Milliy bayrogʻimiz sportdagi faoliyatimda doimiy hamrohimga aylangan. Biz har bir gʻalabani birga nishonlaymiz. Jahon arenalaridagi yutuqlar aslida bayrogʻimizning yuksaklarga koʻtarilishi bilan yanada qadrli. Bu shunday hissiyotki, oʻrnini hech nima bosa olmaydi.

Shu yil yozda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganidan behad quvondim. Milliy ramzimizdan endi kundalik hayotda ham kengroq va koʻproq foydalansak boʻladi, bunga qonun asos bermoqda.

Davlat bayrogʻi va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida, sport musobaqalarida, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda foydalanish mumkin.

Xorijda oddiy odamlar uylariga davlat bayrogʻini ilib qoʻyganini koʻrib havasim kelardi, endi bu imkoniyat bizda ham bor. Xalqaro musobaqalar va respublika chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga toʻliq ruxsat etildi.

Milliy bayrogʻimiz bizni birlashtiradi, gʻurur va iftixor beradi, yanada kuchli qiladi! Yuksak marralarga chorlab turadi! Hali bu bayroqni boshimiz uzra koʻp-koʻp koʻtargaymiz!

Bahodir JALOLOV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi


Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!