16-yuzyillik boshlarida Eronda hokimiyat tepasiga kelgan Safaviylar va Usmonlilar oʻrtasida kuchli ziddiyat va nizolar roʻy bergan edi. Bunga asosiy sabab Safaviylarning qisqa muddat ichida kuchayib borishi va Usmoniylarning sharqiy hududlariga tahdid solishidir. Bundan tashqari ikki davlat oʻrtasida diniy adovat ham yuzaga kelgandi. Usmoniylar islomning sunniylik mazhabi himoyachisi sifatida tarix maydoniga chiqqan boʻlsa, Safaviylar islom dinining shia oqimini davlat dini deb eʼlon qilgan edi. 

Usmoniylar taxtiga Sulton Salim I (1512 – 1520) chiqqandan soʻng  kelayotgan siyosiy va diniy tahdidlarni daf qilish uchun Safaviylarga qarshi yurishga otlanadi. Sulton Salim va Shoh Ismoil (1501 – 1524) oʻrtasidagi jang Eronning shimoli-gʻarbida joylashgan Chaldiron maydonida 1514-yil 23-avgustda roʻy berdi. Shu sababli bu jang tarixda “Chaldiron jangi” nomi bilan mashhurdir. Garchi Usmonlilar bu jangda gʻalaba qozonsa-da Safaviylarni toʻliq magʻlubiyatga uchrata olmadi. 1520-yilda Sulton Salim vafot etgach Usmonli taxtiga Sulton Sulaymon (1520 – 1566), 1524-yilda esa Shoh Ismoil vafot etgach Safaviylar taxtiga Shoh Tahmasp (1524 – 1576) chiqdi.

Bu ikki hukmdor davrida ham oʻrtadagi ziddiyatlar davom etdi. Sulton Sulaymon bir necha bor Safaviylarga qarshi harbiy yurishlar uyushtirdi. Safaviylar oʻrtadagi ziddiyatlarni yumshatish va doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida Usmoniylarga sulh taklif qildi. Buning natijasida, 1555-yil 29-mayda ikki davlat oʻrtasida Amasya viloyatida Amasya tinchlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga koʻra, Usmonlilar va Safaviylar oʻrtasidagi chegaralar aniq belgilab olindi. Ushbu chegara Gurjiston va Armanistonning ikki davlat oʻrtasida taqsimlanishini taʼminladi. Gʻarbiy Armaniston va Gʻarbiy Gurjiston Usmonlilar nazoratiga oʻtgan boʻlsa, Sharqiy Armaniston va Sharqiy Gurjiston Safaviylar hukmronligi ostida qoldi. Usmonli imperiyasi Fors koʻrfaziga chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritib, Iroqning katta qismini, xususan, Bagʻdodni oʻz nazoratiga oldi. Safaviylar esa Tabriz va shimoli-gʻarbdagi boshqa hududlarini saqlab qoldilar.

Bu ikki davlat oʻrtasida tinchlik shartnomasi imzolansa-da oʻrtadagi ziddiyat saqlanib qoldi. Har ikki sulola hukmdorlari fursat topilishi bilan oʻz qudratini namoyon qilishga harakat qilishgan. Usmonli manbalarida “Javohir minora” deb ataladigan qiziq bir afsona haqida maʼlumotlar keladi. Ushbu afsonaga koʻra, Shoh Tahmasp Amasya tinchlik sulhidan soʻng oʻzining kuch-qudratini koʻrsatib qoʻyish hamda Usmonli davlatini kamsitish maqsadida Sulton Sulaymon buyrugʻi asosida 16-yuzyillikning mashxur meʼmori Xoʻja Sinon rahbarligida qurilayotgan Sulaymoniya jomeʼsining qurilishi uchun katta miqdorda oltin va javohirlardan iborat hadyalar yuboradi.

