Ming yillarga borib taqaluvchi oʻzbek davlatchiligi tarixida oxirgi bir asr juda muhim davr boʻldi. Bu vaqt ichida jumhuriyat shaklidagi yagona Oʻzbekiston davlati tashkil topdi va “qizil imperiya”ning kuchli bosimi ostida yashadi. 1991-yilda esa burilish nuqtasi sodir boʻldi va oʻzbek xalqi oʻz erkinligini qaytarib oldi. Oxirgi bir asr davomida Oʻzbekistonni boshqargan insonlarning aksariyati ogʻir davrlarda ham millati manfaati uchun harakat qildi, baʼzilari esa, afsuski, bunga teskari boʻlgan ishlarni amalga oshirdi.

Oʻzbekiston jumhuriyati!

Aynan bir asr oldin, 1925-yilda jumhuriyat (respublika) shaklidagi ilk oʻzbek davlatlari: Buxoro va Xiva xalq shoʻro jumhuriyatlari, shuningdek Turkiston muxtor sovet sotsialistik respublikasi yagona – Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyatiga birlashgandi.

Ushbu jumhuriyatning ilk rahbari – uning asoschilaridan biri, Oʻzbekiston davlatini tuzish boʻyicha Inqilobiy qoʻmita raisi boʻlgan Fayzulla Xoʻjayev edi.

Fayzulla Xoʻjayev yangi respublikaning Xalq komissarlari kengashi (hozirgi Vazirlar mahkamasi) raisi, yaʼni bosh vaziri lavozimini egallaydi.

Shu yerda OʻzSSR va butun SSSR boshqaruv tizimi haqida. 1917-yil oktabrda bolsheviklar hokimiyatga kelgach, inqilob yetakchisi boʻlgan Vladimir Lenin yangi davlatning rahbariga aylanadi. U mamlakatni Xalq komissarlari kengashi raisi, yaʼni bosh vazir lavozimida boshqara boshlaydi. Lenin ushbu lavozimda davlatni boshqargach, SSSR taʼsiridagi boshqa respublikalarda ham ushbu lavozim bosh mansabga aylanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham.

Fayzulla Xoʻjayev (birinchi qator, oʻngdan ikkinchi) Moskvadagi Kompartiya yigʻilishida. 1928-yil

Aynan shuning uchun, Lenin allaqachon vafot etgan boʻlsa-da, Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlari soveti raisi lavozimini egallaydi va shu mansabda yangi davlatni boshqaradi.

Biroq Lenin vafotidan soʻng, uning vorisligi borasida kurash boshlanadi va bu kurashda Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi Iosif Stalin gʻolib chiqadi. U 1920-yillar oxiri va 1930-yillar boshida hokimiyatni toʻliq oʻz qoʻlida toʻplaydi. Natijada endi SSSR respublikalaridagi eng oliy lavozim Stalinniki kabi, Kompartiya MQ Bosh kotibiga aylanadi.

Fayzulla Xoʻjayevning Oʻzbekiston rahbari sifatidagi faoliyatini 1924-1933-yillar deya belgilash mumkin. Chunki 1929-yilda Stalin tomonidan OʻzSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi etib, mahalliy aholi vakili – Akmal Ikromov tayinlanadi. Undan oldingi birinchi kotiblardan farqli oʻlaroq Akmal Ikromov Xoʻjayev kabi mahalliy aholi vakili edi va mahalliy kadrlar qoʻllovidan foydalanardi.

1929-1933-yillarda OʻzSSRda rahbarlik kurashi boʻlib oʻtadi. Unda Akmal Ikromov Stalin vakili va partiya yetakchisi sifatida ustunlikka erishadi. 1937-yilda esa Ikromov ham, Xoʻjayev ham qatagʻon qilinadi.

Fayzulla Xoʻjayev rahbarligi davrida Oʻzbekiston SSRda katta ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar roʻy beradi. U respublika tuzilishi va milliy-hududiy chegaralanishlarda ishtirok etadi, sobiq oʻzbek xonliklarining asosiy hududlari Oʻzbekiston tarkibida qolishini taʼminlaydi.

Uning davrida yer-suv islohoti oʻtkazilib, yersiz va kambagʻal aholiga sobiq amaldorlar va boylar yerlari taqsimlab beriladi. Xoʻjayev Lenining NEP (yangi iqtisodiy reja) loyihasini qoʻllaydi hamda shu sabab Stalin bilan nizoga boradi.

Xoʻjayev oʻzining atrofiga toʻplangan jadidlar orqali katta maorif islohotini oʻtkazadi. Oʻzbekistondagi maktab va bogʻchalar soni karrasiga koʻpayadi. Ularda sovet mafkurasi bilan birga, milliy tarix ham oʻqitiladi. Butunturkiy jadidlar taklifi asosida arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtiladi. Ammo 1940-yilda, Xoʻjayev va jadidlar qatagʻon qilingach, bu islohot bekor qilinib, lotin alifbosi kirill alifbosi bilan almashtiriladi.

Fayzulla Xoʻjayevning eng katta xizmatlaridan biri – milliy kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻygani edi. U Buxoro jumhuriyatini boshqarayotgan paytda ham oʻzbek yoshlarini Turkiya, Germaniya va Rossiya oliygohlariga oʻqishga joʻnatadi. Oʻzbekiston SSR rahbarligi davrida esa yoshlarni Rossiyaga yuborib, ulardan sovetcha taʼlim olgan, biroq mahalliy kadrlar zaxirasini yaratadi. Afsuski, bu yoshlarning aksariyati 1938-1939-yillardagi katta terrorda otib tashlanadi.

Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston tarixida muhim iz qoldirgan rahbarlaridan biri edi. U milliy yoʻnalishda rivojlanishni targʻib qilgani uchun bir necha bor Stalin bilan ziddiyatga boradi va natijada 1937-yilgi qatagʻonlar roʻyxatida birinchi oʻrinni egallaydi. Afsuski, uning vafotidan soʻng, uning islohotlari ham yakun topadi.

Munavvarqorining shogirdi

Akmal Ikromov Oʻzbekistonni 1929-1937-yillarda boshqaradi. Uning boshqaruv davri poytaxtning Samarqanddan Toshkentga koʻchirilishi, dehqon xoʻjaliklari tugatilib, kolxozlashtirish olib borilgani, jadidlar taʼqibi kuchaygani bilan ajralib turadi.

Ikromov Toshkentdagi Munavvarqori maktabida tahsil olgan va jadid ruhida tarbiyalangan. Keyinroq aksariyat taraqqiyparvarlar kabi bolsheviklar gʻoyasiga ishonib, ularga qoʻshilgan. Istiqlolchilar harakatiga qarshi kurashlarda ishtirok etgan.

1922-yilda Ikromov Moskvadagi Kommunistik universitetga oʻqishga kirgan va bu uning kelajakda partiyada muhim lavozimlarni egallashida katta rol oʻynagan.

1929-yilda OʻzSSR Kompartiyasi Birinchi kotibi lavozimiga tayinlangach, Akmal Ikromov respublikadagi eng taʼsiri kuchli odamlardan biriga aylanadi. Tarixchilar, uning Stalinga sodiq kadr boʻlganini taʼkidlaydi. Ikromovning harakatlari ham buni tasdiqlaydi. U Stalinning kolxozlashtirish va sanoatlashtirish kampaniyasini Oʻzbekistonda qattiqqoʻllik bilan olib boradi.

Moskvaga borgan Oʻzbekiston va Tojikiston delegatsiyasi. Ikkinchi qator oʻngdan ikkinchi Akmal Ikromov, toʻrtinchi Fayzulla Xoʻjayev, undan soʻng Yoʻldosh Oxunboboyev.

Ikromov davrida oʻzbek jadidlarini taʼqib qilish kuchayadi. Uning oʻzi ham siyosiy va madaniy tadbirlarda oʻzbek millatchiligi kuchayib borayotganini bir necha bor tanqid qiladi.

Uning boshqaruvi vaqtida asosiy eʼtibor respublika qishloq xoʻjaligi sohasiga qaratiladi. Ayniqsa, paxta monopoliyasi mustahkamlanib boradi. Oʻzbekistonning “paxta koloniyasiga” aylanishi tezlashadi.

Stalin shaxsi va siyosatiga sodiq boʻlishiga qaramay, 1938-yilda Ikromov ham “katta terror” qurboniga aylanadi. U ham Fayzulla Xoʻjayev kabi “Oʻrta Osiyo respublikalarini ittifoqdan ajratib olish, davlat tuzumini agʻdarish, kapitalizmni hamda burjuaziya hokimiyatini tiklashga urinishda” ayblanib, otib tashlanadi.

Oʻzbekiston – paxtakor oʻlka!

Akmal Ikromov “katta terror” qurboni boʻlgach, MQ Birinchi kotibi lavozimi boʻsh qoladi. Uning oʻrnini markazga sodiq boshqa bir kadr – Usmon Yusupov egallaydi.

Yusupov Oʻzbekistonda minglab insonlarga oʻlim va surgun qarorlarini chiqargan NKVDning “maxsus uchlik” guruhi aʼzosi boʻladi. Uning imzosi bilan koʻplab oʻzbekistonliklar qatagʻon qilinadi.