Bir mahallar Haynrix Hayne aytgan edi: “Bemaza odamlar hamma zamonlarda ham oʻz qabih ishlarini eʼtiqod, odob-axloq va vatanparvarlik gʻoyalari bilan niqoblashga uringan”. Mark Avreliydan esa bunday gap qolgan: “Jangchi oʻz jasorati, donish oʻz donishligi haqida gapirmaydi. Odamning qanchalar fazilatli ekanini uning hayot mezoniga aylangan odatiy saʼy-harakatlari belgilaydi. U biror katta ishni bajargudek boʻlsa, bu haqda oʻzining naqadar buyuk inson ekanini koʻrsatish uchun jar solmasligi kerak. Yaʼni, oʻzi tabiatan toʻgʻri boʻlishi, toʻgʻrilanishga muhtoj boʻlmasligi lozim. Aniqrogʻi, falondek koʻrinish emas, oʻshandek boʻlish kerak, xolos”. Lotincha “Esse quam videri” naqlining maʼnosi ham shu.
Dehqon birov maqtasa-maqtamasa dalasida erta-yu kech oʻz ishini qilaveradi. Jarroh har smenasida bir necha soat tikka turib, bemorning hayotini saqlab qoladi, buning uchun oylik oladi, mukofotni oʻylamaydi. Yurt sarhadini buzib, xufiyona kirib kelmoqchi boʻlgan narkosavdogarni toʻxtatib qolgan chegarachi oʻzini koʻkka koʻtarishlarini xayoliga ham keltirmaydi, kazarmasiga borib odatdagidan mamnunroq holda dam oladi-da, vaqti kelganda yana nazorat nuqtasiga ketadi. Xullas, hamma oʻz ishini qiladi va buning uchun tegishli haqqini oladi, ortiqcha nimadir talab qilmaydi. Bular – Mark Avreliy taʼrif bergan odamlar.
Norman Borlougni bugun hech kim eslamasa kerak. Koʻpchilik tanimaydi ham. Vaholanki, u milliardlab insonlarni ochlikdan qutqarib qolgan. Yoʻq, u siyosatchi, harbiy qoʻmondon yo milliarder boʻlmagan. Qilgan ishi shuki, bugʻdoyning kasalliklarga bardoshli va yaxshi hosil beradigan navlarini kashf etgan. Uning kashfiyoti oʻz davrida koʻplab mamlakatlarda “yashil inqilob” yasagan. Ayniqsa, bir vaqtlar oziq-ovqat muammosi ancha keskinlashgan Hindiston va Meksikada. Toʻgʻri, 1970-yili unga Nobel mukofoti berilgan, lekin keng afkor omma baribir uni tanimaydi. Chunki olim shuhrat ketidan quvmagan, bashariyat farovonligi uchun bir chekkadagi laboratoriyasida jimgina ishlab, sinov dalalarida bugʻdoy navlarini yaratgan, xolos. Uning nomini har ehtimolga qarshi eslab qoling. Norman Borloug – yosh avlodga, u yogʻini soʻrasangiz, kattalarga ham ibrat sifatida keltirish uchun eng arzigulik shaxslardan.
Jonac Solk 1955-yili oʻz vaksinasini patentlashdan bosh tortdi. Shu bilan u yetti milliard AQSH dollariga teng mablagʻdan voz kechdi. Nima uchun? Butun dunyodagi poliomiyelit bilan ogʻrigan bolalar bu vaksinaga imkon qadar oson yetishsin uchun. Uning kashfiyoti tufayli jahonda bu kasallik 96 foiz qisqardi. Bu ismni ham eslab qolish kerak. Toʻgʻri, unga Nobel mukofoti berilmagan, lekin shunday boʻlsa ham Jonas Solkning insoniyat oldidagi xizmati Norman Borlougnikidan koʻp boʻlsa koʻpdir, sirayam kam emas. Farzandi sal isitma qilsa, figʻoni koʻkka yetadigan ota-onalar Jonac Solkning ixtirosidan oldin poliomiyelit tufayli oʻz jigargoʻshasini tuproqqa qoʻygan millionlab odamlarning ichidan nimalar kechganini tasavvur qilib koʻrsin-a!
Ignas Zemmelvays shifokorlar qoʻllarini yuvsa, tugʻruqxonalardagi ayollar orasida oʻlim keskin kamayishini aniqlagan va bu haqda rosa jar solganda, hamkasblari uni izza qilgandi. U bechora hokimiyat odamlariga alamli maktublar yozib, islohot talab qilgan va oxiri... ishdan boʻshatilgan, keyin esi ham ogʻib qolgan. Klinikada qoni zaharlanib (hamshiralar qoʻlini yuvmagan boʻlsa kerak!) vafot etgan. Bugun uni “onalar xaloskori” deb atashadi.
Polshalik Yanush Korchak ajoyib pedagog, isteʼdodli adib, yaxshi shifokor va taniqli jamoat arbobi edi. Nemis fashistlari Varshavani egallaganda, u “Yetimlar uyi”dagi bolalar bilan birga gettoga borib joylashadi. Bolalarni otashxonaga kiritish toʻgʻrisida buyruq kelganda, bosqinchilar uni qoʻyib yubormoqchi boʻladi. Lekin Yanush bobo bunday xotira bilan yashagandan oʻlimni afzal koʻradi va bolalar bilan gulxanga ketadi. Aytishlaricha, oʻshanda u ikkita goʻdakni qoʻliga koʻtarib olib, qulogʻiga ertak aytib borgan ekan, bundan boshqalar ham ancha ovungan boʻlishi kerak. Goʻdaklarni soʻnggi tasallidan ayirgisi kelmagan Yanush Korchakning hayoti shunday yakun topgan.
Oʻz adibimiz Mashrab Boboyevdan “sizningcha, bugungi kun qahramoni kim?” deb soʻrashganda, “biror narsa ilinj qilmasdan talabaga toʻgʻri baho qoʻygan domla, kasalni uning choʻntagiga qaramasdan davolagan shifokor, pora olmay turib adolatni qaror toptirgan prokuror...” deb sanab ketgandi. Bu gap ham qadimgi dunyoning kuchli imperatorlaridan biri aytgan soʻzlarni eslatadi.
Shundaylikka shundayku-ya, lyekin keyingi paytlar hayotimizda faqat Mark Avreliyning fikrini emas, balki Haynrix Hayne aytgan gapning ham tasdigʻini koʻp kuzatmoqdamiz. Yuqori texnologiyalar rivojlanib, axborot almashish va tarqatish imkoniyati kengayganining xayrli jihatlari koʻp. Shu bilan birga, bu taraqqiyot riyokorlik, yuzaki baxtiyorlik, xoʻjakoʻrsinga harakat qilish, soxta uddaburonlik kabi illatlar avj olishiga ham xizmat qilayapti.
Riyoni nimada koʻramiz? Bir-ikki xalta oziq-ovqat olib, nochor qolgan oilaga olib borish va buni ijtimoiy tarmoqlarda koʻz-koʻz qilish misoli yetarlidir-a?! Ha, shunday “vallomatlar” koʻpaydi. Aslida, xomchoʻt qilsangiz, xaltani toʻldirishga ketgan xarajat “saxovat” toʻgʻrisidagi videolavhani tarqatishga sarflangan pulning oldida hech narsa boʻlmay qoladi.
Ijtimoiy tarmoqlar va “sariq matbuot”da ham yuzaki baxtiyorlikka misol tiqilib yotibdi. “Yulduz”lardan bittasi ertalab kontrast dush qilib, avokado va smuzi bilan nonushta qilishi, keyin prodyuser bilan yangi loyihalarni muhokama qilishi, undan soʻng promouteri bilan nimalarnidir gaplashishini yozadi. Kosmetolog va dermatolog huzurida nimalar boʻlganini, soʻng esa tushlikka syomga shoʻrvasi va qovurilgan oʻrdak qanotini yeyishi, keyin siyesta (qaylula) qilishi, uyqudan turgach, fitnes xonasiga borishini soʻzlab beradi. Kechqurun doʻsti bilan uchrashishi, yana kimlar bilandir diskoteka, kinoteatr yo yana bir joylarga borishi, uyga qaytgach, narzan suvi bilan ozgina sushi “qabul qilishi”ni bayon qiladi. Kuni oʻta mazmunli oʻtganini oʻylab, uyquga ketganini ham bilmay qolgan boʻladi. Internet foydalanuvchisi buni “kiborlar hayoti” deb biladi va havas qilib, shunday yashashga intiladi. Ertalab onasi (yo xotini) qovurib bergan tuxumga qaragisi kelmay qoladi. Tushlikka koʻngli bedanadan qozonkabob tusaydi. Kechqurun uydagi “qoloqlarning ovqati”ni yemaslik uchun koʻchadan nima bilandir qornini toʻydirib keladi.
