Inson koinotdagi yagona mavjudot. Unga komillik yoʻlidan oʻtish va individual kamolotning eng toʻliq tajribasiga ega boʻlish uchun noyob imkoniyat berilgan. “Inson haqidagi falsafiy taʼlimot inson idealini ham oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga bu taʼlimot Komil Inson (Inson bosh harf bilan) obrazini berishga intiladi. Komil Inson esa nafaqat oʻz mazmun-mohiyatini toʻliqligicha namoyon eta olgan, balki maʼlum maʼnoda undan oshib oʻtgan yoki uni yanada rivojlantirgan, yaʼni uni transendentlashtirgan kishidir. Transendentlashtirishni faqat qandaydir shartsiz va mutlaq Avvalga (Boshlanishga) nisbatan ijobiy amalga oshirish mumkin”.
Shunday qilib, inson amalda haqiqiy metafizikani anglay boshlaydi. Bu kosmik maʼnolar va olamdagi oʻzaro munosabatlarni ongli ravishda tushunishga qoʻyilgan birinchi qadamdir.
Borliqda ikkita qutbli dunyo – ruhiy olam va moddiy olam mavjud. Bu ikki olamga mos ravishda hayotning ham ikki shakli mavjud: hayotning abadiy va rivojlanuvchi-mukammal shakli, evolyutsion. Shuningdek, hayot tajribasining ikki turi bor: mukammal hayot tajribasi va hayotni komillashtiradigan tajriba.
Sharq peripatetiklari taʼlimotida jannat maʼnaviy olamning eng oliy darajasi va komil hayot choʻqqisi, Yer esa moddiy olam hamda rivojlanuvchi hayotning eng quyi nuqtasi sanaladi. Hayot tadriji sof moddiy hayotdan sof maʼnaviy hayotga tomon harakatlanadi. Insonning Yerdagi hayoti nomukammal moddiy hayotning eng quyi pogʻonasidir. Oldinda esa uni kamolot bosqichlari orqali abadiy maʼnaviy hayotga koʻtarilish yoʻlidagi uzoq va juda ajoyib zina kutmoqda.
Musulmon anʼanalari xitoy anʼanasi kabi chuqur ildizga ega. Sharq peripatetizmi, maʼlumki, oʻrta asr musulmon falsafasi yoʻnalishlaridan biri boʻlib, uning asosiy vakillari al-Kindiy, al-Forobiy, Ibn Sino, Ibn Tufeyl, Ibn Rushd (Averroes) hisoblanadi. Bunda biz N.X.Jolmuhamedovaning quyidagi fikrlariga qoʻshilamiz: “Ushbu muammoni oʻrganishga peripatetizm vakillari (al-Farobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd) oʻzlarining salmoqli hissalarini qoʻshganlar, ular axloqan komil shaxs haqidagi antik gʻoyalar va tasavvurlarni oʻzlashtirib, uni keyinchalik yanada rivojlantirganlar. Ular ruhiy kamolotning chuqur ratsionalistik obrazini, uning yaratilish tizimini tashkil etuvchi element sifatida mikro va makrokosmlarni bogʻlab turuvchi kuch tushunchasini ishlab chiqdilar, chunki inson tabiati tana, ruh va maʼnaviyat birligidan iborat”.
Darhaqiqat, Sharq peripatetizmi antik tafakkur, birinchi navbatda, Aristotel va neoplatonchilar merosiga tayangan. Baʼzi bir tadqiqotchilarning fikricha, sharq peripatetizmi neoplatonizmning borliq toʻgʻrisidagi taʼlimoti va bilishning peripatetik nazariyasining eklektik sintezi hisoblanadi. Biroq bu davrdagi vaziyatning oʻziga xosligi Sharq peripatetizmining eklektikligi haqidagi tezisning toʻgʻriligiga shubha uygʻotadi, chunki “ilk oʻrta asrlarda diniy-falsafiy va sof diniy tafakkurdan farqli oʻlaroq faqat Arab mintaqasida mavjud edi”.
Sharq peripatetizmiga Antik ilmiy merosni sharhlashdan tashqari falsafa sohasidagi qator yangiliklar ham taalluqlidir. Ular musulmon tamaddunining klassik davriga xos boʻlgan nazariy tafakkur yoʻnalishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq, shuning uchun Sharq peripatetizmi klassik arab falsafasining boshqa sohalari bilan yaqindir. Sharq peripatetiklari tasavvuf taʼlimotining rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatganlar.
Musulmon Sharqining taniqli tadqiqotchisi Y.Frolovaning fikriga koʻra, sharq peripatizmi maʼlum darajada dunyoviy falsafa boʻlib, u diniy tafakkurdan farqli boʻlgan “falsafa” hisoblanadi.
Oʻrta asr arab falsafasi u yoki bu tarzda islom dini bilan bogʻliq boʻlib, musulmon falsafasi vujudga kelgan asosiy gʻoyaviy poydevor islom dinidir. Aynan islom maʼnaviy oʻzak boʻlib, uning atrofida jamiyat shakllangan va Sharq peripatetiklari dunyo va hayotni tushunish uchun yangi asoslarni taklif qilishgan. Shu sabab ratsionalistik falsafiy tafakkurning rivojlanishi bilan ular insonga tobora koʻproq diqqat-eʼtiborni qarata boshlaydilar.
Arab-musulmon falsafasi Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining ilk oʻrta asrlar ijtimoiy tafakkurida gumanistik gʻoyalar rivojida yangicha, yuksak bosqich boʻlganligining tarixiy zaruriyat ekanligini taʼkidlash uchun, bizning fikrimizcha, hech boʻlmaganda falsafiy fikrning oʻzi paydo boʻlgan vaziyatni umumiy jihatdan yoritish lozim. Bu davrda ijtimoiy-siyosiy tafakkurda inson muammosi yangi kuch bilan uygʻondi, chunki hayotning oʻzi shaxsni voqelikni faol oʻzlashtirishga, uni ratsional anglash muammosini ilgari surishga undar edi.
Iqtisodiy va madaniy taraqqiyot davrida Arab xalifaligining intellektual muhitida yangi turdagi bilimli shaxs paydo boʻladi, uning obyekti sifatida oʻz borligʻining turli jihatlarida insonning oʻzi boʻldi. Oʻtmishga boʻlgan qiziqish oʻzgardi, unga baho berish ham oʻzgarib bordi va Sharq peripatetiklari falsafaning asosiy vazifalaridan birini aynan insonning kamolotida koʻra boshlashdi.
Oʻrta asr musulmon Sharqida inson oʻzini abadiy saodatga tayyorlagan, unga bu dunyodagi xayrli amallari tufayli erisha olishi mumkin boʻlgan. Aytilgandan shunday xulosa kelib chiqadiki, oxirat uchun ajr-u mukofot tushunchasi arab madaniyatida shaxs ongining shakllanishi uchun zamin yaratadi. Bu narsa insonning botiniy erkinligi gʻoyasini targʻib qiladigan soʻfiylar, islom mutasavviflari taʼlimotining baʼzi jihatlarida oʻz aksini topdi. Botiniy hurlikka ega boʻlish esa oʻzlikni anglash rivojlanadigan va shaxs shakllanadigan asos hisoblanadi.
Sharqiy peripatetiklari komil inson har doim rahm-shafqatli, hatto rahmdillik unga vaqtinchalik zarar yetkazishi mumkin boʻlsa ham yaxshilik, adolat qiladi deb hisoblaganlar. Komil inson hayotining asosiy mazmuni Alloh bilan uchrashishga munosib tayyorgarlik koʻrishda, chunki faqat u insonga bu dunyodagi solih turmush kechirgani uchun haqiqiy mukofotni bera oladi. Komil insonning eng muhim fazilatlari: rahmdillik. muruvvat va olijanoblik, ezgulik va adolat, itoatkorlik va sabr, masʼuliyat, riyozat va xayrli amallarni qilish boʻlishi lozim.
Shu oʻrinda shuni taʼkidlash joizki, arablar doim fasohatni – tilni yaxshi bilishni qadrlab, uni inson kamolotining ustunlaridan biri hisoblaganlar. Insoniyat madaniyatiga bunday chuqur ehtirom toʻgʻri nutq, balogʻat va goʻzal odobga erishish yoʻlida intilishni harakatlantiruvchi kuch boʻlgan. Binobarin, axloqni nafis odob-axloq asosida takomillashtirish sanʼat va adabiyotning kuchli rivojlanishi bilan birga parallel ravishda amalga oshgan. Islomdan oldingi davrda ham (johiliya davrida) arablar uchun sheʼriyat va musiqa odatiy anʼana boʻlgan. Bundan tashqari, komillikka intilish asnosida islomdan oldingi davr arablari boʻsh vaqtlarini nazm yoki musiqa tinglash bilan oʻtkazishgan.
Inson kamoloti muammosini hal etishda axloqiy anʼananing asosiy yoʻnalishi fazilatli amallarni (fazoil) va illatlarni (razilat) oʻrganish boʻlgan. Fazilat deganda ikki yomonlikning chegarasi orasidagi “oʻrtaliq” tushunilgan. Bunday turdagi birinchi tizimli bayon etgan olim Yahyo ibn Adiy hisoblanadi (974-y.v.e.). Ushbu janrning keyingi asarlari singari u “Axloqni tuzatish” deb nomlanib, ular bilan umumiy jihatga ega, yaʼni axloq (xulq) ham tabiatga xos (instinktlar), ham orttirilgan deb tushuniladi. Shu bilan birga insonning maqsadi oʻz axloqini yaxshilash hisoblanadi. Bu vazifani bajarishni osonlashtirish uchun axloqni tizimli ravishda bayon etish amalga oshiriladi.
Ushbu turdagi asarlarning yana bir umumiy jihati bu nafsning sufliy qismlarini jilovlashga va insonni komillikni yetkazishga yagona qodir boʻlgan aqlning (ruhning aqlga ega qismi) ustun boʻlishi zarurligini taʼkidlashga xizmat qiladi. Ibn Adiy yovuzlikning manbai deb nafsning past, shahvatparast qismini biladi, garchi ruhning oʻrta qismi ham insonda salbiy sifatlarning namoyon boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin. Aqlni nazorat qilishdan tashqari xulqning maqtovga loyiq fazilatlarini tarbiyalashda odat katta rol oʻynaydi, shundan kelib chiqib, inson bolaligida tarbiyalangan muhitning oʻrni katta.
Komil inson bu dunyo va oʻzi bilan uygʻunlikda hayot kechiruvchi ham avliyo, ham donishmand, ham faylasuf va komil hukmdordir. Biroq oʻzgaruvchan voqelik sharoitida insonning komil boʻlganini qanday bilish mumkin? Shu oʻrinda faylasuflarning oʻzlari inson kamoloti muammosiga boʻlgan qarashlarini tahlil qilib koʻramiz. Masalan, IX–X asrlarda vujudga kelgan “Ixvon us-safo” (Soflik birodarlari) diniy-falsafiy tashkilotini olaylik.
Ular abadiy saodatga agar insonlar odamlar doimo haqiqat va adolatga intilishgan taqdirda, jamiyatda va tabiatda esa “mutlaq komillik”, butunlik va uygʻunlik hukmron boʻlsagina erisha oladilar, deb hisoblaganlar.
“Soflik birodarlari” taʼlimotida inson kamoloti muammosini hal etishning kaliti oʻtkinchi dunyo amallaridan yuksakroq maqsadlarga oʻtishdadir. Bu harakatning mazmuni nafsning axloqiy kamolotida va uning samolarga koʻtarilishidadir. “Soflik birodarlari”ning axloqiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari besh qismdan iborat boʻlgan “Boshqaruv ilmi” asarida jamlangan holda bayon etilgan. “Shaxsiy boshqaruv” nomli beshinchi bobda aynan axloqiy komillik masalalari koʻrib chiqilgan boʻlib, unda ularning qarashlari yorqin aks ettirilgan.
Biz ularni quyida sanab oʻtishni lozim topdik:
– oʻz-oʻzini anglash va oʻzining axloqiy fazilatlarini bilish;
– shahvat, gʻazab va xotirjamlik holatida oʻz xatti-harakatlari hamda soʻzlarini kuzatish;
– oʻzining barcha harakatlarini nazorat qilish.
Soʻngra unda shunday keltiriladi: “Barchasidan maqsad maʼlum bir vaqtgacha neʼmatlardan bahramand boʻlish, lazzatlanmoqdir. Maʼlum vaqtgacha neʼmatlardan lazzatlanishdan maqsad esa haqiqat, goʻzal sifatlar, toʻgʻri niyatlar va pok amallar bilan bilish orqali nafsni komil qilishdir. Nafs kamolotidan maqsad uning Samo mulkiga koʻtarilishiga imkon yaratishdan iboratdir”.
Koʻrinib turganidek, inson hayoti qarama-qarshiliklarga toʻla boʻlgani uchun komillik masalasini hal etish ancha murakkab va mushkul: “...Inson doʻstlik va adovat, faqirlik va boylik, yoshlik va qarilik, qoʻrquv va umid, rostlik va aldov, haqiqat va yolgʻon, toʻgʻrilik va xatolik, yaxshilik va yovuzlik oʻrtasida chopadi, bu insonning axloqiy fazilatlari va turli qarama-qarshi amallari hamda soʻzlarida koʻrinadi ...”
Oʻzining fitratdagi asl pokligini yoʻqotgan, inson nafsiga aylangan ruhni poklash zarurdir. Ruhning inson oʻlimidan keyingi taqdiri insonning amallariga bogʻliq. Donishmand kishi nafsni ilm va unda yaxshi fazilatlarni jamlash bilan poklashga qodir. Bunday nafs tana qobigʻidan ozod boʻlib, yana sof individual ruhga aylanadi, chunki tana oʻlgan kun ruhning qayta tugʻilish kuni hisoblanadi. Biroq agar inson illat va yolgʻon xayollardan poklanmagan boʻlsa, unda jazo tariqasida ruh biror bir hayvonning tanasida qayta tiriladi. Shunday qilib, “Soflik birodarlari” oʻzlarining axloq-odob tamoyillarni eʼlon qildilar, ularga rioya qilish esa insonning kamolotga erishishida yordam beradi.
Buyuk mutafakkir Farobiyning musulmon madaniyatida tutgan oʻrnidan unga berilgan “Ikkinchi muallim” faxriy unvoni ham dalolat beradi. Forobiyning jamiyatning mukammal tuzilishi haqidagi qarashlari bayon etilgan ijtimoiy-siyosiy risolalari muhim ahamiyatga ega. Farobiyning fikricha, barcha odamlarga ularning hamkorligi tufayli erishish mumkin boʻlgan komillikka intilish xosdir. Farobiy falsafaning amaliy qismi odamlar va shaxsning jamiyatdagi xulq-atvori bilan bevosita bogʻliqligini aytadi. Aynan atrof-muhitni, dunyoni bilish bilan birga hayot mazmunini, insonning undagi oʻz oʻrnini bilishi, shuningdek, oʻz-oʻzini bilish zarurati tugʻiladi. “Falsafa” – insonga “Fozil odamlar shahar”ida “baxtli hayot kechirishi” uchun munosib sharoit yaratishni talab qiladi.
Farobiy oʻz risolasida insonda tana aʼzolaridan tashqari, aqlga ega ruhni ham ajratib koʻrsatib, inson kamolotining tavsifiga faol boshlanish – Faol Aqlni kiritgan. Faqat Faol Aql orqali hukmdorlar aholining barcha qatlamlarini fazilatli va baxtli qilishga umid qilishlari mumkin boʻladi. Farobiy nafaqat shaxs, balki ijtimoiy kamolot bilan ham shugʻullangan. Uning “Fozil odamlar shahr”i (Madina fozila) bunga yaqqol misoldir. Shunday qilib, Farobiy asarlari uning shaxs kamoloti va jamiyatning barcha fuqarolari kamoloti haqidagi qarashlari haqida tasavvurni shakllantiradi.
Farobiy chinakam saodatga inson faqat oxirat dunyoda erishishi mumkin, deb hisoblaydi. Saodat – bu mutlaq tushunchadagi yaxshilik, mutlaq yaxshilik esa mutlaq borliqdir.
Bunday narsaga Birinchi vujud egalik qiladi. Tana va ruhning ikkilanishini (dixotomiyasi) Forobiy juda aniq koʻrsatib beradi: ruh toʻrtta birinchi unsurlardan tashkil topgan “qamoq”da azoblanadi va uning ozodlikka boʻlgan yagona umidi donishmandlik (hikmat), yaʼni haqiqiy va toʻliq ilm hisoblanadi. Bu ilm olamning metafizik boshlanishi bilan ruhning “birlashishi”ga (ittihod) sabab boʻladi.
Haqiqiy baxt-saodatdan tashqari, soxta baxt ham bor. Bir tomondan bu odamlar baxt deb xato qabul qiladigan va u haqda hech qanday tasavvurga ega boʻlmagan narsadir. Biroq boshqa tomondan, bu haqiqiy baxtga erishishga yordam beradigan yerdagi hayotning oʻziga xos tuzilishidir. Gap shundaki, haqiqiy saodat va neʼmat uchun foydali boʻlgan hamma narsa ham yaxshilik va baxtdir. Lekin u oʻz-oʻzidan emas, balki bu maqsadga xizmat qilgani uchun shundaydir.
“Baxt, Farobiyning soʻzlariga koʻra, oʻzida qudratli integratsiya qiluvchi kuchga ega. Sharqning Birinchi muallimi yozgan barcha narsa, uning turli bilim sohalariga oid koʻplab risolalari yagona leytmotiv bilan singib ketgan boʻlib, ular oliy ezgulik – insoniy saodatga intilish bilan uygʻun bogʻlangan. Baxt ezgulik, insonning maqsadi, barcha komillik tojini oʻzida mujassamlashtirgan Birinchi Zotga borib taqaladigan asosiy kategoriyalar orqali belgilanadi”, “...baxtni axloqning asosi deb hisoblab boʻlmaydi, chunki u yaxshilik va yomonlikni farqlashga befarqdir”.
Biz faylasufning fikriga qisman qoʻshila olamiz, darhaqiqat, baxtli inson qandaydir rohat, halovat va xotirjamlik holatida boʻladi, ammo shu bilan birga, Farobiydagi “saodat” tushunchasi, bizningcha, tamoman boshqa narsa, chunki unda ideal, mukammal obraz mavjud. Komil inson darajasiga erisha olgan, “ilohiy” darajaga koʻtarilgan odamgina ezgulikni yovuzlikdan, axloqni axloqsizlikdan ajratib biladi, oʻzini baxtli deb hisoblay oladi; axloqiy qadriyatlarni farqlay olmaydigan kishilar uchun baxt xayoliy va haqiqiy emas.
“Fozil odamlar shahri kabi ontologik tarkibiy qism uchun baxtga alohida oʻrin ajratiladi. Fozil va johil odamlar shahri farqlanadigan mezon aynan baxt ekanligi juda ahamiyatlidir... Birinchi vujudga ontologik burilishni amalga oshirgan haqiqiy shahar nomukammallik zulmatida haqiqiy Neʼmat va maʼnoning uchqunlarini koʻra olish imkonini beradi”.
Shunday qilib, Forobiyning fozil odamlar shahri bu umumbashariy saodat jamiyatidir. Forobiyning ideal shahrida faylasuflar oʻylagan barcha narsalar mavjud: Birinchi vujud, materiya va shakl, ongli ruh va uning holatlari, sifatlarining taʼrifi; odamlarni birlashishiga olib keladigan inson ehtiyojlarining tavsifi; fozil odamlar shahri va unga qarama-qarshi boʻlgan johil va adashgan odamlar shahri tushunchalarining taʼrifi; shahar imomiga nasihatlar, shuning uchun ideal shahar bir vaqtning oʻzida juda haqiqiy, dunyoviy ishlarning ham tashkil etilishi ramzi sifatida aks ettiriladi.
Ibn Sino, Ibn Bojja, IbnTufayl, Ibn Rushdlar Farobiyga ergashib, inson muammosiga ratsionalistik, falsafiy yondashish zarurligini taʼkidlaganlar. Forobiy komil insonda adolat sifati boʻlishi, uning “adolatni sevishi va adolatli boʻlishi” zarur deb hisoblagan.
Forobiyning aql va baxt muammosini hal etishi uning fazilatlar haqidagi tushunchasini belgilab beradi. Biroq inson yaxshilik nima ekanligini qaerdan bilishi mumkin? Fazilatlarga, Forobiy fikricha, inson hayoti jarayonida ega boʻladi. Haqiqiy fazilat esa insonning komillikka erishish qobiliyati bilan bogʻliq.
Fazilatni oʻrganish mumkinmi? “Insonda ikki komillik xos – birinchi va oxirgi. Oxirgisiga biz bu hayotda emas, balki faqat oxirat hayotida erisha olamiz, bu bizning shu hayotimizda birinchi komillikka erishgandan keyingina boʻladi. Birinchi komillik bu insonning barcha fazilatlarning amallarini bajarishidir.
U harakat qilmasdan nafaqat fazilatga ega boʻla oladi; inson kamoloti uning xatti-harakatlarni amalga oshirishidan iboratdir va u harakatlar sodir boʻladigan sifatlarni kasb etishga bogʻliq emas”.