Maʼlumki, Usmonli meʼmorchiligining choʻqqisi va Istanbul siluetining (tarixiy qiyofasi) eng muazzam muhri hisoblangan Sulaymoniya masjidi ayni paytda davlat tafakkuri, buyuk muhandislik namunasi va tengsiz madaniy sivilizatsiyasining ham timsolidir. Avliyo Chalabining “Sayohatnoma” asarida bayon etilgan ushbu mashhur “Javohir minorasi” voqeasi Sulton Sulaymonning davlat nufuzi va mahobatini hamda Meʼmor Sinon isteʼdodining oʻziga xos qiyofasini hayratlanarli tarzda koʻrsatib beradi.

Meʼmor Sinon ushbu ulkan obidani barpo etar ekan, binoning asrlar boʻyi mustahkam turishini taʼminlash maqsadida, poydevor qoʻyilgandan soʻng zaminga toʻliq joylashishi (choʻkishi) uchun qurilishni bir yilga toʻxtatib qoʻygan. Biroq ushbu puxta muhandislik rejasi tashqarida, ayniqsa, Usmonli davlatining ashaddiy raqibi boʻlmish Safaviylar saltanatida butunlay boshqacha talqin qilingan.

Eron shohi Tahmasb qurilishning toʻxtab qolishini Usmonli xazinasining boʻshab qolganiga yoʻygan va Sulton Sulaymonni kamsitish maqsadida oʻta provokatsion qadam tashlagan. Yaʼni, Sulton Sulaymonga quyidagi hadyalarni yuboradi:

Oltinlar bilan liq toʻldirilgan mingta xalta;

turli xil bebaho javohirlar bilan toʻla bir quti;

hamda “Mablagʻingiz tugagan boʻlsa, ushbu yuborganlarim bilan jomeʼni yakunlab qoʻying, toki bizning ham bu xayrli ishda ulushimiz boʻlsin” deyilgan diplomatik haqorat mazmunidagi maktub.

Elchi ushbu istehzoli maktub va xazina bilan Istanbulga kelganida, qurilish maydonida minglab ishchilar xuddi asalaridek mehnat qilayotganini, Usmonli xazinasida esa hech qanday mablag‘ bilan bogʻliq muammo yoʻq ekanini koʻrib hayratda qoladi.

Sulton Sulaymon raqibining ushbu kibriga gʻazablangan boʻlsa-da, qilichga emas, zakovatga tayanib elchi olib kelgan hadyalar haqida quyidagicha buyruq beradi:

Oltinlarning tarqatilishi: Shoh yuborgan ushbu ulkan boylikni elchining koʻz oʻngida Istanbuldagi yahudiy jamoasiga tarqatib yuborishni buyuradi va shu orqali: “Sizning eng qimmatli xazinangiz bizning nazrimizda faqatgina koʻchada tarqatib yuboriladigan oddiy bir matohdir”, degan xabarni beradi.

Qurilish ashyolariga qoʻshilgan javohirlar: Oʻsha bebaho javohirlar qutisini esa Meʼmor Sinonga berib: “Bu toshlar mening masjidimning toshlari yonida qadrsizdir. Bularni qurilish ashyolariga qoʻshib yubor!” deya amr qiladi.

Meʼmor Sinon ushbu javohirlarni maydalab, kukun holiga keltirib, afsonalarga mavzu boʻlgan chap tomondagi uch sharafali minoraning qorishmasiga aralashtirib yuborgan. Mana shu voqeadan buyon ushbu meʼmoriy ansambl “Javohir minorasi” deb atab kelinmoqda.

Yuqoridagi voqeaga oʻxshash holat Sulton Sulaymonning oʻgʻli Sulton Salim II (1566 – 1574) davrida ham yuz beradi. Sulton Salimning taxtga chiqishi munosabati bilan 1567-yil oxirlarida Shoh Tahmasp tabrik yoʻllash maqsadida Shohquli Sulton ismli elchisini Usmonli saroyiga yuboradi. Elchilar Istanbulga yetib kelgach, Sulton Salim tomonidan iliq kutib olinib, elchilar sharafiga ziyofat uyushtiriladi. Shundan soʻng elchilarga ruxsat berilib, to Safaviylar chegarasiga qadar yoʻl davomida joylashgan viloyat hokimlari, qozilari kabi amaldorlarga farmon yuborilib, elchilarni sog‘-solim oʻz hududlariga yetkazish buyuriladi.

