U uchinchi urinishdan soʻng prezident boʻldi
Islohotchi, jarroh, etnik ozarboyjonlik Masʼud Pezeshkiyon Eronda oʻtkazilgan muddatidan oldin prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida gʻalaba qozondi.
Ikki turdan iborat boʻlgan prezidentlik saylovlari soʻnggi paytlarda Eronda eng raqobatbardosh saylovga aylandi. Saylovchilar koʻp yillar davomida birinchi marta nafaqat Eron elitasining konservativ qanoti vakiliga, shuningdek, mamlakat taraqqiyotining muqobil variantini taqdim eta oladigan islohotchilar uchun ovoz berish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Toʻgʻri, eng muhim hukumat qarorlarini qabul qilish mexanizmi oliy rahbar Ali Xomanaiy qoʻlida boʻlgan sharoitda yangi prezident Masʼud Pezeshkiyon uchun siyosiy vektorni oʻzgartirish qiyin boʻladi. Xoʻsh, u qanday qilib Eronning toʻqqizinchi prezidenti boʻlishga muvaffaq boʻldi? Mamlakatning ichki va tashqi siyosatida nimalarni oʻzgartirishi mumkin?
Eronda Nega muddatidan oldin prezidentlik saylovlari oʻtkazildi?
Shu yilning 19-may kuni Eronning sakkizinchi prezidenti Ibrohim Raisi aviahalokatda vafot etdi. Eron Islom Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlik vakolatlari oʻtgan vitse-prezident Muhammad Moxber muddatidan oldin prezidentlik saylovlari oʻtkazilishini eʼlon qildi.
Ovoz berishning birinchi bosqichi 28-iyun kuni boʻlib oʻtdi. Oʻshanda nomzodlarning hech biri mutlaq koʻpchilik ovozga ega boʻlmagani bois, bir haftadan keyin ikkinchi tur oʻtkazilishi belgilangan edi.
Masʼud Pezeshkiyon qanday natija bilan gʻalaba qozondi?
Ikkinchi tur natijalariga koʻra, nomzod Masʼud Pezeshkiyon 16,4 million ovoz yoki umumiy saylovchilarning 54,8 foizini toʻpladi. Uning raqibi, Oliy rahbarning Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy esa atigi 13,5 million ovoz (44,3 foiz) oldi.
Qizigʻi shundaki, ikkinchi turda saylovchilarning deyarli 50 foizi qatnashgan. Bu birinchi davradagi saylovchilar ishtirokidan 10 foizga yuqoridir.
Yangi prezident Eron elitasining qaysi qismiga mansub?
Masʼud Pezeshkiyon Eron elitasining islohotchi qanoti vakili, ichki siyosatda liberalroq kurs tarafdori sanaladi.
Masalan, u ayollarga kengroq erkinlik berish tarafdori va qizlarning hijob kiymagani uchun hibsga olinishini nomaqbul deb atadi.
“Biz hijob toʻgʻrisidagi qonunni hurmat qilamiz, lekin ayollarga nisbatan hech qanday tajovuzkor yoki gʻayriinsoniy xatti-harakatlar boʻlmasligi kerak”, deb taʼkidladi siyosatchi saylovoldi kampaniyasi chogʻida.
Islohotchilar konservatorlardan nimasi bilan farq qiladi?
Islohotchilar ham, ularning konservativ muxoliflari ham 1979-yilgi Islom inqilobi tamoyillariga sodiq qoladilar va Eron siyosiy tizimini tubdan oʻzgartirish niyatida emaslar.