Adabiyotshunos va tarjimon Shahnoza Rahmon mutolaa qiladi.

Menda adabiyotga moyillik yoʻq. Adabiyot –

 oʻzimman, adabiyotdan boshqa hech narsa

 emasman va boshqacha boʻlolmayman ham...

Frans Kafka

“O, orzu gʻoyat serob, beqiyos darajada koʻp, lekin biz shoʻrpeshonalarga kim qoʻyibdi uni...” Frans Kafka asarlarini mutolaa qilar ekansiz, yozuvchi olamining kirish darvozasida ayni shu soʻzlar muhrlab qoʻyilganday taassurot uygʻonadi. Oʻqish jarayonida nurga intiq, soʻng ilhaq boʻlasiz. Kafka romanlari markazida turgan K. najot topsa edi deb oʻylaysiz. Biroq soʻnggi sahifani yopganda bunday xayollarga behuda berilganingiz ayonlashadi va oʻrgimchak uyasida tuzoqqa tushib, erkdan umidi uzilgan oʻljaning horgʻin kayfiyati sizga koʻchadi. Bu tabiiy hol, chunki Kafkaning qidiruvlari mohiyatida topish emas, yoʻqotish yotadi. Adib fikricha, “Bizning dunyo – xudoning boʻlmagʻur istagini deb omadsiz bir kunda yaratilgan makon...” Uningcha, kishilik jamiyati boshqaruvidagi adolat tizgini Femida emas, ovchi Artemida qoʻliga oʻtgan. Shunday ekan, Kafka ijodida qafaslar qush izlashiga taajjublanmasa ham boʻladi. Yozuvchi asarlaridan yechim topish ilojsiz. Ular kitobxonni soʻngsiz savollar girdobiga gʻarq qiladi. Bu jarayon oson boshlanadi, lekin toʻxtatish imkonsiz. Chunki Kafka – tafakkur toʻlgʻoqlarini sanʼatga aylantirgan adib. Uning sirli olamiga eltuvchi yoʻl bor, albatta. U qasrga olib boruvchi yoʻl kabi oddiy, odatiyga oʻxshasa-da, mashaqqatli, maxfiy va murakkabdir. Nazarimda, “Amerika”, “Qalʼa” va “Jarayon” romanlari – ana shu labirintga kirish yoʻlini koʻrsatuvchi xarita. Har biriga mohiyatidan kelib chiqib munosib nom berdik: “Quvgʻin”, “Begona” va “Mahkum”.

Quvgʻin

Kafka shunday mohir rassomki, asar yaratayotib unga maftun boʻlganidan ichiga qanday shoʻngʻiganini bilmaydi. Mutolaa jarayonida adib oʻz tasavvuridagi “Amerika” suratiga singib, matnga aylanadi. Uni inson ongiga kirib, idrokini boshqarish ustida ilk tajribalarni oʻtkazishga urinayotgan ruhshunosga ham qiyoslash mumkin. Kafka oʻn olti yashar Karl Rossmanning begona yurtdagi taqdiriga oid tasvirlar bilan oʻquvchini tasavvurning eng absurd puchmoqlariga yetaklaydi.

Gʻarb adabiyotshunoslari fikricha, roman – gʻayrioddiy sayohat (agar buni sayohat deb atash mumkin boʻlsa), Kafkaning oʻziga xos “Odisseya”sidir. Biroq mohiyatga chuqurroq nazar tashlansa, u qahramonlik dostonlari-yu sayohatnomalardan ancha yiroq ekani oydinlashadi. Chunki Karl Rossman nafaqat migratsion oʻzgarishni, balki maʼnaviy va ruhiy ulgʻayish jarayonlarini boshdan kechiradi.

