XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ziyolilar oʻrtasida milliy oʻzlikni anglash hissi kuchaydi. Jadidlar taraqqiyotga erishishning bosh yoʻli maʼrifat ekanini anglagan holda, birinchi navbatda, yangi tipdagi maktablar ochish, zamonaviy oliy taʼlimni yoʻlga qoʻyish, dunyo yangiliklarini xalq oʻrtasida tezroq targʻib qilishga kirishdilar. Matbuotni rivojlantirish, taraqqiyotimizga toʻsiq boʻlayotgan illatlarni fosh qilish uchun teatr sanʼatini barpo etish, iqtidorli yoshlarni Yevropaning eng ilgʻor oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborish orqali milliy ongni shakllantirish, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar.

Ushbu saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida yangi usuldagi maktablar ochildi. Ularda darslar ona tilida olib borilib, dasturlarga dunyoviy fanlar ham kiritildi. Xoʻsh, ana shunday jarayonda maktablar uchun yoziladigan darslik va qoʻllanmalar qaysi tilda boʻlishi kerak? Turkiy til va adabiyotni birlashtirish tarafdorlari boʻlgan jadidlarning bir guruhi darslik va qoʻllanmalar usmonli turk tilida boʻlishini maʼqulladilar. Bu haqda Fitrat quyidagilarni yozadi: “...Mana shunday kulinch bir holda qolgan burungi ziyolilarimiz: “tilimiz ilmiy, adabiy bir til emas ekan” degan kulinch bir qarashga keldilar. Mana shuning bilan maktablarimiz, yozuvlarimiz usmonlicha taʼsiri ostida qoldilar. Toshkentda ochilgan kurslarda ona tili saboqlari uchun berilgan soatlarning koʻprogʻi usmonlichaga berildi. Samarqandda ochilgan birinchi muallimlar kursiga esa ona tili degan saboq kiritilmadi. 1918-yildagi Maorif shoʻrosining bir majlisida shunday bir qaror berilgan edi: “Maktablarimizning ibtidoiy uch yilida ona tili oʻzbekcha oʻqitulsin, ondan soʻng adabiy umumiy turk tili oʻqitulsin!” Bunlarning adabiy umumiy turk tili deganlari arabcha qotishgan usmonlicha edi”. Bu holat tabiiy ravishda jadidchilikning boshqa vakillari oʻrtasida eʼtiroz tugʻdirdi.

XX asr boshlarida jadidlar tomonidan matbuotning yoʻlga qoʻyilishi oʻzbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishi uchun ham qulay imkoniyat yaratdi. Avvalo, jadidlar xalqimizning ajoyib maʼnaviy merosi boʻlgan til masalasiga alohida eʼtibor berdilar. Ular dastlab I.G‘aspiralining gʻoyasi boʻyicha butun turkiy olamni birlashtirish, turkiy madaniyatni yuksaltirish, umumturkiy adabiy til va adabiyotni yaratish harakatida boʻldilar. Ana shu gʻoya taʼsirida bir qator gazeta va jurnallarda usmonli turkcha va tatarcha unsurlar aralash boʻlgan bir tilda koʻplab maqolalar bosildi. Umumturkiy tilni yaratishga gazeta sahifalarida targʻibot kuchaydi.

Matbuot tili jonli soʻzlashuvga asoslangan yangi oʻzbek adabiy tilining shakllanishiga koʻproq xizmat qilishi mumkinligini matbuotni oldinroq yoʻlga qoʻygan turkiy qavmlar tajribalaridan angladilar. Ashurali Zohiriy bu haqda quyidagilarni yozadi: “Totor qorindoshlarimizning hozirdagʻi til va adabiyotlarini bundan oʻn, oʻn besh yil ilgari chiqgʻon adabiyotlariga tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada olarning tillarini kenggʻoymogʻi milliy va ona tilidogʻi gazetalari bilan boʻldi... gazeta va jurnollarning dunyo ahvolidan va boshqa toʻgʻrilaridan xalqgʻa xabar berib turmogʻidan va boshqa ulug‘ va koʻzga koʻrunmoydurgʻon bir foydasi boʻlurki, bu ona tilining kenggʻoymogʻi va mukammallashmogʻidur”.

