Inson erki, haq-huquqi, qadr-qimmati buyuk mutafakkirlar diqqat markazidagi eng muhim masalalardan boʻlib kelgan. Atomistik nazariya asoschilaridan biri Demokrit inson baxti yuksak axloqiy sifatlarga ega boʻlishda, mehnat, jasorat, vafo, aql va doʻst orttirishda deb taʼkidlaydi. Buyuk faylasuf Suqrot ham butun eʼtiborini insonga qaratgan edi. Uning “Oʻzingni angla” degan mashhur iborasi antik davrdan to hozirgi kungacha ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.
Oʻrta Osiyo mutafakkirlarining maʼnaviy va moddiy boyliklar ijodkori boʻlmish insonni oʻrganishdagi xizmatlari ham tahsinga loyiq. Abu Nasr Forobiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari markazida insoniy baxt-saodat gʻoyasi turgani fikrimiz tasdigʻidir. Oʻzgalarga yaxshilik qilishni hayotiy aʼmolga aylantirgan kishilardan iborat shahar fazilatli shahardir, oʻshanday jamoa fazilatli jamoadir. Mutafakkir fikricha, inson oʻz-oʻzidan baxtli boʻla olmaydi, bu uning harakatlari, mehnati, kasb-hunari, bilimiga chambarchas bogʻliq.
Sharqning buyuk mutafakkiri Jaloliddin Rumiy esa insonni mikrokosmosga mengzaydi, insonning ichki dunyosini kashf etish orqali koinot sirlarini ochish mumkin deydi. Inson misoli bir dahliz, shu dahliz orqali koinotga boqish, uning mohiyatini anglash mumkin. Uning fikricha, inson ijodkorligi bilan boshqa jonzotlardan ajralib turadi.
Mutafakkir Abu Homid Gʻazzoliy esa botiniy ilmlar va aqli kullga katta eʼtibor qaratdi. Botiniy ilmlar insonning ruhiy yuksalish va hayratlanish holatidagi tuyqus obrazlar, tasavvurlar olamidir. Ayni shu tuyqus obraz va tasavvurlar tasviriy sanʼat, musiqa va adabiyot manbaidir. Ularning vujudga kelish tarzi tabiiy fanlardagi fikr yuritish uslubidan tubdan farq qiladi. Tabiiy fanlar zamirida mantiqiy fikr, tadrijiylik yotsa, sanʼat va adabiyot, gumanizm falsafasida dunyoqarash oʻzgacha yoʻsinga ega. Uning zaminini rang-barang obrazlar tashkil etadi. Bu obrazlar quyosh nuri yanglig‘ inson qalbidan taraladi. Ular inson ruhiyatiga, tasavvuriga kuchli taʼsir eta olishi bilan tabiiy fanlardagi tushunchalardan farq qiladi. Shu bois, gumanizm falsafasi antik davrdan hozirgi kungacha sanʼat va badiiy adabiyotdagi goʻzal obrazlardan samarali foydalangan. Ushbu falsafiy-obrazli dunyoqarash millionlab insonlar qalbiga bevosita kirib borish quvvatiga egadir. Masalan, Gʻarbiy Yevropadagi “Hayot falsafasi”ning buyuk vakillaridan boʻlgan F.Nitshening falsafiy qarashlarini olaylik, uning taʼlimoti inson ongostiga taʼsir etuvchi goʻzal obrazlar yordamida ifodalangan.
Insonni kosmik fenomen sifatida ulugʻlash milliy falsafamizning ham oʻzagini tashkil etadi. Fan-texnikaning rivoji inson tafakkurini yuqori bosqichga koʻtarmoqda, unga yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda. Inson zamonaviy texnika orqali osmon, yer va suvda hukmronlik qilmoqda. sivilizatsiya bergan shart-sharoit, qulayliklarsiz oʻz hayotimizni tasavvur eta olmaymiz. Lekin har bir narsa-hodisaning ijobiy tomonlari qatori salbiy jihatlari ham borligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Masalan, sivilizatsiya rivoji ekologik muammolar, yadroviy urush xavf-xatarini kuchaytirdi, jamiyatdagi individualizmni yanada alangalatdi. Insonning jamiyatdan begonalashuvi roʻy berdi. Tabiatdan faqat boylik orttirish maqsadida foydalanmoqdamiz. Inson tabiatdan ajralar ekan, u oʻz jismoniy va ruhiy quvvati manbayini yoʻqota boshlaydi. Oqibatda zaif mavjudotga aylanib, ijodkorlik qobiliyatidan mahrum boʻlib borayotganini sezmay qoladi. Bu ijodkorlik va yaratuvchanlik qobiliyati ruhiy quvvat boʻlib, ushbu quvvat orqali inson oʻz ongida barcha mavjudotlarning obrazlari va badiiy timsollarini yaratadi. Shu obrazlar orqali u koinot bilan birlashadi va uygʻunlik kasb etadi. Ijodkorlik, yaratuvchanlik qobiliyati manbayi inson qalbida, uning borliqqa muhabbatidadir. Insonning ruhiy muhabbati uni koinotdagi barcha narsa va jonzotlar bilan birlashtiruvchi yagona rishtadir. Bu rishta inson qalbida rango-rang kamallakka aylanar ekan, uning nurlari koinot yogʻdusi bilan qoʻshiladi. Demak, inson oʻz xayollari hamda tasavvurlari orqali butun olam bilan qoimdir va bu xayollarning oʻzi ham olamning nuridir. Lekin inson qalbidagi xudbinlik, nopok oʻy-xayollar uni bu olam yogʻdusidan ajratib, qalbni pardalab qoʻyadi. Pardalangan qalb esa ijodkorlikdan mahrumdir. U hayotiy manbayidan ajralar ekan, mexanik sistema murvatiga aylanadi. Shunda inson hayot gultoji emas, vayron etuvchi kuchga, toʻfonga evriladi. Shunday qilib, inson tabiatida bir vaqtning oʻzida ham yaratuvchanlik, ham vayronkorlik mavjud. Qay biri ustun kelishi esa jamiyatimizdagi maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarga bogʻliqdir.
Oliy mavjudot boʻlmish insonni madh etish, uning kelajagi uchun qaygʻurish Magʻrib-u Mashriq mutafakkirlarini mushohadaga chorlab kelgan ekan, bugun ham ushbu masala dolzarbdir. Insonning ruhiy erkinligi, xalq farovonligi, jamiyatimizdagi barcha qatlamlarning jipsligi davlatimiz siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Bu tamoyillarni har bir vatandoshimizning nafaqat aqliga, ayni chogʻda, qalbiga ham yetkazish milliy falsafamizning birlamchi vazifasidir.
Hozirgi zamon Gʻarb va Sharq falsafasida insonning ichki dunyosi va ongi borasida shunga oʻxshash fikrlarni uchratish mumkin. Gʻarbda inson masalasini koʻproq irratsional falsafiy oqimlar oʻrganib keldi, jumladan, F.Nitshe, A.Bergson, Z.Freyd, K.Yung kabi faylasuf va ruhshunoslar ruhiy quvvatning inson tabiatidagi rolini alohida tahlil qildi.
Insondagi anglanmaganlik holatini tushuntirish uchun Karl Yung fanga “arxetip” tushunchasini kiritadi. Arxetip deganda u butun insoniyatga xos boʻlgan botiniy, anglanmagan ruhiy quvvatni nazarda tutadi. Inson ongida arxetiplar asosida timsollar paydo boʻladi. Garchi ular anglanmagan tarzda yuzaga kelsa-da, maʼnosiz emas. Oʻz hayoti davomida inson shu ramz va timsollar taʼsirida yashaydi. Arxetip insonda ming yillar davomida tabiat bilan munosabat va hayot uchun kurash asnosida shakllangan. Arxaik timsollar insoniyatning gʻoyat koʻhna ruhiy quvvatini oʻzida mujassam etgan va saqlab qolgan. Qizigʻi shundaki, Karl Yung arxitiplarni nafaqat inson ongiga, balki butun tabiatga xos hodisadir, deydi. U inson ruhiyatidagi “jamoaviy” va “individual” anglanmaganlik holatlarini ajratadi. “Individual anglanmaganlik” insondagi avval-boshda anglangan, keyinchalik ongdan siqib chiqarilgan mayl-istaklar holatidir.
“Kollektiv anglanmaganlik” tushunchasi esa insoniyat hamda jamiki yashagan va yashayotgan jonzotlar xotirasini anglatadi. U insonning butun ijtimoiy faoliyati, hatto genlarining tartibini ham qamrab oladi. Aynan “kollektiv anglanmaganlik” barcha arxetiplar ildizidir. Shunday qilib, “kollektiv anglanmaganlik” va “arxetip” tushunchalari butun insoniyatning ruhiy holatini ifodalovchi gʻoya va timsollardir.
K.Yung mansub analitik psixologiyaning asosiy tushunchalaridan biri “kompleks” konsepsiyasi boʻlib, u anglanmagan ruhiy quvvatning aniq bir shaklga kirishini bildiradi. Bularga oilaviy, siyosiy va ojizlik kompleksi kiradi. Komplekslar aslida ruhiy shaytoniy kuch-quvvat boʻlib, ular insonning osuda hayotini izdan chiqazib yuboradi. Komplekslar nazariyasini ishlab chiqib, Karl Yung va uning izdoshlari anglanganlik va anglanmaganlik oʻrtasidagi munosabatlarning ruhiy faoliyatga taʼsirini oʻrgandilar.
Bu masalani hind faylasufi Bxagvan Rajnish ham tahlil qilgan. Uning fikricha, inson doimo atrofidagi hayotga beeʼtibor yashaydi. U shunchalar mexanik ravishda harakat qiladiki, hatto oʻz amallari maʼnosini anglab yetmaydi. Bu harakatlar avtomatik va mexanik ravishda sodir boʻladiki, inson oʻzining insonligini, ongli bir maxluq ekanini unutadi. Rajnish fikricha, agar inson aqlgagina tayansa, uning ongi yoʻqoladi, aql bu – uyqu, shovqin va mexanik harakatdir. Binobarin, inson aqldan voz kechib yana ongga qaytishi kerak. Inson oʻz tafakkuridan barcha bilimlarni chiqarib tashlamogʻi lozim. Bilimlar uni gʻaflatda ushlab turadi, inson qanchalar bilimli boʻlsa, shunchalar gʻaflatdadir.
Rajnish bunday deydi: “Sodda qishloq ahli olimlar va ruhoniylardan koʻra sezgir va zehnlidir (Bxagvan Rajnish. Jizn i smert. Moskva, “Nirvana”, 2004. Str. 24). Tabiat bilan hamnafas yashovchi dehqonlar, bogʻbonlar, kosiblar, hunarmandlar, sanʼatkorlar va rassomlar universitetlardagi tadqiqotchilardan koʻra zehnliroqdir. Rajnish fikricha, inson hayoti nafas olish, yurak urishi, tomirlarda oqayotgan qon bilan belgilanmaydi. Hayot – uygʻoqlikdir, onglilikdir. Faqat uygʻoq odamlargina tirikdir. Hayot esa yagona xudo – oʻzga xudo yoʻqdir.
Buni qanday tushunmoq kerak? Nega inson toʻgʻri yoʻldan toyadi? Nima uchun adashadi? Inson oʻzini kuzatishi kerak. Insonda aniqlik, ravshanlik, his qilish qobiliyati zaif. U ziyrak, fahm-farosatli emas. U eshitolmaydi, koʻrolmaydi. Insonda koʻz, quloq bor, biroq, ayni chogʻda, uning botinida zaiflik ham bor. U oʻzining kimligini bilmasa ham, oʻzini ongli hisoblaydi. Inson oʻzining ongliligi haqidagi eʼtiqodidan voz kechishi lozim. Shundagina u chinakam onglilikka eltuvchi yoʻlni topadi.
Gulchehra QOBULNIYOZOVA,
OʻzMU dotsenti
Lola YOʻLDOSHEVA,
OʻzDJTU dotsenti
“Tafakkur” jurnali, 2017 yil 2-son.
“Karvon oʻzing, sarbon oʻzing” maqolasi