Albatta, rus tilidagi “utyug” – turkiy soʻz ekanligini koʻpchilik yaxshi biladi va ruschaga oʻtgan turkiy soʻzlar haqida gap ketganda birinchilardan boʻlib u ham tilga olinadi. Ammo gap shu bilan tugaydi, “innankeyinchi?” degan savolga javob yoʻq. Shuningdek, bu soʻz etimologiyasi ham baʼzan notoʻgʻri talqin etiladi, xullas, quyida shular haqida gap boradi.

Xoʻsh, “utyug” turkiy soʻz ekan, nega uni tilimizga qaytarmaymiz? Nega adabiy tilda “dazmol” deb ishlatamiz (“darzmol” – forscha: “darz” (“chok”) + “molidan” (“surtmoq, ishqalamoq”) soʻzlaridan)? Vaholanki, eronliklarning oʻzlari uni “darzmol” emas, turklar singari, “utuv” (“اتو”, turkcha: “ütü”) deb atashadi. Hozirda deyarli barcha turkiy xalqlar (turk, qozoq, qirgʻiz, ozarboyjon, tatar, boshqird..., qisman tojiklar ham) utukni – “utuk” deydi va “utuklamoq” feʼlini qoʻllaydi. Rus tilida ham bu turkiy soʻzdan “утюжить” feʼli yasalgan (M.Fasmer. ESRYA).

Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”da bu soʻzga juda yaxshi taʼrif bergan: “اُتُکْ ötoʻk – andavaga oʻxshash temir (asbob) boʻlib, uni qizdiradilar va kiyimning chok hamda baxyalarini va tuklarini bostirib silliqlaydilar” (DLT. I. T: 1960. 99-bet). Shuningdek, qadimda “utuklamoq” maʼnosida “ötidi” feʼli ham ishlatilgan, xususan “Devon”da unga shunday izoh beriladi: “ötidi – dazmol qildi. اُل تُونغْ اُتیِدیِ ol tonug‘ ötidi – u toʻn (kiyim) choklarini temir (dazmol) bilan silliqladi (ötir, ötimäk)” (DLT. III. T: 1963. 268-b).

“Utuk” soʻzining kelib chiqishi haqida gap ketganda baʼzan: “utuk” – “oʻt” (olov) va “yuk” soʻzlari qoʻshilishidan yasalgan, uning ichiga oʻt solingani (yuklangani) uchun shunday atalgan, degan yuzaki qarash ham quloqqa chalinadi. Bu fikrning notoʻgʻriligini “Devonu lugʻotit-turk”da “oʻt” va “utuk” soʻzlarining yozilishidagi farqda ham koʻrish mumkin. Xususan, “Devon”da “oʻt” soʻzi – “اُوتْ” (“o:t”) shaklida yozilgan, yaʼni “o‘” tovushi choʻziqroq, “ötoʻk” va “ötidi” (“اُتُکْ“ ,”اُتیِدیِ”) soʻzlari boshidagi “u” tovushi esa qisqa va yumshoqroq. Ehtimol, bu ikki soʻz (“o:t” va “öt-”) qachonlardir bir oʻzakdan oʻsib chiqqan boʻlishi mumkin, chunki qadimgi “öt-” (“үt-”) feʼli – “silliqlamoq”, shuningdek, “olovda kuydirib tekislamoq” maʼnolariga ega boʻlgan. “Devon”da “ötidi” feʼlining faqat “dazmol qildi” deb izohlanishi esa Koshgʻariy zamonida bu feʼl faqat shu maʼnoda ishlatilganini koʻrsatadi.

