Tilimizda eng koʻp ishlatiladigan va eng koʻp maʼnoga ega boʻlgan soʻz – el soʻzi. Elning “xalq”, “odamlar”, “qabilalar ittifoqi”, “urug‘-aymoq”, “tinchlik”, “murosa”, “doʻstlik”, “davlat”, “hokimiyat” kabi maʼnolari bor. Bu soʻzning tarixi, tub ildizi borasida olimlar turli fikrlarni bildiradilar, turli farazlarni ilgari suradilar. “Turkiy tillar etimologik lugʻati”da el soʻzi “qoʻl” maʼnosidagi il soʻzidan kelib chiqqan deyiladi. Qoʻlning al, il, ilgi shakllari hozir ham tilimizda, shevalarimizda bor. 

Sabr aylasang, murodingga yetarsan,

Nasib boʻlsa yor ilkidan tutarsan,

– deyiladi “Tohir va Zuhra” dostonida.

Baʼzi izohlarda el “ilgida hokimiyat, boshqaruv, rahbarlik bor” degan maʼnoni anglatadi deb aytilgan. “Qoʻli uzun”, “Ilgida tutib turadi” kabi iboralar ham qoʻlida qudrat bor maʼnosini ifodalab keladi. Alisher Navoiy ham el soʻzini “qoʻl”, “xalq” va “lashkar” maʼnolarida qoʻllagan.

El boʻlmasa, saltanat mumkin emas.

“Tarixi muluki ajam”dan.

Mahmud Koshgʻariyda el soʻzi “el, mamlakat, yurt, kelishuv, eshik” maʼnolarida keladi: iki bӭg birla ӭl boldї – Ikki bek bir-biri bilan yarashdi (kelishib oldi). Xalqimizda “Kirari el, chiqari yov” degan maqol ham bor. Koshgʻariydan yana bir misol: kӱch ӭldin kirsӓ tӧrӱ tӱңlӱktin chїqar, yaʼni, zulm eshikdan kirsa, insof tuynukdan chiqadi. Bu misollarda el soʻzi kelishuv, doʻstlashuv va eshik maʼnolarida kelyapti.  Mahmud Koshgʻariy qoʻlni elig soʻzi bilan, qoʻlqopni esa, eliklik soʻzi bilan ifodalaydi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, odamlar birlashgan joyda el paydo boʻladi. Demak, qoʻlda barmoqlar birlashadi, bir musht holiga kelish degan ibora ham birlashishni bildiradi. Odamlarning birlashib bir qoʻl – ilga aylanishi elni bildiradi.

Eshqobil SHUKUR

“Bobosoʻz izidan” kitobidan.