Jadidlarning til masalasiga alohida eʼtibor berishlari bejiz emasdi. Chunki ular tilga millatning eng asosiy qadriyatlaridan biri sifatida qaradi.  Xalq tilining yoʻqolishi millatining inqirozi, dunyo sahnasidan unitilishiga olib kelishini yaxshi angladilar. Qolaversa, matbuot tili jonli soʻzlashuvga asoslangan yangi oʻzbek adabiy tilining shakllanishiga koʻproq xizmat qilishi mumkinligi matbuotni oldinroq yoʻlga qoʻygan turkiy qavmlar tajribalaridan ayon. Ashurali Zohiriy eʼtirof qilganidek, “Totor qorindoshlarimizning hozirdagʻi til va adabiyotlarini bundan oʻn, oʻn besh yil ilgari chiqgʻon adabiyotlariga tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada olarning tillarini kenggʻoymogʻi milliy va ona tilidogʻi gazetalari bilan boʻldi... gazeta va jurnollarning dunyo ahvolidan va boshqa toʻgʻrilaridan xalqgʻa xabar berib turmogʻidan va boshqa ulug‘ va koʻzga koʻrunmoydurgʻon bir foydasi boʻlurki, bu ona tilining kenggʻoymogʻi va mukammallashmogʻidur”.

1905-yilda Butunrossiya musulmonlarining III syezdi I.Gʻaspiralining tashabbusi bilan turkiy xalqlar maktablarining yuqori sinflarida “yagona turkiy til” oʻqitilishini majburiy qilib qoʻyadi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: “Umumturkiy til” qaysi til boʻlishi kerak?

Tatar, ozarboyjon, oʻzbek tilidagi gazetalar, jurnallar sahifalarida bu masala yuzasidan maqolalar bosiladi. Xususan, tatar tilida chiqadigan “Vaqt” gazetasidagi maqolalarda tatar tili turkiy xalqlar uchun yagona adabiy til boʻlishi lozimligi taʼkidlanadi. Peterburgda (tatar tilida) nashr etiladigan “Ulfat” gazetasi 1906-yil 5-iyul sonidagi Ali Qurqudning “Istanbuldan xat” maqolasida esa usmonli turk tili “umumturk tili” boʻlishi qayd etilgan. Bunday qarashlar Ozarboyjon va Oʻrta Osiyoda nashr etilayotgan boshqa matbuot sahifalarida ham aytilgan. Bu yerda, Vamberi aytmoqchi, umumturkiy til nazariyasini koʻtarib chiqish bilan xalqlarning etnik chegaralarini hisobga olmay, turkiy xalqlar birligini tuzish koʻzda tutilgan. Shunday boʻlsa-da, koʻpchilik ommaga tushunarli boʻlmagan “umumtil” tez orada oʻz oʻrnini milliy tillarga boʻshatib berishga majbur boʻldi. Shu tariqa ona tili himoyasi adabiy va madaniy kurashning ajralmas qismiga aylandi (А.К.Боровков, “Узбекский литературный язык в период 1905 – 1917”).

Maʼlumki, chorizm davrida milliy til masalasini hal qilishning iloji yoʻq edi, chunki bu milliy masalaning tarkibiy qismi hisoblanardi. Qolaversa, chor hukumatining Turkistonda rus-tuzem maktablarini ochib, mahalliy xalqlarni ruslashtirish siyosatiga zid edi. Hatto matbuotda mahalliy tillarning “kambagʻalligi va qoʻpolligi” uqtirilib, Turkiston xalqining taraqqiyoti uchun rus tilini oʻrganish lozimligi targʻib qilinardi. Bularga qaramasdan, “Sadoyi Turkiston” gazetasi oʻzini turk tilidagi adabiy, iqtisodiy, ilmiy va mahalliy gazeta sifatida eʼlon qildi (“turkcha”, “turk tili” u paytda hozirgi turklar tilini emas, turkiy til maʼnosini anglatgan). Ayni paytda, ayrim gazetalarda “oʻzbek”, “oʻzbek tili” degan atamalar ham uchraydi. Shunday qilib, adabiy til sohasida bir xil qarashning yoʻqligi bu davr adabiy tilida turli tillarga xos xususiyatlarning oʻzlashib qolishiga sabab boʻldi.

Rossiya imperiyasida oʻzbek tili hamda Turkistonning boshqa mahalliy tillariga taʼsir koʻrsatish masalasi boʻyicha keskin siyosat yuritilmagan boʻlsa-da, shoʻrolar hokimiyatga kelishi bilan vaziyat tubdan oʻzgardi. Oʻzbek tiliga ruscha hamda rus tili vositachiligidagi Yevropa tillariga oid soʻz va atamalar singdirilib bordi. Oʻtgan asrning 20–30-yillarida ushbu soʻzlarni rus tili qonun-qoidalari boʻyicha yozish va talaffuz qilish targʻib qilindi. Tabiiy yoʻllar bilan rivojlanib kelgan boy va qadimiy tilga bunday bosim oʻtkazilishi mudhish oqibatlarga olib keldi.