Amerikalik kovboy, qiziqchi, aktyor va jurnalist Uill Rojers bir asr oldin aytgan gap bugunimizga juda ham toʻgʻri keladi: “Koʻplar oʻziga yoqmagan odamlarga yoqish uchun oʻz mashaqqatli mehnati bilan topgan pulini oʻziga keraksiz narsalarni sotib olishga sarflaydi”. Ha, koʻpincha odamning xurmacha qiliqlari oʻziga bilinmaydi yoki u oʻzini osongina oqlab oladi. Buyuklik singari ayb ham tashqaridan, kengroq qaraganda bilinadi. Bejiz aytishmaganki, “aybli ishlarimizni boshqalar sodir etsa qancha dahshatli koʻrinadi-ya!”.
Xoʻjakoʻrsin ishlar omi odamlarda notoʻgʻri tasavvur uygʻotishi, shu qatorda ularning axloqi va turmush tarziga yomon taʼsir qilishi bilan ham xavfli. Uzoqqa bormang, mana oddiy mashmasha – “Falonchi dugonam yangi bilaguzuk bilan yangi zirak olibdi, yaqinda boshqasiyam olgandi, menga ham olib berasiz, ularning oldiga borolmayapman, uyalib ketayapman!”. Boshqachasi: “Falonchi doʻstimning tugʻilgan kuniga otasi yangi rusumdagi falon avtomobilni sovgʻa qilibdi, pismadonchi joʻram gaz-benzin yemaydigan mashinada yuradi, ularning oldida gap gapirolmay qolganman!”.
Koʻp idora va tashkilotlarga borsangiz, rahbarning kabineti joylashgan qavat ancha ozoda, shinam va oʻzgacha jihozlanganini, boshqa qavatlar “el qatori” ekanini koʻrgansiz. Albatta, kelgan mehmon boshliqning qavatini koʻrib ketadi. Havas qiladi. Ichiqora boʻlsa, aybli joylarini topib, sezdirmay kulgan boʻladi, boshqalarga ham aytib berar balki. Lekin shu idoraning xodimi mutlaqo boshqa xayolda yuradi: “boshliq – egoist, oʻta manman, dimogʻdor. Kabineti yozda salqin, qishda issiq boʻladi. Oʻzi toʻnka boʻlsa ham!”.
Xudo ishini oʻnglab, shu xodim koʻtarilib ketsa, oʻzi shunday qilmaydi, qoʻlidagilarni oʻylaydi deysizmi?! Ehtimol. Lekin kamdan-kam hollarda. Aksariyat odamlar martabasi koʻtarilgandan keyin yanayam hashamli manzarani istab qoladi. Avvalgi boshliqning “sassiq” kursisi, “chirigan” gilami, “isqirt” mebeli va boshqa narsalaridan jirkanadi va hammasini yangilashga kirishadi.
Xoʻjakoʻrsin ishlar odamlar bilan boshqaruv organlari oʻrtasidagi munosabatlarni yoʻq joydan buzishga xizmat qiladi. Buni ochiq tan olish kerak. Mana, deylik, “falon maktabga dushanba kuni tuman hokimi kelarkan” voqeasi. Dam olish kunlaridan voz kechishga majbur boʻlgan direktor va oʻqituvchilar, navbatdan tashqari hasharga chaqirilgan oʻquvchilar va ularning ota-onalari – hammasi burnini jiyiradi. Tuman hokimi hech kimni bezovta qilishni istamaydi, ular oʻzi oʻzini sarson qiladi. Chunki aslida ozodalik va batartiblikni yuqoridan kimdir kelishiga bogʻlab qoʻygan hokim emas, ularning oʻzi. Yanada ayanchli tomoni shuki, bu ekstraordinar tashvishlar pogʻonama-pogʻona hamma bosqichda uchraydi. Shu tariqa hamma bir-birining koʻzini shamgʻalat qiladi.
Obro‘-eʼtibor dardi ham bor. Hammamiz yaxshi bilamizki, kim qanday toʻy-hasham qilmasin, odamlar uzogʻi bilan uch kun gapiradi. Chunki hayotda boshqa voqea-hodisalar koʻp. Oʻn yillar avval rossiyalik bir milliarder Sochi shahrida dengiz boʻyiga katta toʻyxona qurib, “millionli” xonandalarni olib kelib, misli koʻrilmagan darajada katta nikoh bazmi uyushtirdi. Buning videotasviri internet orqali minglab kilometr masofalarga tarqaldi. Kimdir “baraka topsin, otasiga rahmat!” dedimi?! Yoʻq. Videoni koʻrgan yigitlar xayoli buzilib, “kelin yaxshigina ekan” dedi, qizlar hasadini ichiga yutib, “shuning nimasiga uchibdi ekan kuyovbola” deb yasama tahayyur qildi. Shu bilan vassalom.
Oʻzimizda “zotdor” avtomobillarni turnaqator qilib, xonandalarni navbatda turgʻazib qoʻyib, dasturxoni bilan dunyo koʻrgan eng nozik didli xoʻrandani ham lol qoldirib bazm tashkil qilayotganlar yoʻq emas. Kelin-kuyovning “muhabbat tarixi”ni namoyish etish, ikki yoshning vals tushishi va boshqa bemaʼni qilgʻiliklar oʻsha oniy lahzalarda kimlarnidir romantik entikishga solishi mumkindir. Lekin bularning hammasi oniy, xolos. Mohiyat esa shundan iboratki, uyalmay-netmay yangi kelinni koʻpchilikka koʻz-koʻz qilamiz. Unga birov havas bilan qarasa, birov hirs bilan, yana birov hasad bilan qaraydi. “Mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydi”, “hammamiz ham musulmonmiz” degan gaplarning taʼsiri qolmadi hisob. Shuning uchun boʻlsa kerak, toʻy qancha dabdabali boʻlsa, oʻsha nikohning umri shuncha qisqa boʻlayapti. Chunki dabdabadan keyin kundalik quvonch va tashvishlar boshlanadi. Sururli tomonini hamma koʻtaradi, lekin ogʻir yukiga har kim ham dosh berolmaydi. Ayniqsa, umrida “yoʻq”, “mumkin emas”, “uyat boʻladi” degan soʻzlarni eshitib oʻrganmagan yoshlarga qiyin. Hayot romantika emas. Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻladi. Bu hayotda boylar ham yigʻlaydi.
Hali hech narsani tushunmaydigan chaqaloqni tugʻruqxonadan uyga limuzinda olib kelganimizdan, bogʻchasida tarbiyachisini, maktabida oʻqituvchisini tobe qilib qoʻyganimizdan, pul bilan oʻqitib diplomli qilganimizdan, salohiyati yetmasa ham yaxshigina ishga joylab qoʻyganimizdan, jonini ogʻritmasin deb uy-joyini tayyorlab berganimizdan, koʻngli nima tusasa muhayyo qilaverganimizdan keyin bu bola oʻz-oʻzidan infantilizmga duchor boʻlmasinmi?!
Kompyuter va internetning foydalari katta, benihoya katta. Lekin zarari ham oz emas. Baʼzilar izlab-izlab, oʻziga kerakli maʼlumotni topadi. Boshqalar nimanidir qidiruvga beradi-da, topilgan narsani oʻqib ham koʻrmasdan maqolasiga, ilmiy ishiga, maʼruzasiga tirkab yuboraveradi. Kompyuterning “aybi” shuki, har narsani soʻrayveradigan bu matoh nusxa koʻchirishda “ishonchingiz komilmi?” deb oʻtirmaydi. Oqibatda koʻchirmachilar matndan xatosi-yu mantiqsizligi bilan bus-butun nusxa oladi. Shuning uchun, masalan, filologlarning “dissertatsiya”larida gʻaliz jumlalar paydo boʻladi (“Oʻylaymizki, falon-falon deb xulosa qilsak boʻladi deb hisoblaymiz”). Baʼzi “tadqiqotchilar” shu qadar masʼuliyatsizki, oʻzining asl basharasini ochib berayotganini ham sezmaydi (“Italiyaning bu tajribasini bizning Ural tomonlarda, Volgaboʻyi va Karpatorti mintaqalarida qoʻllash mumkin”). Bir siyosatshunos yozishga erinib, ilmiy ishining matnini kotibasiga aytib terdirganmi yo koʻchirgan joyida shunday boʻlganmi, xullas, “tiklanish” soʻzini “cheklanish” deb yozvorganiga nima deysiz! Oʻzimizdagi bir partiyaning nomini yozayotganda shunday qilingani yanayam ajablanarli. Tasavvur aqlni mazax qiladi: bu siyosatshunos yengil tamaddi qilayotgan holida aytib turgan, ogʻzida ovqati bilan chirs-chirs qilib, “tiklanish” degan boʻlsa, kotibasi “cheklanish” deb eshitgan-da.
Bularni odamlar olim deb hurmat qiladi, davraning toʻridan joy beradi, bunaqalar ortidan talabalar domla-domla deb yugurib yuradi. Bu olimning asl maqsadi zamirida avval PhD, keyin DSc guvohnomasini olish, shu orqali koʻtarilish, nomunosib tarzda ustama olish, asos-ustunsiz obro‘ orttirish kabi tuban shaxsiy manfaatlar yotishini, ilm-fan rivojiga hissa qoʻshish, yangilik yaratish degan gaplar xayoliga ham kelmasligini ular qayerdan bilsin! Tajriba tariqasida birinchi uchragan PhD sohibidan ilmiy ishining mavzusi, boblarining nomlari, foydalangan adabiyotlari haqida soʻrasak, javob bera oladimikan degan oʻy kechadi beixtiyor. Haqiqiy tadqiqotchi har bir satrni oʻylab, har bir fikrni aql tarozisida oʻlchab yozadi. “Bobni bunday nomlasam aniqroq boʻladi, sarlavha – materialning yarmi” deydi masalan. Bu izlanish va ijod iztirobi boʻlib, xulosa va qarorlari umrining oxirigacha xotirida qoladi. Lekin boyagidek yoʻl tutgan boʻlsa, boshini qashib, “shunday-shunday narsalar-da, endi ancha vaqt oʻtib ketdi, esda qolarmidi” deydi. Ilm-fanimizni bunday uddaburonlardan himoya qilish ham kerak.
Men turli idoralarda ishlab, bu jarayonda shunday chalkash holatlarga koʻp duch kelganman, shuning uchun bor gapni aytayapman, ishonavering. Kimdir boʻhtonga oʻxshatishi mumkin, lekin bilingki, bunaqa boʻhtonni oʻylab topishning sira iloji yoʻq. Har holda kamina shu fikrda. Oʻzbekistonlik boʻla turib, “bizning Ural tomonlar” deganning, boshqa “tadqiqotchilar”ning aybi oʻziga koʻrsatilganda nima boʻlganiga qiziqayapsiz-a! Hech biri pinagini buzmagan (“endi bir oʻtib ketibdi-da, kimlardan oʻtib ketmaydi-yey!”). Donishlar yarim hazil qilib, “betning qalinligi ham yarim baxt” degani shu boʻlsa kerak.
Siz bilgan har bir insonning botinida siz bilmagan yana bir inson boʻladi. Qarshingizdagi odam – roʻparadami, internetdami, televizordami, qay holatda boʻlsa ham – haqida biror fikrga borish oldidan shuni oʻylab koʻrish kerak ekan. Domla haqiqatan olimmi, ishbilarmon rostdan ham biznes odamimi, rahbar chindan ham layoqatli boshliqmi va hokazo. Albatta, yoppasiga hammadan shubhalanish kerak emas. Bir-ikki gapini tinglab koʻrishga, feʼliga qarashga toʻgʻri keladi. “Koʻp yolgʻon gapirma, hammasini eslab qololmaysan” deydilar. Yolgʻonchi unga uni, bunga buni gapirib, oxiri kimga nima deganini eslayolmay, chalkashib, oʻzini fosh qilib qoʻyadi.
Ayrim uddaburonlar oʻzini emas, ularga yordam berganlarni uyaltirib qoʻyadi. Ularning uddaburonligi yukini boshqalar zimmasiga ortishdan iborat boʻladi – undan ugina, bundan bugina. Toʻriga tushib qolgan odam chiqib ketishi qiyin boʻladi. Ota-bobolarimiz bilib aytgan: “Yuz marta yordam ber – unutishadi, bir marta yordam qilma – bir umr eslab yurishadi”. Mazaxoʻraklik – uddaburonlik emas.
Maʼnaviy ustozimiz Mahmud Saʼdiy baʼzilarni tilga olganda, ismi oldidan “rahmatli” soʻzini qoʻshib qoʻyardi. “U kishi tirik-ku!” desak, “mayli-da” derdi. Ha, oʻlmagan odamdan judo boʻlish ogʻirroq. Chunki ketgan – ketdi, hayot boʻla turib oʻzini oʻlikdek tutadigan, aniqrogʻi, qoʻlini hech narsaga urmaydigan odam bilan nima qilishni bilmay qoladi kishi. Mehnat jamoalarida boshliqning pinjiga kirib olib, bevosita vazifasini bajarmay, soxta faollik bilan hech kimga gap bermay yuradiganlar uchrab turadi. Bundaylar riyokorning oldida hech narsa boʻlmay qoladi. Xushomadgoʻylar yasama jonkuyarlik bilan nimadir qilsa kerak, riyokor nimadir qilib, hech narsa qilmaydi. Gap ana shunda.
Biz riyo haqida koʻp gapiramiz, lekin sumʼa degan tushunchani kam tilga olamiz. Riyo odamlar koʻrishi uchun boʻlsa, sumʼa – hamma eshitishi uchun. Buning qamrovi kengroq. “Falonchi oʻnta kambagʻal oilaga bir qopdan un beribdi” voqeasini sanoqli odam koʻradi, eshitganlar koʻproq boʻladi. Biznesda ham, fanda ham, taʼlimda ham, tibbiyotda ham, boshqaruvda ham – hamma sohada riyo va sumʼani koʻrish mumkin (avj olayapti demasak).
Biz dunyoga ochildik, lekin tashqi olamdan boʻlar-boʻlmas har narsani koʻchiraverish kerak emas ekan. Mashhur hadis toʻplamlarining barchasi qanday rivoyat bilan boshlanishini koʻpchilik yaxshi biladi: Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Amallar faqat niyatlarga koʻradir” dedi”. Insonning amalini uning niyati bilan qiyoslasak, saxovat bilan riyoning, chinakam valineʼmatlik bilan sumʼaning farqi koʻrinadi. Odam haqiqatan saxovat qilmoqchi boʻlsa, buni koʻz-koʻz ham, ovoza ham qilmaydi. Oʻzini baxtli koʻrsatmoqchi boʻlgan odam allaqanday nomdor restoranga borib, keyin suratlarini ommaviy tomoshaga qoʻymaydi. Yaqin kishisi oʻlgan odam savobi marhumga yetib borishi uchun ehson beradi, maʼrakaga hashamatliroq joy tanlayaptimi, qancha odam kelganini, ular orasida kimlar borligini hisob-kitob qilayaptimi, demak, elga oshni oʻzi uchun berayotgan boʻladi. Shuning uchun xudoyining taklifnomasida manzilni bemalol “bazmgoh”, “toʻyxona”, “restoran” deb koʻrsataveradi. Aslida chaqiriq xatidagi “marhumning xotirasiga” degan gapni “oʻzimning obroʻm uchun” deb qoʻysa ham boʻlaveradi.
Islom taʼlimotiga koʻra faqat namoz va roʻza kabi ibodatlar emas, balki har qanday amal Yaratganning nomi bilan xolis niyatda bajarilsa savob boʻladi. Hatto uxlash yo ovqatlanish ham. Riyoda oʻsha xolislik boʻlmaydi. Ayrimlar odam uzoq vaqt ikkiyuzlamachi boʻlib qola olmasligini, vaqti kelib haqiqiy yuzi ochilib qolishini bilmasa kerak. Shuning uchun kimdir betartib soqol oʻstiradi va oʻz feʼli misolida soqol qoʻygan boshqalarga nisbatan jamiyat aro notoʻgʻri tasavvur uygʻotadi. Baʼzilar hijobda boʻla turib hijobning hurmatini qilmaydi va boshqa hijoblilarni malomatga qoldirishini anglab yetmaydi. Shunday qilib, riyokor faqat oʻzini aldagani yetmaganidek, boshqalarning ham tinchini buzadi. Niyat boshqa-da. Masalan, “beli bogʻliqning dili bogʻliq” naqliga koʻra azador odam haqiqatan motam tutadi va bejo qiliq qilmaydi. Bu – haqiqiy manzara. Lekin yuqoridagi holatlarda samimiyat yoʻq, chunki niyat xolis emas, aniqrogʻi – boshqacha.
Adolf Hitlerning bir harbiy qismga borib, zobitlar bilan suhbatdan keyin oddiy askarlar bilan tushlik qilgani, Herman Goʻring koʻcha yuzida oddiy odamlar bilan ovqatlangani tasvirlangan tarixiy kinokadrlar bor. Ular faqat kadrga tushish (oddiy populizm) uchun shunday qilgani yaxshi maʼlum. Yo biror kim shubha qiladimi!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi xodimi ijozatingiz bilan yana bir hadisga murojaat qiladi: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Hech biringiz oʻzi yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagunicha moʻmin boʻla olmaydi” dedi”. Haqiqiy saxovat mana shunda namoyon boʻladi. Riyo uchun qilingan yaxshilikni tom maʼnoda saxovat deb boʻlmaydi. Tarixdan maʼlumki, sahobalar bozordan oʻzlariga yoqqan narsalarni sotib olib muhtojlarga ulashgan. “Pulini berib qoʻya qolmaysizmi, oʻzlari keragini olavermaydimi?” deyishganda, “oʻzim yaxshi koʻrgan narsani berayapman” degan.
Yaqin tarixdan bir misol. Korney Chukovskiy bunday yozgan: “Aleksey Tolstoynikiga bordim. (Tugʻilgan kunim ekanini bilib qolib) judayam ajoyib Parker ruchkasini sovgʻa qildi. “Koʻzingiz qiymaydigan narsani berayapsiz-a?!” dedim. “Faqat koʻz qiymaydigan narsalarni hadya qilish kerak” dedi u”.
Chingizxondan koʻp aforizm qolmagan, lekin bittasi bizning kunlargacha yetib kelgan: “Dushman ustidan gʻolib boʻlmoqchimisan, oilasini tarbiyala. Bugun – farzandlari, ertaga – xalqi (izmingda boʻladi)”. Yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishning natijasi ham xuddi shunday boʻladi. Shuning uchun chetning foydasini olib, zararini, xatarini uloqtirishni oʻrganishimiz kerak.
Mavlono Rumiy “Suyganing qadar suyulajaksan” degan. Chin koʻngildan qilingan xayrli ish oʻz egasini har tomonlama yuksaltiradi. Soxtakorlik, xoʻjakoʻrsin ishlar oxir-oqibat izzat-nufuzga putur yetkazib, boshni xam qiladi. Qadimgi Rimda “Sizdan Fortuna yuz oʻgirsa, Femida qiziqib qolishi mumkin” degan naql boʻlgan. Shuni unutmaylik.
Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Xoʻjakoʻrsinmi, joʻjakoʻrsin?” maqolasi