Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston adabiyotining shakllanishi va rivojlanishiga ozarbayjonlik buyuk shoir va mutafakkir Nizomiy Ganjaviy oʻziga xos taʼsir koʻrsatgan. Ushbu maqolada shoirning sharq adabiyotida tutgan oʻrni va qoʻshgan hissasi haqida, uning faoliyatiga doir ayrim jihatlarga toʻxtalib oʻtamiz. 

Asli ismi Ilyos boʻlgan Nizomiy Ganjaviy XII asrda bugungi Ozarboyjonning Ganja shahrida tavallud topdi. Butun umr davomida shu shaharda yashadi va ijod qildi. Ganjaviy yashagan zamonda yuqori daraja va martabaga erishish uchun saroyda xizmat qilish va ijod qilish eng muhim shartlardan biri edi. Ammo Ganjaviy bu yoʻlni tanlamadi. Balki shuning uchun u bugungi buyuklikka erishgandir. Oddiy hayot kechirgan Ganjaviy asosan hukmdorlarga yuborgan sheʼrlari ortidan kun koʻrgan. Ganjaviy sheʼrlarini yuborgan hukmdorlar ichida Iroq saljuqiylari sultoni Toʻgʻrulbek, Ozarboyjon otabeglaridan Nasriddin Jahon Pahlavon, Qizilarslon, Nasriddin Abu Bakr ibn Muhammad, Alouddin Koʻrpa Arslon, Erzinjon hokimi Malik Faxriddin Bahromshoh va Moʻsul otabegi Iziddin Masʼudlar bor edi.

Nizomiy Ganjaviy olim hamdir. U forscha va arabchadan tashqari pahlaviy, suryoniy, ibroniy, armani va gurju tillarini ham mukammal bilgan. Turli fan sohalarida taʼlim olgan. Astronomiya, falsafa, geografiya, tibbiyot, matematika, musiqa ilmidan xabardor boʻlgan. Nizomiyga “hakim” unvonining berilishi uning olimligiga dalil. Ungacha bunday ulug‘ unvonga faqat Ibn Sino va Umar Xayyomlargina ega boʻlgan. Nizomiyning shaxsiy hayoti haqida koʻp maʼlumotlar saqlanmagan. Bu uning saroyda faoliyat yuritmagani bilan bogʻliq boʻlsa kerak.

Nizomiy ijodining oʻziga xosligi

Nizomiy Ganjaviy sharq romantizmi asoschisi sifatida mashhur. U fors epik sheʼriyatiga dialog va realizmni olib kirgan shaxs sifatida tan olingan. Хalq ogʻzaki ijodi namunalari va tarixiy xronikalardan foydalangan holda oʻz sheʼrlari bilan islomgacha va islomdan keyingi davr Eronni birlashtira oldi. Professor Chelkovskiyning fikriga koʻra, Firdavsiyning “Shohnoma”sini oʻqish Nizmoiyning sevimli mashgʻuloti boʻlgan. Natijada uning ijodiga Firdavsiyning taʼsiri paydo boʻlgan. Shuningdek, Nizomiy ijodiga Qatron Tabriziy, Sanoiy, Faxriddin Jurjoniy va tarixchi Tabariylar ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Ammo Firdavsiy Nizomiyning ilhom manbai boʻlgan. Bu Nizomiyning “Iskandarnoma” dostonida yaqqol koʻrinadi. Ushbu dostonni yozishda u “Shohnoma”dan koʻp bor foydalangan. Yana “Xamsa”sidagi “Xusrav va Shirin”, “Haft paykar” dostonlarini yozishda ham “Shohnoma”dan asosiy manba sifatida foydalangan.

Nizomiy Firdavsiyning doston janrini choʻqqiga olib chiqibgina qolmay, nazmiy sevgi hikoyalarining eng buyuk ustasi unvoniga sazovor boʻldi va fors adabiyotida “Xamsa” janrining asoschisi boʻlib tarixda qoldi. Uning mavzularni yuritish texnikasidagi mahorati, ifodalash uslubi, yangi maʼno va metaforalarni topishi, ifodalashda estetikaga ahamiyat berishi, taʼriflar, qalb tahlilidagi teranlik, tasavvuridagi kenglik, uslubidagi yorqinlik va madaniy boylik fors adabiyotining daho shoiri sifatida tan olinishida muhim rol oʻynadi. Voqea, tushuncha va his-tuygʻularni ifodalashda adabiy sanʼatlardan foydalanib, ularni boy tasvirga joylashtirgani uchun har bir bayt oʻzida bir butunlik va goʻzallikni tashiydi.