Elchilar mamlakatiga qaytar chogʻida marhum Sulton Sulaymon ruhi uchun Shoh Tahmasp nomidan Usmonli fuqarolariga sadaqa va xayriya tarqatish borasida Sulton Salimdan izn soʻrab maktub yuboradi. Ammo Sulton Salim ham otasi Sulton Sulaymon kabi Safaviy elchilarining bu istaklarini siyosiy kamsitish sifatida qabul qilib, Usmonli fuqarolariga sadaqa va xayriya tarqatishni qatʼiyan taqiqlab, agar xayriya qilishni istasa oʻzlarining fuqarolariga xayriya qilishini aytib, bosh vazir Piyola Poshoga hukm yuboradi.

Yozildi.

Ali Chovushga berildi.

Hijriy 17 Shavvol, 975-yil. (Milodiy 1568-yil 15-aprel).

Piyola Posho hazratlariga hukm-ki:

“Sharq tomonidan (Eron/Safaviylar nazarda tutilmoqda) kelgan elchi, marhum va rahmatli otam Xudovandigorning – qabri pokiza boʻlsin – ruhi uchun, Mamoliki Mahrusada (Usmonli saltanati hududlarida) boʻlgan faqirlarga (kambagʻallarga) shoh nomidan aqcha tarqatish xususida oliy ijozatimizni talab qilganini” bildirmish, biroq ahli sunna va jamoatning bu kabi (boshqa mazhab vakili tomonidan beriladigan) sadaqaga mayl koʻrsatmasliklari aniq boʻlganligi sababli buyurdim-ki:

(Ushbu farmon) yetib borgach, bu ishga zudlik bilan kirishib, oʻsha elchining odamini topdirib keltirasan. Unga qatʼiy ravishda uqtirib, ogohlantirib aytasan-ki, bu ish bilan mutlaqo shugʻullanmasinlar! Agarda faqirlarga sadaqa qilish maqsadidagi aqchalari bor boʻlsa, borib oʻz mamlakatlarining kambagʻallari va muhtojlariga tarqatib, sadaqa qilsinlar. Oliy farmonimizga zid ish tutmasinlar va bu ishga aslo qoʻl urmasinlar.

16-yuzyillikda Usmonlilar va Safaviylar oʻrtasidagi raqobat nafaqat jang maydonlarida, balki oʻta nozik va yashirin diplomatik urushlarda ham davom etgan. Bugungi kunda xalq orasida hayrat bilan aytiladigan “Javohir minorasi” afsonasi hamda Usmonli arxiv hujjatlari orasidan topilgan Sulton Salim II ning qatʼiy farmoni ana shunday diplomatik ziddiyatning eng yorqin namunalaridir.

Ushbu tarixiy voqealardan quyidagi umumiy xulosalarni chiqarish mumkin:

·     Xayriya ortidagi siyosat: Eron shohlarining Usmonli davlatiga oltin yuborishi yoki bu yerdagi kambagʻallarga sadaqa tarqatishga urinishi shunchaki yaxshi niyat emas, balki raqib davlatni “yordamga muhtoj va nochor” qilib koʻrsatishga qaratilgan siyosiy hamla edi.

·   Rad etilgan yordam va davlat gʻururi: Har ikki Usmonli sultoni – Sulton Sulaymon ham, uning oʻgʻli Sulton Salim II ham bu takliflarni davlat obroʻsiga nisbatan kamsitish deb bildilar. Oltinlarni koʻchada tarqatib, javohirlarni loyga qorishtirgan yoki elchiga “pulingiz boʻlsa, oʻz fuqarolaringizga bering” deb javob qaytargan sultonlar oʻz davlatining kuch-qudratini namoyish etishgan.

Xulosa qilib aytganda, tarix sahifalaridagi bu qiziqarli voqealar bizga hadya va xayriyalar baʼzan shunchaki sovgʻa emas, balki buyuk davlatlarning oʻzaro qudrat va gʻurur toʻqnashuvi boʻlganini koʻrsatadi.

Abdullajon USMONOV, 
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti