Davlatimiz rahbari ayollar terma jamoalarimiz ham Olimpiadada katta iroda va matonat koʻrsatganini taʼkidladi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida gʻalaba qozonib, dunyoning kuchli shaxmat mamlakatlari vakillari bilan tengma-teng kurashdi.
Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqoʻziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati alohida eʼtirof etildi.
– Ishonaman, hali oʻzbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pogʻonasiga albatta koʻtariladi,
– dedi Prezidentimiz.
Samarqanddagi uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida terma jamoamiz ilk bor bronza medalini qoʻlga kiritdi. Selbi Kakishova yettita oʻyinda olti ochko jamgʻarib, oʻz taxtasida kumush medalga sazovor boʻldi.
Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalni qoʻlga kiritdi, Ahadxon Kimsanbayev esa birorta ham magʻlubiyatga uchramadi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning har biriga alohida tahsin bildirdi.
– Sizlar oʻz jasoratingiz, aql-zehningiz, irodangiz va tinimsiz mehnatingiz bilan minglab insonlarga juda katta ibrat va namuna koʻrsatdingiz,
– dedi davlatimiz rahbari.
Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram