Sharq-u gʻarb mutafakkirlari azaldan maʼnaviyat va maʼrifat, tarbiya masalasiga alohida munosabatda boʻlib kelgan. Inson mavqei iqtisodiy imkoniyati bilan emas, oʻzni anglash, keltiradigan ijtimoiy foydasi bilan oʻlchangan. Bugungi dunyoning globallashuvi, qadriyatlar transformatsiyasidagi oʻzgarishlar, odamlar tafakkuridagi evrilishlar, davlatlar va xalqlar manfaatlari toʻqnashuvi esa insoniyatdan oʻz taqdiri uchun qattiq kurashishni talab qilmoqda.
Xalqimiz Oʻzbekistonni taraqqiy ettirish jarayonida iqtisodiy, siyosiy, madaniy-maʼrifiy jabhalarda ulkan yutuqlarga erishib kelayapti. Maʼnaviy muhit barqarorlashib, yurtimiz qiyofasi yildan-yilga yaxshilanib, obod qishloq va shaharlarimiz soni ortmoqda. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, kim yutuqlardan qoniqib, faqat maqtovlarga uchib yashasa rivojlanishdan toʻxtaydi.
Hozir siyosatlar, manfaatlar, qarashlar evolyutsion emas, inqilobiy tusda oʻzgarib bormoqda. Beshafqat jahoniy jarayonlar, siyosiy-mafkuraviy kurashlar, davlatlararo, mintaqalararo, sivilizatsiyalararo kelishmovchiliklar jahonni jar yoqasiga olib kelib qoʻydi. Koʻp joylarda tinchlik degan muqaddas qadriyat ancha omonat boʻlib qoldi. Bunday vaziyatda voqea-hodisalardan chetda turmaslik har kimning odamiylik burchidir.
Zamon oʻzgarishi, innovatsion taraqqiyot tufayli ehtiyojlarimiz ham kengayib bormoqda. Mamlakatimizda aholi soni oshgani holda yer osti va usti boyliklarimiz koʻpayib qolgani yoʻq. Suv resurslarimiz hajmi, taqsimlanishi va sarflanishida muammolar boʻy koʻrsatmoqda. Oqibatda imkoniyatlar va ehtiyojlar oʻrtasida nomutanosiblik yaqqol sezilayapti. Buning ustiga globallashuv davrida qadriyatlarning qadrsizlanayotgani, axloqiy tamoyillarimizning yemirilayotgani, oila institutiga putur yetayotgani achinarli. Bu muammolarga har birimiz teran aql, oʻtkir koʻz bilan qarashimiz zamon talabi, ayni paytda oʻzbekning zimmasidagi ulkan burch.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “kurashmoq” soʻziga biror narsaga erishish, maqsadni roʻyobga chiqarish uchun harakat qilish, faoliyat koʻrsatish, tirishish deya izoh berilgan. “Kurashchi” soʻzi oʻz maqsadi yoʻlida faol harakat qiladigan, monelik qiluvchi gʻoyalarni yengish uchun hatto jang qilishga tayyor shaxs sifatida taʼriflangan. “Kurashuvchi” mustahkam gʻoyasiga ega, ijtimoiy faol shaxs. Shu kunlardagi muvaffaqiyatlarimiz ana shunday kishilar sababli deb bilaman.
Afsuski, oramizda zamon shiddatini sezmayotgan, eskicha fikrlash tarzidan qutula olmayotgan, faqat halovatini oʻylaydigan millatdoshlarimiz kam emas. Ularga kurashuvchanlik kayfiyati yetishmayapti. Kimnidir jismoniy jihatdan mahv etishimiz, kimdandir aql-farosat bobida kuchliroq, birovdan tarbiya nuqtai nazaridan esliroq boʻlishimiz mumkin. Ammo oʻzimizni yenga olmasligimiz, oʻzimiz bilan kurashda yengilishimiz, tafakkurdagi hafsalasizligimiz, maʼnaviy hayotdagi mudroqligimiz, shaxsiy hayotni jamiyat ijtimoiy moʻljali bilan uygʻunlashtirishdagi noʻnoqligimiz eng katta kamchiliklarimizdan biri. Arastuning quyidagi gaplari juda oʻrinli: “Istaklarini yenga olganlar bukilmas insonlardir. Oʻzini magʻlub eta olganlar jasur va mardonadirlar”.
Allomalar doimo bashariyatning mohiyatini anglash yoʻlida zahmat chekkan. Biroq hozirgacha insonning asosiy mohiyati nimadan iboratligini anglatuvchi umumeʼtirof etilgan mukammal tushuncha yoʻq. Baʼzilar uni insonning erkinlikka intilishida koʻrsa, boshqalar komillik sari harakat qilish deb tushunadi. Gyote esa “Men odam edim, odam demak – kurashchi demak” deya inson mohiyatini kurashlarda toblanishida koʻradi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk zotlar insonning oʻzi bilan kurashishini nafs masalasida koʻradi. Abu Nasr Forobiyning quyidagi fikrlari hamon dolzarbligini yoʻqotgan emas: “Inson nafsiga (ruhiga) xuddi uning vujudiga oʻxshash sogʻliq va xastalik ham xosdir. Nafsning sogʻlomligi shunda ifodalanadiki, uning ichki holati va turli qismlari oʻrtasida uygʻunlik vujudga keladi. Buning natijasida inson doimo fazilatli, oliyjanob ishlarni qiladi va goʻzal xulqlar sohibi boʻla oladi. Nafsning (ruhning) xastaligi shunda ifodalanadiki, nafsning ichki holati va qismlari oʻrtasida muvozanat buzilgan boʻladi, shu tufayli odam doim razil ishlarni, xunuk harakatlarni qilishga odatlanib qoladi”.
Abu Rayhon Beruniy shunday taʼriflaydi: “Nafs balosi insonni turli illatlar – ochkoʻzlik, molparastlik, shuhratparastlik bilan xastalashtiradi. Bularning bari odamlarda boylikka hirs, kuch va hokimiyatga ishtiyoq kayfiyatini keltirib chiqaradi. Nafsning buzilishi va unda turli illatlarning aql ustidan hukmronligi kishilarning oʻzaro munosabatlarida raqobat va tortishuvlarni, dushmanlik, nafrat, hasad tuygʻularini, munofiqlik va vafosizlikni keltirib chiqaradi. Bunday illatlarning paydo boʻlishi bilan kishilarning bir-biriga hurmati va mehri yoʻqoladi, yuraklari dagʻallashadi, nodonlik va yovuzlik, razolat va adolatsizlik qila boshlaydilar”.
Abu Homid Gʻazzoliy nafsni eng katta balo sifatida koʻradi. “Ey inson, – deydi alloma, – bilib qoʻyki, doim yomonlikni xohlab turuvchi nafs senga shaytondan ham xavfliroq dushmandir. Shayton nafsning hoy-u havasi sababli boʻyningga minib olib, seni Allohning yoʻlidan adashtiradi”.
Unutmaslik kerak, mustabid tuzum va nodemokratik davlatlarda insonning faoliyati boshqariladi, turli manipulyatsiya yoʻllari bilan tafakkur tarzi, gʻoyaviy-mafkuraviy taʼlimotlar asosida boʻysunuvchanlik kayfiyati shakllantiriladi, yangi tashabbuslar bilan chiqishlariga toʻsiqlar qoʻyiladi.
Mamlakatimizda demokratik davlat qurishga erishish uchun shaffof muhit yaratilgan. Mavjud sharoitga qaramasdan illatlar botqogʻidan qutula olmayotgan, nafs balosini faoliyatidagi asosiy mezonga aylantirayotgan vatandoshlarimiz yoʻq emas. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har kuni bunday qarmoqqa ilinayotgan, xalq va davlat mulkini talon-taroj qilayotganlar toʻgʻrisida maʼlumot berib borilsa-da, nafs quliga aylangan kimsalar tobora urchib borayapti. Buning asosiy sababi ham odamlarimizda oʻzi bilan kurashish maʼnaviyatining yetishmasligidir.
Milliy qadriyatlarimiz doim balo-qazolardan asrab kelgan, ijtimoiy mavjudlikka kuch bergan, uning uyat, or-nomus, andisha kabi sifatlari jamiyatdan begonalashuvimizga toʻsiq boʻlgan. Qonunlardan qoʻrqish emas, ularning faoliyatimizni tartibga soladigan omil ekanini anglash kerak. Shundagina turli illatlarni, befarqlikni yenga olamiz.
Kurashmaslik hamisha muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Bu odamni mustaqil fikriga ega boʻlmagan, hissiyot quli boʻlgan kishiga aylantiradi. Faqat hissiyotga suyanish toʻgʻri emas, aql va hissiyot uygʻunligiga erishmoq darkor.
Inson oʻzi bilan kurashishi oson emas. Avvalo dangasalikni bartaraf etishi lozim. Baʼzan suhbatlarda “sekin-sekin”, “asta-asta”, “ishga borib-kelib turibmiz”, “qimirlab turibmiz” kabi soʻzlar quloqqa chalinadi. Bunday odamlarning maqsadi “amallab kunini oʻtkazish”dan boʻlak narsa emas. Ahd qilish, jahd qilish va sobitqadamlik insonga oʻzini yengish uchun kuch beradi.
Bekorchi odam nafaqat jismoniy, ayni paytda tafakkurda, munosabatlarda ham harakatsiz. U yangi gʻoyalarga muhtoj emas, hatto oʻz turmush tarzini oʻzgartirish, yangilik kiritishni ham oʻylab koʻrmaydi. U bir oʻlik kabidir deyish mumkin.
Husayn Voiz Koshifiy kurashga kirishish uchun avvalo ahd qilish, koʻngil xohlagan ezgu ish ustida mahkam turish lozimligini qayd etadi. Ahd murod va maqsadlar karvonining boshlovchisi, mushkulotlarning hal qiluvchisidir. Alloma “jid”ning maʼnosini maqsadlarga yetish uchun koʻngilda yangi niyat qilishda koʻradi. “Jahd” esa shu niyatga yetish uchun qattiq harakat qilishdir. Odamning himmati qancha ulug‘ boʻlsa, maqsadga yetish jidd-u jahdi shuncha kuchli boʻladi.
Oʻzini yengishga kirishgan har bir insondan sobitqadam boʻlish talab etiladi. Azmi qatʼiylikdan murod koʻzlangan ish sari dadil qadam qoʻyish, oxiriga yetmaguncha voz kechmaslik, xalal beradigan toʻsiqlarni yengishda mahkam turishdir.
Kurashish – toʻsiqlarni yengish, oʻzini qiynash, maqsad sari intilish, harakat, fidoyilik koʻrsatish, jamiyatga foydali amallar qilishga oʻzini safarbar etishdir. Agar jamiyat oldidagi masʼuliyatni sezmas ekanmiz, oʻzimiz bilan kurashga chiqishimiz amrimahol. Odam tabiatan erkin ekaniga qaramay, shaxsiy hayoti butun jamiyat, boshqalar oldidagi masʼuliyat bilan uzviy bogʻliq.
Masʼuliyat maʼnaviyat nuqtai nazaridan yondashilganda burch, ijtimoiy maʼnoda jamiyat va boshqalar oldidagi maʼnaviy qarzdorlik, jamoatchilik nazoratining namoyon boʻlishi, huquqiy yondashuvda esa asosan yuridik javobgarlikni anglatadigan serqirra kategoriyadir. Insonning oʻzini yengishi oʻzida mavjud boʻlgan qoʻrquvni bartaraf etishni talab etadi. Ichki qoʻrquv hissi oʻzimiz va jamiyat oldidagi masʼuliyatimizga munosabatimizni muayyan chegarada ushlab turishni talab etadi.
Afsuski, hali oramizda jamiyatning ochiqligi, oʻz fikrini bemalol bildirishdan iborat ijtimoiy-maʼnaviy muhit yaratilganiga qaramasdan ichki qoʻrquv hissidan qutula olmayotgan yurtdoshlarimiz yoʻq emas. Qoʻrquv hissi insonni faol harakat qilishga, yangilik yaratishga, oʻz gʻoyasiga ega boʻlishga monelik qiladi. Bekorga buyuk vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy “Qoʻrquvga mubtalo boʻlgan kishi (oftob tigʻidan pana izlagani kabi) faqat qochishdan najot izlaydi” deb uqtirmagan.
Qoʻrquv hissi nimalarga olib kelishi haqida fikrlashaylik. Bunday toifadagilar erkinligini yoʻqotadi, har bir masalada rahbarining fikri asosida ishlashga koʻnikib qoladi. Mustaqil fikriga ega boʻlmaslik keragidan ortiq ehtiyotkorlikni yuzaga keltiradi. Bunday odam xato qilishdan qoʻrqadi, oʻzini yangi ishlarga safarbar eta olmaydi. Ichki qoʻrquvi tashabbuskorlikni boʻgʻadi, erkin tafakkur qilishga yoʻl qoʻymaydi. Natijada bundaylar faqat topshiriqni bajaruvchi, belgilangan rejadan “bir qadam ham chetga chiqmaydigan vintcha”ga aylanib qoladi.
Ichki qoʻrquv tufayli oʻzini yenga olmaydigan odamda jurʼatsizlik paydo boʻladi. Jurʼatsiz odam koʻproq magʻlubiyatni oʻylaydi. Eng muhimi – magʻlubiyatga uchramaslik. Undaylar doimo “suyanchiq” qidiradi, tobelik pozitsiyasi kuchli boʻladi.
Qoʻrquv sabab oʻzi bilan kurashishdan voz kechganlar eskilikka yopishib qolgan, mohiyatan konservator boʻladilar. Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda, tarbiya tizimimizdagi anʼanaviylikka amal qilishda, asrlar osha yangi mazmun bilan boyib kelayotgan sof oʻzbekona insonparvarlik, odamgarchilik, yuksak axloqiy tamoyillardagina biz sogʻlom konservatizmni qoʻllab-quvvatlaymiz. Biroq dunyo shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda eskicha fikrlash, “ota-bobolarimiz shunday qilib kam boʻlmadi-ku” deya qoniqib oʻtiradigan boʻlsak, koʻp narsani boy beramiz.
Qoʻrquv kasaliga duchor boʻlganlarda kurashuvchanlikka qaraganda himoya pozitsiyasi kuchli boʻladi. Insonning mohiyati doim olgʻa yurishida, qiyinchiliklarni mardonavor yengib oʻtishdagi qatʼiyatida koʻrinadi. Himoya pozitsiyasi insonni harakatsizlikka, ishonchsizlikka olib boradi.
Tahdidlarning koʻpayib, manfaatlar kurashining kuchayib borayotgani har birimizdan mamlakat va millat kelajagi uchun oʻzni safarbar etishni talab qilmoqda. Koʻnglimizda yurtparvarlik, qatʼiyat, fidoyilik, oʻzimizni isloh etish kabi sifatlarni shakllantira olsak, oʻzi bilan – oʻz nafsi bilan kurasha olish kuchli maʼnaviyatning koʻrinishi ekanini anglasak, inson sifatidagi mohiyatimizni ham anglagan boʻlamiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Odam demak – kurashchi demak” maqolasi