Qishloqning qovoqlariga shom qoʻngan. Quyosh osmonni qizartirib-qizartirib huv uzoqdagi togʻlar bagʻridan joy topyapti. Hovlilar gavjum, kimdir ogʻiz ochar mahal yaqinligi uchun ogohlantiruvchi soat qoʻngʻirogʻini yaqinroq qoʻygan, yana kimdir oʻchoqboshida kuymalangan, sigir yetaklagan, sutni suzib daraxt shoxiga ilgan.
Koʻchani shovqin-suronga toʻldiruvchi bolalar esa Ramazon oyini oʻzgacha rejalar bilan kutib olgan: kun yonboshlagach oʻzlariga jamoa tashkil qilib, belgilangan vaqtda aytilgan joyga yigʻiladi. Muddaolari qora tunga qolmay, “Yo, Ramazon” aytish... Yil boʻyi kutilgan murodlariga yetish.




Bolalarning ichida olov. Ular bu qoʻshiqni tillari chiqar-chiqmas yod olishadi, lekin asl mavsumda uy kattalari mahalla kezishga ruxsat bersagina aytadilar:
Yo, Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Qoʻchqorday oʻgʻil bersin beshikingizga...
Baʼzi ota-onalar farzandlarining doʻstlari bilan mahalla kezib, qoʻshiq aytishiga izn bermaydi, “Birovning noniga qarab qoldingmi?” deya or qiladi, tergaydi.
Bolaga non qiziq boʻlibdimi, unga tuzilayotgan jamoadan, oʻzaro saralash-u, tabiiy kuchlar sinalishidan chetda qolmaslik, yoʻnilgan tayoqlarini koʻz-koʻz qilish, oʻzini mustaqil his etib nimadirlar jamgʻarish yoqadi-da...
…Mahalla bolalari guruhlarga boʻlinadi. Bu ibtidoiy davlat tuzilmasiga oʻxshaydi. Bitta jamoada taxminan 6, 8, 10 kishi boʻladi. Yoshi kattasi va ishga ustasi sardorlik qiladi. Bu davrda ham kuch, idrok bahsi davom etaveradi. Shunchaki boʻysunish bola shuuriga zid. Asosan oʻgʻil bolalar aytadigan bu qoʻshiqqa mehribon akalar yigʻloqi singillarini joʻr qilishi ham mumkin. Masalan, men uchratgan “Yo, Ramazon”chi bolalar jamoasida bir qiz ham bor edi. Zamona zaylini qarang, bolaligimda “Hayitchi”da oʻgʻil bolalar bizga qoʻshadi, “Yo, Ramazon”da esa nega bizni qoʻshmaydi, deb hayron qolardim. Mana sizga gender tengligi, deyishgandir-da, kichkintoylar, toʻgʻrimi?

Har bir bolaning qoʻlida boʻylariga teng tayoq: ham himoya, ham gʻurur ramzi. Tayoq ularga eshik qoqish, kuchuklardan qochish, qorongʻida yoʻl topish, ot qilib minish va, albatta, “Meniki zoʻr” deb koʻz-koʻz qilish uchun asqatadi.

Baʼzi bolalar choʻntaklariga “qorongʻida qolib ketsak, yoritadi” deya choʻntakchiroq (fonar)ni ham solib olishgan. Tirnoq uchidek keladigan yangi oy esa ularga yoʻldosh:
Uyingizning ustida oy koʻrdik,
Hammadan sizni boy koʻrdik,
Oʻchoqda kul, karmonda pul,
Chiqara qoling, jon yanga,
Ming soʻm pul!..

Qoʻshiq joʻrlikda ijro etiladi. Notalar-u falshlarning qizigʻi yoʻq. Shijoat boʻlsa, olov boʻlsa bas. Bolalar qoʻshiqqa mos oyoqlari-yu qoʻlidagi tayoqlarini ham yerga urib ohang hosil qilishadiki, qoʻshni mahalladagi boshqa jamoaning ovozi bilan ularniki qoʻshilib butun qishloqqa Ramazon oyi kayfiyatini yoyadi... Ogohlikka chorlaydi:
Momo-momo uxlama, qurra-qurra,
Suprangizni it tortyapti, turra-turra!
Bu oyda har bir xonadon “Ramazon”chilarni kutadi, qopagʻon itlar bogʻlanadi, yirik pullar doʻkondan maydalab kelinadi, tokcha yoniga qoʻyib farzandlariga tayinlab qoʻyiladi: “Yo Ramazon”chilarga. Ular kelganda esa koʻproq qoʻshiq ayttirish uchun xonadon egalari uyidan atay kechroq chiqadilar, derazadan sezdirmay moʻralaydilar, hazil-huzul qiladilar. Bolalar bu oyda ular uchun hamma eshiklar ochiqligini bilishadi. Chirogʻi yoniq uy tagida turib olishadi, uy egalari chiqmaguniga qadar joʻshib-joʻshib qoʻshiq aytishadi. Ichkarida “Kim beradi, kim beradi?” degan muhokamalardan soʻng bu “masʼuliyatli vazifa” oilaning kenja oʻgʻil farzandiga topshiriladi. Buning mantigʻi shuki, oʻgʻiltoy ham ulgʻayib akalaridek “Yo, Ramazon” aytib yursin, xalqning oldi boʻlsin.



Hadyalar pul, shirinlik, meva-cheva va bolalar uchun totli boʻlgan boshqa narsalar boʻlishi mumkin.
Boʻlchin-boʻlchin, boʻlchin boy,
Togʻda qoʻying yayrasin,
Qumursqaday qiyrasin,
Sarisudan sakrab oʻtgan sari taka,
Umringiz uzun boʻlsin, Falonchi aka!
Omin!
Bolalar hadyani olgach oʻtirib, hovuchini toʻldirib duo qilishadi. Odatda, uy egalarining ismi bilib olinib, soʻng sheʼrga qoʻshiladi. Zamoniga moslashib, duolar ham oʻzgarib boradi: “Oʻqishga grant kiring, Falonchi aka”, “Oʻnta “Lasetti” oling”, “Katta toʻyxona oching”, “Qishloqqa gaz opkeling” va hokazo...


Qishloq koʻchalaridan “Kadiga moy, beshikka oʻgʻiltoy” tilagan bolalar qoʻshigʻining sadosi va kuchuklarning ovozi tinimsiz eshitilib turadi. Umidlari va orzulari kabi joʻshqin qoʻshiqqa hamnafas bolalar ham ildam-ildam qadam tashlab, tunga qarshi chiqishadi. Yigʻilgan hadyalar jamoa sardori tomonidan har bir bolaga teng taqsimlanadi.


Soʻng oʻzlari aytganidek: “Hamma uyiga – tepa toʻyiga” ravona boʻlishadi.
Qishloqning qovoqlariga tun qoʻngan.
Matn va foto: Xolida MUSULMON