Rus tili talaffuz qoidalarining zoʻrma-zoʻraki joriy etilishi oʻzbek tilining fonetik ravonligiga putur yetkazdi, tilning ichki imkoniyatlaridan foydalanilmay turib, oʻzlashma soʻzlarning koʻp miqdorda oʻylamay-netmay qabul qilinishiga sabab boʻldi. Eng ayanchlisi shuki, jamoatchilikda hamda ziyolilarda har qanday atamalar, zamonaviy baynalmilal soʻz va iboralarni rus tilidan toʻgʻridan toʻgʻri koʻchirish koʻnikmasi shakllandi. Ayniqsa, ijtimoiy hayotning turli sohalarida qoʻllaniladigan soʻzlar va atamalar, umuman, terminologiyada jiddiy ziddiyatlar yuzaga keldi. Oʻzbek tiliga ilm-fan, yurisprudensiya, harbiy soha, siyosat, madaniyat, bank-moliya sohalarida ikkilamchi oʻrin ajratildi, rus tilida hujjatlar yuritish, ruscha atamalarni qoʻllash, muzokaralarni, tadbirlarni rus tilida olib borish meʼyorga aylandi. Bu holatni, yaʼni koʻr-koʻrona qabul qilishning yomon oqibatlarini oʻz vaqtida anglagan Fitrat shunday yozadi: “Dunyo sahnasida “iyaruv-taqlid”ning roʻlini hech bir millat biz turklar kabi ado eta olmagʻandirlar! Biz qaysi bir millatning qaysi bir narsasiga taqlid etmoqchi boʻlsak, oʻzimizning milliy ruhimizga qaramasdan taqlid etamiz. Arablar qaysi bir ulusdan qaysi bir soʻzni olgʻanda oʻz shevalariga koʻra buzub olgʻanlar. Bir arabni oʻldirsangiz (ham) “Petrogʻrad-Petrasburg‘” demaydir. “Bitrojrad-Bitrasburj” deydir. “Fransik” demaydir “afranj” deydir. Shunday qilib, oʻz tilining istiqlolini saqlagʻan boʻladir”.

Behbudiyning “Til masalasi” maqolasida quyidagilarni oʻqiymiz: “Turklarning baʼzi toifasi forsiy va arabiyni u qadar koʻp oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qoʻshulib, “usmonli tili” ataldi. Ushbu uch tilni adabiyot va til qoidalaridan boxabar boʻlmaguncha usmonli shevasinda yozmoq mumkin emasdur”.

Behbudiyning fikricha, madaniyat, adabiyot qanchalik rivoj topsa, adabiy til ham shunchalik takomillashadi. Aksincha, madaniyat, sanʼat inqirozga yuz tutgan mamlakatda, tarqoqlik hukm surgan joyda shevalar rivojiga sharoit yaratiladi. Shevalar arab, fors elementlarining oz-koʻpligi jihatidan ham farqlanishini bayon qiladi. Chunonchi, Buxoro, Samarqand shevalariga arab, fors tillarining taʼsiri kuchliroq boʻlsa, Qoʻqon va uning atrofidagi shahar ziyolilarining tilida bu tillarning taʼsiri bor ekani, Toshkent va Sirdaryo muzofotidan arab va fors tillarining hukmi ozayib borishi aytiladi. Turkistonning Movarounnahr va Hazor qismiga turkman tilining taʼsiri kuchli ekanini koʻrsatadi. Adabiy til bilan xalq shevalari oʻrtasidagi munosabatni yaqinlashtirishda matbuotning roliga katta baho beradi. Jumladan, “Sadoyi Turkiston” gazetasida “mehmon” soʻzini chiqarib tashlab, uning oʻrniga “qoʻnoq” soʻzini qoʻllash tavsiya etiladi. Behbudiy zoʻrma-zoʻraki keltirilgan turkiy muqobillar haqida fikr yuritarkan, tilni arabizm va forsizmlardan birdaniga emas, asta-sekinlik bilan tozalash lozimligini uqtiradi.