Sh.Rahmatullayevning “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”ga ham bu soʻz “oʻtik” shaklida kiritilgan va shunday izohlagan: “OʻTIK – dazmol. Bu ot qadimgi turkiy tildagi “öt” (“өt” – A.H.) feʼlining “sirpan” maʼnosidan (ESTYA. I. 555) “-(o‘)k” qoʻshimchasi bilan yasalgan” (OʻTEL. I. 491). Ushbu oʻrinda qadimgi “өt” oʻzagi koʻzda tutilmoqda, ammo u “silliqlamoq” maʼnosidagi “öt”dan farqli boʻlib, “өt-” oʻzagidan hozirgi tilimizdagi “oʻtmoq” feʼli, “etik” va boshqa koʻplab soʻzlar yasalgan. “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida “өt-” oʻzagining “sirpan-” maʼnosi ham borligi aytiladi (ESTYA. I. 555). Ammo, bizningcha, “utuk” soʻzi “sirpan-” maʼnosidagi “өt”dan emas, balki “silliqlamoq” maʼnosidagi “öt-”dan yasalgan. Ular bir-biriga oʻxshasa-da, talaffuzda farqli boʻlgan. Afsuski, hozirgi yozuvimizda “u” va “o‘” tovushlari oraligʻidagi “ү”, “ө”, “ö” kabi unlilar uchun belgilar yoʻqligi bois “өt”, “öt”, “үt” kabi soʻzlarni biz talaffuzda ajrata olmaymiz.

“Devonu lugʻotit-turk”ning oʻzbekcha nashrida “utuk” soʻzi “ötoʻk” shaklida transkripsiya qilingan. “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida bu soʻzning “үt-”, “үtү” shakli birlamchi, “öt-”, “öto‘” (unlilar biroz qalinroq) shakli ikkilamchi ekanligi aytiladi (ESTYA. I. 641).

Shunday qilib, “utuk” soʻzi “silliqlamoq” maʼnosidagi “үtү” feʼliga (“yuk” soʻzini emas, balki) ot yasovchi “-k” qoʻshimchasini qoʻshish yoʻli bilan yasalgan (bitiK, etiK, egiK singari). Bu soʻzni hozirgi imloda ham “utuk” deb yozish toʻgʻri boʻladi, chunki bu soʻz paydo boʻlganda tilimizda singarmonizm, yaʼni birinchi va ikkinchi boʻgʻinlardagi unlilarning uygʻunligi, ohangdoshligi hodisasi mavjud edi (“Devon”dan keltirilgan “ÖtOʻk”da ham unlilar ohangdoshligi mavjud, ammo “oʻtik” deganda singarmonizm biroz buziladi).

Endi gapning indallosiga oʻtadigan boʻlsak, aslida, hozir ham aksariyat oʻzbek lahjalarida, hududlarda “dazmol” emas, “utuk”, “utuklamoq” soʻzlari ishlatiladi. Aytaylik, Xorazmda “uttik” deyiladi, boshqa viloyatlardayam shunga oʻxshash. Faqat baʼzi shevalar taʼsirida oʻzbek adabiy tilida “dazmol” qabul qilingan. Koʻpchilik uyida “utuk” soʻzini ishlatib, adabiy tilda gapirganda yo yozganda “dazmol” deyishga majbur. Shunday ekan, barcha turkiy xalqlar singari “utuk”ni adabiy tilga olib kirish oʻrniga, nega unga yotsirab qaraymiz? Aytaylik, yaqin oʻtmishda “tovar” soʻzini ham bir boshdan “mol”, “buyum”, “jihoz” kabi soʻzlarga almashtirish anʼanasi mavjud edi, soʻnggi paytlarda “tovar” (aslida “tavar”)ning ham tilimizga qaytayotgani, yaʼni baʼzi oʻzbekcha hujjatlarda “mol”, “buyum” emas, “tovar” deb yozilayotgani kishini quvontiradi.

Keling, aziz doʻstlar, “utugimizni” ham tilimizga qaytaraylik, toki bu soʻz ham adabiy tilimizdan, lugʻatlarimizdan joy olsin. Agar ushbu fikrni maʼqul deb topgan boʻlsangiz, uni bor-yoʻgʻi qoʻllasangiz kifoya. Tashakkur!

Abduvohid HAYIT