Bugun kompyuter va internet savodxonligi nafaqat kasbiy mahorat, balki kundalik hayotimizdagi muhim koʻnikmaga aylandi. Raqamli dunyo borgan sari kengayib, yosh avlodning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi ortib borayotir. Bolalar raqamli makonni tabiiy hayotning bir qismi deb oʻylaydi. Oqibatda zararli kontent, anonim muloqot, firibgarlik, yoʻldan ozdiruvchi axborot girdobiga tushib qoladi. Chunki ularda hali mustaqil fikrlash, axborotni farqlash, xavfni anglash kabi koʻnikmalar shakllanmagan. Shu sababli farzandlarimizda raqamli xulq-atvor madaniyatini shakllantirish davlat va jamiyatning asosiy vazifalaridan biriga aylanmoqda.
Raqamli xulq-atvor
XXI asr bolalari “kompyuter texnologiyalari” va “nanotexnologiyalar” deb atalgan davrni tez ortda qoldirib, “sunʼiy intellekt” avlodi sifatida ulgʻaymoqda. Goʻdakligidan internet va raqamli texnologiyalar bilan tanishib, raqamli savodxonlikka ega boʻlmasa-da, gadjet va smartfonlardan mustaqil foydalanishni oʻrganayapti. Tadqiqotlarga koʻra, avlodlar har 20-25 yilda almashadi va ularning qadriyatlari, xulqi, motivlari shu davrga mos boʻladi. Globallashuv sharoitida esa yosh avlodning ongi va ruhiyati virtual makon orqali shakllanmoqda. Meta olam (virtual muhitdagi muloqot, ish va dam olish imkoniga ega boʻlgan raqamli dunyo) va virtual reallik yoshlarning shaxsiy va ijtimoiy identifikatsiyasiga taʼsir oʻtkazmoqda. Zamonaviy “Homo sapiens” – Zeta, Alfa va Beta avlodlar onlayn makonda koʻproq vaqt oʻtkazib, virtual va real muhit oʻrtasida yangi tushunchalarni hosil qilmoqda. Ular virtual makonning faol foydalanuvchilaridir. Shu bois ularni raqamli xavfsizlik va toʻgʻri kontent bilan taʼminlashning ahamiyati soat sayin ortib bormoqda.
Dofamin tobeligi nima?
Bola dunyoga kelgan kunidan boshlab miyasi nihoyatda murakkab va sezgir boʻladi. Ayniqsa, dofamin tizimi – motivatsiya, mukofot, quvonch, oʻrganish va harakatni boshqaruvchi neyrobiologik mexanizmlari bolalik va oʻsmirlikda juda faol boʻladi. Dofamin bizni yangi narsalarga qiziqtiradi, oʻrganishga undaydi va yoqimli tajribalarni takrorlashga majbur qiladi. Shuning uchun ham raqamli muhit bolalar uchun nafaqat qiziqarli, balki maʼlum darajada xavfli “psixologik magnit” vazifasini ham bajaradi.
Dofamin tobeligi miya mukofot tizimining ortiqcha stimulyatsiya natijasida bir xil lazzat yoki hayajon uchun tobora koʻproq taʼsir talab qilishidir. Yaʼni, bola ilgari zavq olgan faoliyatdan yana zavq olishi uchun endi avvalgidan koʻproq vaqt, kuchliroq taʼsir yoki hayajonli kontentga muhtoj boʻladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar aynan shu mexanizmga asoslanadi. Axborotning cheksiz ketma-ketligi, rangli animatsiya, tez oʻzgaruvchi video, oʻyinlardagi ragʻbat tizimlari dofamin chiqarilishini maksimal darajada ragʻbatlantiradi. Jarayon muntazam davom etsa bola real hayotdagi tinch va sekin faoliyat, yaʼni kitob oʻqish, gurung, sayr, ijodiy ishlardan zavqlanolmay qolishi mumkin.
Bugungi raqamli makonning eng xavfli jihati undagi kontentning bolalarga moslashganligi. Kontent bolani “ketkazib yubormaslik” uchun atay ishlab chiqariladi. Xoʻsh, bu qopqon shunday ishlaydi:
tez oʻzgaruvchi videolar miyani doimiy stimulyatsiya holatida ushlab turadi;
oʻyinlardagi ragʻbat rejimlari, yaʼni bonuslar, daraja va koʻtarilishlar bola miyasini yana va yana deb talab qilishga oʻrgatadi;
ijtimoiy tarmoqlardagi layk va sharhlar esa bola ongida “mendan rozimi?”, “meni kim koʻrdi?”, “yana kim baho beradi?” degan ijtimoiy ehtiyojni kuchaytiradi;
cheksiz axborot manbai tugamaydigan ragʻbat kabi ishlaydigan dofamin tizimini kuchli taʼsirlantiradi. Shu sababli bola nega telefonni qoʻya olmayotganini oʻzi ham tushunmaydi. Chunki u ongli emas, neyrobiologik darajada bogʻlanib qolgan boʻladi.
Dofamin miyamizda “mukofot signali” sifatida ishlaydi va quyidagi jarayonlarni boshqaradi:
qiziqish uygʻotadi;
motivatsiya va kutish hissi paydo qiladi;
mukofotdan zavqlanishga oʻrgatadi;
ushbu tajribani takrorlashga undaydi.
Bolalar raqamli qurilmaga haddan tashqari bogʻlanib qoladi, undan ajralganda asabiylashadi, yigʻlaydi yoki jahli chiqadi. Bu oddiy injiqlik emas, miya mukofot tizimining ortiqcha qoʻzgʻalganidan dalolat beradi.
Bola jazolash emas, ongli boshqaruv va bosqichma-bosqich cheklovlar bilan dofamin tobeligidan qutqariladi. Avvalo ekran vaqtini yoshga mos cheklash, uxlashdan oldingi kamida ikki soat ekrandan voz kechish va “telefon boʻlmaydigan hudud” yaratish muhim. Bola uchun kitob oʻqish, rasm chizish, sport, sayr, musiqa va konstruktorlarni oʻynash kabi sokin, mamnuniyat beruvchi mashgʻulotlar zarur boʻladi.
Har avlodda turlicha tahdid
Internet xavfsizligi haqida soʻz borar ekan, avlodlar nazariyasi nuqtai nazaridan har bir avlodning internet bilan munosabati va raqamli xulqida sezilarli farqlar mavjud.
X avlod vakillari (1965–1980-yillar) – internetni asosan ish va maʼlumot manbai sifatida ishlatadi. Onlayn tahdidlarga ehtiyotkor yondashadi va xavfsizlikni texnologik choralar orqali taʼminlashga intiladi. Shu bois ular uchun xavfsizlik boʻyicha koʻrsatmalar texnik jihatlar bilan bogʻliq boʻlishi samarali.
Millenniallar – Y avlod vakillari (1981–1996-yillar) – internetni ijtimoiy aloqalar va oʻzini ifoda etish vositasi sifatida faol ishlatadi. Onlayn xatarlarni anglaydi va shaxsiy kontentning xavfsizligini taʼminlashga qiziqadi. Ular uchun interaktiv yoʻriqnomalar va profil sozlamalari boʻyicha treninglar samaraliroq.
Zed va Alfa avlod vakillari (1997–2012-yillar) – raqamli makonda “tabiiy yashovchilar” boʻlib, internetdan tugʻilishdan boshlab foydalanadi. Ular tezkorlik va virtual makondagi faoliyat tufayli xatarlarni kamroq sezadi. Shu bois xavfsizlikni oʻrgatishda oʻyin, animatsiya va qisqa video formatlar orqali interaktiv yondashuv samarali boʻladi.
Avlodlar oʻrtasidagi farqni hisobga olish internet xavfsizligini taʼminlashda asosiy omildir. Har bir avlodning raqamli madaniyati, kontentga munosabati va texnologiya bilan ishlash qobiliyati xavfsizlik strategiyasini shakllantirishda hisobga olinishi kerak.
Trend, mem, chellenj va fleshbum
Raqamli axborot makonining jadal rivoji internetda trend, mem, chellenj va fleshbum kabi onlayn hodisalarni ommalashtirdi. Ushbu hodisalar ijtimoiy tarmoqlarning ajralmas qismiga aylanib, yoshlarning dunyoqarashi, xulqiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Koʻpincha koʻngilochar va beozor koʻrinsa-da, ularning mazmuni va tarqalish mexanizmi psixologik, ijtimoiy hamda xavfsizlikka oid tahdidlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Trend – internetda qisqa vaqt ichida ommalashadigan gʻoya, harakat yoki audiovizual ifoda boʻlib, asosan “TikTok”, “YouTube”, “Shorts” va “Instagram” kabi platformalarda shakllanadi. Trendlarning tez oʻzgarishi xatarni toʻliq anglamagan yoshlarni koʻrganlarini takrorlashga undaydi. Xususan, ekstremal harakatlar, zararli dietalar yo shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilish bilan bogʻliq trendlar bolalar va oʻsmirlar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi.
Chellenjlar foydalanuvchilarni maʼlum vazifani bajarishga va uni video orqali tarqatishga undaydi. Ijobiy (sport, xayriya), zararsiz koʻngilochar va xavfli turlarga boʻlinadi. Xavfli chellenjlar oʻzini jarohatlash, noqonuniy harakat yoki hayot uchun xavfli vazifalarni targʻib qilishi mumkin. Yoshlar esa “trendda boʻlish” istagi bilan, oqibatini oʻylamasdan bunday chellenjlarga qoʻshilishi ehtimoli yuqori.
Memlar internet madaniyatining muhim elementi boʻlib, kulgili yoki tanqidiy mazmunda tez tarqaladi va kuchli ijtimoiy taʼsirga ega. Ular kreativlikni rivojlantirish bilan birga, kamsitish, kiberbulling yoki salbiy stereotiplarni kuchaytirishi ham mumkin.
Fleshbumlar esa koʻplab foydalanuvchilar bir vaqtda amalga oshiradigan jamoaviy aksiya boʻlib, ijobiy tashabbuslarni targʻib qilishi yoki, aksincha, xavfli va noqonuniy gʻoyalarga xizmat qilishi ehtimoli bor.
Bugungi kunda 4-12 yoshdagi bolalar “TikTok”, “YouTube”, “Shorts” va “Instagram”da qisqa videolarni (short reels) muntazam tomosha qilmoqda. Ushbu format bolalarning eʼtiborini tez jalb qiladi. Ular yangi soʻzlar, raqslar, trendlar va gʻoyalarni oson oʻzlashtirishga yordam bersa-da, jiddiy xavflarni ham yuzaga keltiradi. Mutaxassislarga koʻra, qisqa videolar miyadagi “hayajon markazlari”ni faollashtiradi va maʼlumotni tez qabul qilishga majbur etadi. Bu uzoq muddatda diqqatni jamlash, murakkab qarorlar qabul qilish va harakatlarni boshqarish qobiliyatini susaytiradi. Tez-tez oʻzgarib turuvchi videolar esa hayajon va qoniqish hissini uygʻotadi, bu yangi kontentga qaramlikni oshiradi.
Qisqasi, raqamli makon cheksiz kontent, turli mafkuraviy oqimlar, yoshga mos boʻlmagan tasvirlar va manipulyativ axborot bilan toʻldirilgan. Shu sababli xavfsiz internet uchta asosiy tarkibga ega boʻlishi kerak:
texnik himoya – filtrlar, parollar, maxfiylik sozlamalari va yoshga mos cheklovlar;
axborot madaniyati – bolaning tanqidiy fikrlashi, shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishni bilishi;
psixologik qoʻllov – bolaning internetdagi har bir tajribasi haqida ota-ona bilan erkin muloqot qila olishi.
Agar bu uch yoʻnalish uygʻun ishlasa, bolalarimiz internetdan bilim oladigan va ijod qiladigan sogʻlom raqamli muhitga ega boʻladi.
Nigora HUSANOVA,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti xodimi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.
“Raqamli dunyoning raqamli bolalari” maqolasi