2024-yilda Diyora Keldiyorovaning Parij Olimpiadasidagi muvaffaqiyati barchamiz uchun katta hodisa boʻldi. Birinchi marta ayol vatandoshimiz yozgi Olimpiada oʻyinlarining oltin medaliga sazovor boʻldi. Bu gʻalaba nafaqat Oʻzbekiston, balki Oʻrta Osiyo uchun ham koʻp narsani anglatardi. Albatta, bunday olamshumul yutuq ortida Diyoraning sport yoʻlida chekkan ulkan mehnati va zahmati yotadi. Faqat sport yoʻlida emas, ruh yoʻlida ham.

Keldiyorova tanasi bilan birga ruhini ham jangga qanday hozirlaganini intervyularida taʼkidlaydi. Ushbu maqolada uning hayot va sportga yondashuvidagi ruhoniy falsafasi haqida soʻz boradi. Zero, olamdagi hech narsa bir-biridan ayro emas va har qanday harakat asosi ruhiyatga tayanadi. Jumladan, sportda ham.

Yoʻlsizlikdan yoʻl yaratish – Krishnamurti falsafasi

Masalan, mashhur aktyor va sport ustasi Bryus Lining Jitkundo jang uslubi ham oʻz falsafiy oʻzagiga ega. Jang sanʼati tadqiqotchisi Robert Kolet Jitkundo mashhur faylasuf Krishnamurti gʻoyalaridan suv ichganini aytadi. Li oyogʻi sinib, uyida yotib qolganida Krishnamurti asarlari bilan tanishdi va oʻzining asosiy yoʻnalishiga asos soldi. Yoʻnalishning mohiyati – uslub yoʻqligining oʻzi uslub ekanligida edi. Krishnamurti esa butun umr “haqiqatga boradigan yoʻl yoʻq” deb keldi. Yoʻl yoʻqligining oʻzi yoʻl edi. Agar haqiqatga boradigan yoʻl avvaldan mavjud boʻlsa, demak u haqiqatga eltmasdi. Albatta, Li faqat bugina emas, faylasufning boshqa koʻplab gʻoyalarini oʻzining jang sanʼati va hayot tarziga singdirdi.

Odatda, biz oʻzbek oʻquvchilari kitob oʻqimaydi deymiz, – toʻla ishonch bilan, boʻlibam falsafiy kitoblarni. Lekin odamlar kitoblar yaratgan gʻoyaviy tizim ichida allaqachon yashaydi. Shunda savol tugʻiladi: oʻqishi shartmikan?

Masalan, siz ham borgan sari har qadamda uchrayotgan fitness zallari, klublarini, ularga qatnayotgan odamlarni koʻrgan boʻlsangiz kerak. Bodibilding nimaligini ham bilasiz. Bir qarashda buning falsafaga nima aloqasi bor, sogʻlom hayot tarzi-ku, dersiz. Ammo shu yerda yanglishasiz. Tanani rivojlantirishga, alohida gʻamxoʻrlik qilishga boʻlgan bunday yoppasiga eʼtibor Yevropada “Zardusht tavallosi” asarining keng yoyilishidan boshlandi. Nitshe oʻz asarida “Aʼlo odam” konsepsiyasini ilgari suradi. Aʼlo odam nafaqat oʻz qadriyatlarini oʻzi topishi (ruhoniy), balki jismoniy jihatdan ham oʻz tanasiga doimiy yuklama berib borishi kerak edi. Ham ruhiy, ham jismoniy muntazam chiniqqanlik… Keyinchalik aʼlo odam yaratish konsepsiyasidan Gitlerning armiyasi ham foydalandi, hozirgi maʼlumotlar koʻrsatadiki, oʻsha paytdagi nemis ilmiy laboratoriyalarida aʼlo odam, aʼlo askar yaratish uchun koʻplab genetik tadqiqotlar oʻtkazilgan.

Hozirgi bolalar sevib tomosha qiladigan “Kapitan Amerika” kabi obrazlar ham mohiyatan aʼlo odam konsepsiyasiga borib taqaladi. Demak, falsafiy kitob oʻqimasak-da, biz isteʼmol qilayotgan koʻplab mahsulotlar, biz amalga oshirayotgan xatti-harakatlar orqali kitob gʻoyalari ichida yashamoqdamiz. Bugun siz zalga chiqish uchun albatta Nitshe kitoblarini oʻqigan boʻlishingiz shartmas, toʻgʻrimi?!

