Urushga ketgan erini umrining oxirigacha kutib, toq oʻtgan momolarimizning oʻchmas xotiralariga bagʻishlayman!
1.
− Baloginangni olay, Ashur, oʻn kungina keyin chaqirsang, Girmon uyingga kep qoʻyadimi?
− Girmon Maskovga kep qoʻydi, momo, Maskovga kep qoʻygani – uyimga kep qoʻygani.
− Hech boʻlmasa, chillasi chiqsin, Ashurjon, keyin nima desang, mayli.
− Gitlir oʻgʻlingizning chillasi chiqishini kutib turadimi, momo? Istalin bova chillangizni tushunadimi? Hozir oʻgʻlingizni chiqarmasangiz, melisa kelib opketadi.
− Urush mening bittagina bolamga qarab qoptimi, Ashur, insofing bormi?
− Adolat momoning bolasi ikkitamidi? Yo boshida eri bormidi? Rais boboning bolasi ikkitamidi, momo? Avval chiqardi-ku, oʻgʻlini. Koʻpga kelgan toʻy-da, momo, chidaymiz.
− Hah, toʻyginang boshingdan qolsin! Sahobiddin! Chiq, bolam, narsalaringni xaltaga solib qoʻyganman. E, qirgʻin kelsin, shu urushni boshlaganlarga!
2.
− Humayro, meni kechir, toʻyni oldinroq qilsak boʻlarkan.
− Xudoning aytgan kuni boʻladi-da, momomning oʻgʻli, kechir demang.
− Kelin boʻlib, kelinlarday yayrashga ham ulgurmading, Humayro?
− Unday demang, men ... baxtliman, momomning oʻgʻli.
− Baxt deysanmi, Humayro? Bir oygina eringni tushingda koʻrganday boʻlib qolganing baxtmi?
− Shuncha qizning ichidan menga uylanganingizning oʻzi menga baxt.
− Meni kut, azizam! Urush tugasin, keyin bir kun ham seni yolgʻiz tashlab, bir yerga ketmayman.
− Kutaman, momomning oʻgʻli, kutaman.
− Men albatta qaytib kelaman, Humayro, birov bir nima desa, ishonma!
− Ishonmayman, momomning oʻgʻli, ishonmayman! Sizni oʻlgunimcha kutaman!
3.
− “Прапал” degani nima, nachaynik, tushuntirib gapiring-da?
− “Без вести пропал” degani shuki, jangdan keyin oʻgʻlingiz dom-daraksiz yoʻqolibdi, Mashrab bobo.
− E, shunaqasi ham boʻladimi? Butun boshli odam izsiz yoʻqolib qoladimi? Yosh bola boʻlmasa?
− Juda ezvordingiz, Mashrab bobo, urushda boʻladi-da. Okopda koʻmilib ketgandir, nemisdan qochib, oʻrmonga kirib ketgandir?
− Ogʻzingga qarab gapir, nachaynik, mening oʻgʻlim qoʻrqib qochadigan bola emas.
− Urush, Mashrab bobo, urushda har narsa boʻladi. Endi boring, biror maʼlumot olsam, yana xabar beraman.
Nachaynik maʼlumot olmadi, shekilli, Mashrab boboga boshqa xabar qilmadi.
Urush tugadi ham-ki, xabar qilmadi. Ketganlarning tirik qolgani qaytib keldi hamki, xabar qilmadi.
Qirq toʻqqizda xabar qildi. Xabar qilmasa, yaxshi edi:
− Sahobiddin Mashrabov Vatan xoini deb topilib, sirtdan otuvga hukm qilindi!
Hukm Mashrab boboga oʻqilgan boʻldi. Uch kun oʻtib, Mashrab boboni dafn qilishdi.
Enaxon momo yerni mushtlab, Gitlerni qargʻadi.
Enaxon momo yuzini yulib, Stalinni qargʻadi.
Enaxon momo yoqasini yirtib, urushni qargʻadi.
Enaxon momo qargʻab-qargʻab, yigirma yetti kun yashadi...
4.
Hayhotday hovlida bir oʻzi qoldi Humayroning.
Bir sigir, bir buzoq, toʻrt echki, ikki uloq, bitta Olapar bilan bir oʻzi qoldi Humayroning.
Mashrab boboning chirogʻini yoqib oʻtirish birgina Humayroga qoldi.
Enaxon momoning urchugʻini yigirib oʻtirish birgina Humayroga qoldi.
Hayhotday hovlida na bir mehribon qoldi Humayroga, na bir hamdard.
Mashrab boboning avlodini davom ettiray desa, “momosining oʻgʻli”dan na bir nishona qoldi, na bir gumona... Ammo Humayroning koʻnglida umid qoldi, Humayroning koʻnglida ishonch qoldi.
− Albatta qaytaman, degan momomning oʻgʻli, qaytadi. Meni kut, degan momomning oʻgʻli, kutaman.
Humayro Mashrab boboning choponini kiydi. Beliga Mashrab boboning belbogʻini bogʻladi. Humayro Mashrab boboning ketmonini oldi. Humayro yer chopdi, ekin ekdi, hovli sugʻordi.
Humayro sigir boqdi, echki boqdi. Sigirning sutini kuviga soldi, yog‘ oldi. Qolganini qatiq qildi, chakki qildi, qurut qildi.
Qishloqning bolasi Humayrodan qurut oldi. Qishloqning bolasi Humayroning sigiri beradigan sutni ichdi.
Humayro echki sogʻdi. Echkining suti shifo boʻldi, echkining qatigʻi darmon boʻldi.
Bir qishloqning bolasi Humayroga koʻmakchi boʻldi. Bir qishloqning bolasi Humayroga dastyor boʻldi.
− Humayroga qarashinglar, bir oʻzi qolib ketmasin, − dedi Adolat momo.
− Humayroga yordam beringlar, ayol boshi bilan suvga chiqmasin, oʻv yosh-yalang, hovlisini sugʻorib beringlar, − dedi Rais bobo.
− Humayroning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib turinglar, yarim kosa issiqni oldin shunga chiqaringlar, − dedi Chuchuk momo.
− Humayroning eshigidan hadeganda oʻtavermanglar, biroving ichkariga ola qaramanglar, − dedi mulla Safar bobo juma namozida.
Elchilik ekan-da. Elning ichidan olasi chiqar ekan-da. Toshpoʻlat elni uxlatib, Humayroning devoridan oshibdi.
El uxlagan bilan Olapar uxlarmidi? Humayroni nomard “ovchi”ga oldirib qoʻyarmidi? Sonidan uzib olgani ham mayli, oʻng qoʻlining panjalarini gʻajib tashlagani ham mayli, uyigacha quvib borgani elda ovoza boʻldi.
− Toshpoʻlat qishloqdan chiqib ketsin!
Rais bobo ikkita gapirmagan. Rais boboning gapini birov ikki qilmagan, birov muhokama qilmagan.
Toshpoʻlat qishloqdan chiqib ketdi.
− Oyroʻzi momo, siz Humayroning uyiga koʻchib oʻting! Eri kelsa, bir gap boʻlar.
5.
Humayroning sigiriga baraka berdi Alloh, Humayroning echkisiga baraka berdi.
Humayro sigirini ikkita qilmadi, echkisini uchta qilmadi. Koʻpayganini muhtojlarga berib yuboraverdi. Pul olmadi.
Eh-he, muhtoj koʻp edi. Bir kosa ayronga muhtojlar koʻp edi. Bitta qurutga zorlar koʻp edi. Kunjara yeganlar koʻp edi, yoʻngʻichqani yeb qoʻyganlar koʻp edi.
“Tut pishiqqa yetsak, oʻlmaymiz” deganlar koʻp edi, tut pishiqqa yetmay oʻlganlar udandan-da koʻp edi.
Kattalar ham muhtoj edi. Sigiri ikkita boʻlgani kattalar ham qoʻymas edi. Echkisi uchta boʻlgani kattalar ham qoʻymas edi. Yer soligʻi der edi, suv soligʻi der edi. Mol soligʻi der edi, jon soligʻi der edi. Ersizligiga bir soliq, bolasizligiga bir soliq...
“Selsovet” degan katta bir kelganda buzogʻiga yopishsa, bir kelganda echkisini sudrardi.
Oyroʻzi momo ham oʻtib ketdi, Olapar ham oʻlib ketdi. Humayro ham Humayro momo boʻldi.
Humayro momoning sigirlari bir poda boʻldi, Humayro momoning echkilari bir otar boʻldi. Hammasi odamlarda boʻldi.
Humayro momoning eshigida sigir-da qolmadi, echki-da qolmadi.
Humayro momoning sigir soqqani-da joni qolmadi, echki boqqani-da holi qolmadi.
Humayro momoning bolasi boʻlmadi, ammo nevaralari bir qishloq boʻldi. Jalasoyning hamma bolasi uning nevarasi boʻldi.
Bir nevarasi non olib kirsa, boshqasi ovqat olib kirdi. Bir nevarasi yerini chopib, ekin eksa, boshqasi sugʻorib berdi. Bir nevarasi oʻtin olib kelsa, boshqasi yorib berdi. Humayro momoga ish qolmadi, Humayro momoga tashvish qolmadi.
Humayro momoga birgina yumush qoldi. Yumushi Rais boboning nevarasi darvoza oldiga oʻrnatib bergan oʻtirgʻichga oʻtirib olib, “momosining oʻgʻli” ketgan yoqqa koʻz tikib oʻtirish boʻldi.
− Urushdan keyin tugʻilganlar oʻlib borayapti, Sahobiddin qoptimi? Tirik boʻlsa, kelardi-da? Boʻldi-da endi, nimasini kutasiz?
− Kutmay nima qilay, Sharapat? Qaynanang oʻlgan, qaynatangga tegaymi?
− E, yigirmangizda tegmagan, oʻttizingizda tegmagan, qirqingizda tegmagan, yetmishingizda tegarmidingiz? Sizga er yoqmaydi.
− Er-ku yoqadi, ammo oʻzimning erim kep qolsa, nima deyman, Sharapat?
− Kelmaydi. Urush tugaganiga necha zamon boʻldi. Kelsa, ellik yilda kelardi. Endi aniq kelmaydi.
− Keladi, Sharapat, keladi. Kelaman degan-da, Sharapat, kelaman degan. Keyin men ham kutaman, deb qoʻyganman. Kutmasam, ikki dunyoda beti qora boʻlmaymanmi, Sharapat?
− Unda kutib oʻtiravering!
− Kutib oʻtiribman-ku, Sharapat, kutib oʻtirmay nima qilayapman?
6.
Keldi.
Ellik yil deganda keldi.
Bir advokat bilan bir notarius keldi. Yana bitta ajnabiy keldi.
Martabali mehmonlarning tashrifidan Humayro momo shoshib qoldi. Rais boboni chaqirtirdi.
− Munday mehmonlar bilan men gaplasholmasam, Rais bovajon, oʻzingiz bir nima deng-da.
− Hujjatlarni faqatgina Humayro Mashrabovaning oldida ochaman deydi, − ajnabiyning soʻzlarini tarjima qildi advokat. – Momomizga xat ham bor ekan. Uni ham momomizning oʻziga topshirar emish.
− Mening Rais bovadan yashiradigan sirim bor ekanmi? – xatni Rais boboga uzatdi Humayro momo. – Oʻzingiz oʻqing, Rais bovajon, kim yozibdi, nima debdi?
Rais bobo koʻzoynagini taqdi. Qiroat bilan xat oʻqishga tushdi:
“Meni kechir, Humayro, men vaʼdamga vafo qilolmadim. Ammo sen ahdingda turding. Meni shuncha yil kutding, erga ham tegmading. Hech kimga bildirmay, seni surishtirib turdim. Otamni koʻmding, onamni koʻmding, mening oʻrnimga hamma ishni qilding. Mol-holimizni ham koʻpaytirding, hovlimizni ham jannatday qilib qoʻyding. Ilohi, bu ishlaring uchun Alloh seni jannati bilan siylasin! Meni sen ham kechir, qishloqdoshlarimiz ham kechirishsin! Men sen kutgan qahramon boʻla olmadim. Urushda asirlikka tushib qoldim. Urushdan keyin qaytib boray dedim, ammo asirlikda boʻlganlarning hammasini xoin deb hisoblab, otib yuborishayotganini, Sibirga joʻnatishayotganini eshitib, qoʻrqdim. Mening ikkita ordenim, toʻrtta medalim bor. Ammo Sovet Ittifoqi Qahramoni boʻlib, asirga tushib qolganlarni ham kechirishmabdi. Shuning uchun avval Avstriyada, keyin Amerikada yashadim. Qishloqda yashadim. Mol-hol qildim. Fermer boʻldim. Boy boʻldim. Meni kechir, uylandim. Ikkita oʻgʻlim bor. Bugun ular ham fermer. Humayro, bir umr seni unutmadim. Doim sen haqingda oʻyladim. Hamisha farzandlarimga sen haqingda gapiraman. Oʻzbekistonimiz mustaqil boʻlibdi, nasib boʻlsa, sening oldingga boraman. Shu kunlarda davolanayapman, sogʻaysam, darhol yoʻlga chiqaman. Mabodo bora olmasam, oʻgʻillarim nevaralarimni olib borishadi. Ular seni qattiq hurmat qilishadi. Bir oygina xotin boʻlgan yigirmaga ham kirmagan qizning ellik yil erini kutishiga bu yerdagilar ishonishmaydi. Fantastika deyishadi. Ular seni koʻrgani borishadi. Bu dunyoda uchrashmasak, jannatda koʻrishamiz, Humayro! Sendan rozi boʻldim, sen ham mendan rozi boʻl! Momongning oʻgʻli Sahobiddin”.
Oldin koʻzini artdi Rais bobo, keyin koʻzoynagini.
Ajnabiy bir nimalar dedi, advokat oʻgirdi:
− Onaxon, eringiz bandalikni bajo keltiribdi, uni Dallas degan joyda dafn etishibdi. Ziyoratiga borishni istasangiz, Amerika hukumati borib kelishingiz bilan bogʻliq barcha xarajatlarni zimmasiga olar emish.
Humayro momo sekin oʻrnidan turib, ichkariga kirib ketdi. Ichkaridan uning yigʻlayotgani eshitildi. Humayro momo aytib-aytib yigʻlardi:
− Bor umidim ham oʻldimi, voy otam?!
− Endi qanday yashayman, voy enam?!
Rais bobo yerga qarab ancha oʻtirdi, nihoyat, derazaga yaqin borib soʻzladi:
− Humayro, bandalik-da. Chidaysan-da, Humayro, chidaysan-da. Qismatingda bor ekan-da, Humayro, qismatingda bor ekan. Endi tashqariga chiq, mehmonlar mahtal boʻlib qoldi.
Humayro momo bir belboqqa tugilgan narsalarni koʻtarib chiqdi.
− Kelgan mehmon oʻgʻlimiz ekanmi?
− Oʻgʻillari, kechirasiz, oʻgʻillaringiz yozda kelisharkan, bu kishi ularning advokati.
− Unda mana bularni oʻgʻillarimizga berib qoʻysin!
Advokat ajnabiy mehmonga bu soʻzlarni tarjima qilib, tugunni unga uzatdi. Mehmon tugunni ochdi.
Tugunda yap-yangi turgan Sahobiddinning Chuchuk kampir beqasamdan tikkan kuyovlik choponi, urgutcha doʻppisi va pichogʻi bor edi.
Ajnabiy ularni avaylab yana qayta tugdi va mashinasiga qoʻyib keldi. Diplomatidagi hujjatlarni olib, advokatga uzatdi.
− Endi mana bu hujjatlarga qoʻl qoʻysangiz, onajon!
− Rais bovajon, siz qarang, bular qanaqa hujjatlar ekan?
− Onaxon, eringiz sizga bir million dollar mablagʻini vasiyat qilib qoldiribdi. Bu bizning pulga qancha boʻlishini bilasizmi? Tasavvur ham qila olmaysiz, onajon. Eh-he, umringizning qolganini malikalarday sayr-u sayohatda, kayf-u safoda oʻtkazsangiz ham bu pullar ado boʻlmaydi. Bironta kattaroq zavodmi, fabrika ochib yuborsangiz ham boʻlaveradi.
7.
Hamma hujjatlar rasmiylashtirilib, dollar degani soʻmga almashtirib kelinganida bu pullar bir mashina boʻldi.
− Rais bova, bu pullarni Jalasoyning odamlariga boʻlib bering, − dedi Humayro momo. – Doimo mening holimdan xabar olib turgan oʻzingizning, Chuchuk kampirning, Adolat momoning, Oyroʻzi momoning, mulla Safar bovaginamning, Mastura momoning, Unsin momoning, Rabbim cholning, Islom boboning bolalariga koʻproq bering, qolganini hammaga teng boʻlib bering! Bir soʻmi ham qolmasin!
Rais bobo xuddi Humayro momo aytganday qildi. Bir mashina puldan bir soʻm olmadi Humayro momo.
Ajnabiy Humayro momoning bu ishiga tushunmadi. Uning savoliga Humayro momo javob berdi:
− Bular meni ellik yil boqdi. Yana ellik yil yashasam ham shular kunimga yaraydi. Bularnikiga borganimda esa, aniq bilaman, biror nimani pulga berishmaydi. Menga pul kerak boʻlmaydi. Pulni nima qilaman?
Karimberdi TOʻRAMUROD