Farosati sust odamni hayotda quyidagi holatlarga yoʻl qoʻyishiga koʻra aniqlash mumkin:

1. Oʻzini boshqalarning oʻrniga qoʻya olmaydi. Biror bir  ishni bajarishni rejalashtirsa,  bu ishning natijasiga  boshqalar qanday qaragan boʻlardilar, deb ish tuta olmaydi.

2.Biror bir ish qilayotgan boʻlsa, buning boshqalarga qanday taʼsir etayotganligi yoki   yoqishi va  yoqmasligini oʻylay olmaydi.

3.Bajarayotgan ishining natijasini emas, ishning faqat hozir kechayotgan jarayonini koʻradi.

4.Jamiyatda va oʻz hayotida besh-oʻn yildan keyin qanday oʻzgarishlar yuz berishini tasavvur ham eta olmaydi.

5.Ehtiroslarga beriluvchan boʻladi, ayniqsa, jahli chiqqan, kayfiyati buzilgan holatlarda oʻzini tuta olmaydi.

6.Boshqalarni  sabr qilib  oxirigacha eshita olmaydi, oʻzini hamisha “toʻgʻri qilyapman”, deb biladi.

7.Munosabatlarda faqat “men” soʻzini ishlatishga urgʻu beradi, “Biz” va “Siz” olmoshlarini kam ishlatadi.

8.Atrof-muhitda yuz berayotgan jarayonlar va holatlar mantigʻini tez fahmlay olmaydi.

9.Jamoaviy bajarilayotgan ishlar paytida oʻzining hatti-harakatlari boshqalarga xalal berayotganini anglamaydi.

10. Milliy maʼnaviyat, davlat obro‘-eʼtibori, mavqeining nechogʻli muhimligi, oila nufuzi,  shaxs oriyati, gʻururi singari milliy qadriyatlar mohiyatini anglamaydi.

11. Pokizalikka, tozalik, orastalikka eʼtibor qilish masalasida did va saviyasi past boʻladi, bu borada umumiy qabul qilingan qoida va meʼyorlarga rioya qila olmaydi. 

12. Yurishi, turishi, oʻtirishida oʻzini besaranjom tutadi, ehtiyotkorligi zaif boʻladi. Bexosdan qoʻlidagi narsalarini tushirib qoʻyadi yoki toʻkib yuboradi.

13. Muloqot paytida masala hamma kutgan yechimga borayotgan bir paytda dabdurustdan muammoning hal etilishiga mantiqan  zid keluvchi fakt yoxud fikrni oʻrtaga tashlaydi va oʻzi anglamasdan ham oʻziga, ham jamoa zarariga ishlab qoʻyadi.

14.Majlis va suhbatlarda vaqt meyyorini saqlay olmaydi. Soʻz berilganda  umumiy qabul qilingan va belgilangan  vaqt reglamentiga rioya qila bilmaydi va yigʻilgan odamlarning  majlis choʻzilayotganidan  noroziliklarini his eta olmaydi.

 Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri, sotsiologiya fanlari doktori, professor, "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Mansur Bekmurodovning "Farosat ilmi" kitobidan