Nizomiy sheʼriy asarlar yozgan, lekin ular dramatik xarakteri bilan ajralib turadi. Uning ishqiy sheʼrlari syujeti hikoyaning psixologik murakkabligini oshirish uchun puxta qurilgan. Qahramonlari harakatlar bosimi ostida yashaydi hamda oʻzlarini va boshqalarni anglash uchun shoshilinch qarorlar qabul qilishlari kerak. U oʻz qahramonlarining psixologik portretlarini chizib, kuchli va zavolsiz muhabbatga duch kelgandagi inson qalbining boyligi va murakkabligini ochib beradi. Nizomiy ishqiy doston janrining mohir ustasi edi. Nizomiy oʻzining shahvoniy-erotik sheʼrlarida insonning oʻzini shunday tutishiga nima sabab boʻlayotganini tushuntirib, uning beparvoligi va ulugʻligini, kurash, ehtiros va fojialarini ochib beradi. Nizomiy uchun haqiqat sheʼriyatning tub mohiyati edi. Shunday yondashuv orqali u oʻz isteʼdodini yer-mulk hadyalari evaziga sotgan saroy shoirlarini tanqid qildi.

Nizomiy mistik shoir boʻlgan. Shu bilan birga uning ijodida mistikani erotikadan, diniylikni dunyoviylikdan ajratish mumkin emas. Manbalarda uning sunniy musulmon va dindor kishiligi aytiladi. Shuningdek, oʻsha paytlarda keng tarqalgan botiniylikka ashaddiy qarshilardan biri boʻlgan. Sheʼrlarida sunniy islom, paygʻambar va toʻrt xalifani koʻp bor tilga olgan. Ayrimlar uni mutasavvif ham deydi, ayrimlar esa uning biror bir tasavvuf maktabiga aʼzo boʻlmaganini keltiradi. Ammo shunga qaramay uning sheʼriyatida tasavvuf ramzlari, anʼanalari va obrazlarini uchratish mumkin. Nizomiyning mistikasi asketik mistika boʻlib, bu jihatdan u Abu Homid Gʻazzoliy va Farididdin Attorga yaqin turadi.

Nizomiyning asarlari

Nizomiy shoir sifatida koʻp asarlar yaratgani shubhasiz, lekin bizgacha uning yagona sheʼriy devoni – “Xamsa”si yetib kelgan va muallifni ushbu yoʻnalishning “otasi”ga aylantirgan. Mazkur devonida 6 ta qasida, 116 ta gʻazal, 2 ta qitʼa va 30 ta ruboiy oʻrin olgan. Shoirning “Panj ganj”i haqida biroz kengroq maʼlumot beramiz. Ganjaviy besh dostondan iborat ushbu asarni 35–40 yil davomida yozgan va uning hajmi 35 ming baytni tashkil etadi. “Xamsa”dan oʻrin olgan dostonlar quyidagilar: “Maxzan ul-asror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va majnun”, “Haft paykar” va “Iskandarnoma”. Ushbu dostonlar masnaviy janrida yozilgan boʻlib, oʻzidan keyin yozilgan barcha “Xamsa”lar uchun asos boʻlib xizmat qildi. Birinchi doston, yaʼni “Maxzan ul-asror” gʻaznalik shoir Sanoiyning “Hadiqat ul-haqiqat” (Haqiqatlar bogʻi) dostoni taʼsirida yozilgan. Bu dostonni Nizomiy Erzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bagʻishlab, pand-nasihat shaklida yozgan. Keyingi asrlarda ushbu didaktik asarga bir qancha naziralar yozilgan boʻlishiga qaramay, ularning birortasi, hatto Navoiyning “Hayrat ul-abror”i ham mazkur doston bilan tenglasha olmaydi.

“Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Xusrav va Shirin”, toʻrtinchi dostoni “Haft paykar” va beshinchi dostoni “Iskandarnoma” yuqorida qayd etganimizdek Firdavsiyning “Shohnoma”si asosida yozilgan boʻlib, Sosoniylar imperiyasi shohlari Xusrav va Bahrom hamda buyuk Aleksandr Makedonskiy haqida soʻzlaydi. Uchinchi dostoni “Layli va Majnun” esa VII asrda yashagan arab shoiri Qays ibn Mullavahning muhabbatidan hikoya qiladi.

