– Olamni oʻzinikilar va begonalarga boʻlib tasavvur etish inson tiynatida bor. Odamzod yayrab yashash uchun qulay sharoit yaratish, boyliklarni qoʻlga kiritish... kabi maqsadlarda turli guruhlarga boʻlinadi. Ushbu asl sababni xaspoʻshlash vajidan toʻqib-bichilgan millatchilik kabi mafkuralar esa zamonlar osha evrilib kelgan. Xoʻsh, millatchilik tarixan turli hududlarda qay tarzda shakllangan?
– “Millat” istilohini turli maʼno-mazmunda ishlataverib oʻrganib qolganmiz, ammo sof ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, uning qoʻllanadigan oʻz ijtimoiy makoni va zamoni bor. Olimlar XVII asrdan oldingi tarix haqida gap ketganda mazkur atamani tilga olishdan tiyiladilar. Negaki, bugungi maʼnodagi millat tushunchasi XVII-XVIII asrlardan shakllana boshlagan.
Millatchilik, aslida, ayirmachilik ideologiyasi boʻlmagan. Bizda hozir bu atama salbiy maʼno kasb etadi, lekin ilmiy jihatdan u shunchaki bir siyosiy qarash, dunyoni idrok etish shakli edi. Ilk millatchiliklar oʻz davri uchun progressiv ahamiyatga ega boʻlgan. Unga qadar esa odamlar boshqacha oʻzlik taʼlimotlari asosida yashagan. Yevropada XIV asrda boshlangan ulkan oʻzgarishlar milliy qarashlarning shakllanishiga turtki berdi. Bu evrilishlar ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamragan edi. Jumladan, iqtisodiy jabhada: savdo yoʻllari oʻzgardi, Yangi dunyo kashf etildi, dengizchilik rivojlandi, keyinroq sanoatlashuv va kapitalizmga oʻtish boshlandi; madaniyat yoʻnalishida: Uygʻonish davri yuz berdi, yangicha dunyoqarashga asoslangan sanʼat kurtak yozdi; diniy sohada: protestantizm vujudga keldi; ilmda: akademik metodologiya shakllanib, fan diniy qarashlar va mifologiyadan mustaqil dissiplinaga aylandi; siyosatda: liberalizm, shuningdek, turli soʻl qarashlar kuchaya bordi. Ana shunday tigʻiz jarayonlar asnosida millatchilik boʻy koʻrsatdi. Yangi dunyoqarashga ega ziyolilar hamda zamona zayli bilan boyib ketib, imkoniyatlari kengaygan, lekin eski toifa nuqtai nazaricha hali ham jamiyatning quyi qatlami sanalgan burjuaziya bu harakat boshida turdi. Ular tartib-qoidalar eskirganini anglab, oʻzgarishlarni talab qildi. Dastlab Niderlandiya va Angliyada inqilob roʻy berdi. Keyin Fransuz inqilobi va AQSh ozodlik kurashi sodir boʻldi. Shu tariqa tarix sahnasiga millatlar chiqdi.
Millat – kishilik jamiyatining yangi bosqichi edi. Oldingi tartibotlardan farqli ravishda mazkur birlashma teng huquqli aʼzolardan iborat boʻlishi kerak edi. Millat vakillari toifaga qarab ajratilmas, har bir fuqaroning tabiiy huquqlari tan olinar edi. Millatning oʻz ramzlari, birlashtirib turuvchi umumiy tarixi, mushtarak qadriyatlari boʻlishi kerak edi. Shu kabi talablarga javob beradigan birlashmagina millat deb tan olinardi.