Oʻzbek tilining arabiy, forsiy unsurlar bilan toʻlib-toshib ketgani, shuning uchun bu tilni oʻz ichki imkoniyatlari asosida rivojlantirish, xalq tiliga yaqinlashtirish zarurligi koʻrsatiladi. “Yaxshi qoʻshningdan olguncha yomon uyingni qidir demishlar, – deb yozadi bu haqda Abdulla Avloniy. – Bobolarimizga yetushgʻon va yaragʻon muqaddas til va adabiyot bizga ham kamlik qilmas. Oʻz uyimizni qidirsak va axtarsak, yoʻqolganlarini ham toparmiz”. Muallif kishilarning aloqa vositasi boʻlgan tilga qanchalik eʼtibor lozim boʻlsa, bu tildan foydalanayotgan shaxslar tiliga (nutqiga) ham shunchalik eʼtibor kerakligini taʼkidlaydi: “Chunki soʻz insonning daraja va kamolini, ilm-fazlini oʻlchab koʻrsatadurgʻon tarozusidir. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini soʻzlagan soʻzidan bilurlar”.

Oʻzbek tilining imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, oʻzbek adabiy tilining meʼyorlarini belgilash oʻtgan asrning 20-yillarida eng dolzarb vazifa edi. Qolaversa, bu davrdagi adabiy til jonli oʻzbek soʻzlashuv tilidan ancha uzilgan, shuning uchun ham keng xalq ommasi uchun tushunarsiz boʻlgan. Bu tilni tushunish uchun maʼlum tayyorgarlik, yaʼni maktablarda saboq olgan boʻlish talab etilardi. Darhaqiqat, XX asrning 20-yillarida oʻzbek adabiy tilini jonli soʻzlashuv tiliga yaqinlashtirish harakati boshlandi. Ashurali Zohiriy bu haqda quyidagilarni uqtirib oʻtadi: “...Tilimizni uchga boʻlish mumkin: 1) jonli til; 2) adabiy til; 3) ilmiy til. Adabiy til bilan ilmiy til oʻrtasida uncha farq boʻlmasa ham, jonli til bilan adabiy til orasida (oʻsish va taraqqiy jihatidan) ancha farq bor. Jonli tilning ham oʻziga maxsus koʻb qimmatli asarlari bordurkim, ularning barchasiga xalq adabiyoti deyilur. Bu (xalq adabiyoti) adabiy va ilmiy tilning asosidur. Asl tabiiy til soʻzlanaturgʻon til, xalq tilidur”.

1918-yilning soʻnggida tashkil etilgan “Chigʻatoy gurungi” oʻzbek adabiy tili va adabiyotini rivojlantirish, oʻzbek adabiy tilini meʼyoridan ortib ketgan arab va fors soʻzlaridan tozalashni oʻz oldilariga bosh maqsad qilib qoʻydilar. Ayni paytda, bir qator vazifalar belgilab olindi: “Tilimizning tugal, yuksak, sanʼatkor bir adabiyoti bor. Tilimizning adabiyligi arabiylikda emas, oʻzidadir. Shuni tirgizmak kerak:  tilimizni yot soʻzlardan qoʻldan kelgancha tozalamoq kerak; adabiyotimizni yuksatmoq uchun burungi sanʼatkor shoirlarimizning oʻlmagan va oʻlmas narsalarindan foydalanmoq ham taraqqiy qilgan uluslar tomonidan oraga solingan umumiy asoslarga ergashmak kerakdir; tilimizning qoidalarini tatarcha yoxud usmoniycha qoida kitoblaridan emas, tilimizning oʻzidan olmoq kerak; shuning uchun xalq ogʻzida yurgan soʻzlarni, xalq adabiyoti boʻlgan ertaklar, maqollar, laparlarni yigʻib tekshirmak lozim; adabiyot yozgʻuchilik boʻlgani uchun yozuv qoidalarini, imloni ham tuzatmak kerak”. Fitrat gurungning rahbari sifatida toʻgarak aʼzolari mazkur yumushlarni amalga oshirishida yetakchilik qildi. 1921-yilda taqiqlangan “Chigʻatoy gurungi” ishlari uning aʼzolari faoliyatida keyinchalik ham davom etdi.