Nizomiy dostonlarida aynan uning taʼriflari tufayli bugungi kungacha yetib kelgan noyob maʼlumotlar mavjud. Masalan, “Xamsa”ning hayratlanarli tomonlaridan biri shundaki, unda sozandalarning batafsil taʼrifi berilgan. Bu esa Nizomiy dostonlarini XII asr fors musiqasi va cholgʻu asboblari haqidagi qimmatli maʼlumotlar baʼzasiga aylantira olgan. Nizomiyning oddiy odamlar hayotiga qiziqishiga qaramay, shoir monarxiya institutini inkor etmagan va uni fors turmush tarzining ajralmas, maʼnaviy va muqaddas bir qismi deb hisoblagan.

Nizomiyning boshqa shoirlarga taʼsiri

Nizomiyning adabiyot va madaniyatga koʻrsatgan taʼsiri keyingi asrlarda ham davom etdi. U qalamga olgan asosiy mavzularga qiziqish sakkiz asrdan beri davom etib kelmoqda. Buni ushbu mavzularga bagʻishlangan tadqiqotlar ham taʼkidlab turibdi. Kavkaz, Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq, shuningdek, Hindistonda yashagan yuzlab shoirlar oʻz ijodlarida Nizomiyga murojaat qilishgan va u qoldirgan adabiy maktab davomchilariga aylanishgan. Uning asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan. Jahon adabiyoti tarixida bunday shaxslar sanoqli.

Adabiyot tarixida besh dostondan iborat boʻlishi qatʼiy belgilangan “Xamsa”chilik anʼanasi aynan Nizomiydan boshlandi. Keyingi asrlarda Hindistonda Xusrav Dehlaviy, Hirotda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham oʻz “Xamsa”larini yaratdi. Abdurahmon Jomiyning jiyani Abdulloh Xotifiy ham bu borada oʻzini koʻrsatdi, desak boʻladi. XVI asrga kelib Hindistonda Shayx Abulfayz Fayzi ham Ganjaviy va Dehlaviydan ilhomlanib “Xamsa” yozishga kirishdi, biroq uchta doston bilan kifoyalandi. XVII asrda yashagan kashmirlik shoir Muhsin Foniy esa 4 ta doston bilan kifoyalandi. “Xamsa”navislar oʻz asarlarida epik-romanik, qahramonlik yoki soʻfiylik mavzusini birinchi oʻringa qoʻygan. Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining syujet va mavzulari turli xalqlar badiiy adabiyotlariga taʼsir etib, XIII–XX asrlar mobaynida 600 dan ortiq asar yaratilgan.

Nizomiy “Xamsa”si va Amir Xusrav Dehlaviy asos solgan maktab insonparvarlik idealini targʻib qilish, insonlar va xalqlarni yuksak axloqiy qadriyatlar atrofida birlashtirish, xalqlar va mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish, hamkorlik va doʻstlikni himoya qilishda katta rol oʻynadi. Nizomiyning asarlari bir qator gʻarb adabiyoti namoyondalari ijodiga taʼsir qilgani aytiladi. Jumladan, Shekspir, Dante, Gyote kabi adiblar Nizomiy “Xamsa”sidan ilhomlangan. Shuningdek, Puchchinining “Turandot” operasi ham Nizomiy ijodidan ilhomlanib yaratilgan. Fransiyalik jurnalist Jan Mishel Brunning fikricha, Nizomiy Ganjaviy qarashlari Fransiyadagi “Maʼrifatparvarlar davri” mutafakkirlari shakllanishida ham salmoqli rol oʻynagan.

Nizomiy Ganjaviy sharq adabiyoti, falsafasi va dunyoqarashi shakllanishida yuksak hissa qoʻshgan buyuk shaxsiyatdir. U fors adabiyotida Firdavsiydan keyin eng yirik figura hisoblanadi. U haqida bir qator gʻarb olimlari va mutafakkirlari iliq soʻzlar aytgan. Rossiyalik sharqshunos Spasskiy-Avtonomov fikricha, Eronda Saʼdiy, Firdavsiy, Anvariylarni paygʻambar hisoblashgan boʻlsa, Nizomiyni shoirlar ichida xudo deb hisoblashgan. Bu albatta biroz mubolagʻa holida aytilgan gap. XV asrda yashagan samarqandlik tazkirashunos Davlatshoh Samarqandiy Nizomiyni oʻz davrining eng nafis shoiri deb taʼriflaydi. Hofiz Sheʼroziy esa u haqda sheʼrlar yozib “oʻtgan kunlarning barcha xazinalarini Nizomiy qoʻshiqlarining shirinligi bilan solishtirib boʻlmaydi”, deydi. Biz esa Nizomiy ijodiga xulosalarimizni Hazrat Navoiyning quyidagi misralari bilan yakunlaymiz:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga pajna urmoq.

Jahongir OSTONOV,

OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi