Qosim Shayx Azizon taxminan 1498-yili qadim Karmananing (hozirgi Navbahor tumani hududi) Marjonxotin qishlogʻida tugʻilgan. Baʼzi manbalarda bu makonda Shayxning 20 tanob, yaʼni 1,7 gektardan ortiq ekin yeri boʻlgani haqida maʼlumot keltirilgan (qarang: Rahmonov A. Avlodlar manzili. Karmana, 1996. 7-bet).

U Buxoro va Samarqand madrasalarida tahsil olib, yassaviya tariqati shayxlaridan boʻlgan Koʻh Nur Mavlaviy va Shayx Xudoydodlardan tariqat sirlarini oʻrgangan (qarang: Qosim Shayx. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 11-tom. Toshkent, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2005. 113-bet). Yoshlik davridanoq Shayx Xudoydodning zikri samolarida qatnashgan. Ustozining pand-nasihatlari, tasavvufiy vaʼzlarini eshitib, ularga qatʼiy rioya qilishga intilgan.

Hofiz Tanish Buxoriyning “Sharafnomayi shohiy”, Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob”, Olim Shayx Azizonning “Lamahot min nafahot al-quds”, Muhammad Tohir Eshon Xorazmiyning “Tazkirat ul-avliyo”, Sayid Muhammad Nosiriddinning “Tuhfat uz-zoirin”, Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” kabi asarlarida Qosim Shayx haqida maʼlumotlar uchraydi.

Bular orasida “Tazkirat ul-avliyo” (u “Tazkirayi Tohir Eshon”, “Tazkirayi naqshbandiya” ham deyiladi) Qosim Shayx hayoti, faoliyati, nasabi va shogirdlari haqida toʻliq maʼlumot berilgani bilan ajralib turadi. Asar 1744-yili yozilgan. Uning koʻplab qoʻlyozma nusxalari OʻzFA Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar xazinasida saqlanadi (masalan, inv. №69, 75, 6832).

Qosim Shayx sakson yoshida vabo kasaliga yoʻliqadi. Xastalik tarqalmasligini oʻylab, xos muridlariga uni koʻrishga kelgan kishilarni oldiga kiritmaslikni tayinlaydi. Manbalarda keltirilishicha, Qosim Shayx oʻziga shu kasallikni berib, yurt ahlini undan xalos qilishni Ollohdan soʻragan va bu duo ijobat boʻlgan. Shu tariqa Qosim Shayx hijriy 986, milodiy 1578-yili Karmanada vafot etadi va oʻz xonaqohi yonida dafn etiladi.

Yassaviya tariqatining boshqa vakillaridan farqli oʻlaroq, Qosim Shayx ijtimoiy-siyosiy jihatdan faol boʻlib, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etgan. Zamona hukmdori boʻlmish Abdullaxon Ikkinchining Buxoro xonligini birlashtirish va markazlashtirish siyosatini qoʻllab-quvvatlagan. Tarqoq beklarni yarashtirish, markaziy hokimiyatga boʻysundirish ishlarida faol qatnashgan. Bir muddat poytaxt Buxoroda ham istiqomat qilgan (qarang: Hofiz Tanish Buxoriy. Abdullanoma. Birinchi kitob. Toshkent, “Sharq”, 1999. 222-bet).

1551-yildagi Karmana sulhi Qosim Shayxning shuhratiga shuhrat qoʻshib, diniy, siyosiy nufuzini yanada oshirdi. Shu yili u, shahzoda Abdullaxon iltimosiga koʻra, Karmana qoʻrgʻoni mudofaasini tashkil etish hamda muxolif bilan sulh tuzilishida shaxsan tashabbus koʻrsatdi, muzokaralarda bevosita ishtirok etdi. Abdullaxon Ikkinchi Qosim Shayxga qoʻl berib, unga murid tushadi va piriga “Azizon” deb murojaat qiladi. Xon biror xayrli tadbir boshlamoqchi boʻlsa, avval pirining maslahat va duosini olib, keyin ishga kirishgan. U Qosim Shayxga Karmanadan to Xomrabotgacha boʻlgan yerni inʼom qiladi. 1558-yili esa Karmanada maxsus xonaqoh qurdiradi. Bu Abdullaxon taxtga oʻtirganidan keyin barpo etgan dastlabki inshootlardan hisoblanadi (qarang: Hotamov A., Bekniyozov N. Karmana – qadimiy diyor. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2007. 76–78-betlar). Bu tarixiy fakt Buxoro xonligi ijtimoiy va maʼnaviy hayotida yassaviya shayxlarining mavqei ortib borganidan dalolat beradi.

1532-yili Shayx Xudoydod Valiy vafot etadi. Shundan soʻng Qosim Shayx yassaviya tariqatining yetakchi shayxlaridan biriga aylanadi. Atrofiga koʻplab muridlar toʻplaydi, ular orasida shayboniylar sulolasi vakillari ham bor edi.

Qosim Shayx yassaviya tariqati silsilasida 22-halqa hisoblanadi: Muhammad (s. a. v.), Abu Bakr Siddiq, Salmon Forsiy, Qosim ibn Muhammad, Imom Jaʼfar Sodiq, Boyazid Bistomiy, Abul Hasan Xaraqoniy, Abu Ali Formadiy, Xoja Yusuf Hamadoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Hakim ota (Sulaymon Boqirgʻoniy), Zangi ota, Sayid ota, Sadr ota, Elomon ota, Ali Shayx, Mavdud Shayx, Xodim Shayx, Shayx Jamoliddin, Shayx Xudoydod, Xoʻja Mulloyi Nuriy, Qosim Shayx (qarang: Oʻzbekiston Markaziy davlat arxivi f. i. 323, op. 2, inv. 90).

“Muzakkir ul-ahbob” asari muallifi Hasanxoja Nisoriy ham Qosim Shayxni oʻziga pir tutgan. U murshidini, jumladan: “Qosim Shayx Azizon vujuddan kechmoq va vujudni darig‘ tutmaslik nazariyotini chunonam martabasiga yetkazganlar” deya ulugʻlaydi (Hasanxoja Nisoriy. Muzakkir ul-ahbob. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 35-bet).

Qosim Shayx vafotidan soʻng Turkiston, Oʻtror, Xorazm, Buxoro hududlarida yashovchi muridlari uning ishlarini davom ettiradi. “Tazkirat ul-avliyo” asaridagi maʼlumotlarga koʻra esa, Qosim Shayxdan keyin yassaviya silsilasi Turkiston, Oʻtror va Amu vohasida keng tarqaldi (qarang: Muhammad Tohir Eshon. Tazkirat ul-avliyo. OʻzFA Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar xazinasi. Inv. №7017).

Qosim Shayx Azizon haqidagi asarlarda uning “Biz toʻrt silsiladan ruxsat olganmiz” degan eʼtirofi keltiriladi (qarang: Suyundiq Mustafo Nurotiy. Karmana azizlari. Toshkent, “Muharrir”, 2010. 109-bet). Bu maʼlumot uning yassaviya, kubroviya, qodiriya, naqshbandiya shayxlaridan taʼlim va pirlik ijozati olganini koʻrsatadi. Bu – tasavvuf tariqatlari tarixida kamdan-kam kuzatiladigan holat.

XVI asrda Buxoro shahrining qibla tarafidagi Chorbakr majmuasida makon tutgan Joʻybor xojalari naqshbandiya tariqatida yuqori nufuzga ega edi. Oʻz davrida naqshbandiyaning peshvosi boʻlgan joʻyboriy shayxlardan Xoja Saʼd Karmanaga – Qosim Shayx huzuriga keladi. Bu ikki tariqat pirining samimiy doʻstona suhbati qudachilik bilan yakunlanadi.

Qosim Shayxning “Raddi shiya” (“Shiachilikni rad etish”) asari borligini XX asr boshlarida yashagan nemis sharqshunosi Karl Brokkelman eslab oʻtgan boʻlsa-da, u hozirgacha topilmagan.

Qosim Shayx Azizon ham, piri Hazrat Shayx Xudoydod singari, boylik orttirish va podsholardan nazr-niyoz olishni xush koʻrmas, ilojsiz qabul qilgan taqdirda ham, uni beva-bechora va muhtojlarga tarqatishni afzal bilar edi.

Mustaqillik yillarida bu avliyo zot mangu qoʻnim topgan majmua taʼmirlanib, muqaddas ziyoratgohlardan biriga aylantirildi.

Sardor QUVONOV,

Navoiy davlat Pedagogika instituti

mustaqil tadqiqotchisi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Elni vabodan qutqargan zot” maqolasi