“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi negizidagi maqsadlar
Vang Yivey oʻzining kitobini “Shije shi tungde – “Iday ilu” de loszi”[1] (“一带一路”的 逻辑 – “Ochiq dunyo – “Bir belbog‘, bir yoʻl”ning asl maqsadi”) deb nomlagan. Buning sababini tushuntirar ekan, muallif ushbu tashabbus zaminida Xitoy uchun ochiq boʻlgan va yangi tartibga asoslangan Dunyo yaratish turganligini aytadi. Shundan kelib chiqib taʼkidlab oʻtish joizki, “Iday ilu” deb oʻqilgan 4 ta iyeroglif (soʻz) bilan oʻzgalar tushunishi uchun qiyin boʻlgan asl maqsad yashirilgan. Chuqurroq oʻylab koʻrilsa, Vang Yivey asarining nomi ushbu tashabbus zaminidagi asl maqsadni maʼlum darajada ochiqlaydi.
Oʻz asarida Vang Yivey “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi doirasiga kiritilgan Pekinning keng qamrovli transport yoʻlaklarini ochishga qaratilgan strategik rejalarini ham izohlab oʻtadi. Uning aytishicha, ushbu tashabbus zaminida XXR bilan Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari oʻrtasidagi savdo aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish uchun zarur boʻlgan transport yoʻnalishlar, jumladan dengiz orqali oʻtadigan hamda Pekin uchun foydali va xavfsiz, Xitoy mollarining erkin harakatda boʻlishini taʼminlaydigan transport yoʻlaklarini ochish yotadi [Vang Yivey. 2016: 65]. Shu asnoda olim bu rejani amalga oshirish uchun quyidagi amaliy ishlarni qilish zarurligini taʼkidlaydi.
1) Xitoy manfaatlariga xizmat qiladigan keng doiradagi iqtisodiy hududni shakllantirish;
2) Quruqlik va dengiz yoʻllari yoʻnalishlari bilan bogʻlangan mamlakatlar asosida global iqtisodiy hudud paydo qilish uchun zarur choralarni koʻrish va amaliy ishlar qilish;
3) Teng huquqli xalqaro savdo aloqalarda teng foyda koʻrish va javobgar boʻlish, teng rivojlanish prinsipini joriy etish;
4) Tabiiy boyliklardan teng foydalanish, yangi bozorlar shakllantirish va ularni nazorat qilish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish ishlarida bir xil qoidaga asoslanish, hamkorlik qilish, bu ishlarni koordinatsiya qilishda va amalga oshirishda hamkor davlatlarning javobgarligini oshirish;
5) Rejali savdo qilish, mablag‘ harakatlarini erkinlashtirish, xalqlarning siyosiy ongini yuksaltirish, iqtisodiy bilimini oshirish, tafakkurini yaqinlashtirish kabi 5 ta yoʻnalishda ochiqlikni taʼminlash;
6) Quyidagi 6 ta transport yoʻlaklarini zamonaviylashtirish va tadrijiy holatda ishlashini taʼminlash:
– “Yangi Yevrosiyo koʻprigi” deb nomlanadigan iqtisodiy yoʻlak, yaʼni sharqiy Xitoy oʻlkalari boʻlmish Jyangsu va Shandungdagi dengiz portlari joylashgan shaharlar bilan Qozogʻiston–Rossiya–Belorussiyani bogʻlaydigan, jumladan Lyanyunggang, singdao, Jichjao, Syuychjou, Chjenchjou, Luoyang, Shian, Lanchjou, Urumchi, Qoʻrgʻos, Astana va Kaspiy dengizi atrofidagi neft ishlab chiqariladigan joylardan oʻtadigan temir yoʻllar;
– Xitoy–Mongoliya–Rossiya iqtisodiy yoʻlagi, yaʼni Tyanjin, Dalyan va XXRning shimoli-gʻarbiy chegrasidan oʻtish nuqtasi boʻlmish Manchjouli, Mongoliya, Rossiya orqali Boltiq dengiziga chiqadigan temiryoʻllar bilan bogʻlangan joylarni oʻz ichiga olgan iqtisodiy yoʻlak;
– Xitoy-Markaziy va Gʻarbiy Osiyo orqali Foris koʻrfaziga chiqadigan yoʻllardan tashkil tobgan iqtisodiy yoʻlak, yaʼni Urumchi (Shinjyang-Uygʻur avtonom oʻlkasi markazi) Kozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiyani bogʻlaydigan yoʻllarni oʻz ichiga olgan iqtisodiy yoʻlak;
– Janubiy Xitoyning Kunming shahri bilan Janubi-Sharqiy Osiyo, Singapur, Laos, Vetnam, Kambodja, Tayland, Malayziya davlatlarini bogʻlaydigan iqtisodiy yoʻlak;
– XXRning janubi-gʻarbiy qismidagi togʻli chegara hududidan oʻtish nuqtasi boʻlmish Xundjerab (Xunchilapu) va Pokistonning Islomobod shaharlari orqali janubiy Pokiston portlari Gxaro va Karachini bogʻlaydigan iqtisodiy yoʻlak;
– Ipak yoʻlining dengiz yoʻnalishlari, yaʼni janubiy Xitoy portlaridan, Janubiy dengiz va Singapur, Hindiston yarim oroli, Janubiy Pokiston, Janubiy Eron, Foris koʻrfazi portlari orqali Janubiy Yevropaga hamda Afrikaga boradigan suv yoʻllarini oʻz ichiga olgan iqtisodiy yoʻlak [Vang Yivey. 2016: 13–17].
Vang Yiveyning fikricha, “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi vazifalar va rejalar quyidagi uch bosqichda amalga oshiriladi:
1) 2016-yildan 2024-yilgacha boʻlgan 9 yillik davr davomida tashabbus doirasida ishlab chiqilgan vazifalarni toʻlaqonli ijro qilish va buning uchun zarur asoslarni yaratish;
2) 2024-yildan boshlab – Ipak yoʻli iqtisodiy yoʻlaklariga aloqador davlatlar hamkorligi asosida yagona global iqtisodiy hudud yaratish ishlarini yakuniga yetkazish, buning uchun zarur boʻlgan transport yoʻlaklarini ochish va ulardan foydalanish hamda hamkorlik qilish uchun kerak boʻladigan barcha meʼyorlarni joriy etish;
3) 2049-yilga qadar – XXR yetakchiligidagi yagona global iqtisodiy hudud shakllantirish, bunga qatnashuvchi barcha davlatlar uchun erkin harakatlanish, teng foyda olish, yaratilgan sharoitlardan teng foydalanish, teng huquqli muloqot qilish, teng huquqli javobgar boʻlish va rivojlanish istiqbollari sari qadam qoʻyish kabi omillarni toʻlaligicha yuzaga keltirish [Vang Yivey. 2016: 157].
Shuning bilan birga, Vang Yivey mablag‘ solish, savdo aloqalar va hamkorlik qilish “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining asosiy mazmuni boʻlishini aytib [Vang Yivey. 2016: 25], XXR doirasida yetarli darajada zamonaviy tezyurar temir yoʻllari qurilganligini, bundan keyin Xitoy hukumati “Ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻi” bilan bogʻlangan davlatlar hududida shunday yoʻllar qurish javobgarligini oʻz zimmasiga olishga tayyor ekanligini taʼkidlaydi [Vang Yivey. 2016: Kirish soʻzi. 9].
Vang Yiveyning fikricha, mazmun jihatdan “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi “Xitoyning anʼanaviy donishmandlik tafakkuri” (“Chjungguo chuantung chjixuey” 中国传统智慧) asoslarini aks ettiradi [Vang Yivey. 2016: 157]. Ushbu tafakkur zaminida esa turli xalqlar va mamlakatlar orasida oʻzaro ishonch, oʻzaro muloqot va bir-birini tushunish hamda “xitoylar aql-idroki”ni boshqa madaniyat egalari tafakkuri bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan [Vang Yivey. 2016. Kirish soʻzi. 7]. Olimning taʼkidlashicha, tashabbus zaminida 200 yil davomida Xitoy uchun asosiy maqsad boʻlib kelgan “chjungxua minzu” (中华民族 – “sivilizatsiya markazi xalqi”)[2]ni qayta oyoqqa turgʻazish gʻoyasi yotadi [Vang Yivey. 2016: 157].
Yuqorida XXR olimi taʼkidlab oʻtgan masalalar va tamoillar sinchiklab oʻrganilsa, ular qanchalik amaliyotga toʻgʻri keladi, Xitoyning xorijiy davlatlar bilan amalga oshiradigan iqtisodiy munosabatlari teng huquqli meʼyorlar asosida rivojlanadimi degan savollar paydo boʻlishi tabiiydir.
XXR foydasi nuqtayi nazaridan olib qaraganda, koʻrsatib oʻtilgan transport yoʻlaklari albatta muhim ahamiyatga ega. Lekin ulardan olinadigan siyosiy va iqtisodiy foyda jihatidan qaraganda, hamma davlatlarga bu yoʻlaklar bir xil natija berishiga ishonish qiyin. Foyda koʻrishda yirik davlatlar, ayniqsa ularni qurish, zamonaviylashtirish ishlariga koʻproq mablag‘ solganlar, albatta ustunlik qiladi. Nisbatan kichik davlatlar kattalari bilan teng foydaga ega boʻlishi uchun ular Yaponiya, Janubiy Koreya kabi ishlab chiqarishda, zamonaviy texnika va texnologiya sohasida, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarini eskport qilishda katta salohiyatga ega boʻlmogʻi va bu masalalarda yirik davlatlardan ustun kelishi lozim. Aks holda, Vang Yivey aytgan masalalardagi tenglik qogʻozda qolishi mumkin. Qolaversa, XXR hukumati xorijiy mamlakatlarda oʻz mablagʻi asosida yoʻllar qurar ekan, ulardan foydalanishda oʻz manfaatlarini ustun qoʻyishga harakat qiladi. Bu tabiiy holat, hech qaysi davlat oʻz zarariga boshqalarning muammosini hal qilib bermaydi, oʻzgalarning manfaatini oʻzinikidan ustun qoʻymaydi. Xitoyning ikki yarim ming yillik tashqi aloqalari tarixiga bir nazar solinsa, buning isbotini koʻp uchratish mumkin. Ilgari Xitoy imperatorlari oʻzlarini “Osmonning yer yuzidagi vakili” deb hisoblagan va shu tushuncha asosida harakat qilishgan va oʻz hududini tadrijiy holda sekin-asta boshqalar yerlarini tortib olish hisobiga kengaytirgan. Ular bu harakatlarini tajovuzkorlik deb bilishmagan, aksincha, xitoylar sivilizatsiyasi doirasini kengaytirish va oʻzga xalqlarga gʻamxoʻrlik qilish va yordam koʻrsatish deb hisoblashgan. Imperatorlar harakatlariga qarshi chiqqanlar shafqatsizlik bilan jazolangan.
Strategik jihatdan kelib chiqib, Vang Yivey tilga olgan 6 ta yuk tashish yoʻnalishlari yoki “iqtisodiy yoʻlaklar” (“jingji day”)ning qaysi biri Xitoy uchun eng muhim va xavfsiz degan masalaga eʼtibor berar ekanmiz, bir ovozdan qadimgi buyuk ipak yoʻli yoʻnalishidagi transport yoʻlagini aytish mumkin. Buning sababi quyidagilardan iborat.
– Dengiz yoʻllariga asoslangan qatnov yoʻlagi orqali konteynerlar tashish ancha arzon, lekin koʻp vaqtni oladi. Maʼlum bir vaziyatda uning Xitoy uchun bekilib yoki qiyinlashib qolish ehtimoli yoʻq emas. Pekin siyosatchi va iqtisodchilarining fikriga koʻra, bunday holat, birinchi navbatda, XXR va AQSh munosabatlarining yomonlashib qolishi natijasi boʻlishi mumkin. Xitoy yil sayin kuchayib borayotgan va istiqbolda dunyodagi eng qudratli davlatga aylanishni, jahon miqyosidagi davlatlararo munosabatlarni yaxshilash uchun yangi tartib oʻrnatishni maqsad qilib turgan bir vaziyatda, bu ikki davlat oʻrtasida nizo chiqish, hattoki toʻqnashuv yuz berishi ehtimoldan xoli emas.
– Siyoiy va iqtisodiy tomondan olib qaraganda, Pekin uchun Xitoy–Mongoliya–Rossiya orqali Yevropaga oʻtadigan transport yoʻlagi ishonchli va nisbatan xavfsiz hisoblanadi. Biroq bu yoʻlak doirasidagi yoʻllarning katta boʻlagi Rossiya hududidan oʻtadi. Shu bois mazkur yoʻnalish orqali Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan savdo boʻyicha aloqa qilish, tranzit yuklar olib oʻtish uchun XXR hukumati Moskva foydasiga katta mablag‘ sarflaydi. Bundan tashqari, Xitoyda ishchi kuchi yil sayin qimmatlab borayotgan va eksport uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi esa borgan sari oshib ketayotgan bir davrda, ushbu transport yoʻlagidan foydalanish XXRga moddiy zarar keltiradi. Shu bilan birga, Xitoyning Rossiyaga bogʻliqligini kuchaytiradi. Bundan tashqari, XXR hukumati RF bilan har tomonlama munosabat qilishda ehtiyotkorlik qiladi. Ikki katta davlat orasidagi munosabatlarning buzilib qolishi mumkinligini eʼtibordan qochirmaydi. Tarixda kuzatilgan voqealardan saboq olib, Pekin maʼlum bir vaziyatda yirik qoʻshni davlatlar manfaatlari toʻqnashib qolishi mumkinligini unutmaydi. Qolaversa, Xitoy hukumati uchun Gʻarb bilan iqtisodiy aloqa qilishda mazkur transport yoʻlagidan foydalanish yagona imkoniyat hisoblanmaydi.
– Ayni paytda Pekinning Gʻarb bilan iqtisodiy aloqa qilishi uchun Urumchidan Alashankou va Qozogʻiston, Rossiya orqali oʻtadigan temiryoʻl mavjud. Bu transport yoʻlagining XXR hududidan oʻtadigan boʻlagi Sibir orqali oʻtadigan shimoliy transport yoʻlagidan ancha katta. Lekin bu yoʻlakdan foydalanish Xitoyning Rossiyaga bogʻliqligini saqlab qoladi. Urumchidan Alashankou va Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston orqali Eron portlariga boradigan temiryoʻl ham mavjud. U 1990-yilda ochilgan [Xodjayev A. 2020. 197–207]. Bu yoʻlning katta bir qismi XXR hududidan oʻtmaganligi tufayli tranzit yuk olib oʻtish uchun Pekin Qozogʻiston foydasiga qoʻshimcha mablag‘ sarflaydi.
– Strategik va iqtisodiy nuqtayi nazardan olib qaraganda, XXR uchun Gʻarb bilan iqtisodiy aloqa qilishga eng qulay va qisqa transport yoʻlagi Xitoyning sharqiy oʻlkalaridagi sanoat shaharlaridan Shian (qadimgi Changʻan), Lanchjou, Turfan, Urumchi, Qashqar, Osh (Qirgʻiziston), Andijon, Toshkent va Samarqand (Oʻzbekiston), Turkmaniston, Tehron (Shimoliy Eron), Bogʻdod (Iroq) orqali Anqara va Istanbulga (Turkiya) boradigan yoʻllardan tashkil topgan transport yoʻlagi hisoblanadi. Birinchidan, istiqbolda ushbu yoʻlak boʻyicha Yevropa, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarini temir yoʻllar bilan bogʻlaydigan transport yoʻlagini shakllantirish va unga koʻpgina mintaqaviy temir yoʻllarni ulab olish mumkin. Ikkinchidan, bu transport yoʻnalishidan tranzit yuk olib oʻtishda Pekin hukumati katta mablag‘ tejab qoladi. Chunki bu yoʻnalishdagi yoʻlning katta qismi XXR hududidan oʻtadi. Bundan tashqari ushbu transport yoʻlagi Rossiya hududidan oʻtmaganligi tufayli, Gʻarb bilan savdo aloqalari masalasida Pekin Moskvaga bogʻliq boʻlmaydi. Ammo bu transport yoʻlagining katta bir qismida hali ham temiryoʻl qurilgani yoʻq. Turli sabablarga koʻra, XXR hukumatining bu boradagi koʻp yillik harakati natija bermadi. Lekin Pekin bu yoʻnalish boʻyicha zarur joylarda temiryoʻl qurish va mavjud avtoyoʻllarni zamonaviy tezyurar yoʻllarga aylantirish rejasidan voz kechgani yoʻq [Xodjayev A. 2020. 197–212].
Hozirgi holatda XXRning sharqiy sanoat shaharlari bilan gʻarbiy chegara hududlarini bogʻlaydigan temiryoʻl Qashqarga yetkazilgan. Oʻzbekiston temir yoʻllarining bir yoʻnalishi Fargʻona vodiysidagi Pop shahriga yetkazilgan. Qirgʻiziston orqali Qashqar–Pop temiryoʻllari ulansa[3], XXR uchun quyidagi yangi imkoniyat qoʻlga kiritiladi.
Birinchi navbatda, XXRning tranzit yuklar olib oʻtiladigan ichki yoʻllari ancha choʻziladi. Bu esa, bir tomondan, logistika masalasida Pekinga sezilarli darajada mablag‘ tejash imkoniyatini bersa, ikkinchi tomondan, Shinjyang-Uygʻur avtonom oʻlkasining (tarixiy Sharqiy Turkistonning) imkoniyatlaridan toʻlaroq foydalanishga yangi sharoit yaratadi. Uchinchi tomondan, istiqbolda bu temiryoʻl yoʻnalishida zamonaviy tezyurar avtoyoʻllar qurish, gaz quvurlari olib oʻtib, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron va Ozarboyjon kabi mamlakatlarning yoqilgʻi va boshqa boyligidan bevosita foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin. Toʻrtinchidan, Qashqar–Qirgʻiziston–Pop temir yoʻli qurilsa, Pekin uchun Afgʻonistonga kirib boradigan eng qisqa transport yoʻlagi paydo boʻladi. Bu esa nafaqat janubiy Markaziy Osiyoning, balki Afgʻonistonning tabiiy boyligidan foydalanishga qulay sharoit yaratiladi.
Ammo Pekinning bu boradagi rejalarining amalga oshishi albatta XXRdagi ichki siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga va sirtqi omillarning qoʻl kelishiga, jumladan, RFning ichki siyosiy va iqtisodiy vaziyatiga hamda ushbu transport yoʻlagi boʻyicha temiryoʻl qurishga boʻlgan munosabatiga bogʻliq.
Albatta, Qashqar–Qirgʻiziston–Pop temiryoʻlining qurilishi Rossiyaga foyda keltirmaydi. Mavjud shimoliy transport yoʻlagi, yaʼni KNR–RF–Yevropa yoʻllari orqali olib oʻtiladigan tranzit yuklarning katta qismi janubiy transport yoʻlagi hisobiga oʻtib ketadi. Bu holat Moskva hisobiga tushib turadigan daromadning salmoqli bir qismining kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, bu transport yoʻlagining ochilishi XXRning Markaziy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy va siyosiy pozitsiyasining yana ham kuchayishiga olib kelishi mumkin. Bu holat ham RF hukumatini xavotirga solishi ehtimoldan xoli emas. Lekin u bu transport koridorining ochilishiga ochiqdan-ochiq qarshilik qila olmaydi. Buning oldini olish uchun Moskva Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII), Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT)ning faoliyatini kuchaytirish, Oʻzbekistonni bu tashkilotga kiritish orqali ochilajak yangi transport yoʻlagini oʻz nazoratiga olishga harakat qilishi mumkin. RFning manfaatini va mavjud geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda, XXR hukumati Moskvani “Bir belbog‘, bir yoʻl” iqtisodiy programmasida hamkorlik kilishga qiziqtirishga harakat qilishi mumkin.
Soʻnggi paytda xalqaro sahnada paydo boʻlgan vaziyat, yaʼni RFning Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” nomi bilan boshlagan urush harakati tufayli AQSh va Yevropa ittifoqi tomonidan Rossiyaga nisbatan qoʻllangan sanksiyalar oqibatida yuzaga kelgan siyosiy va iqtisodiy qiyinchilik, Moskvaning Qashqar–Qirgʻiziston–Pop temiryoʻlining qurilishiga boʻlgan qarashiga taʼsir qilmay qolmaydi. RF hukumati esa yuzaga kelgan yangi siyosiy va iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib va Pekin bilan kelishgan holda bu masalada XXR rejalari foydasiga oʻz pozitsiyasini yumshatishi mumkin.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, XXRning Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Eron, Iroq kabi mamlakatlar orqali oʻtadigan Qashqar–Foris koʻrfazi va Istanbul transport yoʻlagining ochilishiga qiziqishi bu davlatning ichki iqtisodiy zaruriyati, geosiyosiy va geoiqtisodiy maqsadlari bilan bogʻliq. Qolaversa, 1 mlrd. 400 mln. aholiga ega boʻlgan va jahon bozorlarini oʻz mahsulotlari bilan taʼminlaydigan Xitoyning ichki zaruriyati bilan, birinchi navbatda uning gaz va neftga boʻlgan extiyoji bilan bogʻliq.
Ayni patda, XXR ehtiyoji uchun kerak boʻlgan yoqilgʻining katta bir qismi temir yoʻl va quvurlar orqali Rossiyadan va dengiz yoʻllari orqali Yaqin sharq mamlakatlaridan import qilinadi. Bu maqsadda suv yoʻllaridan foydalanish talaygina sirtqi omillarga, jumladan, AQSh, Hindiston va Janubiy Osiyo davlatlari bilan XXR munosabatlariga bogʻliq. Mazkur munosabatlar, ayniqsa AQSh–Xitoy aloqalari buzilsa, Pekin uchun dengiz yoʻli bekilib qolishi ehtimoldan holi emas. Bu holda XXR qiyin vaziyatga tushib qolishi mumkin. Ayni paytda XXR bilan AQSh, Hindiston va Vyetnam orasida turli ziddiyatlar mavjud.
Hozir Rossiya va XXR munosabatlari yaxshi holatda. Yaqin oʻtmishda ular oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlar ham yuz bergan. Qolaversa, turli iqtisodiy asosga, siyosiy tafakkurga ega boʻlgan ikkita yirik qoʻshni davlatlar orasidagi manfaatlar hech qachon toʻqnashmaydi deb boʻlmaydi. Zotan, davlatlar orasida manfaatlar boʻladi, doʻstlik boʻlmaydi, degan tushuncha mavjudligi hammaga maʼlum. Lekin bu manfaatlar har doim bir xil boʻlmaydi. Bundan tashqari RFning yeri katta, aholisi nisbatan kam, tabiiy boyliklarni eksport qiluvchi davlat, XXR esa buning teskarisi. Qolaversa, soʻnggi 30 yil davomida nashr etilgan XXR matbuotidagi maʼlumotlarga va tarixiy xaritalarga eʼtibor berilsa, ishonch hosil qilish mumkinki, garchi ikki davlat chegaralariga oid masalalar hal boʻlganiga qaramay, Pekinning Moskvaga nisbatan norozilik ruhiyati mavjudligini anglash mumkin. Masalan, 1996-yilda XXRda nashr etilgan tarixiy xaritalarida ayni zamonda RF tarkibiga kiradigan talaygina joylar 1664–1911-yillarda Xitoy taxtini egallagan va tarixda Sin deya nomlangan manchjurlar imperiyasining hududiy doirasiga kirganligi koʻrsatilgan [Chjungo lishi. 1996. 65-66]. Shularga asoslanib, istiqbolli RF bilan XXR oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvi boʻlmaydi, deb aytish qiyin. Agar shunday holat yuz berib qolsa, yoqilgʻi import qilish masalasida Xitoy hukumati qiyin vaziyatga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun Pekin buning oldini olib, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Eron, Iroq kabi mamlakatlar orqali oʻtadigan Kashqar–Foris koʻrfazi va Istanbul transport yoʻlagining tezroq ochilishiga katta eʼtibor beradi.
Keyingi davrda XXRning Afrika mamlakatlari bilan olib borayotgan siyosiy va iqtisodiy aloqalari ancha yuqori pallaga koʻtarilgan. Zotan, ushbu qitʼaning tabiiy boyliklaridan va boshqa imkoniyatlaridan foydalanish ham Pekinning strategik maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, XXR hukumati mamlakatdagi ekologik holatlarni yaxshilash dasturi doirasida, bu masalaga koʻproq salbiy taʼsir koʻrsatadigan ishlab chiqarish korxonalarini koʻchirib yuborish uchun qulay makon sifatida ham qaraydi. Shu bois Pekinning Afrikaga solayotgan mablagʻi, olib borayotgan texnikasi va borib ishlayotgan xitoylarning soni yil sayin koʻpayib bormoqda. Shuning uchun Pekin Afrikada oʻziga kerak boʻlgan sharoitni yaratishga, jumladan, jadallik bilan temiryoʻllar, portlar, elektrostansiyalar, zavodlar, kasalxonalar, maktablar qurish harakatlarini faollashtirib kelmoqda [Tomberg. 2008: 84–90]. Masalan, 2000–2017-yillar davomida Xitoyning Afrikaga solgan mablagʻi 40 mlrd., ushbu mintaqa davlatlari bilan amalga oshirgan savdo aloqalari hajmi 170 mlrd. AQSh dollarni tashkil etgan. 2018-yilda Pekinning Afrikaga yuborgan tibbiyot xodimlarining soni 25 ming kishini tashkil etgan. Bu raqamlar yil sayin oshib bormoqda. Xitoy hukumati bu ishlarni mahalliy xalqning qarshiligiga uchramaslik maqsadida, ularning ichki ishlariga aralashmaslik, mavjud qonun-qoidalarni oʻzgartirishga harakat qilmaslik asosida amalga oshirmoqda.
