Koʻpchilik qardoshlarimiz tilida “mehmon” soʻzi oʻrniga “qoʻnoq” deyilishi, mehmon anglami maʼnosida koʻpincha “misafir” soʻzini qoʻllaydigan Onadoʻli turklari “mehmon kutish” uchun “qoʻnoqlama” soʻzini ishlatib, ayrim oʻrinlarda mehmonga nisbatan “qoʻnuq” soʻzini qoʻllashlariga duch kelganda, bunga oʻxshash soʻzlar oʻzbekchada ham borligini, biroq kam qoʻllanilishini xayoldan oʻtkazamiz. Qoʻshni qozoq eliga yoʻlimiz tushganida bizda “mehmonxona” deb yoziladigan binolarga “qoʻnoq-uyi” deb yozilganini koʻrgach esa xayolimizdan “Biz ham tarixdan bu soʻzni ishlatib kelamiz, nega hozir foydalanmaymiz” degan oʻy oʻtadi.
Chekka qishloqlarda oʻtkaziladigan toʻylarda toʻy egalari mehmonlar uchun atayin qoʻnim yeri tayyorlab qoʻyishadi va bunday joylar xalq tilida “qoʻniq” deb ataladi. Ayniqsa, Chiroqchi, Koʻkdala va yana boshqa oʻnlab tumanlarimizda uzoqdan kelgan mehmonlarga toʻy egasining uyida emas, qoʻni-qoʻshnilari, qarindosh-urugʻlarinikida joy qilinib, moʻl-moʻl goʻsht, guruch, yog‘, sabzi, ichimlik, qoʻyingki, toʻy kuni mehmonlarga nima tortiq qilinadigan boʻlsa, “qoʻniqlik” uchun shularning barchasidan bir miqdor bir miqdor ajratilib, “qoʻniqxona”ga berib yuborilishi odati bor [Nafasov 2011: 440-441].
“Qoʻniqchilik” toʻydan bir necha kun oldin oʻzaro kengashilib, belgilab olinadi. Negizi qadim-qadimlarga borib taqaladigan “qoʻniqchilik” orqali toʻnab qoluvchi mehmonlar bilan bogʻliq yotoq yeri masalasi hal etilgan. Yaʼni toʻy egasining uyida barcha mehmonlarga yotoq topilmasligi mumkin edi. Yurtimizning koʻp yerlarida borgan sari unutilib ketayotgan bu anʼananing negizida quyida toʻxtalib oʻtiladigandek, bizningcha, eski turklarga xos anʼana yotadi.
Deyarli ming-bir yarim mingyillik yozma bilgilar eski turklar – ota-bobolarimizning kundalik turmushi, xususan, “mehmon kutish” anʼanasi qanday boʻlganini kuzatish imkonini beradi. Ayniqsa, VII – VIII yuzyilliklarga tegishli Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari, eski uygʻurcha bitiklar va XI yuzyillikda yozilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarlaridagi bilgilar orqali oʻsha kezlarda turkiy ellar qishloq va ovullarda, shahar – kent va qoʻrgʻonlarda yashab, sezilarli bir boʻlagi koʻchmanchi chorvachi, yana bir boʻlagi esa oʻtroq, ekin-tikinchilik turmush yoʻsiniga ega boʻlganliklarini kuzata olamiz.
Chet ellik “qoʻnuq”larni kutib olayotgan eski turk beklari. VII – VIII yuzyilliklar. Afrosiyob (Samarqand) devoriy rasmlari
Turk xoqonligi (552-744) boshqaruvi chogʻida kunchiqari Uzoq Sharq, Oʻrxun oʻlkasi (Moʻgʻuliston), Kungay Sibir va Oltoy, kunbotari Qora dengizning terskay tomonlari, shimolda Volga-Uralboʻyi, kungay – janubda esa Amudaryo va Xurosongacha choʻzilgan ulkan kengliklarda yashagan turkiy ellar bitiktoshlar tili bilan aytganda “ev-barq” – hovlili uy va oʻtovlarda yashab, oʻz uylarida qoʻnoq – mehmon kutishni “er erdami” – insoniy fazilatlardan biri deb bilganlar [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 112; DTS 1969: 84, 176, 189]. Buni “Devonu lugʻatit turk”da qoʻnoq kutish bilan bogʻliq oʻnlab soʻz va atamalar uchrashi koʻrsatib turibdi. Quyida ulardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz:
1. “Qoʻnuq – qoʻnoq (mehmon)”. Bir necha oʻrinlarda turklarning qoʻnuqsevarligiga urgʻu bergan Mahmud Koshgʻariy oʻsha kezlarda ham “elchilik” – jamiyatda buzilishlar boʻlgani, ayrim kishilar uyida mehmon kutishdan qochib, oʻz oʻtovini yiqitishgacha borgani, bu tutum el ogʻzida otasoʻzi – maqolga aylanib, aytib yurilganini quyidagicha toʻrtlikda keltirib oʻtgan:
Bardi eran qoʻnuq,
Boʻlub qutqa saqar,
Qaldi alig‘ uyuq
Koʻrub uyni yiqar.
(Mehmonga qut-baraka deb qarovchi er-mardlar oʻtib ketdi, sharpani sezsa, kirib qolmasin deb oʻtovini buzadiganlar qoldi” [Koshgʻariy 1960, I: 365].
“Devon”ning boshqa bir yerida esa shu toʻrtlik biroz boshqacha koʻrinishda keltirilib, birmuncha kengroq ochiqlama berilgani koʻzga tashlanadi:
Bardi eran qoʻnuq, koʻrub qutqa saqar,
Qaldi yavuz uyuq, koʻrub evni yiqar.
Mehmonni davlat (qut) va barakatdan sanaydiganlar oʻlib ketdi, sahrolarda koʻringan narsa-qoralarni va manzillarni belgilash uchun qoʻyilgan toshlarni koʻrib, odam deb oʻylab, u kelib qoʻnib qolmasin, deb chodirini buzuvchilargina qoldi.
2. “uma – uyga kelgan qoʻnoq, mehmon. Uma kelsa qut kelir – mehmon kelsa, qut kelar” – senga mehmon kelsa, u bilan birga baraka, qut, baxt keladi. Qoʻnoqni yaxshi qarshi oladilar, malol olmaydilar. Baytda shunday kelgan: Kelsa qali yarlig‘ boʻlib yunchig‘ uma. Keldir anuq boʻlmish ashig‘ tutma uma – bechora, ojiz, gʻarib mehmon kelsa, hozir boʻlgan [oʻzingda boʻlgan] narsani mehmonga tezlik bilan taqdim qil, kechiktirib, beparvolik qilib mehmonga malol keltirma”.
Mahmud Koshgʻariy bir necha oy yursa ham bitmas-tugamas turkiy el--uluslar orasida kezib, yuzlab otasoʻzi – maqollar, oʻgit va erdamli soʻzlar yigʻar ekan, qoʻnoqchilik madaniyatiga tegishli shu kabi toʻrtliklarni ham keltirib oʻtadi:
Koʻrklug toʻnug‘ oʻzungga,
Tatlig‘ ashig‘ adinqa,
Tutgʻil qoʻnuq agʻirlig‘,
Yazsun chavin budunqa.
“Koʻrkam, chiroyli toʻning oʻzinga, shirin ovqatingni boshqalarga ata; qoʻnoqlarni hurmatla, toki shuhrating el-yurtga taralsin (Chiroyli toʻningni oʻzing kiy, biroq shirin taomlaringni boshqalarga tut, mehmondoʻst boʻl, toki shuhrating olamga yoyilsin)”.
3. “känchliyu – xonlarning toʻylarida yoki bayramlarida (eldoshlar tomonidan) talab ketilishi uchun oʻttiz gaz yuksaklikda qilingan minoraday dasturxon”. Turkiy davlatchilikning oʻziga xos anʼanalaridan biri – elning boshi boʻlmish xoqon yoki xon tomonidan vaqti-vaqti bilan oʻz el-yurtiga osh berib, xalqning koʻnglini olish boʻlgan. Koʻpincha davlat kengashi – qurultoy oʻtkazilgan kezlarda elga osh (etli yemaklar) tortiq qilingan.
4. “tamgʻaliq – bir kishiga maxsus dasturxon. Aslida tamgʻalig‘, yaʼni muhrli demakdir. Odatda xon oʻziga xos dasturxon va koʻzachani muhrlab qoʻyadi, unda bir kishiga loyiq sharob va ovqat boʻladi. Soʻngra har bir kichik koʻzacha va dasturxon tamgʻaliq deb ataladigan boʻldi. Buning maʼnosi xondan boshqa odam undan ovqat yemasligi uchun tamgʻa urilgan dasturxon demakdir”.
5. “boʻshug‘, boʻshug‘ ashi – xon tomonidan oʻziga yuborilgan elchining qaytib ketishiga berilgan ijozat qogʻozi. Elchilarga berilgan tuhfaga ham bu soʻz qoʻllanadi. Bu “sufra” soʻziga oʻxshaydi. Sufraning asl maʼnosi musofir uchun qilingan taom boʻlsa ham, keyinchalik u taom yoziladigan teridan qilingan dasturxonga ham qoʻllanilgan, shuningdek, bir qarindosh oʻz qarindoshi huzuriga uzoqdan kelib, qaytish vaqtida qarindosh, yaqinlarni chaqirib beriladigan tortiqlarga ham bu soʻz qoʻllanadi. Ularga atab tayyorlangan ovqatga ham boʻshug‘ ashi deb aytiladi. Bu – ruxsat oshi demakdir”.
Eski turklarning toshlarda “mangulashtirilgan” qoʻnoq kutish sahnasi. VII-VIII yuzyilliklar. Moʻgʻuliston
6. “beläk – safar qiluvchi kishi oʻz yaqinlariga olib boradigan yoki biror yerdan boshqa bir yerga keltiruvchi sovgʻa, hadya”.
Bu soʻz turkiy tillarning ayrimlarida uchrab, oʻzbek tilida saqlanib qolmagan, deb qaraladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Onadoʻli turkchasida “belek” – tekin, sovgʻa” anglamlarida qoʻllaniladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻzbek tilida fors yoki arab tilidan kirib kelgan soʻz deb bilinadigan “palak [päläk] – osmon gumbaziga oʻxshash doira shaklidagi gul naqshlar bilan qoplangan, odatda uy devorlariga bezak uchun osib qoʻyiladigan kashtachilik buyumi”ning [OʻTIL 2008: 206] negizi bu soʻzga borib taqalmasmikan, deb qarashga undaydi. Chamasi, kelinning yangi tushib borgan kuyov uyiga “sovgʻa” oʻlaroq “palak” olib borishi shu anglamni tashuvchi eski turkcha “balak”ka borib taqaladi.
7. “toʻr – uyning toʻri. Toʻrga kech – toʻrga oʻt” [Koshgʻariy 1963, III: 133]. Eski turklarda yoshi ulug‘ kishilar oʻtiradigan oʻrin anglamida qoʻllanilgan bu soʻz koʻpincha qoʻnoq kelganda qoʻllanilib, mehmon uyning eng ardoqli oʻrniga oʻtqazilgan. Bugungi kunda Onadoʻli va Ozarbayjon turklari orasida unutilib, oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq, qirgʻiz, tatar, boshqird, oltoy va sibirlik turkiylar orasida saqlanib qolgan bu soʻz ushbu el-uluslarda qadriyat darajasiga koʻtarilgan.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, ota-bobolarimiz uyga qoʻnoq kelganda toʻkin dasturxon bilan kutib olishni “er erdami” (insoniy fazilat) deb bilganlar. Kundalik yemaklari tongi, tushki va kechki deb atalgan turkiylarning ilk tomoqlanishi “tutgʻich – dastlabki ovqat, nonushta”, yalpi tomoqlanishi esa “kunlik yem – kundalik, kunlik oziq” deb yuritilgan [Koshgʻariy 1960, I: 422, 444; DLT 2014: 197, 210]. Shuningdek, kundalik turmushda keng tarqalgan yemakni “yavgʻan ash” (goʻshtsiz yemak, yovgʻon osh) deb atagan eski turklar qoʻnoqlar uchun “tansuq” (tansiq) yeguliklar tortiq qilishga intilganlar. Mahmud Koshgʻariy “yavgʻon osh”ga kundalik yemak deb ochiqlama berib, lazzatli yemaklarni esa “tansuq – onda-sonda duch kelinadigan yemak boʻlgani uchun tansuq osh deyish shundandir” deb urgʻu berib yozishi oʻz-oʻzidan boʻlmasa kerak [Koshgʻariy 1963, III: 44: 393; DLT 2014: 364].
“Devon”da “tartin – yoʻl (safar) va boshqa maqsadlarda tayyorlanadigan yegulik” deb keltirilib, asarning oʻzbekcha oʻgirmasida “oziq-ovqatni gʻamlash” deb berilgan soʻz [Koshgʻariy 1960, I: 408; DLT 2014: 188] oʻzbek tili shevalarida “tårtin qilmoq – polizdagi qovun-tarvuzni qarindosh-urugʻlariga tortiq qilmoq” anglamida saqlanib qolgan (Qashqadaryo vil., Koʻkdala t., Harduri q.).
Mehmon kutish, yalpi olganda, oziqlanish madaniyati eski turklarda ancha yuqori boʻlganini koʻrsatadigan bilgilarning yana biri turkiylar tiliga xos atamalardir. Uy-barqining bir boʻlagini oshxona uchun ajratib, uni “ashliq” deb atagan ota-bobolarimiz mehmon kutish va dasturxon yozish bilan bogʻliq bir necha atamalarni ishlatganlar. “Devon”da “qoʻnuqliq ev – ziyofat uyi, qoʻnoqli uy, mehmonxona” degan ibora uchraydi [Koshgʻariy 1960, I: 462; DLT 2014: 219]. Demak, eski turklar oʻtovlarda oʻz qoʻnoq – mehmonlarini kutish bilan birga, ular uchun uylarida ayri bir boʻlma (xona) ajratgan koʻrinadi. Yaqin-yaqinlargacha ham oʻzbeklarda uy-hovlining bir boʻlagini mehmonlar uchun ajratib, uni “mehmonxona”, “mehmontom” deb ataganliklari oʻsha anʼananing bir koʻrinishi boʻlsa kerak [qar. Nafasov 2011: 178].