Hayoti va ilmiy faoliyati haqida turli mishmishlar tarqagan, qarama-qarshi fikrlar bildirilgan olimlardan biri Albert Eynshteyndir. Ziddiyatli fikrlar odatda uning nisbiylik nazariyasiga muallifligi masalasida bildiriladi. Uning matematikaga qobiliyati yoʻq edi, qanday qilib shunday olamshumul nazariyani yarata oldi? Nega Nobel mukofoti unga mazkur nazariya uchun emas, balki fotoeffekt nazariyasi uchun berildi va hokazo savollar paydo boʻlaveradi. Albatta, Eynshteyn nisbiylik nazariyasini toʻligʻicha oʻz mehnati bilan ishlab chiqmagan. U bu borada avvalgi matematik va fiziklarning ishlariga tayangan, ulardan foydalangan. Ammo bu – Eynshteyn mazkur nazariyaning muallifi deya eʼtirof etilishiga xalal bermaydi. Biror olim yangi nazariyani yoʻq joydan paydo qilmaydi, axir!
Bu oʻrinda men nisbiylik nazariyasining haqiqiy muallifi Albert Eynshteyn emas, uning xotini Mileva Marich degan daʼvoga munosabat bildirishni lozim topdim. Bu qarash tarafdorlari keltirgan dalillarni shunday ifodalash mumkin:
– Eynshteynning matematik qobiliyati past boʻlgan, unga bu ishda qobiliyatliroq boʻlgan xotini Mileva Marich yordam bergan yoki nazariyani toʻliq u ishlab chiqqan;
– rus fizigi Abram Ioffe (1880–1960) Eynshteynning 1905-yili chop qilingan maqolalarining qoʻlyozmalarini koʻrgani, ularga “Eynshteyn – Mariti” imzosi (Mariti – Milevaning qizlik familiyasi) qoʻyilganini aytgan emish;
– Eynshteyn Marichga maktublarida “bizning nazariyamiz” iborasini ishlatgan. Bu esa nazariyaning hammualliflikda yozilganiga ishoradir.
Yuqorida keltirilgan uch asosning biri yolgʻon, ikkitasi esa Mileva Marichni Eynshteynga hammuallif deyish uchun yetarli emas.
Birinchi asos – Eynshteynning matematik qobiliyati past boʻlganini olaylik. Xoʻsh, matematik qobiliyatning pastligi fizikada katta nazariya yaratish ehtimolini butunlay yoʻqqa chiqaradimi? Qolaversa, “qobiliyati past” degani nimani anglatadi? Buyuk matematik boʻlish uchun yetarli boʻlmagan qobiliyat buyuk fizik boʻlishga yetarli boʻlishi mumkin emasmi? Maykl Faradey, Aleksandr Bell, Tomas Edisonning ham matematik qobiliyati havas qiladigan darajada emas edi. Fiziklarning tajribalari xulosasini matematik tilga koʻchirishda matematiklardan koʻmak olishi gʻayriodatiy hodisa emas. Qolaversa, Eynshteyngacha nisbiylik nazariyasi uchun dastak boʻladigan matematik nazariyalar yaratib boʻlingan edi. (Mileva nima ish qilgan, yaratib boʻlingan matematik nazariyalarni qayta yaratganmi? Ehtimol, u Puankarega ham hammuallif boʻlgandir?) Agar masalani boshqacharoq qoʻyib, kim muallif, Eynshteynmi yoki Anri Puankare deyilsa, bu boshqa gap. Shunda ham Puankareni mazkur nazariyaning yakka muallifi emas, Eynshteyn bilan nari borsa hammuallif deyishga toʻgʻri keladi. Har qanday holatda ham Eynshteyn nisbiylik nazariyasining muallifi boʻlib qolaveradi. Yakka oʻzi muallifmi yoki hammuallifmi – bu masalani muhokama qilish mumkin. Ammo uni mualliflik huquqidan mahrum qilish uchun favqulodda kuchli dalil kerak.
Fiziklarga matematik qobiliyatning oʻzigina yetarli emas – kuchli tasavvur va intuitsiya ham kerak boʻladi. Aks holda, istalgan matematik fizik boʻlib ketardi. Demak, Milena Marich nisbiylik nazariyasini yaratgan yoki hammuallif boʻlgan deyish uchun bu asos yetarli emas.
Ikkinchi asos – A.Ioffening Eynshteyn maqolalari qoʻlyozmasida “Eynshteyn – Mariti” imzosini koʻrgani nafaqat Eynshteynga, balki A.Ioffega nisbatan ham tuhmatdir. Bu tuhmatni birinchi boʻlib aytgan odam – Milena Marichning biografi Dizanko Trbuxovich-Gjurichdir. Men u bergan havola boʻyicha A.Ioffening oʻsha maqolasini tekshirib koʻrdim. Aslida maqolada quyidagilar yozilgan: “Эйнштейн – это автор теории относительности, гениальный преобразователь и продолжатель начал Ньютона и только – таково представление далёких от физики слоёв интеллигенции.
Для физиков же, и в особенности для физиков моего поколения – современников Эйнштейна, незабываемо появление Эйнштейна на арене науки. В 1905 г. в “Анналах физики” появились три статьи, положившие начало трём наиболее актуальным направлениям физики ХХ века. Это были: теория броуновского движения, фотонная теория света и теория относительности. Автор их – неизвестный до тех пор чиновник патентного бюро в Берне Эйнштейн-Марити (Марити – фамилия его жены, которая по швейцарскому обычаю прибавляется к фамилии мужа)” (Иоффе А. Памяти Альберта Эйнштейна. // Успехи физических наук, Т LVII, вып. 2, 1955. Стр. 187).
Bu yerda Ioffe, birinchidan, maqolalar qo‘lyozmalarini ko‘rganini aytmayapti, ikkinchidan, Eynshteynni nisbiylik nazariyasining muallifi sifatida ko‘rsatyapti, uchinchidan, “Eynshteyn-Mariti” deya qayd etilgani sababini izohlab, bunday yozish Shveysariyada odat bo‘lganini ta’kidlab o‘tyapti. Trbuxovich-Gjurich esa nafaqat Ioffega tuhmat qilgan, ayni choqda, ma’lumotni oxirigacha bermay g‘irromlik qilgan. Agar ushbu ikkinchi da’vo Trbuxovich-Gjurich bergan yolg‘on ma’lumotga tayanishini nazarda tutsak, bu asosning o‘zini asoslash kerak bo‘ladi.
Uchinchi asos – Eynshteyn Milevaga yozgan maktubida mazkur nazariyani “bizning nazariyamiz” deb aytgani ham kuchli dalil emas. Uni istagancha talqin qilish mumkin. Mileva Marich Eynshteynga yo‘llagan maktublarida biror marta bo‘lsin nisbiylik nazariyasini muhokama qilganmi? Marich biror o‘rinda bu haqda yozmagan. Eynshteyn unga o‘zi qo‘l urgan tadqiqotlar, ularning konseptual nazariy jihatlari haqida yozgan, ammo xotini erini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklangan, xolos. Agar chindan ham Mileva mazkur nazariyaning hammuallifi yoki muallifi bo‘lganida maktublar yoxud zamondoshlarning xotiralarida buni tasdiqlovchi dalillar qayd etilishi tabiiy edi. Boz ustiga, har qanday olim tadqiqotlari davomida ma’naviy dastak berib turgan yaqin kishisiga “Nazariyamiz pishdi” deb qo‘yishi favqulodda hodisa emas.
Ayrimlar Eynshteyn Nobel mukofotidan olgan pullarini xotiniga berganini Mileva nisbiylik nazariyasi hammuallifi boʻlgani bois deya talqin qiladi. Ammo bunga boshqa sabablarni ham keltirish mumkin. Bu holni izohlash uchun Milevani Eynshteynga hammuallif qilib qoʻyish shart emas.
Eynshteyndek bir yahudiy olimning XX asrning eng buyuk fizigi deya eʼtirof etilishi, tabiiy, aksar antisemit kayfiyatidagi kishilarga yoqmaydi. Uni ushbu maqomdan butunlay tushirish uchun turli maʼlumotlar uydirilishi, faktlar buzib koʻrsatilishi mumkin. Ayniqsa, yahudiylarga doir konspiratsiya nazariyalari urchigandan urchib ketgan bugungi davrda berilayotgan har bir fikr, iqtibos, xabarni nuqta-verguligacha tekshirib qoʻyish zarar qilmaydi.
Umumqabul qilingan qarashlarga qarshi chiqish ijobiy urinish, menimcha. Ammo buning uchun zalvorli dalillar kerak. Karl Sagan aytganidek, “favqulodda daʼvolar favqulodda dalillarni talab qiladi”.
Xurshid YOʻLDOSHEV
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 4-son