Barcha siyosiy taʼlimotlarda boʻlgani kabi, millatchilik ham sekin-asta rivojlanib, uning turli maktablari vujudga keldi. Baʼzilarida millat defakto fuqarolikka tenglashtirilgan boʻlsa, ayrimlarida etnik mansublik, til va irq kabi jihatlarga kuchli eʼtibor qaratildi. Qisqa muddatda jadal taraqqiyotga erishgan Yevropa dunyoni egallab, yirik imperiyalar qitʼasiga aylangach esa gegemon millatlarda irqiy yoki aqliy jihatdan boshqalardan ustunlik kayfiyati ildiz otdi. Yevropaliklar tarixiy omillarga koʻra oʻzini va dunyo tartibini isloh etib, yangicha jamiyatlar qurgani uchun emas, balki irqiy jihatdan oliyroq, tabiatan aqlliroq boʻlgani bois ulkan natijalarga erishdi, degan soxta gʻoya urchidi. Bu esa shovinizm va irqchilik tegirmoniga suv quydi. Millatchilikning bunday tadriji oxir-oqibat insoniyat tarixidagi mudhish fojia – Ikkinchi jahon urushiga zamin hozirladi. Alhol, bir vaqtlar kishilik jamiyatining rivojlanishiga turtki bergan millatchilik tushunchasi yomonotliq boʻldi, salbiy maʼno kasb eta boshladi.
Osiyo va Afrika oʻlkalariga milliy harakat nisbatan keyin kirib kelgan. Metropoliya taʼsirida mustamlaka oʻlkalarda yetishib chiqqan yangi avlod ziyolilar Yevropaning ilgʻor qarashlarini oʻzlashtirishga intilgan. Shu asnoda ular oʻz jamiyatini millat deb tasavvur eta boshlagan. Biroq qayd etish joizki, koʻpincha bu gʻoya-qarashlar keng tarqalmay, oxirigacha ishlanmay, aro yoʻlda qolib ketgan. Yoki tushunchaning oʻzigina qabul qilinib, uni tashkil etuvchi jihatlar yetarli darajada shakllanib ulgurmagan. Sirasini aytganda, qaramlikdagi xalqlar millat deb atalsa-da, eski etnik va qabilaviy tasavvurlar deyarli oʻzgarishsiz saqlangan. Buni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekiston misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Mustaqillikka erishish davrida sobiq mustamlaka mamlakatlarda oʻz millatchiligini qayta qurish uchun imkoniyat tugʻildi. Taassufki, koʻpgina yosh mustaqil davlatlar bundan unumli foydalana olmadi. Birinchidan, ular turli tarzda ozodlikka erishgan edi: baʼzilari ulug‘ maqsad sari jiddi jahd qilib, qon va jon berib qullikdan qutulgan boʻlsa (Hindiston va Pokiston), ayrim mamlakatlar mustaqillikka tayyor emas, bundan manfaatdor ham emas edi. Ikkinchidan, qay bir oʻlkada hurlik harakatida butun xalq qatnashib, mamlakat kelajagini barpo etishda koʻpchilik faollik koʻrsatgan boʻlsa, boshqa diyorlarda keng omma siyosatdan necha tosh narida edi. Bunday mamlakatlarda hokimiyat ajnabiy hukmdorlardan mahalliy xoʻjayinlarga oʻtdi, xolos. Xalqning uygʻonishi esa ularning manfaatiga toʻgʻri kelmas edi. Uchinchidan, sobiq mustamlaka oʻlkalar muayyan tarixiy davrga choʻzilgan jarayondan ortda qolgan edi. Gʻarb davlatlari millatchilikning eng fojiali bosqichidan oʻtib, endi isloh etish yoxud undan butunlay voz kechish haqida oʻylamoqda edi. Bunday sharoitda sobiq mustamlakalar Yevropa kabi hammasini boshdan boshlashi kerakmidi yoki umumiy oqimga qoʻshilib, birdaniga zamonaviy millatchilik ideologiyasiga hatlagani maʼqulmidi? Dunyo davlatlari bu borada turli yoʻllardan borib, turfa natijalarga erishdi.
Xullas, postkolonial mamlakatlarda millatchilikning yoʻli boshqacharoq kechdi. Mustamlakachilik siyosati ularni tarixan rivojlanib kelgan oʻzanidan chiqarib, Yevropadan “eksport” qilingan mutlaqo boshqa oqimga solib yubordi. Yaʼni millatchilik tarixan kutilgan hosila oʻlaroq shakllanmadi, balki shakllantirildi. Buning ham ijobiy, ham salbiy jihatlari bor. Ijobiy tomoni, sobiq mustamlakalarga mutaraqqiy dunyoning ilgʻor tajribasi kirib keldi. Zotan, Yevropaning yordamisiz koʻp narsalarga erishish qiyin kechar yoki uzoqroq muddat talab qilar edi. Salbiy jihat shundaki, jamiyatning ijtimoiy evolyutsiyasi tashqi taʼsir tufayli boshqa yoʻnalishga burilgani bois koʻplab mamlakatlar haligacha oʻz yoʻli va oʻrnini topa olmagan.
– Mintaqamizda oʻrta asrlarda maʼnaviy sarhadlarni belgilashda din omili kuchli taʼsir koʻrsatgani, mafkura ham musulmonlar va gʻayridinlar ziddiyatiga qurilgani maʼlum. Xonliklar zamonida esa bir muddat boshqa mazhabdagi qizilboshlarga qarshi kayfiyatdan xalqning boshini qovushtiruvchi gʻoya sifatida foydalanilgan. Markaziy Osiyoda etnik ayirmakashlikning ildizi qaysi davrga borib taqaladi?
– Aslida, etnik ayirmachilik mintaqada azaldan boʻlgan. Eng qadimgi manbalarda turli qabilalar, xalqlar oʻrtasidagi kurashlar tilga olinadi. IX–XI asr solnomalarida ikki asosiy etnik guruh (turk va tojik) ziddiyati naql qilinadi. Moʻgʻullar davrida ham etnik boʻlinish kuzatiladi: turli adabiyotlarda mahalliy oʻtroq aholiga past nazar bilan qarash hukm surgani, munosabatlardagi ishonchsizlik tasvirlanadi. Yaqin xonliklar davrida ham aholi bir necha etnik guruhga boʻlingan, ular oʻrtasida ixtiloflar chiqib turgan. Bu haqda, masalan, major sayyohi Arminiy Vamberi yozgan. Ammo bu ziddiyatlar qay darajada etnik mazmun kasb etganini aniq aytish qiyin. Etnos – kishilik jamiyatining millatdan oldingi uyushmasidir. Tadqiqotchilar bu tushunchani turlicha talqin etadi. Qolaversa, tarixan turli mintaqalarda etnik oʻzliklar turlicha tarkib topgan. Ilmiy tasnifni osonlashtirish uchun barchasini umumlashtirib “etnos” deb yuritilsa-da, bu borada musulmon Sharqi, Sharqiy Afrika va Yevropada muayyan farqlar kuzatiladi. Shu bois zamonaviy antropologlar umumlashtiruvchi atamalardan voz kechib, har bir mintaqaning oʻzlik tajribasini alohida voqelik oʻlaroq oʻrganishni taklif qiladi. Markaziy Osiyo tarixi haqida soʻz yuritilsa, etnoslar konflikti emas, qabila, aymoq yoki ellar konflikti iborasini ishlatgan maʼqul deyishadi. Ammo bu hali fanda mustahkam ildiz otgan, umumeʼtirof etilgan xulosa emas.
Markaziy Osiyo boʻyicha ekspertlarning tadqiqotlarida ikki xil yondashuvni uchratamiz. Kolumbiya universiteti professori Edvard Ollvort kabi olimlar etnos tarixini nomning paydo boʻlishiga bogʻlaydi, yaʼni etnik mansublikni olis oʻtmishdan qidiradi. Masalan, oʻzbek etnosi kechmishi Oʻzbekxonga bogʻliq holda sharhlanadi. Yaʼni etnos avlodlar silsilasi, genetik birlashma deb emas, bir nomni qabul qilgan insonlar jamoasi deya talqin etiladi.