Rossman oilasining oʻttiz besh yoshli oqsochi kutilmaganda homilador boʻlib qoladi. Karlning begona yurtdagi taqdiridan koʻra, oila shaʼnini ustun qoʻygan ota bu “ogʻir gunoh” uchun osiy oʻgʻilni Amerikadagi ukasi senator Edvard Yakob oldiga yuborishga qaror qiladi. Shunday ekan, Karl bu xavfli sayohatga oʻzining sarkash istagi tufayli otlangani yoʻq. Aksincha, makkor ayol tuzogʻida farzandining bolalik dunyosi tajovuzga uchragani-yu oʻsha jirkanch lahzalarda nimalar boʻlayotganiga aqli yetmay, ruhiy dunyosi bundan qanchalar shikast yeganini tasavvur qilishga qodir boʻlmagan dargʻazab ota tomonidan quvgʻin etildi. Bu Odam Atoning jannatdan quvilishini yodga soladi. Demak, koʻplar tasavvurida “imkoniyatlar yurti, chin demokratik davlat, hurriyat-u adolat hukmron mamlakat” – Amerika ushbu asarda gunohga botgan Yer timsolidir.

Kafka Injilga tez-tez murojaat qiladi, undagi qissa va rivoyatlarga tayanadi, hatto kundaliklarida “Nega isyon koʻtarasiz? Agar hikoyatlarga amal qilganingizda, oʻzingiz ham hikoyatga aylanardingiz va shu orqali hurriyatga erishardingiz”, deb yozadi. Taslimiyat orqali hurriyatga yetish gʻoyasi – tasavvufiy qarashlarga ham mushtarak keladi. Romanda Karl “Nega men? Nega bunday boʻldi?” deya tinimsiz xotiralarini taftish qilaveradi, xayolida qismati bilan olishadi, lekin har safar unga yengiladi. Mana shu kurashlar orqali isyon odamzodni fojialarga giriftor etishi – romanda ilgari surilgan gʻoyadir. Aks holda Amerika tasvirlari oʻquvchi qalbiga bu qadar qoʻrquv solmagan va uni rutubatga botirmagan boʻlar edi.

Kema sohilga yaqinlasharkan, osmonni qoplagan quyuq qop-qora bulutlar orasidan bahaybat haykal koʻrinish beradi. Ozodlik haykalining havoda muallaq turgan qoʻlida – mashʼala emas, qilich. Bu – romandagi haqiqat-u mantiqqa boʻysunmas eng ajabtovur detallardan biri desak yanglishmaymiz. Amerikaning gʻayritabiiy ravishdagi badqovoq qiyofasi Karlga hech jannatni vaʼda qilmasdi. Yigitcha boshidan kechirgan voqealar xuddi tushga oʻxshab ketadi – voqelik va xayolot chegaralari yoʻqola boradi. Amaki ham, dafʼatan, oʻn olti yashar yigitga “enagalik” qilishdan bosh tortadi. Inglizchani tuzuk-quruq oʻrganmagan jiyaniga Amerikaday ulkan davlatda toʻrt tomoni qibla ekanini koʻrsatib qoʻyadi. Shundan soʻng muhojirlikdagi uqubatlar boshlanadi, manfaatparast, shafqatsiz, shaytonsifat odamlar bilan tanishuvlar roʻy beradi. Bu nafaqat son-sanoqsiz savollar tugʻdiradi, balki haqiqat-u halovat topish yoʻlining naqadar murakkab ekanini ham aks ettiradi.

Asar mohiyati zoʻr boʻlgani bilan unda oydinlashmay qolgan jumboqlar bisyor. Masalan, Karlday yosh yigitni amakisidan soʻroqsiz, shahar tashqarisidagi uyiga olib borishdan Pollander qanday maqsadni koʻzlagan edi? Ehtimol, senatorning oʻzi jiyanidan qutulish uchun buni atay uyushtirgandir? Karlning onasi ham romanda ochilmay qolgan muhim personajlardan biri. Voyaga yetmagan bolasini olis yurtlarga joʻnatadi-yu, ona boʻlib nahot iztirob chekmaydi? Bolaning onasiga munosabati ham aniq emas, u asarning atigi ikki joyida qisqa jumla bilan eslab oʻtilgan, xolos. Qolaversa, faqat onasi emas, balki butun oilaning Karl uchun qaygʻurgani yo kuyunganiga oid birorta tasvir uchramaydi.

Qahramon hayotiga kuchli taʼsir oʻtkazgan ikki qallob – irlandiyalik Robinson va Delamarsh uni qullikda yashashga majburlaydi. Bola kuchli tazyiq ostida bir qancha muddat Brunelda ismli boy xonim qoʻlida malaylik qiladi. U zolimlar qoʻlidan qochishga koʻp urinadi, lekin chiranishlari oʻrgimchak toʻriga tushgan oʻljaning xalos boʻlishga urinishlariday besamar ketadi. Oqibatda ikki gumashta Karlni ayovsiz kaltaklab, sovuq kunda balkonda qoldiradi. Shunda u Bruneldaning qoʻshnisi – talaba yigit bilan tanishib qoladi. Borar yeri boʻlmasa, qulay fursat kelguncha qullikda yashash afzalroq ekanini talaba unga tushuntiradi: “Baʼzan kishanda boʻlish erkinlikdan xavfsizroqdir...” deydi. Karl qoʻshnining maslahatiga amal qiladi. U koʻp hollarda mustaqil bir qarorga kelolmaydi, bunga yoshlik ham qiladi. Bola boʻlgani uchun tashqi taʼsirlarga berilib, oqibatlarga moslashadi. Romanning aynan shu joyida yana bir oydinlashmay qolgan holat koʻzga tashlanadi: Karl qullikdan qanday ozod boʻldi? Oklaxoma teatri eʼloni qarshisida qayerdan paydo boʻlib qoldi? Bunisi ham mavhum...

Yozuvchi ikkinchi bobni “Bedarak” (gʻoyib boʻlgan odam) deb nomlagan. Teatr yuzlab odamni ishga oladi, ular qatorida Karlni ham. Shunda kitobxonda yigitning Amerika jamiyatida oʻrin topib, yashab ketishiga bir ilinj uygʻonadi, biroq oʻgʻraygan togʻlar osha Oklaxomaga yoʻl olgan poyezd nogoh gʻoyib boʻladi. Unda ishga olib ketilayotgan minglab odamlar ham, Karl ham... Bu yoʻlovchilar rostdan ham teatrga ishga qabul qilinganmidi oʻzi? Yo bu bir tuzoqmidi? Ularni Oklaxomaning zulmat konlarida qulday ishlatgani aldab olib ketishganmikan yo boʻlmasa? Karl tirikmi yo oʻlgan? Bunday ogʻriqli savollarga javob faqat adibning oʻzi va Yaratganga ayon... Afsuski, Kafka kundaliklarida ham “Amerika” xotimasiga doir hech qanday izoh qoldirmagan.

Begona

“Amerika”da gʻoyib boʻlgan Karl dafʼatan “Qalʼa”da yer oʻlchovchi K. qiyofasida qishloq mehmonxonasiga kirib kelganday tuyuladi. Karldan farqli oʻlaroq, K. yolgʻon gapirishni eplay olardi. Qalʼadan ruxsatnoma boʻlmasa, begonalarga qishloqda tunab qolishga ijozat berilmas edi. Qahratonning zulmat tunida, zim-ziyo qorongʻilik ichra K.ning koʻzi ulkan qalʼani ilgʻamagan edi. Shunga qaramay, u oʻylab oʻtirmay oʻzini Qalʼa tomonidan rasman tayinlangan yer oʻlchovchi deya tanishtiradi. Odamlar uning yolgʻon soʻzlayotganini biladi, biroq hech kim oʻziga sezdirmaydi. Qishloqda K. begonaligini har lahzada, har davrada his qilib turadi. Uning bu gʻayritabiiy jamiyatga singib ketishi nihoyatda mushkul kechadi. “...siz na qalʼadansiz, na qishloqdan. Siz hech narsasiz. Afsuski, kimdirsiz-u, bir yot kishi, hamma joyda ortiqcha, hammaga xalal berasiz, siz sabab hammaning tinchi yoʻqolgan... niyatingiz esa bizga qorongʻi...” deyishadi unga tap tortmay. Faylasuf Mixail Baxtinga koʻra, kishilik jamiyatining shunday yozilmagan qonunlari borki, ular har joyda, har davrda bir xilda ishlaydi. Masalan, oʻzinikiga mehr koʻrsatilsa, oʻzgaga yovqarash qilinadi. Bu har bir jamiyat odamlari hayotida savqi tabiiydek roʻy beradi.

Maks Brod K.ni qishloqqa maxsus missiya bilan kelgan deb hisoblaydi. Roman oxiriga qadar kimligi, bu gadoytopmas qishloqqa ne maqsadda kelgani oydinlashmaydi. Tomas Mann esa K.ning harakatlaridan hech qanday maxfiy missiya topmaydi. U qahramonning qishloqda muqim joylashishga qaysarlarcha urinishi baxt topish istagidan boshqa narsa emas deb ishonadi. K. yolgʻizlikdan qutulib, jamiyatga qoʻshilishni va oʻsha kichkina joyda obroʻli shaxs boʻlib qolishni istaydi, xolos. Biroq K. qishloq olamiga singigani sari qonunlarining absurdligi yanada aniqroq namoyon boʻladi. Bu shunday dunyo ediki, unda hech qachon hech narsaga erishib boʻlmasdi. Qishloq jamiyatini botqoqqa qiyoslash mumkin, odam undan chiqishga qancha koʻp urinsa, shuncha chuqurroq botadi. Bu jamiyat shaxsni mantiqsiz qonunlari bilan hisoblashishga majbur etadi va oxir-oqibat yoʻq qiladi.

Maʼlumki, Kafka romanlarida makon muhim rol oʻynaydi. Gʻayritabiiy qonunlar ustuvor boʻlgan bu qishloq Sodom va Gomorraga oʻxshaydi. Tajovuzkor-u zolim hokimiyat u yerda oʻz “axloqiy meʼyorlari”ni joriy qilgan. Masalan, romanning muhim boblaridan biri “Amaliyaning jazosi”da qalʼa oʻrnatgan boshqaruv tizimining absurd ildizlari koʻrinadi. Bu chirigan xasta jamiyatda fahsh meʼyor darajasiga olib chiqilgan. Amaliyani jazolagan qalʼa emas, balki qishloq odamlari edi. Boʻyi yetgan, koʻzga yaqin dilbar qizlar – oilaning istiqboli. Qishloq odamlari qiziga qasrdan biron bir amaldorning ishqi tushib, oʻziga maʼshuqa qilib olishidan umidvor boʻlib yashaydi. Bu hamma oilaning orzusi. Shundagina oilaning yelkasiga oftob tegadi, aka-ukasi yuqori lavozimlarga ishga olinadi. Oʻsha oilaning moddiy ahvoli oʻnglanadi. Ne tongki, qishloqdagi hamma oʻsha oilaga havas qiladi. Mabodo amaldor qizdan zerikib tashlab ketsa ham uning sovchilari sochidan koʻp boʻladi. Bunday “kuyovtoʻra”ning oshigʻi olchi, u ham ulug‘ martabalarga munosib koʻriladi va amaldor oʻsha qizga kattagina sep hadya qiladi. Omadi kelsa, yosh oilaga qishloqdan alohida mulk ham nasib etishi mumkin. Shuning uchun bunday “kuyovtoʻralar” amaldorlarning sobiq maʼshuqasiga uylangani bilan qishloqda boshini baland tutib, kerilib yuradi.

Amaliya esa bunday baxtdan negadir sarxush boʻlmay, amaldorni rad etadi. Oʻsha kundan boshlab qishloqda bu oilaga nisbatan nafrat va gʻazab kuchayadi. Amaliyaning otasi ishidan ayriladi, mavqeini qayta tiklashga urinishi samarasiz ketadi. Mavhumlig-u nochorlikdan es-hushini yoʻqotayozgan chol ne sabab ishdan boʻshatilganini bilish uchun qalʼaga intiladi. Ishga qaytish ilinjida unga-bunga rangini sargʻaytirib yuradi, baʼzan yoʻlda kunlarini tunga ulaydi. Amaliyaning ukasi – xat tashuvchi Varnava ham odamlarning bepisandligi-yu tazyiqlardan gʻoyat toliqadi. U qishloq jamiyatida oilasining obroʻsini tiklash maqsadida oʻzini oʻqqa-choʻqqa uradi.

Amaliyaning oʻziga kelsak, qizning yoshi oʻtib borardi. Qishloqda birorta mard yoʻqki, yurak yutib unga uylanishni istasa. Odamlar oʻzi yaratgan mantiqsiz qonunlardan oʻzi aziyat chekadi, aytish joizki, ular absurdlikda Sodomu Gomorrada oʻrnatilgan qonunlardan qolishmaydi. Shunday ekan, Kamyu ham, Mann ham K. borasida haq gapni aytgan edi, yaʼni uning qishloqqa kelishdan oʻziga xos missiyasi boʻlgan, shu bilan birga bu jamiyatda baxtini topib, obroʻli insonga aylanishni koʻzlagan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Biroq u – hurfikrli shaxs. Bundaylar qishloq jamiyati uchun xavfli. Shu xislati K.ning niyatiga yetishiga toʻsqinlik qiladi. Qishloq odamlari bu ustunlikni koʻngildan tuysalar-da, jon-jahd bilan uni kamsitishga urinardi.

Afsuski, Kafka qahramoni Lut alayhissalomday iymoni butun, irodasi mustahkam shaxs emas. Maqsadiga erishish yoʻlida oʻzi absurd deb hisoblagan hamma qonunlarga boʻysunishga tayyor, hatto qalʼadagi koʻzga koʻringan mansabdorlardan biri Klammning sobiq maʼshuqasi Fridaga uylanishga shaylanadi.

Kafka kundaliklarida K.ning qismatiga aloqador qaydlar bor. Ularga koʻra, nihoyat K. yer oʻlchovchi etib tayinlangani haqida hujjatni yetkazadilar, biroq soʻnggi nafasi chiqayotganda K.ga buning aslo ahamiyati qolmaydi. Afsuski, Kafkaga romanni tugatish nasib qilmagan, sogʻligi yomonlashgani uchun yozishni toʻxtatib qoʻygan. Brodga yoʻllagan maktubida bu haqda maʼlum qilgan: “Bu hafta yurakka oftob tegmadi, quvontiradigan biror nima yuz bergani yoʻq, aksincha, ichimga chiroq yoqsa yorimay turibdi. Chunki “Qalʼa”ni tark etishga majbur boʻldim. Aftidan bu safar butunlay...”

Bu romanda ham oʻquvchiga tushunarsiz boʻlgan joylar uchraydi. Masalan, uning dastlabki ikki bobi birinchi shaxs (“men”) nomidan yozilgan, keyinchalik “K.”ga oʻzgartirilgan. Asar oxiriga qadar K. shaxsiyatiga oydinlik kiritilmaydi, vaholanki, qishloq muhiti uni shaxs sifatida yoʻq qilishga kirishgan edi. “Amerika”dagi kabi bu romanda ham vaziyatlar nafaqat K. atrofida yuz berayotgan voqealar tufayli oʻzgaradi, balki ularga personajlarning qarashlari ham taʼsir koʻrsatadi. K.ning yordamchilari bilan bogʻliq sinoatlar koʻproq ertaklarga xos ekanini koʻramiz: bir qarasang, ular yosh yigitga, bir qarasang kuchga toʻlgan erkakka aylanib qoladi. Yozuvchi bu holatga ortiqcha izoh ham berib oʻtirmagan. Ularning harakatlari K.ga yordam berishga emas, balki uni aqldan ozdirishga qaratilganday tuyuladi. Muallif romandagi bu ikki nusxaga alohida toʻxtalib oʻtirmagan.

Kafka qahramoniday odamlar jamiyatiga begona. U ruhiyatidagi ulkan yolgʻizlik tuygʻusini asarga koʻchira olgan. “Koʻpgina kitoblar – qalʼasimon inson qalbining nomaʼlum xonalariga olib kiruvchi kalitdir” deydi adib. “Qalʼa”, shubhasiz, shunday asar.

Mahkum

Kafka vafotidan soʻng uning doʻsti, yozuvchi Maks Brod “Jarayon”ni nashrga tayyorlayotib bir qancha muammoga duch kelganiga biroz toʻxtalishni lozim topdim. Birinchidan, asar Kafkaning boshqa romanlari kabi adogʻiga yetmagan. Ikkinchidan, uning boblari raqamlanmagan edi. Brodga koʻra, romandagi oʻn olti bobning yettitasi tugallanmagan. U oʻz qarashlariga tayanib, matnlarni ketma-ket toʻgʻrilab, nashr qilishga erishgan, biroq baʼzi sabablarga koʻra, bir qancha bobni chiqarib tashlashni maʼqul koʻrgan. Uchinchidan, Brod baʼzi boblarga qoʻshimchalar kiritgan va romanni tahrir qilgan. Buning uchun u mutaxassislarning ayovsiz tanqidiga ham uchradi. Kafkaning qoʻlyozmasi bilan yaxshi tanish boʻlgan adabiyotshunos olimlar romandagi “Yozef K.ning tushi” muhim boblardan boʻlganini taʼkidlaydi, lekin u ham nashrga kiritilmagan. Bu mashhur kitobga fikr bildirib, tahlil qilgan olimlar nihoyatda koʻp.

“Jarayon”ga Injildagi Ayyub alayhissalom qissasi asos boʻlib xizmat qilgan. Roman shaklan oʻsha qissaga yaqin, bosh qahramonlarning ikkisi ham qandaydir gunohda ayblanadi, ammo ikkovi ham aybi nima ekanini bilmaydi. Injildagi hikoyatda paygʻambar atrofida yurgan doʻstlaridan iborat izdihom Ayyub alayhissalomni mantiqsiz gunohlarda ayblaydi va qoralaydi. Ular daʼvosicha, Ayyub Yaratganning oldida qandaydir kechirilmas gunoh ish qilib qoʻygan-u shuning uchun jazo tariqasida cheksiz azoblar tortayotir. Ayblovlar shu qadar keskin ediki, Ayyub alayhissalom tinimsiz shu haqda oʻylashga majbur boʻladi. Bu izdihomning asossiz ayblovlari Ayyubning jamiyatdan ayrilib qolishiga, soʻng begonalashuviga olib keladi. Odamlar munosabati paygʻambar ruhini shafqatsiz ravishda parchalaydi, kasali ogʻirlashib, vujudi battar ogʻriqdan azob chekadi. Nihoyat, u najot istab Ollohga yuzlanadi. Maʼlumki, Ayyub alayhissalom – adabiyotda sabr timsoli. Ayni shu xislati uchun Parvardigor uning dardiga shifo ato etib, hamma narsasini qaytardi.

Yozef K. ham nomaʼlum jinoyat uchun sud qilinadi, biroq u aybi nima ekanini bilmay toqatsizlanaveradi. Kafkaning boshqa qahramonlari singari uning ham iymoni zaif, eʼtiqodsiz, irodasiz, kutishga sabri chidamaydi. Bu jarayonning tagiga yetmoqchi boʻlib, tinimsiz sabab izlaydi, lekin oʻz urinishlari bilan ahvolini battar ogʻirlashtiraveradi. Qonunlarning mantiqsizligi ayonlashgani sayin boshi berk koʻchaga kirib qolaveradi.

Roman inson hayoti sinovlardan iboratligini koʻrsatadi. Yozef K. hibsga olinganda, hech kim aybini eʼlon qilmaydi yoki hech qanday jazo tayinlanmaydi, kunlari odatdagiday kechaveradi. Bularning bari sinov, hatto oddiy kundalik hayot sinovlaridir. Faqat baʼzan hayot (asarda sud – hayot timsoli) vasvasa qilib insonni chigʻiriqdan oʻtkazadi, shu bilan uning nimalarga qodirligini aniqlaydi, insonda aybdorlik, vijdon tuygʻusini uygʻotadi. Bu har bir odamning boshida bor. K. hayotini mavhum sud jarayoni emas, balki oʻzi chigallashtirib yuboradi. Shu haqda tinimsiz oʻylayverganidan bu avval butun ruhini qamrab oladi, soʻng nomaʼlum kasallikday tirikligini yemirib, osongina mahv etadi. Boshga kelgani hamisha ham jazo boʻlavermaydi, balki odamzod peshonasiga bitilgan sinov ekani haqida oʻylamaydi. Bu yo kamolotga eltadi, yo halokatga. Ikkinchisiga yoʻliqmaslik uchun insondan talab qilingani – sabr! Yozef K.ga ruhoniyning rivoyati shunga ishora edi, biroq uning zaif eʼtiqodi buni anglashiga yoʻl bermaydi. Nihoyat, u Iso alayhissalomday oʻttiz uch yoshida qatl qilindi. Faqat bu oʻlim paygʻambarlarga xos ulugʻvor emas edi. Oʻlimi oldidan Yozef K. yuqoriga qaraydi va ochiq turgan derazadan oʻzi tomon choʻzilgan ikki qoʻlni koʻradi, biroq ular najot topishga ishora boʻlganda ham, endi qismatini oʻzgartirishga Firʼavnday kech qolgandi. U bu vaziyatdan chiqib ketishi mumkin boʻlsa-da, unda Ayyub alayhissalomdagi Yaratganga tavakkul hissi yoʻq edi.

Fahmimcha, Kafka butun insoniyat tarixini qamrab oladigan qandaydir muhtasham asar yaratishni koʻzlagan, shuning uchun romanlarini eʼlon qilishga shoshmagan. Ehtimol, shu uch asarni birlashtirib, mukammal bir kitobga aylantirishni koʻngliga tukkandir. Balki shunday qilardi ham, Parvardigor umr berganda...

Odatda romanlarda izchil syujet, ekspozitsiya, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim, sabab va oqibat orasida bogʻliqlik boʻladi. Kafka romanlarida bunday adabiy mezonlar sanʼat darajasiga koʻtarilmagan. Ulardan estetik zavq olish qiyin; epitet, metafora yoki goʻzal obrazlar yoʻq. Uslubi ham rasmiy, matnda romantik, goʻzal tasvirlar yetishmaydi. Biroq obrazlari tirik, ular barcha zamon va makonlarga tegishliday tuyulaveradi. Shuningdek, yozuvchi romanlari uchun insoniyat tarixidagi eng ulugʻvor qissalarni asos qilib olgani bilan ahamiyatlidir. Faqat ularga oʻzgacha tarzda yondashadi, adib hammasida bir savolni koʻndalang qoʻyadi: “Eʼtiqodsiz odam haqiqat-u adolat topish yoʻlida paygʻambarlar tushgan vaziyatlarga tushsa nima qiladi?” Shu tariqa qadimgi rivoyatlarga modernistik uslubda yondashib, qahramonlarining xatolari-yu fojialarini koʻrsatib beradi. Karl Rossmanda boshlangan hikoya “Jarayon”ning Yozef K.sida adogʻiga yetadi. Karl maʼsum, Odam Atoday pok edi. Garchand gunohkorga aylangan boʻlsa-da, aybining nechogʻli ogʻir ekanini tushunmaydi. Jamiyatning unga munosabati keskin oʻzgarganida esa esankirab qoladi.

Kafka kundaligida maʼlum qilganiday, “Qalʼa”dagi K.ga oʻlimni ravo koʻrgan ekan, demakki, asarning real hayotda bunday yakun topmaganida qandaydir ilohiy va ulugʻvor mohiyat bor. “Qalʼa” “Jarayon”dan keyin yozilganiga qaramay, K.ning qismati “Jarayon”da hal boʻlib boʻlgan edi. Bu uch qahramon mutolaa jarayonida oʻquvchida bitta odamday taassurot qoldiradi. Hammasining hayotdagi maqsadlari mushtarak, xarakterlari ham deyarli bir xil. Ular oʻz makon va zamonlaridan mantig‘-u haqiqat izlaydi, biroq uchovining ham urinishlari mudom omadsizlikka uchrayveradi va mantiqsizlik bilan roʻpara kelaveradi. Atrofdagilarning munosabatidan aziyat chekadi, tushkunlikka tushib, jamiyatdan begonalashadi. Uchovini ham erksizlik tuygʻusi birday ezadi. Shunga qaramay oxir-oqibat taqdirga tan berishga majbur boʻladilar, lekin hech biri xudoga ibodat qilmaydi, tavba qilmaydi, najot kelishiga ham ishonmaydi. Kafka qahramonlari moddiy dunyodan uzilib, hurriyatga erishish xayolidan oʻlguday qoʻrqadi. Shunday ekan, ularning yovuz dushmani bu – oʻzi ekaniga shubha yoʻq.

Xoʻsh, Kafka romanlarining bosh qahramoni kim? Odam. Insoniyat. Afsuski, bu bashar hech bir zamonda paygʻambarlarining kimligini anglamadi. Ularga azob bergan, biroq bundan faqat oʻzi ziyon koʻrgan, xiyonatlarining badali sifatida muayyan bir davrlarda mantiqsizlik bilan roʻpara keldi va goh Karl Rossmanday nomaʼlum makon-u zamon ichra gʻoyib boʻldi; goh yer oʻlchovchiday oʻz ildizlari-yu qadriyatlaridan uzoqlashib, oʻziga begona boʻldi; goh Yozef K.day halokatga yuz tutdi.

Kafka bu uch romanda hurfikrli odamlar qismatiga jaholatga yuz tutgan jamiyatning shafqatsiz qonunlari qanchalar taʼsir koʻrsatishi mumkinligini real tasvirlashga erishgan. U son-sanoqsiz timsollar-u makonlar orqali oʻrgimchak inidagi qiyshiq hayotga koʻzgu tutdi. Kafka adabiyotining oʻrgimchak toʻri – dunyo timsolidir. Inson uning moddiyatiga mahliyo boʻlsa, hech qachon changalidan qutulolmaydi. Bu mantiqiy gʻoya insoniyat oʻzini anglaganidan buyon mavjud. Shunday ekan, Kafka asarlarida koʻpgina yozuvchilarday hurfikrli jamiyat yaratib, utopiyaga berilmagan. U chindan ham orzu qilmaydi, orzu qilishni ham bilmaydi.

“O, orzu gʻoyat serob, beqiyos darajada koʻp, lekin biz shoʻrpeshonalarga kim qoʻyibdi uni...”

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Oʻrgimchak iniga xush kelibsiz!” maqolasi