Xitoylik olimlar ota-onalar farzandlariga gender rollarni qanday singdirishi boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi.
Eksperimentning asosiy gʻoyasi:
▪️ ota-onalarning genderga oid tarbiya uslublari (ayollik va erkaklik tarbiyasi) farzandlarining hayotga moslashib ketishiga qanchalik taʼsir qilishini oʻrganish;
▪️ tarbiya uslublari boʻyicha toʻliq va notoʻliq (ajrashgan oila) oila farzandlarida farq bor yoki yoʻqligini aniqlash edi.
Maʼlumot uchun, baʼzi ota-onalar “Oʻgʻil bola qanday boʻlishi kerak?” “Qiz bola qanday boʻlishi shart?” kabi stereotipli fikrda boʻlishadi.
Ayrimlar esa “qiz ham, oʻgʻil ham bir xil huquqlarga ega”, deb tenglikka asoslangan tarbiya usulini qoʻllaydi. Tadqiqotda aynan mana shu qarashlarning qaysi biri toʻgʻri ekanligiga oydinlik kiritilgan.
Maʼlum boʻlishicha, bolaning maktabda, doʻstlar orasida, jamiyatda oʻzini tutishi ota-onasining gender tengligiga qanday munosabatda boʻlishi bilan bogʻliq.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, toʻliq oilalarda bu ikki tarbiya yoʻnalishi uygʻunlashadi. Farzandlar ikkala gender koʻnikmasini ham qabul qiladi va ota-onalarga boʻlgan ishonch, identifikatsiya kuchayadi.
Bu esa ijtimoiy muhitda erkin muloqot qilish, doʻstona munosabatlar oʻrnatish, konfliktlarni hal qilish kabi ijtimoiy moslashuv koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Notoʻliq oilalarda, ayniqsa, onalar boshchilik qilayotgan oilalarda ayol ota rolini ham oʻz zimmasiga oladi. Shu sababli bolalarga koʻproq "erkaklik tarbiyasi" beriladi.
Mazkur jarayon bolalarda kuchli boʻlish hamda qiyinchiliklarni yengib oʻtishga tayyorgarlik hissini oshiradi.
Eksperimentdan olingan asosiy natijalar quyidagicha:
▪️ farzandlar ota-onalarining gender tarbiya uslubiga qarab oʻzlarining ijtimoiy koʻnikmalarini shakllantiradi;
▪️ toʻliq oilalar gender rollarni uygʻunlashtirib, bolalarni har tomonlama rivojlantiradi.
▪️ notoʻliq oilalarda esa bolalar "erkaklik tarbiyasi" orqali oʻzlariga ishonchni oshiradi va mustaqil boʻlishadi.
Xulosa qilib aytganda, ota-onaning gender rollariga nisbatan qanday qarashda boʻlishi va bola ularning fikrini qanchalik qabul qilishi bolaning jamiyatda qanday odam boʻlib ulgʻayishiga bevosita taʼsir qiladi.