Inson ajdodlari yer yuzida yashay boshlagan kezlardanoq tevarak-atrof bilan tanishuvga kirishgan. Ushbu tanishuvning birinchi qadami unga nom qoʻyishdan boshlangan. Shuning uchun tevarak-atrofga qoʻyilgan nomlar yillar oʻtishi bilan oʻzgarishiga qaramasdan maʼlum maʼnoda til lugʻat boyligining nisbatan eski qatlami oʻlaroq baholash imkoniyatini beradi. Shu jihatdan bizgacha yetib kelgan hamda toponomik maʼlumotlar aks etgan yozma manbalar muayyan mintaqaning tarixi, xalqning geografik tafakkuri va tasavvurlarini oʻrganishda ayricha ahamiyat kasb etadi.
Mintaqamizda IX asrdan boshlab ijtimoiy, tabiiy, geografik fanlar boʻyicha tadqiqotlar yaratish ishlari kuchaya boshladi. Ayniqsa, X asrning ikkinchi yarmidan hokimiyatni idora qilish qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan hukmdorlar qoʻliga oʻtishi bilan maʼlum muddat soʻnib qolgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda yana jonlanish, rivojlanish boshlandi, dunyo sahnasida turkiy qavmlarning mavqei qaytadan oʻsa bordi. Ana shu kezlardan Yevroosiyo qitʼasida qoraxoniylar nomi bilan tarixga kirgan yirik imperiyaga asos solindi. Bu esa turkiy xalqlarning nufuzining ortishiga va boshqa ellarning turkiy tilni oʻrganishga ehtiyojining oshishiga sabab boʻldi. Yuzaga kelgan ana shu ehtiyojni qondirish yoʻlida XI asrning dovrugʻli allomasi Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarini yaratdi. Asar hijriy 466-yili (melodiy 1074-yilda) yozib tugallangan. Kunimizgacha “Devonu lug‘atit turk”ning bitta qo‘lyozmasi saqlangan. Uni hijriy 664 (melodiy 1266)-yilda kotib Muhammad ibn Abubakr ibn Abdulfath as-Saviy ad-Damashqiy koʻchirgan. Kotibning yozishicha, mazkur qo‘lyozma Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan bitilgan nusxasidan ko‘chirilgan.
Filologik tadqiqot boʻlishiga qaramasdan asarda turli fanlarning maʼlumotlariga duch kelish mumkin. Ayniqsa, turli-tuman geografik maʼlumotlar va kitobdagi yer shari xaritasi kishini hayratga soladi. “Devonu lug‘atit turk” asarining muqaddimasida “Turk tabaqalari va qabilalarining bayoni haqida” degan boʻlim bor. Ushbu boʻlimda muallif gʻarbdan boshlab sharqqa yoyilgan turkiy qabilalar toʻgʻrisida xabar bera turib, “bu qabilalarning turar joylarini bu doirada koʻrsatdim” degan qiziq bir maʼlumotni keltiradi [1]. Asar qoʻlyozmasida ham doira shaklidagi yer yuzining sharqiy yarim shariga toʻgʻri keluvchi jugʻrofiy xarita beriladi. Koshgʻariy yana bir oʻrinda ana shu doira shaklidagi xaritaga ishora qilib, “Rum va Mochingacha boʻlgan turk shaharlarining hammasining boʻyi besh mingdan sakkiz ming farsahgacha yetadi. Bu shaharlar oʻrnini aniqlash maqsadida ularning hammasini yer shaklidagi doirada koʻrsatdim”, deydi [2]. Mahmud Koshgʻariyning ushbu xaritasi hozirgacha dunyo fanida maʼlum boʻlgan turkiy xalqlarning geografik tasavvurlari asosida yaratilgan eng qadimgi xaritalardan biri sifatida tan olinadi [3].
Xaritada yer yuzi tomonlarining joylashuvi nihoyatda qiziq: yuqori qismida sharq – kunchiqar, pastda gʻarb – kunbotar, oʻngda janub va chapda shimol tomoni joylashtirilgan. Bu esa eng qadimgi turkiy xalqlarning olamning joylashuvi haqidagi “toʻrt boʻlung” (toʻrt tomon) toʻgʻrisidagi tasavvurlari bilan bogʻliq. Turkiy qavmlarning dunyo tomonlari bilan bogʻliq tushunchalari qadimgi turkiy bitiklarda yaxshi keltirilgan [4]. Xaritada tomonlarning bu koʻrinishda berilishi ham sharq musulmon geografik bilimlaridan ajralib turadi. Musulmon xalqlarining geografik tafakkurida asosiy tomon sifatida “gʻarb, magʻrib, kun botar, qibla” olinadi. Koshgʻariy xaritasining yuqori qismida “Ash-Sharq (sharq, kunchiqar)” deb koʻrsatilgan.
Shu oʻrinda xaritada keltirilgan bir geografik nom misolida Mahmud Koshgʻariy va turkiy xalqlarning yuksak geografik tafakkur va tasavvurlarini tahlil etsak. Koshgʻariy doira deb atagan xaritaning sharq tomonining eng sharqiy chekkasida Čabarqa degan toponim beriladi:Xaritadagi “Ash-Sharq (sharq, kunchiqar)” deb koʻrsatilgan va Čabarqa toponimi berilgan joy.
Ushbu toponim ostida ajdolarimiz sharqdagi eng olis davlat kun chiqar yurt – Yaponiyani nazarda tutishgan degan fikrlar ilm ahli orasida yuradi. Ushbu toponim ancha yillardan buyon tadqiqotchilarni ham qiziqtirib keladi. Oʻz davrida V.Bartold ushbu nom ostida qadimgi turkiy xalqlar hozirgi Yaponiya mamlakatini koʻzda tutgan degan, koʻzqarashni ilgari surgan edi.
Undan keyin nemis sharqshunosi A.German va tarixchi I.Umnyakov ham V.Bartold fikrini quvvatlagan [5]. Biroq ayrim olimlar ushbu fikrga shubha bilan qarashgan. Chunonchi, musulmon sharq tarixiy gegrafik merosi boʻyicha yirik olim I..Krachkovskiy mazkur fikr u qadar ishonarli emasligini qayd etgan [6]. Oʻtgan asrning 60-yillarida Čabarqa toponimi ostida qadimgi turkiy xalqlar haqiqatdan ham, aynan, Yaponiyani nazarda tutganini oʻzbek olimi, tarixiy geografiya boʻyicha taniqli olim H.Hasanov yozma manbalar asosida isbotlashga harakat qilgan [7].
Yuqoridagi tadqiqotlardan kelib chiqqan holda Čabarqa toponimi Yaponiyaga toʻgʻri kelishini beshta omilga asoslanib tahlil etish mumkin. Birinchi, yaponiyaliklar oʻz yurtlarini “Nippon” deb atashadi. Xitoyliklar mazkur toponimni “Jiben (kun chiqar)” iyeroglifi bilan berishadi va unga “go (mamlakat, davlat)” leksimasini qoʻshib, Jibengo (Yaponiya) deb atashadi. “Jabarqa” va “Jibengo” bir topinimning ikki hil fonetik variantidir.
Ikkinchi, qadimgi turkiy xalqlarning geografik bilimlari yuqori darjada boʻlib, kunchiqarda Čabarqa nomli yurt borligini aniq-taniq bilishgan. Chunki VI asrdayoq turkiy qavmlar Sharqiy chegarasi Koreya yarim oroliga tutash Sariq dengizdan Gʻarbi – Qora dengizga qadar choʻzilgan ulkan saltanat – Turk xoqonligiga asos solgan edi [8]. Tarixdan turkiy xoqonlikning qanoti va himoyasi ostida yashagan qavmlardan biri kidanlarning Yaponiyaga borib turganlari toʻgʻrisida ham qaydlar uchraydi [9].
Uchinchi, Ajdodlarimizdan hozirga qadar yetib kelgan va bizning ona tilimizda yozilgan eng eski yozma yodgorliklardan biri qadimgi turkiy-run xatida toshlarga oʻyib yozilgan turkum yodgorliklar. Yodgorliklarning asosiy qismi VI–VIII asrlarda bitilgan. Mazkur yozma obidalarda turkiy xalqlarning geografik tafakkuri bilan bogʻliq qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Chunonchi, ikkinchi koʻk turk xoqonligining asoschisi Eltarish xoqonning kichik oʻgʻli, shahzoda Kul tigin vafoti munosabati bilan 732-yilda oʻrnatilgan bitiktoshda turkiy ajdodlarimizning sharq tomon bilan bogʻliq jugʻrofiy tasavvurlari keltirilgan. Mana oʻsha matn: “İlgärü kün toğsuqa, birgärü kün ortusïŋaru, qurïğaru kün batsïqïŋa, yïrğaru tün ortüsïŋaru, anta ičräki bodun qo[p] m[äŋ]ä kör[ür...]n bunča bo[dunuğ] qop itdim. Ol amtï añïğ yoq...” – “Oldinga – kun chiqarga, oʻngga – janubga, orqaga – kun botarga, chapga – shimolgacha boʻlgan oraliqdagi xalq butunlay menga qaraydi. Shuncha xalqni shod etdim. U endi yovuz emas”. Bitik muallifi fikrini davom ettirib yozadi: “İlgärü Šantuŋ yazïqa tägi sülädim, taluyqa kičig tägmädim” – “Sharqqa – Shantung dashtiga qadar lashkar tortdim, dengizga bir oz yetmadim” [10]. Endi ana shu jumlani tahlil etsak. Matnda kelgan “Shantung” toponimi Xitoyning eng sharqida Sariq dengiz boʻyida joylashgan hozirgi Shandun provinsiyasidir. Misoldagi taluyqa kičig tägmädim jumlasini “dengizga bir oz yetmadim”, deb oʻgirish mumkin. Bu yerdagi taluy – “dengiz” deyilganda, hozirgi Sariq va Sharqiy Xitoy dengizi nazarda tutilgan. Mazkur hududni yaqqolroq tasavvur qilish uchun bu hududning xaritasini berishni oʻrinli deb bilamiz:
Turk xoqonligi qoʻshinlari oʻrnashgan hududning hozirgi xaritada koʻrinishi.
Matndan shu dalil kelib chiqadiki, Turk xoqonligining qoʻshinlari sharqda – Shandun provinsiyasi hududlarini bosib olgan va xoqonlikning eng sharqiy chegarasi sifatida ushbu hudud qayd etilgan. Turkiy xalqlarning qoʻshinlari ana shu hududdaliklarida Shandun provinsiyasidan keyingi Sariq va Sharqiy Xitoy dengizidan soʻng quruqlik hududlari borligini eshitgan boʻlishi va Yaponiya toʻgʻrisidagi oʻzlarida mavjud geografik bilimlarni oʻsha kezlarda mukammalashtirgan boʻlishlari mumkin. Chunki mazkur hudud aholisi Yaponiya mamlakati toʻgʻrisida yaxshigina maʼlumotga ega boʻlgan. Ilk oʻrta asrlardayoq IV–VI yuzyilliklarda Xitoy va Yaponiya oʻrtasida madaniy, maʼrifiy aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlgan. Xitoy iyeroglifik yozuvining yoki buddaviylik dinining shu hudud orqali Yaponiyaga kirib borishi bu fikrlarimizni tasdiqlaydi. Rus yaponshunosi V.Grivninning tadqiqotlariga koʻra dastlabki bosma kitoblar ham VIII asrdan boshlab Shandun provinsiyasi orqali kirib borgan [11].
Yuqoridagi maʼlumotlardan turkiy xalqlarning Islom dini kirib kelgunga qadar ham geografik bilimlari yuqori boʻlgani va Islom dini kirib kelishi bilan Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari Markaziy Osiyodan keyingi Sharq tomondagi mamlakatlar, xususan, Yaponiya toʻgʻrisidagi geografik bilimlarni, aynan, turkiy xalqlardan oʻrgangan. Buning isbotini keyinchalik yaratilgan asarlarda aniq koʻramiz.
Toʻrtinchi, Mahmud Koshgʻariy xaritasining markazi sanaluvchi Bolasogʻundan (hozirgi Issiqkoʻl atroflari) Yaponiyagacha boʻlgan masofa bilan Afrikadagi Efiopiyagacha (Bilodi Habash) oraliq masofa teng. Hozirgi zamonaviy xaritalarda ham ushbu masofalar deyarli teng.
Beshinchi, eng asosiysi, Koshgʻariyning devonda keltirgan oʻz izohi: “Čabarqa liklarning uzoqda turishi, Māsīn bilan ularni katta dengiz ayirib turgani uchun ularning tillari bilinmaydi” (taʼkid bizniki – Q.O.) [12].
Shu oʻrinda: Koshgʻariy devonda keltirgan joy nomlarini qanday mezon asosida berganini ham izohlab oʻtgan. U yozadi: “Kitobda koʻrsatilgan tog‘ otlari, koʻl, vodiy, dengiz otlari faqat musulmon shaharlaridagi nomlardir. U nomlar har vaqt qoʻllanadigan va mashhur boʻlganlari uchun yozdim. Mashhur boʻlmaganlarining koʻplarini tushirib qoldirdim. Musulmon boʻlmaganlaridan baʼzilarining shahar nomlarini ham yozdim, baʼzilarini qoldirdim. Mashhur boʻlmaganlarini yozishdan foyda yoʻq” (taʼkid bizniki – Q.O..) [13]. Ushbu izohdan chiqadigan xulosa shuki, devondan oʻrin olgan “Jabarqa” toponimi qadimgi turkiy qavmlar orasida mashhur boʻlgan va bu nom ostida yer yuzining eng sharqiy qismida joylashgan kun chiqar yurt – Yaponiya tushunilgan.
Ayni oʻrinda Gʻarb olami Yaponiya toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlarni italyan sayyohi Marko Poloning asarlari orqali bilganligini ham qayd etish oʻrinli. Marko Polo kunchiqar yurt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Hubilayxon saroyida eshitgan. U 1266-yili xoqon saroyida yashagan. Tarixdan bizga yaxshi maʼlumki, Hubilayxon saroydagi asosiy mulozimlar va xoqon maslahatchilari turkiy qavmlarning vakllari edi. Shu bois, Marko Polo ham Yaponiya nomini turkiy talaffuz asosida “Chipangu” shaklida oʻz sayohatnomasiga kiritgan. Demak, Mahmud Koshgʻariy Marko Polodan ikki yuz yil oldin oʻz xaritasida Čabarqa toponimini keltirgan va kunchiqar yurt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan sharq musulmon olami vakillarini tanishtirgan.
Umuman, ilk va oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda yashagan ajdodlarimizning geografik bilimlari va tasavvurlari nihoyatda yuqori darajada boʻlib, uning yorqin namunasini, aynan, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida uchratamiz. Hatto, keyinchalik Islom dini kirib kelishi bilan Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari Markaziy Osiyodan keyingi Sharq tomondagi mamlakatlar, xususan, Yaponiya toʻgʻrisidagi geografik bilimlarni, aynan, turkiy xalqlardan oʻrgangan.
Qudratulla OMONOV,
TDSHU birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor