“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Pekin Gʻarb tomondagi, jumladan Afrikadagi mamlakatlar bilan XXR munosabatlarining rivojlanishiga xalaqit beradigan barcha toʻsiqlarni olib tashlash va mavjud muammolarni yechish, hamma transport koridorlarining Xitoy uchun ochiqligini va foydali holatini taʼminlash ishlarini amalga oshirishga harakat qiladi. Boshqacha qilib aytganda, XXRning 100 yilligiga (2049-yilga) “Xitoy orzusi”ni (“Chjungguo meng” 中国梦) roʻyobga chiqarishni taʼminlaydi. Bu orzu amalga oshsa, mazkur XXI asrning oʻrtalariga XXR rivojlangan va dunyoda birinchi oʻrinni egallaydigan buyuk davlatga aylanishi koʻzda tutiladi.
Albatta, “Xitoy orzusi”ning roʻyobga chiqishi talaygina oldindan taxmin qilib boʻlmaydigan ichki va sirtqi omillarga bogʻliq. Ayniqsa XXR bilan AQSh oʻrtasidagi raqobatning istiqbolini aytish qiyin. Oldindan aytib boʻlmaydigan faktorlardan yana biri sunʼiy yaratilgan va oʻta yuqumli tojsimon virus (koronovirus, xitoy tilida “Shinshing guanchjuang bingdu” 新型冠状病毒) nomlangan kasallik hisoblanadi. Ushbu kasallik nafaqat Xitoyning ichki vaziyatiga, balki butun dunyoga tarqalgan va katta taʼsir koʻrsatgan ofat sifatida nomoyon boʻldi. Bu kutilmagan kasallikning oqibati nima bilan tugashini hech kim aytolmaydi. Uchinchi bir kutilmagan va XXRning ichki vaziyatiga va xalqaro sahnadagi obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatgan voqea Pekinning musulmonlarga, jumladan uygʻurlarga nisbatan olib borayotgan yangi siyosati boʻldi.
Oldindan taxmin qilish qiyin boʻlgan omillardan biri “Xitoy orzusi”ning roʻyobga chiqishi uchun amalga oshiriladigan harakatlar xitoy xalqining katta millatchilik ruhini kuchaytirishi mumkin. Bu holat esa nima oqibatlarga olib kelishini aytish qiyin.
2017-yil 18–24-oktabrda oʻtkazilgan Xitoy kompartiyasining XIX syezdida “Xitoy orzusi”ni roʻyobga chiqarish uchun 2050-yilgacha amalga oshiriladigan yangi vazifalar qabul qilingan [Chjang Peng. 2020: 32]. Syezdda konstitutsiyaga Shi Jinpingga umrining oxirigacha egallab turgan oliy lavozimida qolish, kompartiyaning rolini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga asos boʻladigan oʻzgartirishlar kiritildi. Bu bilan XXR rahbariyati Deng Shyaoping davrida joriy etilgan oliy rahbarlik lavozimiga faqat ikki marta saylanishi mumkin degan qonundan voz kechdi. Maʼlumki, 30 yil davomida ushbu qonun XXRda siyosiy barqarorlikni taʼminlash va iqtisodiy islohotni unumli amalga oshirishga zamin yaratib bergan edi. Sobiq SSSR amaliyotidan kelib chiqib aytganda, partiya rolini kuchaytirish siyosati joylardagi partiya tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayoniga aralashuvini kuchaytirishi va bu holat salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Lekin mazkur holat XXRning istiqboliga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkin degan savol koʻndalang turadi. Ushbu maqola muallifi 1996–1998-yillarda Xitoyning janubiy oʻlkalaridagi ilgʻor ishlab chiqarish korxonalari tajribasini oʻrganish jarayonida maʼlum boʻldiki, partiya tashkilotlari aralashmagan xususiy ishlab chiqarish korxonalarining rivojlanish darajasi baland boʻlgan. Partiya tashkilotlari bevosita aralashadigan davlat korxonalaridagi ishlab chiqarish unumi aksincha pastligi kuzatilgan. Ehtimol hozirgi paytda bu holat boshqacha koʻrinish berar. Lekin mamlakatdagi valyutalarning chetga chiqib ketishining kuchayishi, hukumat tomonidan bunga qarshi chora koʻrila boshlangani, shahar qurilish sohasida yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan qurilgan uylarning sotilmay qolayotgani, ayrim chet el mablagʻlari hisobiga tashkil etilgan korxonalarning yopilishi, mamlakat boʻyicha ishlab chiqarish surʼatining 8% dan kamayib borayotgani kabi yuzaga kelgan holatlar yangi vaziyat va uning oqibatlari qanday boʻlishini chuqur va atroflicha oʻrganishga daʼvat etadi.
Yuqoridagilar asosida aytish mumkinki, “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining asosiy mazmuni zaminida Xitoy uchun ochiq va foydali global bozor shakllantirish, yaʼni Xitoy kapitali, ishlab chiqargan mahsulotlari, ishchi kuchi erkin harakat qilishi mumkin boʻlgan va zamonaviy transport yoʻlaklari bilan taʼminlangan global iqtisodiy hudud yaratish yotadi. Ammo Xitoy olimlarining taʼkidlashicha, bunday iqtisodiy hudud uning doirasiga kirgan barcha davlatlarga yaratilgan imkoniyatlardan teng foydalanish, aloqalarni teng huquqli asosda amalga oshirish va foydani teng boʻlish imkonini beradi. Lekin jahon miqyosidagi amaliyotlardan, yirik va rivojlangan davlatlar bilan rivojlanayotgan mayda davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar tajribalaridan kelib chiqqanda, xitoy olimlari taʼkidlagan bu tenglik shubha uygʻotadi.
Xitoy olimlari taʼriflagan global iqtisodiy hudud doirasida hozirgi Markaziy Osiyo muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun Pekin ushbu mintaqadagi respublikalarga katta eʼtibor qaratib, oʻzining mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy mavqeini yanada mustahkamlashga harakat qiladi. Shu asnoda mintaqaning tabiiy boyligidan foydalanish uchun zarur boʻlgan barcha sohalarga va yoʻllar qurish ishlariga mablag‘ solishni kuchaytiradi. Mablag‘ solish bilan birga Xitoy hukumati oʻzlarining texnikasini, ishchi kuchlarini, zamonaviy aloqa va nazorat vositalari hamda texnologiyalarini mintaqaga olib kelib ishlatishga harakat qiladi. Shu bilan birga mintaqa davlatlariga kredit berish ishlarini faollashtiradi.
“Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining asl maqsadlaridan biri – xitoy tili va madaniyatini dunyo sahnasiga olib chiqish
Vang Yiveyning fikricha, boshqa mamlakat va xalqlar orasida Konfutsiy markazlari, maktablari va institutlarini tashkil qilish orqali xitoy tili va madaniyatini keng tarqatish ham “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi dasturi doirasidagi vazifalarning bir qismi hisoblanadi [Vang Yivey. 2016: 208–216].
Aksariyat hollarda XXR hukumati bu ishni turli mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalarida “Konfutsiy markazlari”, “Konfutsiy maktablari”ni tashkil etish, xorijliklarga iqtisod, til, adabiyot kabi ijtimoiy fanlar boʻyicha Xitoy shaharlarida oʻqish uchun grant ajratish asosida amalga oshirib kelmoqda.
Masalan, 2004-yilda Xitoy tomonidan qoʻyilgan taklifga binoan birinchi marta Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (2020-yil may oyidan boshlab universitet) “Konfutsiy markazi” tashkil etildi [Shazamanov, Sharapov. 2012: 78]. Bu haqdagi rasmiy kelishuv 2004-yil noyabr oyida oʻtkazilgan va xorijda xitoy tilini oʻqitishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya vaqtida imzolangan. Oradan koʻp oʻtmay ushbu markaz institutga aylantirildi. Mazkur institut oldiga turli sohadagi mahalliy aholi vakillariga xitoy tilini oʻrgatish va madaniyatini tanishtirish vazifasi yuklandi. Bu dargohda oʻqish qisqa muddatli kurslar tashkillash asosida yoʻlga qoʻyildi. Oʻqishni istaganlarga yosh cheklamasi qoʻyilmadi. Toshkentda tashkil etilgan mazkur “Konfutsiy instituti” Xitoy tomonidan Markaziy Osiyoda qoʻyilgan birinchi qadam boʻlgan edi. Bu voqea XXRda xitoy tili va madaniyatini xorijga tarqatish boʻyicha “Markaziy Osiyoga eshik ochish” deb baholandi [Ma Yuan. 2014: 177]. Ayni paytda Qozog‘istonda (Astana, Almati, Aktobe va Karaganda shaharlarida) 4 ta “Konfutsiy instituti” [Kazinform. a2724590], Oʻzbekistonda – 2 ta (Toshkent va Samarqandda), Qirgʻizistonda – 2 ta (Bishkek va O‘shda), Tojikistonda – 2 ta (Dushanbe va So‘gʻd viloyatidagi Bustonda /Chkalovsk/) Konfutsiy institutlari faoliyat olib bormoqda. Bulardan tashqari, Qirgʻizistonda 9 ta “Konfutsiy sinflari”da va 8 ta oliy oʻquv yurtlarida xitoy tili oʻrgatilmoqda.
2021-yilgacha Turkmanistonda Konfutsiy instituti ochilmagan edi, lekin Maxtumquli nomli Turkiya milliy universiteti, Jahon tillari instituti, Xalqaro energetika instituti, Xalqaro neft va gaz universiteti kabi oliy oʻquv yurtlarida va Ashxoboddagi 90-sonli va Sedjin shahridagi 14-sonli oʻrta maktablarda xitoy tili va adabiyotini oʻrgatish ishlari olib borilmoqda.
Xitoy hukumati mazkur davlatdagi elchixonasi orqali xitoy tili oʻrgatiladigan oliy oʻquv yurtlariga, maktablarga va Konfutsiy institutlariga, zarur yordamni berib qoʻllab quvvatlamoqda. Lekin bu davlatlarning tilini va adabiyotini Xitoyda oʻrgatish masalasida paritet mavjud emas.
Internet resurslaridagi maʼlumotlarga koʻra, jahondagi 126 mamlakat va mintaqalarda 475 ta Xitoyning Konfutsiy institutlari tashkil etilgan [Kazinform. a2724590].
Qator ilmiy loyihalar qatnashchisi va xorijdagi Konfutsiy institutlarida maʼruzalari bilan faol qatnashib kelayotgan Xitoy olimi Vang Yiveyning maʼlumotiga koʻra, 2016-yilgacha 138 ta mamlakatlarda 500 ta Konfutsiy institutlari va 1000 ta Konfutsiy sinflari tashkil etilgan. Ushbu mamlakatlardan 51 tasi “Bir belbog‘, bir yoʻl” iqtisodiy hududga aloqadar hisoblanadi. Shularda 131 ta Konfutsiy institutlari va 119 ta Konfutsiy sinflari faoliyat koʻrsata boshlagan. Bu maskanlarda 1 580 000 kishi taʼlim olgan [Vang Yivey. 2016: 208]. Mazkur institutlar, markazlar va sinflarda xitoy tilidan va madaniyatidan dars berish uchun XXRdagi 4 ta oliy oʻquv yurtida oʻqituvchilar tayyorlangan [Shazamanov, Sharapov. 2012: 78].
Soʻnggi yillarda AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlarida mahalliy maʼmuriyatning noroziligi tufayli Konfutsiy institutlari va Konfutsiy sinflari yopilishi kuzatilgan. Ehtimol bundan keyin bu holat faollashishi mumkin.
Shu asnoda taʼkidlab oʻtish joizki, Markaziy Osiyo davlatlarida ochilgan Konfutsiy institutlari va markazlarida zamonaviy texnika, texnologiya boʻyicha oʻqitish ishlari kuzatilmadi. XXR hukumati tomonidan ajratilgan grantlar asosida Xitoy universitetlarida oʻqishga yuborilganlar ham xitoy tili, adabiyoti va iqtisodi boʻyicha taʼlim olishga yoʻnaltirilgan. Vaholanki, XXR zamonaviy texnika va texnologiya sohasida katta yutuqlarga ega davlatdir. Markaziy Osiyo respublikalari esa bu sohalarda mutaxassislar tayyorlash ehtiyoji mavjud. Bu holat tabiiy holda nima uchun Pekin xitoy tili va madaniyatini xorijda oʻrgatishga katta eʼtibor beradi va mablag‘ sarflaydi, lekin tabiiy fanlar, ayniqsa zamonaviy texnika va texnologiya sohalarida kadr tayyorlashni oʻzi uchun kerak deb hisoblamaydi degan savolni keltirib chiqaradi. Vaholanki, Xitoy hukumati oʻtgan asrning soʻnggi choragidan boshlab AQSh va Yevropa davlatlar universitetlariga va boshqa oʻquv yurtlariga yoshlarni oʻqishga yuborar ekan, ularni asosan zamonaviy texnika va texnologiya sohasida bilim olishga yoʻnaltirgan. Qisqacha qilib aytganda, Xitoy yoshlari bu sohadagi bilimlarga rivojlangan davlatlar yoridamida ega boʻlgan.
Xulosa
Yuqorida bayon etilganlar asosida xulosa qilib quyidagilarni aytib oʻtish mumkin:
1) “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi XXRning 35 yillik iqtisodiy rivojlanishi, ishlab chiqarish sohasida dunyo fabrikasiga aylanishi, oʻz mahsulotlarini eksport qilish hisobiga katta boylikka, jumladan valyuta zahirasiga ega boʻlishi, kapital va zamonaviy texnika, texnologiyalarni import qiluvchi davlatdan ularni eksport qiluvchi mamlakatga aylanishi, tabiiy boylik va energiya resurslarining yirik isteʼmolchisi boʻlib qolishi natijasida paydo boʻlgan.
2) Ushbu tashabbusning maʼnosini uni ifodalagan 4 ta iyeroglif (soʻzlar)ning lugʻaviy maʼnosidan kelib chiqib tushunib boʻlmaydi. Zero, bu toʻrtta soʻz bilan ifodalangan fikr negizida teran maʼno va strategik maqsadlar, yaʼni Xitoyni jahondagi eng qudratli davlatga aylantirish dasturi yotadi. Lekin ayrim xitoy olimlari mazkur tashabbusni “Xitoyning anʼanaviy donishmandlik tafakkuri”ning namunasidir, deb taʼriflaydi. Shu bilan birga, uning negizida xitoylar madaniyatini boshqa xalqlar madaniyati va tafakkuri bilan uygʻunlashtirish maqsadi yotadi, deb taʼkidlashadi. Asl maqsadni oddiy va sirli soʻzlar bilan bildirish qadimgi xitoylar tafakkuri, til boyligi va falsafa anʼanalariga asoslangan. Uni turlicha talqin qilish va vaziyatga moslashtirish mumkin.
3) Xitoy olimlarining taʼkidlashicha, “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusining asl mazmuni nafaqat XXR uchun ochiq boʻlgan, umumiy bir qoida joriy etilgan, quruqlik va dengizlar orqali oʻtadigan turli zamonaviy transport yoʻllari, aloqa vositalari bilan taʼminlangan global iqtisodiy hudud shakllantirishdan yoki yangi dunyo yaratishdan iborat. Bunday dunyo “Xitoy orzusi” deb ham ataladi.
4) Ushbu tashabbus doirasida ishlab chiqilgan dasturga Pekin oʻzining hamma muammolarini bartaraf qilish, hamma toʻsiqlarni olib tashlash va Xitoyning Gʻarb tomonidagi barcha davlatlar bilan erkin aloqa qilishga qulay boʻlgan transport yoʻlaklarini ochish va zamonaviylashtirish vazifalari kiritilgan. Bu vazifalarni amalga oshirish natijasida XXRning 100 yillik yubileyiga (2049-yilga) mamlakat dunyodagi eng rivojlangan davlatga aylanishi lozim, yaʼni “Xitoyning orzusi” roʻyobga chiqishi kerak. Albatta, bu orzuning amalga oshishi juda koʻp ichki va tashqi omillarga bogʻliq. Ularni oldindan aytish yoki bashorat qilish qiyin.
5) “Xitoy orzusi”ni roʻyobga chiqarish uchun Markaziy Osiyo respublikari muhim ahamiyat kasb etadi. XXR hukumati ushbu mintaqaga muhim tabiiy boylik manbai, Xitoy mahsulotlarini sotish uchun foydali bozor, Gʻarb va Yaqin Sharq bilan iqtisodiy aloqa qilishdagi tengi yoʻq koʻprik sifatida qaraydi. Shuning uchun Xitoy hukumati bundan keyin ham mintaqaga boʻlgan eʼtiborini, mablag‘ kiritishini, uning tabiiy boyliklaridan va boshqa imkoniyatlaridan foydalanishni kuchaytiradi.
6) Xitoy olimlari “Bir belbog‘, bir yoʻl” dasturi doirasida tashkil etilajak yangi global iqtisodiy hudud uning bilan bogʻlangan barcha davlatlarga teng foyda keltirishini taʼkidlashadi. Shu bilan birga, ular ushbu hudud doirasidagi davlatlarning hammasi yer ustidan va dengizlar orqali oʻtadigan zamonaviy transport yoʻllari, aloqa vositalari bilan bogʻlanishi, ularning mahsulotlari, mablagʻi, ishchi kuchi erkin harakatlanishi mumkinligini aytishadi. Lekin katta-kichikligi, moddiy potensiali, iqtisodiy va texnikaviy rivojlanish darajasi har xil boʻlgan davlatlar bunday hudud doirasida XXR bilan teng huquqlilik prinsip asosida harakatlanishi, rivojlanishi va teng foyda koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishi biroz shubha uygʻotadi.
