Oyina.uz oʻzbek zamonaviy sanʼati qanday yaratilayotganini ijodkorlarning oʻzi va ish jarayonlari orqali koʻrsatishni maqsad qilgan “Ichkaridan” nomli maxsus suhbatlar loyihasini davom ettiradi.
Loyihaning navbatdagi qahramoni – yarim asrlik umrini adabiyot va sanʼat daholari hamda oʻzbekona soddalik-u samimiyatning asl qiyofasini fototasmalarga muhrlashga bagʻishlagan fotorassom Abdugʻani Juma.
U 2006–2012-yillarda poytaxtdagi yirik qurilishlar – Hazrati Imom majmuasi, Xalqaro forumlar saroyi va “Bunyodkor” stadionining qad rostlash jarayonlarini suratlarda aks ettirgan “Bunyodkorlik epopeyasi” bilan mashhur.
Fotorassom bilan uning yuzlab negativlar (fotoplyonka yoki plastinka), nodir albomlar va oʻtgan asr ruhiyati ufurib turgan ustaxonasida uchrashdik. Ustoz oʻz misolida Sovet davridagi oʻzbek fotojurnalistikasining mashaqqatli turmushi, “koʻrinmasni koʻra oladigan qalb koʻzi” va fotosanʼat falsafasi haqida soʻzlab berdi.
“Bu sening ishing emas”
1978-yil Sovet Ittifoqi boʻyicha katta fotosuratlar tanlovi boʻldi. U vaqtlarda bunday tanlovlar kam, bir necha yilda bir oʻtkazilardi. Nomzodlar orasida professional fotograflar ham boʻlgan portret janrida ikkinchi oʻrinni oldim. Oʻshanda 25 yoshda edim. Tanlovga taqdim etgan “Choʻpon” nomli suratimni qoʻlimga endi fotoapparat ushlagan kezim, 23 yoshimda olgandim. Mana, bunga ham 50 yil boʻlibdi.
Shundan keyin suratlarim gazetalarda chop etila boshladi. Lekin baribir oʻzimga ishonmas, “shunchaki omad kelib qoldi” deb oʻylardim. Qishloq bolasi boʻlganim uchun kattalar, ustozlar koʻnglimni koʻtarish uchun maqtayotganday tuyulaverardi.
1982-yil yana bir katta koʻrgazma boʻldi. Unda bir suratimni sovet mafkurachilari “bu kambagʻallik belgisi, gʻoyaviy jihatdan toʻgʻri kelmaydi” deb qoʻydirmaslikka urindi. Shunga qaramay ishim zoʻr-bazoʻr oʻtib ketdi. Keyinchalik Germaniyaning Leipzig shahrida oʻtkazilgan xalqaro kitob koʻrgazmasida Oʻzbekiston haqidagi nashrning muqovasiga tanlab olingan oʻsha suratim “Issiq non” deb atalardi. Orqada tandir, momo non yopyapti, oldida esa bir qizaloq tandirdan yangi uzilgan issiq nonni ushlab turibdi. Bola nonning qaynoqligidan qoʻli kuyayotganini yuzida ifodalab turgan, milliy kaloriti kuchli ish edi.
Oʻsha yillari “Guliston” jurnalida ish boshladim. Avvaliga tahririyatdagi rus fotografining nomidan, uning oʻrniga suratlar olib yurdim. Chunki u paytlar ochiqchasiga “Fotografiya – oʻzbeklarning ishi emas”, deyilardi. Markaziy laboratoriya boshligʻi ham rus edi. Jurnalning mavqeyi baland, fotomuxbir boʻlib ishga kirish uchun albatta, oʻsha boshliqning tavsiyasi kerak boʻlardi. Shu sabab biz shtatdan tashqari, vaqtincha “texnik xodim” boʻlib yurganmiz.
Bir kuni jurnalning muqovasida rassom Chingiz Ahmarovning zoʻr portreti chiqdi. Suratni men olganman-u, oʻsha rus fotografining nomi bilan ketgan. Oʻzimizning katta yozuvchilardan biri muqovani koʻrib, menga “Qara, qanday goʻzal! Bizning oʻzbeklar bunaqa suratga ololmaydi”, degandi…
Lekin ashaddiy adabiyotshunoslarimiz orasida oʻzimizning qorakoʻz oʻzbeklarga yoʻl ochish uchun harakat qilganlari ham boʻlgan. Keyinchalik Zulfiya opa bosh muharrirlik qiladigan “Saodat” jurnalidan qish manzaralari aks etgan surat soʻrashdi. Bir dona qorli archaning surati bor edi, olib bordim. Uni Abdulla Oripovning yangi yozilgan “Yanvar” sheʼri bilan birga butun bir sahifaga bosib chiqarishdi. Abdulla aka sheʼrlarini yod bilib, ularga muxlis boʻlib yurgan paytlarim suratimni shunday buyuk shoir sheʼri bilan chiqishi men uchun katta omad edi.
1986-yil soʻngida Omon Matjon “Yoshlik” jurnaliga bosh muharrir boʻlib kelgach, meni ishga olib, ijodiy erkinlik ham berdi. Jurnal joylashgan “Yosh gvardiya” nashriyoti binosida oʻzimga alohida laboratoriya tashkil qildim. Laboratoriya ochish u paytda nihoyatda qiyin masala edi.
Bir kuni markaziy laboratoriyaga borsam, oʻsha yerdagi rus fotografi Kudryashov menga qarab “U yerda laboratoriya ochadigan sendan boshqa odam yoʻqmidi?”, dedi. Menimcha, unga mendan oʻn yoshlar katta boʻla turib, boshqa rus fotograflari qilolmagan ishni uddalaganim alam qilgan.
Sanʼatshunoslik institutida Mixailov degan fotograf boʻlardi. Bir kuni oldiga borib, “Fotografiya sanʼatini sizdan oʻrganmoqchiman, oldingizga kelib tursam boʻladimi?” desam, “Bu sening ishing emas, tashla bu ishni”, – degan. Ruslarning koʻnglida bizga nisbatan baribir “bu qoloq xalq” degan tushuncha bor edi...