Ayrim maktablarda ingliz tilida taʼlim berish tajribasini yoʻlga qoʻyish taklif qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tanishgan taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha taqdimotda aytib oʻtildi.

Taʼkidlanishicha, majlisda maktab darsliklarini yangilash, oʻquvchilarning bilim va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish hamda baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, pedagoglarga metodik yordam koʻrsatishda sunʼiy intellektdan foydalanish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, kasbiy taʼlim boʻyicha yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual taʼlimni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy oʻquv materiallarini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.

Oliy taʼlimda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun masʼuliyatini oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, taʼlimni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish boʻyicha takliflar ham taqdim etildi.

Prezident taʼlimning bogʻchadan oliygohgacha boʻlgan barcha bosqichlari yagona tizim sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet oʻrtasidagi uzviylikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish topshirildi.