Afrikada oʻz pozitsiyasini mustahkamlash va bu qitʼaning bozorlaridan va tabiiy boyliklaridan foydalanish maqsadida, XXR hukumati barcha sharoitlarda mablag‘, tovar, oliy malakali mutaxasislar berishga tayyorligini namoyish qilib kelmoqda. Shu bilan birga, oldinroq Afrikaga kirib borgan AQSh, Rossiya va Yevropa davlatlariga nisbatan oʻzini mahalliy xalqga yaxshi, gʻamxoʻr va tinchlikparvar qilib koʻrsatishga harakat qilmoqda.
Agar Xitoyning oʻtmishdagi hududiy kengayish siyosatiga, ayniqsa hukmron sulolaning maqsadga erishishdan oldingi va erishgandan keyingi amaliyotiga bir nazar solinsa, ikki xil munosabatni koʻrish mumkin. Maqsadga erishguncha Xitoy imperatorlari oʻzlarini ochiqqoʻl, oʻzgalarga nisbatan gʻamxoʻr, tinchlikparvar, mehmondoʻst qilib koʻrsatishga harakat qilganligining guvohi boʻlish mumkin. Bu holatning misoli 1664–1911-yillarda Xitoy taxtini egallab turgan sin (manchjurlar) sulolasining 1700–1758-yillarda amalga oshirgan va Sharqiy Turkistondagi Jungʻor va Yorkend xonliklarini[4] yoʻqotishga qaratilgan diplomatik va harbiy harakatlarining ibtidosida kuzatilgan. Sin sulolasining mazkur xonliklarni yoʻqotib, ularning yerlarini egallab olganidan keyin mahalliy xalqqa nisbatan qilgan munosabati butunlay boshqacha boʻlgan[5]. Umid qilamizki, hozirgi XXR hukumati bunday qilmaydi.
(Davomi bor)
Ablat XOʻJAYEV,
tarix fanlari doktori
[1] Xitoycha “luoji” soʻzining lugʻaviy maʼnosi mantiq (logika) tushunchasini beradi. Lekin ushbu kitob nomida u asl maʼnosi, mantiqiy asosi maʼnolarida qoʻllanilgan.
[2] “Chjungxua minzu” soʻzi xitoy xalqining yangi nomi sifatida XX asrning boshida paydo boʻlgan, aniqrogʻi, yapon tilidan oʻtgan. Keyinroq bu soʻz Xitoyda yashaydigan barcha etnos va millat vakllarini ham oʻz ichiga olgan xalq nomi sifatida qoʻllanilgan. Undagi “Chjungxua” (“Madaniyat markazi”) atamasi “Chjungguo” (“Markaziy davlat” yoki “Markazda joylashgan davlat”) toponimining sinonimi sifatida qoʻllaniladi [Xoʻjayev A. 2007. 16].
[3] Oʻtgan asrning oxirida tayyorlangan loyihaga koʻra, temiryoʻl Qashqardan Oʻshgacha boʻlgan qadimiy karvon yoʻli yoʻnalishida qurilishi kerak edi. Keyin Qirgʻiziston hukumati bu yoʻlni Bishkek orqali olib oʻtishni talab etdi. Shunga koʻra ishlab chiqarilgan yangi loyihaga boʻyicha, Qashqar–Oʻsh boʻlagi 500 kilometrga choʻziladigan boʻldi. Bundan tashqari bu oraliqda 14 ta tunel qazish hisobiga yoʻlni togʻli joylardan olib oʻtish zaruriyati tugʻiladi [Bu haqda batafsil qarang: Xodjayev A. 2020. 197–207].
[4] Jungʻor yoki Oyrat xonligi 1635-yilda,Yorkend xonligi esa 1465-yilda tashkil topgan. Birinchi xonlik 1755-yilda, ikkinchisi esa 1759-yilda yoʻq qilingan.
[5] Ushbu xonliklarning yoʻqotilishi va ular yerlarining sin imperiyasi qoʻliga oʻtish tarixiga qiziquvchilar quyidagi asarlarga qarashi mumkin: [Xodjaev A. 1991; Khodjaev A. 2002. T. 5. p. 867–881, 882–893; Xodjaev A. 2003].