erishadi:
2017-yil Turksib tuman sudi fuqaro daʼvosini qanoatlantirib, yoʻlovchiga davlat tilida xizmat koʻrsatmagani uchun aviakompaniyani aybdor deb topadi.
Ushbu holat koʻplab tashkilotlar uchun oʻrnak boʻlib, mazkur voqeadan keyin yirik mahalliy kompaniyalar ommaviy ravishda oʻzining xizmat koʻrsatish standartlarini qayta koʻrib chiqa boshlagan – ular xodimlariga qozoq tilini majburiy ravishda oʻrgatish uchun kurslar joriy qilib, mijozlar bilan ishlovchi har bir yoʻnalish xodimlarining davlat tilini bilish darajasini qatʼiy nazoratga olgan.
Xitoyda
Shunga oʻxshash holat Xitoyda ham kuzatilib, katta rezonansga sabab boʻlgan edi: Xitoyning Chunsin shahridan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga uchayotgan AirAsia loukosterida yoʻlovchilardan biri malayziyalik bort kuzatuvchini unga ingliz tilida murojaat qilganiga norozilik bildirib, janjal chiqaradi. U baland ovozda “Xitoyning xalqaro reysida ishlab, xitoy tilini bilmasangiz, qanday qilib bu xizmat koʻrsatish sohasida ishlayapsiz?” deb baqirgan.
Afsuski, isteʼmolchi sifatida ona tilida gapirishini talab qilgan fuqaroni boshqa yoʻlovchilar yaxshi qabul qilmagan, u ham politsiya yordamida bortdan chiqarib yuborilgan, boshqa yoʻlovchilar uni qarsak bilan kuzatgan, samolyot esa yarim soat kechikish bilan uchgan. Lekin shundan keyin aviakompaniya xodimlarining faol ravishda xitoy tilini oʻrganayotganini ommaviy eʼlon qilishni boshlagan.
Ukraina
Mamlakatda “Ukrain tilini davlat tili sifatida yuritilishini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qatʼiy qonun kuchga kirgach, kafe, restoran, taksi kabi xizmat koʻrsatish sohalari til bilan bogʻliq mojarolar markaziga aylangan. Kiyev va boshqa shaharlarda isteʼmolchilar taksi haydovchisi yoki ovqatlanish joylaridagi xodimlardan rus tilidan ukrain tiliga oʻtishlarini talab qilgan oʻnlab vaziyat kuzatilgan.
Xodimlarning davlat tilida gapirishdan bosh tortgan qator holatlarda Bolt va Uber kabi kompaniyalar qonun va xizmat koʻrsatish standartlarining buzilishi tufayli oʻz obroʻsiga putur yetkazmaslik va jarimalarni chetlab oʻtish maqsadida oʻsha xodimni shu zahoti ishdan olgan va xizmat koʻrsatish ilovasida bloklagan.
Xulosa
Mamlakatning ochiqlik siyosati, millatlararo hamdoʻstlik yoʻlidagi chora-tadbirlari, shuningdek, xorijiy investor va tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar, taʼlim, mehnat faoliyatini davom ettirish istagidagi chet elliklarga qilinadigan iliq munosabat suiisteʼmol qilinmasligi zarur. Til – millatning asosiy qadriyatlaridan biri oʻlaroq mamlakatda yetarlicha hurmat qilinishi zarur. Qolaversa, sanalgan imkoniyatlarning bir qanchasi boshqa mamlakatlarda davlat tilini yetarlicha bilishi toʻgʻrisidagi sertifikatlar asosidagina taqdim etiladi. Shunday ekan, oʻzini, millatini, tarixini, yashayotgan mamlakatini hurmat qilgan, kelajagini oʻylagan har bir fuqaro ona tilini qadrlashi va oʻrni kelganda talab qilishi ham zarur. Bu millatchilik emas, millatparvarlik. Bu bir kishi, kichik oila yoki boshqa ijtimoiy institut masalasi emas, millat masalasi! Oʻzlik taqdiridir!
Muqaddasxon MUSAYEVA,
Oyina.uz