Xuddi shu tarzda siz Jiddu Krishnamurti bilan tanish boʻlmasangiz-da, allaqachon uning gʻoyalari bilan tanishsiz. Oʻrni kelganda, Krishnamurti haqida maʼlumot berib oʻtay. Krishnamurti Hindistonda dunyoga keladi, oʻzini na faylasuf, na yog, na kimdir deb atashlarini, baho berishlarini yoqtirmaydi. Shu sabab men ham izohlab oʻtirmayman. Krishnamurti yoshligida teosofiya jamiyatida tarbiyalangan, keyinchalik jamiyatning oliy rahnamosi boʻlishi kerak edi. Voyaga yetgach, ongli tarzda yetakchi yo rahnamo boʻlishdan voz kechadi. Chunki ergashuvchi aql ham, ergashtiruvchi aql ham toʻmtoq boʻlishini tushinib yetgandi. Uning gʻoyalari Bryus Li misolida sport, mashhur kvant fizigi Devid Bom misolida fizika, Indra Gandi misolida siyosat, Oldos Haksli, Bernard Shou misolida adabiyot, Ekxart Tolle misolida psixologiya va yashash falsafasi sohalariga ham taʼsir koʻrsatdi. Krishnamurti oʻz navbatida Nitshe falsafasini toʻla inkor qilardi.

Xoʻsh, u qanday muhim qarashlarni ilgari surganki, biz hatto Diyora Keldiyorovaga ham taʼsir koʻrsatgan deya olamiz? Bu oʻrinda Diyora Keldiyorovaga taʼsirni bevosita deb tushunmaslikni soʻrardim, sportchimiz Jiddu falsafasi bilan tanishmi yoʻqmi bilmaymiz, lekin tanish boʻlishi ham muhim emas, zeroki, bu gʻoyalar allaqachon sportga ham, psixologiyaga ham, ezoterikaga, tanaga yoʻnaltirilgan neyrobiologiya sohalarigacha singib ketgan va koʻplab sportchilar qatori Diyoraga-da yaxshi tanish. Ammo Diyoraga oid bitta muhim vaziyat bor – aynan oʻsha vaziyat zamirida Krishnamurti olamga tanishtirgan eng choʻng, magʻiz fikrlaridan biri yotadi. Keldiyorovaning Parij Olimpiadasigacha va undan keyin ham asosiy raqibi Uta Abe sanaladi. Bu yengilmas kurashchidan oʻta olgan sportchi gʻoliblik shohsupasiga yetib bora olardi. Buni uddalash oson emas, zotan, u besh yildan beri oʻz vazn toifasida mutlaqo yengilmay kelardi. Diyora esa buni uddaladi, u har doim oʻzi taʼkidlaganidek, faqat jismoniy tayyorgarlikning oʻzi bilan emas, aynan ruhiy tayyorgarlik tufayli uddalay oldi.

Bu yoʻlda Diyoraning birinchi qilgan ishi Olimpiadada kim bilan raqib boʻlib tushishini bilmasligi edi. Ha, Olimpiadadan bir kun oldin kim kim bilan musobaqalashish jadvali chiqqan, ammo Diyora u bilan tanishishni ongli tarzda rad etadi. Shuningdek, murabbiylari va doʻstlaridan ham oʻzini bundan ogoh qilmaslikni soʻraydi. Maqsad, Diyoraning oʻzi taʼkidlagani kabi hozir va shu yerda yashash falsafasi – yaʼni bor diqqatni Olimpiadadan bir kun oldin ruhiy va jismoniy hozirlikka qaratish, tatamiga chiqqanda esa kim bilan yuzlashsa, masalani oʻsha joyning oʻzida hal qilish – Uta boʻladimi, boshqasi boʻladimi, boʻlajak bahs haqida oʻylab, diqqatni, oʻz navbatida energiyani sovurmaslik va oʻz-oʻziga qoʻrquv yaratmaslik edi. Diyora bungacha ham Utaga yutqazgan, agar u qaysidir palla yana Utaga duch kelishini bilsa, uning tajribasi qoʻrquv yaratadi va Diyoraning kuchini soʻrib olardi, natijada tatamiga chiqqanda oyogʻi qaltirar yo yarim diqqat bilan koʻzlagan maqsadiga yetolmasdi.

Keling, endi Krishnamurti hozir va shu yerda yashash, oʻtmish, kelajak, xotira, tajriba, diqqat haqida nima deyishini koʻrib chiqamiz.

Krishnamurti barchamizni hozir va shu yerda yashashga chaqiradi. Lekin afsuski, biz bunday qilolmaymiz. Hozir va shu yerda yashay olmasligimizga oʻtmish xalaqit beradi. Oʻtmishimizda yomon tajribalar bor. Masalan, Diyoraning Utadan yengilgani kabi. Va biz kelajakda ham yana shunday boʻlishidan qoʻrqaveramiz. Axir bizda yomon tajriba bor. Shu bois Krishnamurti qoʻrquv oʻtmishdandir deydi, hozir va shu yerda esa qoʻrquv yoʻq. Bundan ham yomoni, qoʻrquv diqqatimizni parchalab, energiyamizni vayron qiladi. Hayotda bizga gʻolib boʻlish uchun nima yetmaydi, bilasizmi? Aynan energiya. U qoʻrquv tomonidan musodara qilinadi va kelajagingizni ham yoʻqqa chiqaradi. Diyora musobaqadan bir kun oldin hech narsadan qoʻrqmas edi, chunki uning fikri kelajakka – ertangi yengilmas raqibi haqida bilib, u bilan boʻladigan jangni oʻylashga oʻtib ketmagandi. U OʻSHA PAYTDA AYNI OʻSHA JOYDA EDI. Undan nima talab qilingan boʻlsa, shuni qilish bilan mashgʻul edi. Va u bularning barchasini ongli tarzda idora qilgan. Krishnamurti ham hozir chindan nima mavjud boʻlsa, ayni oʻshagina hayot deydi. (Bu fikrning kvant fizikasiga ham taʼsiri bor, ammo hozir uni gaplasholmaymiz.) Uni na qoʻrquv, na oʻtmish, na tajriba, na kelajak bilan yoʻqqa chiqarmaslik kerak.

Hozir va shu yerda nima mavjud ekanini yaxlit anglash oʻsha masalani toʻla hal qilishga imkon yaratadi. Masalani faqat boʻlinmagan diqqatgina hal qila oladi, deydi Krishnamurti. Diyora musobaqa davomida Utagacha ham bir qator kuchli raqiblarga duch keldi. Tasavvur qiling, u bir kun oldin ularning kimligini bilganida yo Utaga qachon duch kelishini bilganida, ehtimol ularning ham toʻsigʻidan oʻtishga qiynalardi. Miya avtomatik ravishda bir kun oldindan oʻsha raqiblarni hisob-kitob qilar, qaysisiga qanday yondashish kerakligi, tajriba va qoʻrquvni ham qoʻshib diqqatni maydalardi. U esa raqiblar bilan qiziqmasdan, buning oʻrniga oʻz ishini – jismoniy va ruhiy mashgʻulotlarini qildi. Tatamiga chiqqanda esa masalani joyida hal qilib ketaverdi – oldindan biror belgilangan raqibga qarshi maxsus tayyor boʻlmagan holda, hozir va shu yerda yashash falsafasiga tayanib, qatʼiy diqqat, yaʼni butun kurashga oʻzini, diqqatini berish orqali. Agar bizni qoʻrquv chalgʻitmasa, tajriba turtkilamasa, har qanday masalaga diqqatimizni toʻla bera olamiz va oʻsha masalani joyida hal qila olamiz. Buning uchun esa diqqatni hozir va shu yerda ushlay olish, energiyani boʻlmaslik lozim. Krishnamurti bizga shunday deb uqtiradi. Va Diyora oʻz misolida buni sharaf bilan uddaladi.

Diyora intervyularida bot-bot sport psixologlari bilan bir qatorda ezoteriklar, layf-kouchlar bilan ham ishlaganini eʼtirof qilgan. Umuman, bugungi psixologiyaning asosida baxtning eng asosiy formulasi sifatida hozir va shu yerda yashash falsafasi yotadi. Jumladan, Markaziy Osiyodagi koʻplab psixologlar ham shu yoʻldan boradi. Mazkur fikrni dunyo miqyosiga olib chiqqan odam Krishnamurti edi. Krishnamurti faylasuf emasmi, uni tushunish bir qadar murakkab. Keyinchalik uning izdoshlari – jumladan, Ekxart Tolle “Hozirning kuchi” (The Power of Now) degan kitob yozdi va butun psixologiya, ezoterika, kouching sohasiga mazkur gʻoyaning singib ketishiga sharoit yaratdi. Maʼlumot uchun, bu asar sotuv koʻrsatkichlari boʻyicha psixologiya sohasida dunyodagi top-10 talik kitoblardan biridir.

Shu tarzda biz kunda-shunda oldimizdan chiqadigan psixologlarimizning reelslari, sportchilarimizning tajribalari fonida Krishnamurti gʻoyalari dunyosida yashamoqdamiz, toʻgʻrirogʻi, biz u bilan tanishmiz. Uning gʻoyalari bilan yashash uchun esa ulkan, ha, juda ulkan matonat kerak. Xuddi Diyora qila olgani kabi keraksiz maʼlumotlardan chekinish, hayotimizni keraksiz emotsiyalardan tozalash kerakdir, ehtimol. Xullas, bu borada biz yoʻl oʻrgata olmaymiz va taklif qilolmaymiz, zotan, Krishnamurti aytganidek, har kim oʻz hayotidan kelib chiqqan holda hozir va shu yerda yashash falsafasini oʻzi oʻrnatishi, haqiqatga oʻzi borishi kerak.

Tillaniso ESHBOYEVA