7) “Xitoy orzusi” hisoblanmish global iqtisodiy hudud shakllantirishni maqsad qilib olgan “Bir belbog‘, bir yoʻl” tashabbusi zaminidagi siyosiy va iqtisodiy dastur doirasiga kelajakda Xitoy tafakkurini va tilini hukmron omilga aylantirishga zamin yaratish ham kiritilgan. Bu vazifani “Konfutsiy instituti”, “Konfutsiy markazi” va “Konfutsiy maktablari”ni tashkil qilish hamda xorijliklar uchun XXR universitetlarida xitoy tili va madaniyatini oʻrganishga grantlar ajratish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ablat XOʻJAYEV,
tarix fanlari doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
Vang Yivey. 2016. Vang Yivey. Shije shi tungde – “Iday ilu” de loszi (Ochiq dunyo – “Bir belbog‘, bir yoʻl”ning asl maqsadi). Pekin, “Shang’u inshu guan” 2016.
Ma Yuan. 2014. Ma Yuan (tuzuvchi). Shin sichou chjilu – chungshin kayshi de lyuychen (Yangi ipak yoʻli – qayta ochilgan sayohat yoʻnalishi). Matnlar bilan taʼminlangan katta formatli suratlar albomi (format 24 x 32). Pekin, “Uchjou chuanbuo chubanshe” 2014.
Чжанг Пэнг. 2020. Чжанг Пэнг. Современные направления стратегического сотрудничества Китайской Народной Республики и Российской Федерации в рамках Шанхайской организации сотрудничества. Автореферат диссертации доктора философии (PhD) по политическим наукам. Ташкент, 2020. С. 32.
Chjungguo lishi 1996. Jyanming Chjungguo lishi ditu ji. Dibase. Sin shi ji (Xitoy tarixi xaritalarining qisqacha toʻplami. Sakkizinchi jild. Sin sulolasi tarixi xaritalari toʻplami). Tan Sishyan taxriri ostida tuzilgan. Pekin, “Chjungguo ditu chubanshe” 1996.
Khodjaev A. 2002. Khodjaev A. The Ching China Occupation of Zhungaria and Eastern Turkestan // “The Turks”. In 6 books, Ankara, “SEMIH OFSET” 2002. T. 5. p. 867–881.
Khodjaev A. 2002. Khodjaev A. The Struggle against Invaders // “The Turks”. T. 5. p. 882–893.
Sidikova M. 2012. Sidikova M. Xitoy Xalq Respublikasi geosiyosiy manfaatlarida ommaviy axborot vositalarining oʻrni. Toshkent, “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti” 2012.
Xodjayev A. 1991. Ходжаев А. Цинская империя и Восточный Туркестан в XVIII в. (Из истории международных отношений в Центральной Азии). Ташкент, “Фан” 1991.
Ходжаев А. 2003. Ходжаев А. Из истории международных отношений Центральной Азии в XVIII веке. Ташкент, “Фан” 2003.
Xoʻjayev A. 2007. Xoʻjayev A. Buyuk ipak yoʻli: munosabatlar va taqdirlar. Toshkent, “Oʻzbekiston milliy ensklopediyasi2 2007.
Ходжаев А. 2020. Ходжаев А. Китайский фактор в Центральной Азии (История и современность). Третье дополненное издание. Ташкент, “Навруз” 2020.
Shazamanov Sh. 2014. Shazamanov Sh.I. Shazamanov. Islohotlar davrida Xitoy Xalq Respubikasi. Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti” 2014.
Шазаманов, Шарапов. 2012. Шазаманов Ш.И., Шарапов А.А. Политика китайской народной республики в сфере образования. Ташкент, “Ташкентский государственный институт востоковедения” 2012.
Sharapov A. 2014. Sharapov A. A. Osiеyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari va Oʻzbekiston respublikasi munosabatlari. Toshkent, “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti” 2014.
Томберг. 2008. Томберг Р.И. Китайская “экспансия”, как ресурсная составляющая международных конфликтов в Африке // Вестник МГИМО-Университета. 2008, 3(3): 84–90.
Oʻzbek tili. 206. Oʻzbek tilining izohli lugʻati (Толковый словарь узбекского языка). 5 jildli. Toshkent, “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” 2006.
https://doi.org/10.24833/2071-8160-2008-3-3-84-90.
Kazinform. a2724590. Международное информационное агентство kazinform // https://www.inform.kz/ru/4-instituta-konfuciya-v-kazahstane-obuchayut-kitayskomu-yazyku_a2724590
Wikipedia. Пояс и путь. https://ru.wikipedia – Один пояс один путь.
Stefan.1999. Stefan H. Verstappen. The Thirty-Six Strategies 三十六計. Toronto (Canada) “Woodbridge Press” 1999.