Hindiston va Oʻzbekiston... Bu ikki yurtni tarixiy karvon yoʻllari, Bobur, Imom Moturudiy, Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlarimiz merosi, oʻxshash madaniyat va ekranlardan koʻngillarga koʻchgan hind kinosi birlashtirib turadi. Ammo bugungi kunda Oʻzbekistonni ichkaridan, xususan, uning ertasi boʻlgan yoshlar orqali oʻrganayotgan xorijlik tadqiqotchining xulosasi qanday? Biz Hindistonning nufuzli Javoharlaʼl Neru universiteti (JNU) Xalqaro tadqiqotlar maktabi doktoranti Mansi Bhagat bilan suhbatlashdik. Uning ilmiy ishi bevosita bizga – Oʻzbekiston yoshlariga bagʻishlangan.

Mudrab yotgan ohular

Mansining ilmiy tadqiqoti juda qiziq davrni – 1991-yildan to 2020-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida oʻzbek yoshlarining hayot yoʻllari, duch kelgan qiyinchiliklari va imkoniyatlarini qamrab oladi. Uning tadqiqot davomida nimalarni oʻrgangani va qanday xulosalarga kelgani bilan qiziqdim.

– Tadqiqotim Oʻzbekiston yoshlarining oʻtish davriga bagʻishlangan boʻlib, “Oʻzbekistonda yoshlarning oʻtish davri: Oʻzbek jamiyatidagi muammolar, imkoniyatlar va oʻzgaruvchan hayot yoʻllari” deb nomlanadi. 1991-yildan (mamlakat mustaqillikka erishgan yildan) to 2020-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston yoshlari oʻzligini shakllantirishda tarixiy xotiraning oʻrnini aniqlash tadqiqotimning eng muhim qismi edi.

Ushbu izlanishlarim orqali Oʻzbekiston yoshlarining taʼlimdan mehnat faoliyatiga, mustaqil hayotga va jamiyatga qoʻshilish jarayonlarini qanday bosib oʻtayotganini oʻrgandim. Oila, taʼlim muassasalari, davlat siyosati, madaniy anʼanalar hamda globallashuvning yoshlar kamolotida koʻrsatayotgan taʼsirini tahlil qildim.

Shu kungacha olib borilgan izlanishlarning dastlabki xulosasi shuki, oʻzbek yoshlari ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ulkan oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Garchi anʼanaviy oilaviy qadriyatlar oʻz kuchini saqlab qolayotgan boʻlsa-da, yoshlarga raqamli texnologiyalar, dunyo madaniyati, yangicha taʼlim usuli va karyera imkoniyatlari tobora koʻproq taʼsir koʻrsatmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, Oʻzbekistonda yoshlarning shakllanish davri anʼanaviy ijtimoiy tuzilmalar va zamonaviy global omillarning uygʻunligi ostida kechyapti. Yoshlarning muvaffaqiyatli kamol topishi uchun taʼlim, ish oʻrinlari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash talab etiladi.

Oʻzbekiston yoshlari global dunyo oqimiga qoʻshilib borayotgan boʻlsa-da, oʻzlarining anʼanaviy qadriyatlariga qatʼiy sodiq qolishlari meni hayratlantirdi. Biroq bir nozik jihat bor: yoshlarning yelkasiga erta tushadigan hayot masʼuliyati ularni koʻproq pul topish haqida oʻylashga majbur qilyapti. Bu esa ularning oʻz mutaxassisligi boʻyicha yangi yoʻnalishlarni sinab koʻrish, yoshlik gashtini surish va oʻz ustida koʻproq ishlashni cheklab qoʻyadi. Kichik misol keltiray, oliy taʼlim muassasalari va maktabdagi holat bilan tanisharkanman, kutubxonalar deyarli boʻshligiga guvoh boʻldim. Yoshlar yelkasiga juda erta tushgan tirikchilik gʻami ayni oʻzini rivojlantirishi kerak boʻlgan paytda ularni mavsumiy ishlar sari eltadi. Ammo... oʻsha yoshlarning qalb derazasidan ichkariga moʻralasangiz, u yerda jussasidan katta orzu-umidlar, niyatlar goʻzal ohudek mudrab yotganini koʻrasiz.

Oʻzbekiston yoshlari uchun tarix faqat darslik emas

Javoharlaʼl Neru universiteti hamda Hindiston Ijtimoiy fanlar tadqiqot kengashi (ICSSR) tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqot granti menga Oʻzbekistonda ikki marta stajirovka oʻtash, birlamchi maʼlumotlarni toʻplash, mahalliy aholi, oʻqituvchilar va yosh ziyolilar bilan bevosita muloqot qilish imkonini berdi.

Birinchi tashrifim 2025-yilning oktyabriga, ikkinchisi esa 2026-yilning mart oxiri va apreli boshlariga toʻgʻri keldi.

Meni tadqiqotimning muhim qismi boʻlgan Oʻzbekiston yoshlari oʻz madaniy va tarixiy merosini qay darajada qadrlashlari qiziqtirardi. Koʻplab oʻzbek yoshlarining oʻz oʻtmishiga maktabdagi darslik sifatida emas, hayoti va oʻzligining bir qismi sifatida qarashi eng hayratlanarli kuzatuvlarimdan biri boʻldi.

Suhbat va intervyular davomida respondentlar oʻz fikri hamda maqsadlarini tushuntirish uchun koʻpincha tarixiy shaxslar, urf-odatlar va oʻtmish sivilizatsiyalarini tilga olishardi. Masalan, yoshlar bilan boʻlgan muhokamalardan birida biz Ipak yoʻli davrining ahamiyati va Oʻzbekistonning savdo-sotiq hamda madaniyatlararo muloqot markazi sifatidagi tarixiy oʻrnini muhokama qildik. Ularning ishonishicha, oʻzbek jamiyatiga fors, turk, yunon, arab va hind madaniyatlarining oʻzaro taʼsiri katta boʻlgan. Yoshlarning aksariyati bu tarixiy ochiqlikni mehmondoʻstlik, ilmga ehtirom va koʻp madaniyatlilikni tushunish kabi zamonaviy ideallar bilan bogʻlashdi.

Islom sivilizatsiyasi, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino va boshqa tarixiy allomalar tez-tez ilhom manbai sifatida tilga olindi. Bir qator respondentlarning taʼkidlashicha, oldingi avlodlardan oʻtib kelayotgan eng asosiy fazilatlardan biri bu – bilimga intilishdir. Shuningdek, tarixiy ongda Temuriylar davri muhim oʻrinni egallagan. Ishtirokchilar Amir Temur davrini ilm-maʼrifat, meʼmorchilik va madaniy aloqalar yuksalgan davr sifatida eʼtirof etishdi. Yoshlar Samarqandni tarixiy shahar boʻlishidan tashqari, bilim va gʻurur ramzi sifatida ham taʼriflashdi. Sayohatlarim mobaynida, ayniqsa Namangan, Fargʻona va Andijonda yoshlarning Bobur va uning tarixiy merosi haqida toʻlqinlanib gapirganlarini koʻp eshitdim. Qanchadan-qancha talabalar va yoshlarning oʻz tarixiga, tugʻilib oʻsgan joyi tarixiga qiziqishi, keng muhokama qilishlarini koʻrish koʻproq hayratga soldi. Tadqiqotim davomida men kuzatgan Oʻzbekiston yoshlariga xos xususiyatlardan biri bu – ularning oʻtmish bilan chuqur bogʻliqligi boʻldi.

Qizlar taʼlimi va xorijga intilayotgan yoshlar

Ikkinchi tashrifim shu yilning bahoriga toʻgʻri keldi. Vaqtimning asosiy qismini Toshkent va Fargʻona vodiysida oʻtkazdim, u yerda maktab, kollej va universitet talabalari bilan muloqotlar olib bordim, kundalik hayot, taʼlim, kelajakdagi rejalar va karyera maqsadlari haqida soʻrovnomalar oʻtkazdim.

Sinfxonalarda oʻquvchi qizlarning sezilarli darajada koʻpligi eʼtiborimni tortgan hayratlanarli fakt boʻldi. Men tashrif buyurgan taʼlim muassasalarida qizlar oʻgʻil bolalardan koʻpdek tuyuldi, bu Oʻzbekistonda qizlar uchun taʼlimning muhim ekanini koʻrsatadi. Koʻplab yoshlar oliy taʼlimni xorijiy universitetlarda davom ettirish, kasbiy malaka oshirish va mamlakat rivojlanishiga hissa qoʻshish istagini bildirdi.

Zamonaviy texnologiyalar va globallashuv oʻzbek yoshlariga yangi imkoniyatlar bermoqda. Oʻquvchilar yoshlik paytidanoq ingliz va boshqa xorijiy tillarni, chet eldagi taʼlim dasturlarini oʻrganmoqda va internet platformalaridan bemalol foydalanmoqda. Shunday boʻlsa-da, ular oʻz oilalari va kichik jamiyatlari bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolishgan. Mahalliy grantlar va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yoshlarga orzularini ushaltirishga yordam bermoqda.

Shu oʻrinda, Hindiston va Oʻzbekiston yoshlarini oʻzaro solishtirish katta adolatsizlik boʻlar edi, chunki Hindiston 1947-yilda, Oʻzbekiston esa 1991-yilda mustaqillikka erishgan. Hindiston bosib oʻtgan mustaqil taraqqiyot yoʻli Oʻzbekistonnikiga qaraganda ancha uzun. Shu bois, hayotni farovonlashtirish uchun yaratilgan imkoniyatlar ham Hindiston yoshlarida koʻproq.

Biroq Oʻzbekistonning yosh avlodi dunyoda texnologik yuksalish (bum) boshlanib boʻlgan bir davrda maydonga chiqdi. Aynan shu sababli oʻzbek yoshlari koʻplab qiyinchiliklarga ham duch kelyapti, zero texnologik taraqqiyot shiddati juda yuqori. Raqobat ham beqiyos, lekin Oʻzbekiston endigina mustaqil boʻlgani va yoshlar hali izlanish jarayonida ekanligi sababli texnologiyalar koʻlamini toʻliq anglab yetish uchun ularga maʼlum vaqt kerak boʻlishi tabiiy.

Hindiston ancha avval mustaqil boʻlgan hamda texnologiya, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida ulkan saʼy-harakatlarni amalga oshirgan. Shunga qaramay, biz har ikki mamlakat yoshlarini tushunishimiz kerak. Ular oʻrtasida farq qidirishdan koʻra hayotlarini yaxshilashlari hamda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishlari uchun ularga keng yoʻl va koʻplab imkoniyatlar yaratib berish lozim, deb oʻylayman.

Mening hozirgi kungacha boʻlgan ilmiy sayohatim va tajribamning eng eʼtirofli, yorug‘ jihatlaridan biri shuki, oʻzbek xalqining mislsiz ochiqkoʻngilligi hamda yosh avloddagi hayratlanarli gʻayrat-shijoat, yuksak va goʻzal orzu-intilishlarining shaxsan guvohiga aylandim.

Chorzu bozori, qalampir va “gap”

Hindiston madaniyatiga oʻxshash oʻzbek madaniyati juda manzur keldi. Namangandagi Chorsu bozorining fayzu tarovati haqida soatlab gapirsam ham tugamaydi: qayerga bormay, besabab sovgʻalar ulashishgan, rastalarda meva sotayotgan onaxonlar qoʻyarda-qoʻymay xaltaga mevalardan solib berishgan, sanasam, iltifotlarning adogʻi yoʻq. Taomlarga kelsak, tandirdan uzilgan issiqqina non, shohona osh, kabob, koʻk choy, somsa, pista, oʻrik, xurmo, sumalak, Qoʻqon holvasi hamda oʻzbekona usulda qovurilgan tovuq va baliq kabi neʼmatlardan bahramand boʻldim. Oʻzbekistonning oʻnga yaqin shaharlarini aylanib, aytolamanki, Namangan taomlari qalbimning toʻridan joy oldi.

Baxtimga, oktyabr oyida – ayni shaftoli pishigʻi oxirlab qolay deganda Oʻzbekistonga boribman. Oʻzbekiston shaftolisi men hayotimda tatib koʻrgan eng shirin mevalardan biri boʻldi. Shuningdek, shokoladga belangan sarxil xurmolarni ham sevib tanovul qildim.

Oʻzbekistonda men bilan yuz bergan eng qiziq va kulgili holatlardan biri  –hindligimni bilgan odamlar menga nuqul yashil achchiq qalampir tutishgani boʻldi. Ular hindlarni oʻzining ogʻizni jazzillatib yuboruvchi achchiq taomlari bilan mashhur, deb oʻylashar ekan. Shunaqa kichik, samimiy harakatlar koʻpincha Hindiston, uning madaniyati va kundalik hayoti haqidagi qizgʻin, shirin suhbatlarga ulanib ketardi. Koʻpchilik oʻzbekistonliklar bolaligidan hind filmlari va telekoʻrsatuvlarini tomosha qilib voyaga yetganliklari uchun hindistonlik mehmon bilan yuzma-yuz koʻrishishdan boshlari osmonga yetganini quvonch bilan izhor etishdi. Yana Oʻzbekistondaligimda eng koʻp berilgan savol: “Turmushga chiqqanmisiz?” boʻldi. Bu kulgili tuyulishi mumkin, lekin shu oddiy savol oʻzbeklar uchun oila muhim qadriyat ekanini anglatadi.