Fitratning taʼkidlashicha, har bir tilning boyligi u tildagi soʻzlarning koʻpligi (kasrati kalimot), yasalish kengligi (undirish kengligi), bogʻlanish imkoniyati (vusʼati ishtiqoq), qoidalarining mukammalligi (mukammaliyati qavoid) bilan oʻlchanadi. Turkcha (oʻzbek tili) bularning har uchalasi boʻyicha ham arab va fors tillaridan qolishmasligi, ayrim oʻrinlarda ulardan ustun kelishini taʼkidlaydi. Oʻzbekcha muqobili boʻlmagan arab va fors soʻzlarini oʻzbekchalashtirish asosida, yaʼni oʻzbek tili fonetik va grammatik xususiyatiga moslashtirish asosida qabul qilishni tavsiya etadi. “Hozirgi soʻzlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir desangiz toʻgʻridir. Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Ularni olurmiz, lekin oʻzimizniki qilurmiz. Turkchalashtiramiz. “Qoida”ning turkchasi yoʻqdir. “Sarf”ning-da turkchasini topolmadik. Ikkisin dag‘i olurmiz. Lekin siz kabi “qovoidi sarfiya” demasdan, “sarf qoidalari” dermiz”. Natijada ayrim oʻzlashmalar oʻrnida oʻzbekcha muqobillari qoʻllana boshladi: sezonnik – koʻchmanchi, listovka – qogʻoz, krepost – qoʻrgʻon. Shuningdek, atamalar kalka usuli bilan soʻzma-soʻz tarjima qilindi: chernorabochiy – qora ishchi, samosud – oʻzboshmicha, loshadinaya sila – ot kuchi, falshivaya moneta – yolgʻon oqcha. Baʼzida rus tilidan kirib kelgan soʻzlar bilan bir qatorda arabcha, forscha leksemalar ham istifoda etilgan: partiya – firqa, deputat – vakil, prezident – Raisi Jumhuri, pedagogika – usuli taʼlim, internatsional – baynalmilal, ishchi – amala.

Aytish joizki, oʻzbek tili koʻp shevaliligidan yangi oʻzbek adabiy tili qanday boʻlishi, qaysi shevalarga koʻproq tayanmogʻi lozim, degan muammo bu davrda muhim masalalardan edi. Fitrat mazkur masala boʻyicha fikr yuritib, shahar shevalariga arab, fors tillari taʼsiri kuchli ekani, shuning uchun bu shevalarga emas, balki qishloq shevalariga tayanish lozimligini bayon qiladi: “...Bizning shaharlarimiz koʻplab yillardan beri arab, forsiy adabiyotning hukmi ostida yashaydir. Shuning uchun bizda shahar tili buzulgʻondir. Tilimizning sof shaklini daladagi el-aymoqlarda koʻra olamiz”. Shuning uchun “el-aymoqlar orasida ularning jon ozigʻi boʻlib turgʻon” dostonlar, ertaklar, matallar, laparlar, ashula-qoʻshiqlarni xalq qanday talaffuz qilsa, shundayligicha yozib olish, ularni sinchiklab oʻrganish va shu asosda maʼlum ilmiy xulosaga kelish lozimligini koʻrsatadi.

O‘zbek adabiy tili leksik jihatdan biror shevaga emas, balki oʻzbek dialektlarining barchasiga asoslanadi va ulardan zarur soʻzlarni qabul qiladi. Binobarin, shevaga oid soʻzlar soʻzlashuv, filolog olimlar, yozuvchi, shoirlarning asarlari va ommaviy axborot vositalari orqali adabiy tilga kirib keladi. Ammo badiiy adabiyotlar, matbuotda qoʻllangan dialektizmlarning aksariyati adabiy tilda mustahkam oʻrnashib qolmaydi. Davr oʻtishi bilan ularning aksariyati adabiy tilda turgʻunlashsa, baʼzilari eskirgan, tarixiy soʻzlar qatoriga oʻtadi yoki shevalarning oʻzidagina muomalada boʻlib qoladi. Shuning uchun ham ogʻzaki va yozma nutqimizda adabiy tilni boyitadigan sheva soʻzlariga koʻproq murojaat qilishimiz, ularning qoʻllanish doirasini kengaytirishimiz kerak. Masalan, XX asr boshlarida kupe soʻzi oʻrnida boʻlma, avans soʻzi oʻrnida boʻnak, mardikor oʻrnida kunlukchi atamasi qoʻllangan.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, maʼlum davrda shevada faol ifodalangan leksemalarning ayrimlari keyinchalik passivlashishi, soʻngra davr talabi bilan yana qayta tiklanib, shevada ham, adabiy tilda ham faol qoʻllanadigan soʻzlar sirasiga kirishi mumkin. XX asr boshlarida oʻzlashgan pudrat, firma, mulkdor, kredit soʻzlari 50–60-yillarga kelib eskirgan soʻzga aylangan. Vaqt oʻtishi bilan mustaqillik yillarida ular faol soʻz sifatida qoʻllana boshladi.

Darhaqiqat, temuriylar va xonliklar davrida fors tili bilan raqobatda yutib chiqqan oʻzbek tili XIX asrning ikkinchi yarmidan rus tiliga toʻqnash keldi. Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, ona tilini millatning ruhi, milliy meros, maʼnaviy qadriyatlarning vositachisi sifatida koʻrgan, oʻz hayotini xalqimizning maʼnaviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bagʻishlagan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ maʼrifatparvarlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiydir.

Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

filologiya fanlari doktori, professor