Bu yerda juda muhim bir jihat bor – fazilat faol boʻlgandagina komillikka aylanadi. Farobiy fikricha, inson gunoh va yomonlik qilishga mahkum emas, balki u ezgulikka intilmaslik sharti bilan shunday boʻladi.
“Insonning kamoloti, unda fazilatlarning shakllanishi bu uning butun umri davom etadigan va oʻlim bilan tugaydigan jarayondir”.
Fazilatlar, Farobiyning fikriga koʻra, turli usullar bilan erishiladi: taʼlim berish, tarbiyalash, ishontirish. Ularning qoʻllanilishiga koʻra Farobiy odamlarni xalq, omma va olimlarga ajratadi. Olimlar ishonchli dalillar orqali fazilatlarni oʻzlashtiradigan tanlangan kishilardir, Farobiy fikricha, u haqiqiy ilmning yagona manbai hisoblanadi. Farobiy oʻrab turgan tevarak-atrofdagi voqelikning xulqning shakllanishiga taʼsirini etirof etib, insonga xos boʻlgan ichki quvvatga eʼtiborini qaratadi, yaʼni insonning iroda kuchini tan olishga asoslangan holda oʻzini-oʻzi shakllantirishini uqtiradi. “Inson erkinligi uchun faqat aql-idrokning oʻzi yetarli emas, kuchli iroda ham zarur. Sogʻlom fikrga va kuchli irodaga ega boʻlgan inson shunga loyiq erkindir”.
“Farobiy oʻzining baxt konsepsiyasini toʻgʻrilab, yana bir muhim – fazilat kategoriyasini kiritadi... fazilatni oʻrgatish mumkin, deb hisoblaydi Farobiy va bu uning konsepsiyasida juda muhim oʻrin egallaydi”.
“Farobiyda insonning kamolotga erishish imkoniyati insoniy fazilatlar gʻoyasi bilan bogʻliq. Shuni alohida taʼkidlash joizki, fazilat faqat faol boʻlgandagina komillikka aylanadi... Farobiy insonlardan aynan fazilatlarni rivojlantirish orqali oʻzini kamol toptirishni talab qiladi”. Farobiy taʼlimotida fazilat markaziy kategoriyalardan biri boʻlib, u orqali har bir inson baxt va komillikka erisha oladi, biroq mutafakkir inson tugʻilgandanoq fazilatli boʻla olmaydi va inson oʻzida ijobiy sifatlarni rivojlantirish hamda tarbiyalash orqali oʻz hayoti davomida komillikka erishadi deb hisoblaydi.
Insonda tafakkur qobiliyatidan kelib chiqadigan istak shakllanadi, deb uqtiradi Farobiy: “Bu oxirgisi erkin ixtiyor deyiladi, u faqat insonga xosdir. Va uning sharofati bilan inson maqtovga loyiq va qoralanadigan, yaxshi va yomon amallarni qilishi va buning uchun ajr-mukofot va jazo olishi mumkin”.
Shunday qilib, Farobiy inson uchun oʻz davrining ruhiyatiga mos keladigan gumanistik qarashlar tizimini ishlab chiqdi. U birinchilardan boʻlib inson tabiatini, uning hayot mazmunini, olamdagi oʻrnini, jamiyatdagi rolini koʻrib chiqish chegaralarini kengaytirdi. Insonning intellektual rivojlanish darajasini ham tugʻma, ham orttirilgan shaxsiy fazilatlar bilan bogʻlagan holda, Farobiy har bir insonning oʻziga xosligi va mustaqil qadriyatini eʼtirof etdi. Farobiy yaratgan “komil inson”, “fozil odamlar shahri” konsepsiyalari Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari oʻrta asr falsafasining keyingi vakillariga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi.
Farobiy Sharq ilm-fani, falafiy tafakkuri, sivilizatsiyasining mohiyatiga favqulodda zukkolik bilan chuqur nazariy-metodologik toʻgʻri kirib bora olgan, jahonshumul katta ahamiyati, taʼsirlariga oid munosib taʼrif, ilmiy holis xulosa, talqin bera olganligi ham oʻta hayratli, taajjubga sazovor ekanligini alohida taʼkidlash oʻrinli boʻladi.
Inoyat ESHPULATOV