Rossiyalik taniqli olim Sergey Abashin esa XIX asrgacha Markaziy Osiyoda etnoslar boʻlganini tan olmaydi. Bu yondashuv rus sharqshunosi Nikolay Ilminskiy qarashlarini eslatadi. Missioner olim “Oʻrta Osiyoda millatlar yoʻq, faqat alohida qabilalar bor”, deb yozgan va har biri uchun ayricha til va yozuv ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu – qabilalarni alohida etnosga tenglashtirish yoʻlidagi harakat edi. Ilminskiyning shogirdi Nikolay Ostroumovning qarashlari ham mahalliy ziyolilarning keskin qarshiligiga uchragani bejiz emas. Chunki jadidlar mayda boʻlinishlarga barham berib, “turkistonlik” oʻzligini shakllantirishga uringan edi.
– Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarida kuzatilayotgan ayirmakashlik illati bir-biridan qay jihatlariga koʻra farqlanadi? Bizningcha, Oʻzbekistonda millatchilikdan koʻra mahalliychilik omili kuchliroq (yaʼni resurslar uchun kurash asosan hududlar aholisi orasida kechadi). Mamlakatda bagʻrikenglik dominant millat manfaatlariga qarshi borish darajasiga yetadi, qabilidagi nuqtai nazar ham mavjud. Deylik, “Millatchilik qilma!” degan birgina doʻq-poʻpisa bilan odatda til, tarix kabi mavzulardagi dahanaki bahslarga nuqta qoʻyiladi. Qoʻshnilarimizda vaziyat qanday? Postsovet oʻlkalarda milliy oʻzlikni anglash jarayoni boʻlginchilik gʻoyasiga asoslanib qolmadimi? Mintaqada integratsiyani yanada kuchaytirish, oʻrtadagi “oltin devor”larni yiqitish uchun nima qilmoq kerak?
– Oʻzbekistonda mahalliychilik kayfiyati kuchli deb hisoblaydiganlar koʻp uchraydi. Bunday yondashuv asosan publitsistik maqolalarda koʻrinadi. Mamlakatga umuman yoʻlamagan qoʻshni davlat ekspertlari ham shunday bahstalab fikrni jiddiy taftish-tekshiruvsiz takrorlayveradi. Lekin tadqiqotlar Oʻzbekistonda, aksincha, milliy qarashlar ustunroqligi, oʻzbek jamiyati murakkab va ierarxik ekaniga qaramay, ancha mustahkamligini koʻrsatadi. S.Abashinning xulosasiga koʻra, aynan mahalliychilik illati Tojikistonda dahshatli fuqarolik urushini keltirib chiqargan. Kamina ham, Oʻzbekistondagi mahalliychilikka doir gap-soʻzlar koʻpirtirib yuborilgan, deb hisoblayman.
Oʻzbek millatchiligi, nazarimda, ancha baquvvat ildizga ega. Negaki, u turkistonchilik harakatining davomidir. Katta Turkistonni qura olmagan jadidlardan bir qismi bolsheviklar bilan murosaga borib, Kichik Turkistonni barpo etishga uringan. Shu boismi, oʻzbek millatchiligi mintaqadagi turdoshlariga nisbatan etnik belgilarga eng kam bogʻlangandir. Deylik, qozoq boʻlish uchun albatta muayyan uruqqa mansub boʻlishingiz kerak. Bir vaqtlar qoʻshni mamlakat ziyolilari bu hol bizga toza qonni, vorisiylikni saqlashga yordam beradi, deb faxrlanardi. Ammo oxirgi yillarda qabilachilik kayfiyati zamonaviy jamiyat qurishga xalal berishi oydinlashib qoldi. Qolaversa, ilgari ustunlik sanalgan juzlarga boʻlinish vaqti-vaqti bilan ixtiloflarga olib kelmoqda. Qabilaviy birdamlik tanish-bilishchilik va mahalliychilik kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, yaʼni biror soha, biror tashkilotni bitta aymoq vakillari toʻliq egallab oladi, oqibatda urugʻlar oʻrtasidagi munosabat taranglashadi.
Juzlararo ziddiyat qay darajada keskinligini bilish uchun Gʻarbiy Qozogʻistondagi vaziyat bilan tanishish kifoya. Hududda tabiiy boyliklar koʻpligiga qaramay, buning evaziga keladigan farovonlikdan tubjoy aholiga kam nasiba tegadi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayot ogʻirligidan jiddiy ixtiloflar roʻy beradi. Yil avvalidagi namoyishlar ham Gʻarbiy Qozogʻistondan boshlanganini eslang. Hatto mustaqil davlat yaratish kayfiyatidagi guruhlar ham bor. Bugun qabilachilikning bunday oqibatlarini koʻrgan ayrim tarixchi va ziyolilar juzlarga boʻlinish shunchaki uydirma, yolgʻon ekanini isbotlashga intilyapti. Abay vatanida millatchilikdan voz kechib, “qozogʻistonlik” oʻzligini yaratishga harakat boshlangan.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda urug‘-aymoqchilik, Oʻzbekiston va Tojikistonda mahalliychilik jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa kuchli va birdam millat shakllanmogʻini talab etadi.
Gohida qoʻshni davlatlar bilan munosabatda ichki ixtiloflar esdan chiqib, lisoniy va etnik ayirmachilik gʻoyalari ilgari suriladi. Millatchilikning bunday noxush koʻrinishlari mintaqa xalqlari birlashuviga yoʻl qoʻymaydi. Orada hamisha koʻrinmas gʻov turadi, uni chetlab oʻtish maqsadida yakdillik tashabbuslari ilgari suriladi, ammo mayda milliy nizolar tufayli munosabatlar yana buzilib ketaveradi.
Vaziyatni oʻnglash boʻyicha joʻyali taklif bildirish qiyin. Muammo juda jiddiy boʻlib, teran oʻylab ish koʻrishni taqozo etadi. Yuzaki bilimga tayanib bildirilgan taklif-tashabbuslar koʻp narsani oʻzgartirmaydi. Hozirgi vaziyatda biz ayrim holat-hodisalar asosida xulosa chiqara olamiz, xolos. Jamiyatlarning ichki ovozini eshitish uchun esa chuqur tadqiqotlar oʻtkazish kerak.
Lekin bir tavsiyani qoʻrqmay aytish mumkin – miyalarda oʻrnashib qolgan turgʻun tasavvurlardan voz kechish (dekonstruksiya), dabdabali shiorlarni unutish reallikka qaytishning eng maqbul yoʻlidir. Buni mintaqaning har bir millati bosib oʻtishi kerak boʻlgan bosqich desak adashmaymiz. Shonli tarix va oʻziga xoslik haqidagi stereotiplarga barham berish millatchilik kayfiyatini ancha susaytiradi; odamlar real oʻtmish va real hozirni koʻra boshlaydi, hech kim birovdan ortiq emasligi, hamma oʻziga yarasha oʻringa egaligi tan olinadi; buyuk tarix abgor bugunni buyuk qilib qoʻymasligi idrok etiladi. Hatto alohida shaxs hayotida ham oʻtmishdan toʻgʻri xulosa chiqarish, unga butkul suyanib qolmaslik muhim psixologik taʼsirga ega. Jamiyat misolida ham ayni qonuniyat amalda boʻlmogʻi; odamlarimiz bir-birini millatlar nomiga bogʻlanib qolgan stereotiplar prizmasi orqali emas, avvalo, inson sifatida qabul qilishi muhimdir.
– Zamonaviy dunyoda diniy, etnik ayirmakashlik qoloq doktrinaga aylangani rost. Biroq insoniyat baribir oʻzimiznikilar va begonalar degan tasnifdan qutula olmaydigandek. Mutaraqqiy mamlakatlarda aholi qanday belgilar asosida uyushadi? Darvoqe, odamzod kelajakda boʻlginchilikning yana qanday turlariga duch kelishi mumkin?
– Bugun ham millatchilik gʻoyalari oʻlmagan, turli davlatlarda ana shu mafkurani bayroq qilgan siyosiy harakatlar, partiyalar faoliyat olib boradi. Shunga qaramay, mutlaq koʻpchilik ziyolilar insoniyat bu bosqichdan oʻtib boʻldi, endi bizga yangicha gʻoyalar, yangicha dunyo tartiboti kerak deb hisoblaydi. Xoʻsh, oʻsha yangi gʻoyalar qachon shakllanadi, qanday koʻrinishda boʻy koʻrsatadi va millatchilikni qanday siqib chiqaradi, shundan soʻng jahonning siyosiy xaritasi nechuk oʻzgaradi? Bu borada aniq gap aytish mushkul.
Kurrai arzdagi bugungi jarayonlarni hamma har xil talqin qiladi. Kishilik jamiyati kengayib, murakkablashib ketgani bois ilmiy oʻrganish va tushunish xiyla qiyinlashgan. “Axboriy pufak” ichidagi bunday izlanishlarga murojaat etsangiz, turlicha manzaralarga guvoh boʻlasiz.
Bir guruh tarixchi, antropolog va ekspertlar dunyoda soʻl kayfiyat avj olayotgani, yangi anarxizm mavj urayotganidan bahs etadi. Ularga koʻra, milliy davlatlar tez orada ana shu toʻlqin ostida qolib, parokandalikka yuz tutadi. Butun kuch, hokimiyat, intellektual va moddiy resurslar esa tobora yiriklashayotgan shaharlarda toʻplanadi. Odamlar megapolis va gigapolislarda yashaydi, shahar oʻzligi har narsadan ustun keladi. Oqibatda davlat instituti bilan birga millatchilik mafkurasi ham ahamiyatini yoʻqotadi. Qizigʻi, ushbu faraz faqat soʻl qarashdagi tadqiqotchilargagina tegishli emas. Taniqli siyosatshunos va iqtisodchi olim, Jahon bankining sobiq ijrochi direktori Moyzes Naim ham “Hokimiyatning intihosi” kitobida yangi dunyo manzarasini taxminan shunday chizadi. Uning farazicha, butun hokimiyat, boylik va insoniyatning katta qismi qariyb 100 ta gigapolisda jamlanadi. Aholi soni keskin koʻpaydi, savodlilik darajasi aksar davlatlarda 100 foizni tashkil etadi, jamiyat siyosatni yaxshi tushuna boshladi, ijtimoiy robitalar tigʻizlashib boryapti. Boshqaruv institutlariga oʻz shartini qoʻyishga qodir fuqarolik harakatlari, diniy jamoalar, ijtimoiy tarmoq faollari timsolida mikrohokimiyat markazlari shakllanmoqda. Vakolatli demokratiya institutlariga esa ishonch soʻnib borayotir... M.Naim taxminiga koʻra, bularning bari biz tushungan shakldagi hokimiyat va millatlarning asta-sekin yoʻqolishiga olib keladi. Modomiki, davlat hokimiyati boʻlmas ekan, fuqarolarni uning atrofida jipslashtiruvchi millat gʻoyasiga ham hojat qolmaydi. Pirovardida shahar oʻzligi birinchi oʻringa chiqadi.
Boshqa guruh olimlarning vazmin-bosiq va menimcha, ancha haqiqatga yaqin nuqtai nazariga koʻra, dunyoda keskin toʻlgʻanishlar, buhronlar kuzatilayotgani rost, ammo millat yoki davlatlar yoʻq boʻlib ketishi haqida gapirishga hali erta. Davlat va millat instituti xalqaro siyosatdagi pozitsiyasini boy berayotganini tasdiqlovchi ishonarli asos-dalillar yoʻq. Aksincha, mazkur institutlar yangi shart-sharoitga moslashib, oʻzini isloh qilmoqda. Kelajakda hozirgi tushunchadagi davlat hokimiyati kuchini yoʻqotsa ham, bu hol yaqin orada sodir boʻlmasligi aniq. Aksincha, inqiroz bosqichidan oʻtib olib, yanada mustahkamlanishi mumkin. Qolaversa, tuzilmaviy oʻzgarishlarni boshlab kelishi kutilayotgan, sal avval sanab oʻtilgan omillarga qarshi harakat ham bosh koʻtaryapti. Yevropada yangi anʼanachilik va konservatizm qad rostlayotgani, butun dunyoda sekulyarizm hayot tarziga aylanib borayotgani shundan dalolat bermoqda. Xullas, insoniyatning yaqin kelajagi haqida ana shunday qarama-qarshi nuqtai nazarlar mavjud.
Oʻtgan asrning 50-yillaridan boshlangan globallashuv va multikulturalizm siyosati, baʼzi tadqiqotchilar fikricha, axiyri millatchilikning ahamiyatini yoʻqotishi kerak edi. Kosmopolitizm gʻoyalari yoyilib, chegaralar oradan koʻtarilishi bashorat qilingan edi. Ammo madaniyatlarni uygʻunlashtirish kutilganidek oson kechmadi. Avvalo, bu jarayonni sobiq mustamlaka va metropoliyalarning yangicha munosabati deb tushunsak, ikki tomonda ham oʻziga xos muammolar kuzatildi. Postkolonial jamiyatlar multikulturalizmni zamonaviy bosqichdagi umuminsoniy qadriyatlar deb emas, balki Yevropa madaniyatining navbatdagi bosqini deb qabul qildi va anʼanaviy tutumlaridan voz kechishni istamadi. Oqibatda Gʻarbda yangi gettolar shakllandi. Sobiq imperiyalarda esa migrantlarga nisbatan ksenofobiya kayfiyati kuzatilayotir. Afrikalik va osiyolik muhojirlarni, ayniqsa, musulmonlarni Yevropa jamiyatiga integratsiya, hatto assimilyatsiya qilish yoki, aksincha, ularning oqimini toʻxtatish chaqiriqlari yangrayapti. “Ildizlarga qaytish”, yangi millatchilik va yangi irqchilik oyoqqa qalqmoqda. Bunday tashabbuslar hali hukmron mavqega koʻtarilmagan boʻlsa-da, katta siyosatga taʼsir oʻtkazadigan darajaga yetdi, saylovda koʻp ovoz toʻplayotgan millatchi liderlar yetishib chiqayotir. Shunga koʻra ayrim ekspertlar multikulturalizm siyosati allaqachon muvaffaqiyatsizlikka uchraganini taʼkidlayapti. Bu qarashga muxoliflar esa turfa madaniyatlar uygʻunlashuvi gʻoyasi qiyinchiliklarni yengib oʻtib, yanada keng quloch yozadi, deb hisoblaydi.
Jahon siyosiy manzarasi shiddat bilan oʻzgarayotgan bir pallada futurologik farazlar bildirishda oʻta ehtiyotkor boʻlgan maʼqul. Amerikalik olim Timur Kuranning tadqiqotlarida kelajak bashoratlari kutilmagan kichik voqealar tufayli yoʻqqa chiqishi mumkinligi yaxshi asoslab berilgan. Hozircha faqat modellar qurib, amaliyotga joriy etishga urinish mumkin. Bir narsa aniq – insoniyat qanday mushkulotlarga duch kelmasin, pirovardida hamisha olgʻa yurishning uddasidan chiqqan. Kelajakda qanday jamiyat qurilishidan qatʼi nazar, hozirgisidan bagʻrikengroq, ilgʻorroq boʻlishi, milliy, diniy ayirmachilik susayishi, yangi oʻzlik taʼlimotlari vujudga kelishiga shubham yoʻq.
Farrux JABBOROV
suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.
“Oʻzimiznikilar va oʻzgalar” suhbati