Vatanni avvalo, kuchli muhabbat, uyg‘oq qalb, bezovta vijdon bilan to‘yingan milliy ruh himoya qiladi.
Vatanparvarlik – bu fikr, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasining mahsulidir. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, ekanligi haqida ta’kidlab keladi.
Dunyo keskin kurash, mafkuralarning raqobat maydoniga aylanmoqda. Ayniqsa, bugun yoshlar ongini, ruhini egallash borasida tahdidlar ko‘p. Bunday tahlikali vaziyatda har kuni milliy ruh “qo‘ng‘irog‘i” qulog‘imizda jaranglab turishi lozim. Bu qo‘ng‘iroq bizni uyg‘otuvchi, sergak tortiruvchi, ogohlantiruvchi kuchdir.
Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida bo‘lib, bu yerdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishgan edi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashib, Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati yosh avlod uchun ibrat ekanligini ta’kidladi.
– Bu yerda aniq fanlar o‘qitilishi yaxshi. Shu bilan birga, dars jarayonlarida vatanparvarlik tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, qadriyatlarimizni ham o‘rgatish lozim. Shunday bo‘lishi kerakki, milliy ruh va g‘urur yoshlarning eng kuchli quroli bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Harbiy-jangovar qudrat, yuksak ma’naviy salohiyat yurt himoyachilarining muhim tayanchi ekaniga urg‘u berildi. Darhaqiqat, jangchining quroli — uning yuksak jangovarlik ruhidir. Bunga tarix ham ko‘p guvoh bo‘lgan.
Zero, Vatanni avvalo, kuchli muhabbat, uyg‘oq qalb, bezovta vijdon bilan to‘yingan milliy ruh himoya qiladi. Qo‘ldagi qurol bu ruh bilangina qudratga aylana oladi.
Prezidentning mazkur hayotbaxsh g‘oyasini amalga oshirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonning yangi kinolari” shiori asosida “Kinokarvon” tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirlarning birinchisi aynan Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlar kinorejissyor Hilol Nasimov, aktyor Davron Karimovlar bilan muloqot qildi. Qiziqtirgan savollariga javob oldi. Uchrashuv davomida Hilol Nasimovning “Vatan ostonasida” badiiy filmi namoyish etildi.
Kino — tarbiya, ma’rifat, ruhiy quvvatdir. Shu ma’noda yoshlar filmdan olgan katta tassurotlari haqida fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, harbiy-akademik litseyining o‘quvchilar bilan xalqimizning sevimli teatr va kino aktyorlari Yodgor Sagdiyev, Erkin Komilov, Zuhra Ashurova, Muqaddas Holiqova, Saida Rametova,Tohir Saidov, Ra’no Yarasheva, Dilnoza Kubayeva, Marat Azimov,Hamza Hasanov va Sharofiddin Muzrofovlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bunday tadbirlar davomli tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Haftaning juma kuni kinolar namoyishi bo‘lsa, shanba “Teatr kuni”, haftada bir kun vatanparvarlik ruhidagi she’riyat kunlari o‘tkaziladi. Zero, bu maskanda tahsil oluvchi har bir o‘quvchi ertaga vatanni muhabbati, jasoratli jangovar ruhi, milliy g‘ururi bilan ham himoya qiluvchi ertaning qudratli kuchlaridir.
Bu kabi “Kinokarvon” tadbirlari har bir hududga, ta’lim muassasalariga kirib boradi. O‘quvchi-yoshlar nafaqat, kino ko‘radi, balki, “Film qahramonlaridan o‘rnak olamiz” mavzusida insholar ham yozadi.
Xalqimiz suygan aktyorlar, rejissyor va ssenaristlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, yozuvchi va shoirlardan iborat ijodiy guruhlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari, film namoyishlari bo‘lib o‘tadi.
Zero, ezgulikni shior, ma’rifatni eng qudratli qurolga aylantirgan jamiyat ertaning haqiqiy egalarini tarbiyalaydi.
Bekzod ABDURAIMOV,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi boshlig‘i