Bu aktyorni dabdaba-yu asʼasaga toʻla davralarda deyarli uchratmaysiz. Turli telekanallarning tomoqyirtar shoulari-ku tabiatiga mutlaqo yot... Hashamdor qizil yoʻlaklarda quruq savlat toʻkib xirom etgandan koʻra kinodagi roli bilan tomoshabin koʻnglidan joy topishni istaydi. Hamisha olomon shovqinidan uzoq, xos odamlar davrasiga intilib yashamoqda...

Markaziy Osiyoning 2019-yilgi eng yaxshi aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Karim Mirhodiyev bilan suhbatni boshladik:

– Karim aka, talaygina aktyorlar oʻzini bozorga solib, populizmga berilib ketayotgan bugungi kunda nega kamnamosiz? Baʼzan jurnalistlarning mikrofonidan ham qochasiz...

– Huda-behuda shovqin koʻtarishning nima keragi bor? Shu shartmikan, kerakmikan? Qiziqqan kishi internetni ochsa, tarjimai holimni bilib olaveradi. Qayerda tugʻilganman, nechta farzandim bor, qaysi rollarni oʻynaganman – hammasi maʼlum... Aktyorning kuchi – uning sirida, afsuski, koʻpchilikda sir qolmadi hisob...

– Toʻgʻriku-ya, ammo aktyor jarayonga oʻz munosabatini bildirib, lozim joyda oʻz qarashlarini anglatib turishi kerak emasmi? Axir sanʼatkorning vazifasi ham bor-ku...

– Mashhur aktyor Yevgeniy Yevstigneyevning bir gapi bor: “Biz sahna yo ekranda turib ijro etayotgan rolimiz bilan tomoshabinga fikr aytishimiz lozim...”. Darhaqiqat, sanʼatkor uchun koʻp gap ortiqcha yuk. Avval oʻz rolini qoyil qilsin. Aslida tomoshabin mana shunga baho beradi...

– Yaqinda mashhur aktyor Sergey Bezrukovning mahorat darsida qatnashgandim, talabalardan biri savol berdi: “Aktyor sifatida qanday tuygʻuni yoki holatni ijro etishga qiynalgansiz?!”. U shunday javob berdi: “Men hayotim davomida turli rollar oʻynadim, lekin hamisha muhabbatni ijro etishga qiynalganman”. Shundan kelib chiqib soʻramoqchi edim: siz uchun qaysi holatni yoki kechinmani ijro etish qiyin boʻlgan?

– Aytmayman. Bu sir (kuladi). Aslida men uchun hammasi murakkab. Osoni yoʻq. Hozir qoyillataman deya sahnaga chiqasiz-u, lekin qoʻlingizdan hech narsa kelmay, shalvirab qolaverasiz. Har bir rol men uchun shafqatsiz imtihon... Soxta ijro sezilib qoladi baribir...

– Sizni yaxshi bilganlar koʻp kitob oʻqiydigan aktyor deya taʼriflaydi. Uzoq safarga borganda ham yoningizda kitob olib yurar ekansiz. Intellekt aktyorga qachon yordam beradi? Shukur Burhonov hatto oliy taʼlimni ham koʻrmagan deymiz. Lekin u oʻz davrining eng zoʻr aktyori edi. Umuman, kitob oʻqiydigan aktyor bilan, oʻqimaydigan aktyorning ijrosida farq seziladimi?

– Aslida bularning oʻrtasida koʻp ham farq yoʻq. Taʼlim yoki badiiy mutolaa turtki. Sanʼatkor botinidagi kuchni qoʻzgʻatib yuboradigan turtki. Shukur Burhonov esa sanʼatdagi noyob hodisa... Hamma ham unday boʻlolmaydi. Oʻylashimcha, hamma gap rolga qanday munosabatda boʻlishga bogʻliq. Masalan, siz koʻp kitob oʻqisangiz-u, rolni qoʻl uchida ijro etsangiz, baribir soxtalik sezilib qoladi. Yoki biror yosh aktyor jon-jahdi bilan borligʻini berib rolini ijro etsa, bu ham gohida yordam berishi mumkin. Hammasi iqtidorning darajasiga bogʻliq. Men kitob oʻqisam, oʻzim uchun oʻqiyman... Balki qayerdadir yordam ham berar...

Biz institutni tugatib kelganimizda yosh, kelajagi porloq yigit deya taʼrif berishgan. Men hozir ham yangi rolga tasdiqlanganimda oʻsha yosh, kelajagi porloq yigit holiga tushaman. Sahna bu mardlar maydoni. Har safar birinchi marta imtihon topshirayotgandek oʻzingizni isbotlashingiz kerak. Men mashhur aktyorman, hozir qoyil qilaman deb rolga kirdimmi, hammasi tamom...

– Keyingi savol shuki...

– Yoʻq, keyingi savolga oʻtmay turing, bir sheʼr yodimga tushib qoldi:

“Borligʻin topshirsa toʻlqinga

Sevaman, men shunday odamni...”.

Albatta, bu ijod dengizida suzish... Aktyorlik ham aslida oʻzini toʻlaligicha ijod toʻlqiniga otishdir.

– Bir suhbatingizda Napoleon Bonapart rolini ijro etayotgan aktyor haqida aytgandingiz... Dunyoni titratgan sarkardaga jangda magʻlubiyat xabarini yetkazishganida u qay ahvolga tushgan ekan... Mana shu holatni ekranda ijro etish uchun aktyor qaynoq suv keltirishlarini buyurgan. Oyoq kiyimini yechib togʻoradagi qaynoq suvga tushgan. Oʻsha paytda uning yuz ifodasini koʻrganingizda edi. Mana aktyor, mana ijro deya eslagandingiz. Siz ham azbaroyi obraz uchun shunday tajribalar qilganmisiz?

– Tasvirga olish maydonida aktyor har koʻyga tushishi mumkin... Men ham biror-bir tajriba qoʻllashim mumkin, shunga yarasha arziydigan ssenariy, arziydigan rol bormikan?

Bir paytlar teatrda “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” spektakli namoyish qilinardi. Murod Rajabov bosh qahramon Mahmudxonni ijro etardi. Hech koʻz oʻngimdan ketmaydi... Boyagina hazillashib turgan Murod aka qanday uslub yoki metod qoʻlladiki, birdaniga fojiaviy qiyofada paydo boʻldi. U sahnaga sekin-asta chiqib kelar ekan, qoʻlida sham... tomoshabin ham borligʻi bilan uni kuzatmoqda. Murod aka sekin-asta yurib kelib, “Maryam, Maryam” deb shivirlaydi, chidolmaysiz, dod deysiz. Bu qanday ijro? Bu qanday sanʼat? Aktyorning oʻsha holatini oxirigacha tasvirlab berolmayman sizga, tushuntirish ham xato boʻladi. Faqat buni koʻrish kerak...

– Koʻp yillar burun teatrdan ketishingizga sabab nima edi? Oʻsha paytda Afzal Rafiqov, Murod Rajabov, Elyor Nosirov kabi isteʼdodli aktyorlar, katta sanʼatkorlar bilan yonma-yon ishlagansiz... Balki ularning yonida oʻzingizga ishonchsizlik hissi tugʻilgandir...

– Ha, hozir chiroyli gaplar topib, yoʻq, unaqamas deb turli vajlar keltirishim mumkin. Lekin bu yolgʻon boʻlib chiqadi. Siz aytgan sabab ham bor, albatta. Sahnamizda Afzal akadek, Murod akadek katta aktyorlar bor edi. Ularning yonida mening bor-yoʻqligim sezilmasdi ham... Yana erinchoqlik, qoʻrquv ham boʻlgan. Lekin bular asosiy sabab emas deb oʻylayman. Bilasizmi, nega teatrdan ketdim? Chunki oʻsha paytlarda teatr davlat buyurtmalarini bajaradigan fabrikaga aylanib qolgandi. Chinakam aktyorning kimligini koʻrsatadigan badiiy asarlar bir chetda qolib ketar edi. Aktyorda erkinlik qolmagandi. Maishiy asarlar, joʻn spektakllar orasida qanday ijod boʻlishi mumkin? Bu aktyorga xalaqit beradi. Balki ketib notoʻgʻri qilgandirman...

Bir kuni televideniyega chaqirishdi. Borsam, “Oyogʻingizni chalishtirib oʻtirmang, galstuk taqmagansiz, yuzingizni yerga egavermang...” deydi. “Xoʻp, yana nima qilay?” dedim. “Faqat toʻgʻriga qarab gapiring” degandi, “Nima, men sizga robotmanmi?” deb shartta chiqib joʻnavordim. Ana shundan beri televideniyega kam boraman. Teatrda ham biz robotga aylanib qolgandik... Tushuntira oldimmi?

– Albatta, yaʼni, hammani bir xil qolipga solavermasdan, shaxsning oʻziga xosligini saqlab qolish kerak demoqchimisiz?

– Juda toʻgʻri, birxillikdan asrasin... Choʻlpon aytgan edi adashmasam: “Bir xil, bir xil, bir xil...” deb.

– Ssenariyni-ku chertib-chertib tanlaysiz, buni bilamiz... Nega hamma rejissor bilan ham ishlab ketolmaysiz? Balki oʻzi nima xohlayotganini bilmaydigan, rolning aniq mohiyatini tushuntirib berolmaydigan rejissor bilan ishlashga qiynalarsiz?

– ...Buyam bor...

– Bizning avlod sizni “Charxpalak”, “Shaytanat” kabi seriallardan boshlab tanigan. Lekin yaqinda koʻrganim Jahongir Qosimovning “Changak” badiiy filmida bosh rolni ijro etgan ekansiz. Bu film ham oʻz vaqtida shov-shuv boʻlgan. Ilk bora mana shu filmdan keyin Karim Mirhodiyev boʻlib tanilgansiz-a?

– Ha, Xayriddin Sultonov asari asosidagi “Changak” filmi menga mashhurlik olib kelgan. Filmning muvaffaqiyati nafaqat muallif yoki rejissorning mahorati, balki Hojiakbar Nurmatov, Dias Rahmatov, Toʻti Yusupova, Sayyora Yunusova, Lola Badalova, Inogʻom Odilov kabi sanʼatkorlarning borligida edi. Ularning tajribasi menga koʻp yordam bergan.

Bir narsaga koʻz yumib boʻlmaydi. Kimgadir taqlid qilib emas, mana shu rolga shaxs sifatida sening munosabating qanday, shuni koʻrsatib berishing kerak.

– Keling, endi biroz ortga nazar tashlasak, yoningizda ishlagan ustoz sanʼatkorlar yoki doʻstlaringiz boʻlgan koʻpgina aktyorlar negadir oʻz vaqtida qadrlanmagan, isteʼdodiga yarasha rol berilmaganini bilamiz. Bu oʻsha davrning fojiasidir balki. Shu aktyorlar ijodi haqida toʻxtalsangiz...

– Bular juda nozik gaplar. Nomma-nom sanasak roʻyxat uzun. Lekin taqdir imkon bergan darajada oʻz rollarini ijro etishdi baribir. Respublikada qirqqa yaqin teatr boʻlsa, har birining oʻz Hamleti, oʻz Revizori yoki Dezdemonasi bor. Mana shularni izlab topish kerak...

Lekin men boshqa narsani aytmoqchi edim. Bir aktyor bor ekan: teatrda dam olib, qahva ichib oʻtiradigan joy boʻladi, bilasiz, oʻsha yerda oʻtirsa, koʻzi ilinib ketibdi. Bir payt spektakl boshlangan, teatr qoʻngʻirogʻi jaranglagan, “diqqat-diqqat”, vadavang ovozlar, allaqachon navbatdagi sahna boshlanib boʻlgan. Bir payt choʻchib uygʻonib ketgan aktyor aytarmish: “E, nima boʻlayapti bu yerda, spektakl boshlanganga oʻxshaydi-ku, ovozimni tezda qariya ovoziga oʻzgartirib sahnaga chiqishim kerak” dermish... Afsuski, aktyorlar orasida mana shunday soxtaliklar, yasamaliklar ham bor...

– Yana bir suhbatingizda “Biz tarixiy shaxslar haqida filmlar ishlashda ozgina kechikayapmiz” degansiz...

– Hozir ham shu fikrdaman. Bir-ikki yil avval elchixona xodimlari bilan suhbatlashib qoldik. Ular aytishdiki, eronliklar Beruniy va Ibn Sino haqida filmlar ishlab boʻlishibdi. Shu maʼnoda ozgina kech qolmayapmizmikan deb oʻylab qoldim. Lekin film ishlash kerak ekan deb borini ham saviyasizlik, didsizlik bilan yumaloq-yostiq qilish kerak emas... Bir nechta tarixiy film ishlandi. Ofarin, lekin ekranda tirik shaxs yoʻq... Tirik qahramon yoʻq. Farishtasifat, uxlasa ham sallasini yechmaydigan, hech xato qilmaydigan, silliq gapiradigan, jahli chiqmaydigan bir xil personajlar bor. Nima, u odammasmi? Ekranda birorta tirik odam yoʻq... Tomoshabin ekranda oʻziga yaqin qahramonlarni koʻrmasa, ularga qanday ergashsin?

Yana bir qusurimiz bor, doimo rejissorni maqtaymiz. Goʻyo u bekam-u koʻst film ishlagandek... Yaqinda premyerada boʻlgan bir voqeani aytib beray. Rostgoʻy aktyorimiz bor ekan, namoyishdan chiqibdi. Ishqilib rejissor koʻrib qolmasin-da, yoʻqsa bu pachoq filmini maqtashim kerak deb ketayotgan ekan, aksiga olib oʻsha sayoz film rejissori yoʻlda turganmish, hamma uni yangi filmiga yolgʻon maqtovlar yogʻdirayotganmish... Aylanib oʻtib ketay desa, oʻzbekchilikka toʻgʻri kelmaydi. Oʻylab-oʻylab bir hiyla topibdi. Toʻgʻri rejissorning yoniga borib, ikki qoʻlini mahkam qisib, “Tabriklayman, bunday film ishlash mening qoʻlimdan kelmasdi” dermish... (kuladi). Ustamonligini qarang...

Mana shunday koʻzboʻyamachilik, tanish-bilishchilik kinoni oʻldirib qoʻyadi... Har bir aktyorning dardi shuki, yaxshi filmlar koʻpaysin...

– Rahmat suhbat uchun, oʻsha yaxshi filmlar uchun oʻzingizni ehtiyot qiling. Sog‘ boʻling...

Shohsanam XIDIROVA

suhbatlashdi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 4-son.