Qoʻrquv – odamning boʻlajak xavfni bartaraf eta olmasligidan qaygʻurishi. Qoʻrquv baʼzan xavf haqida xabar boʻlib, baʼzida oldindagi xatarni yengib oʻtishga kuch ham berishi mumkin. Boshqacharoq aytganda, qoʻrquv insonning tabiat, jamiyat, narsa va hodisalarni anglashda bilimsizligi hamda ojizligi belgilaridan hisoblanadi.

Islom dinida qoʻrquv masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Dinimiz ulamolari odamni gunohdan tiyib turuvchi eng muhim omil, shubhasizki, Allohdan qoʻrqish ekanini bot-bot takrorlaydi. Imom Abu Homid Gʻazzoliy shunday degan: “Allohdan qoʻrqishning alomati yetti narsada namoyon boʻladi. Tilda: Allohdan qoʻrqqan odam tilini yolgʻon, gʻiybat, boʻhton va bekorchi soʻzlarni aytishdan tiyadi. Qalbda: Allohdan qoʻrqqan kishi qalbida musulmon qardoshlariga dushmanlik his etmaydi. Koʻzda: Allohdan qoʻqqan odam yeyish, ichish, kiyinish va boshqa ishlarda ham koʻzini harom narsalardan saqlaydi. Meʼdada: Allohdan qoʻrqqan odam harom luqma yemaydi. Qoʻlda: Allohdan qoʻrqqan inson qoʻlini haromga uzatmaydi, aksincha, Allohning rizosiga uygʻun narsalarga uzatadi. Oyoqda: Allohdan qoʻrqqan odam isyon yoʻlida emas, Allohga itoat yoʻlida odimlaydi. Itoatda: Allohdan qoʻrqqan odam yolgʻiz Allohning rizosi uchun unga itoat etadi” (Abu Homid Gʻazzoliy. “Mukoshafatul-qulub”. –Toshkent, 2014. 9-10-betlar).

Qoʻrquv inson ongli faoliyatining muhim jihatlaridan biridir. Allohning doimo yodimizda boʻlishi, oʻz faoliyatimiz davomida bilib-bilmay qiladigan xatolarimiz, ayblarimiz, gunoh ishlarimizning oldini olish, barchamizni vijdon azobidan saqlab qolishga xizmat qiladigan tuygʻu ham, shubhasiz, qoʻrquv hisoblanadi. Bekorga dono xalqimiz “Qoʻrqmagandan qoʻrq” demaydi.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu odamning odamdan qoʻrquvi. Inson har doim kimdandir, nimadandir qoʻrqib yashashi mumkinmi? Biz nima uchun qoʻrqib yashashimiz kerak?

Shu oʻrinda mustabid shoʻro tuzumi davrida xalqimiz boshidan oʻtkazgan mashʼum kunlarni eslab oʻtish maqsadga muvofiq boʻlardi. Bugun sovet mustamlakachiligi sahifalarini varaqlab, oʻsha davrda tom maʼnoda “qoʻrquv saltanati” hukm surgan ekan deyishimiz mumkin. Xoʻsh, bu saltanatning mazmuni nimadan iborat?

Bizning nazarimizda, “qoʻrquv saltanati”ning mohiyati butun sovet jamiyatining ijtimoiy qoʻrquv asosiga qurilganidir. Ilmiy jamoatchilik orasida, ayniqsa siyosatchilar tilida “ijtimoiy qoʻrquv” degan ibora uchrab turadi. Ijtimoiy qoʻrquv odatda u yoki bu jamiyatda aholining katta qismi shu jamiyat hukmron qatlamlari yuritayotgan siyosatga nisbatan muxolifatda turishi tufayli paydo boʻladigan norozilik kayfiyatidir.

Bunday kayfiyat esa har doim hukmron siyosiy kuchning jiddiy qarshiligiga uchraydi. Natijada aholining norozi qismi qattiq siquvga olinadi. Boshqacha aytganda shu xalq ustidan kuchli qatagʻon siyosati olib boriladi. Bunday hol esa butun jamiyatda hukmron siyosiy-mafkuraviy kuchdan qoʻrqish kayfiyatini, yaʼni ijtimoiy qoʻrquvni yuzaga keltiradi. Ijtimoiy qoʻrquv esa haq gapni aytishga yoʻl qoʻymaydi.

Tarixda bunga misollar juda koʻp. Odatda mustamlakachilar yuritgan siyosat albatta ijtimoiy qoʻrquvni yuzaga keltiradi. Bunga Oʻzbekistonning mustabid sovet tuzumi davridagi tarixi yaqqol misol boʻla oladi.

Xoʻsh, biz yaqin tarixda boshimizdan oʻtkazgan ijtimoiy qoʻrquvning asosiy koʻrinishlari nimalarda namoyon boʻlgan?

Birinchidan, xalqimiz, ayniqsa jadid bobolarimiz milliy davlatchilik asoslari yemirilayotganidan xavotirga tushdi. Vaholanki, oʻzbek davlatchiligi tarixi juda qadimiy boʻlib, uch ming yillik ijtimoiy-siyosiy tajribaga ega edi. Sovet tuzumi ana shu koʻhna tarixni soxta gʻoyalar bilan “asossiz” deb isbotlashga urindi.

Oʻz vatani, millatining talanishiga chiday olmagan yurtdoshlarimiz qoʻliga qurol olib kurashga chiqdi. Birgina misol: 1918-yilning 18-fevralida Qoʻqon shahrining oʻzida qizil askarlarga erk berilishi tufayli 10 000 aholi oʻldirildi. Qirgʻin shu bilan tugamadi. 1918-yilning birinchi yarmida Margʻilonda 7000, Namanganda 2000, Andijonda 6000, Boʻzqoʻrgʻon va Qoʻqonqishloqda 4500 odam oʻldirildi, jami 180 qishloqqa oʻt qoʻyildi. Bu esa, shubhasiz, xalq orasida “ijtimoiy qoʻrquv” kayfiyatini kuchaytirib yubordi.

Ikkinchidan, sovet mafkurasiga asosan olib borilgan qatagʻon siyosati tufayli Oʻzbekiston jamiyati juda katta jabr koʻrdi. Bu siyosat ziyolilarni qatagʻon qilish, millat ildizlarini boltalashga qaratilgandi. 1936-yilning oxiridan 1940-yilgacha respublika boʻyicha 5758 nafar ziyoli: yozuvchilar, olimlar, rahbarlar, madaniyat va sanʼat arboblari qamoqqa olindi. Ularning 4811 nafari otib tashlandi. 1937–1939-yillarda jami 41 000 kishi qamaldi. Ularning 37 000 nafari ayovsiz jazolandi, 6920 tasi esa otildi. Bunday zulm siyosati keyinchalik ham sovet davlatchiligining barcha bosqichlarida turli koʻrinishlarda davom etdi.

Uchinchidan, sovet davlati yuritgan ateistik siyosat xalqimiz orasida kuchli ijtimoiy qoʻrquvni shakllantirdi. Din ulamolari qamaldi, qatl etildi, ularga nisbatan olib borilgan qatagʻon siyosatidan odamlar yurak oldirib qoʻydi. Asrlar davomida xalqimizni maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiyaga boshlagan masjid va madrasalar yopildi, yoqib yuborildi, omborxonaga aylantirildi. Islom dini afyun deb eʼlon qilindi, yoshlar ongiga xudosizlik sharaf ekanligi haqidagi gʻoya singdirildi. Koʻhna dunyo tarixida hech qachon boʻlmagan holat: 1928-yildan eng chekka qishloqlardan tortib katta shaharlargacha – hamma joyda “Xudosizlar jamiyati” tashkil etildi. Bunday jamiyatlar odamlarning qalbini buzish, eʼtiqodini vayron qilish bilan mashgʻul boʻldi.

74 yil davom etgan sovet tuzumi davrida yurtimizdan jami 173 nafar vatandoshimizgina haj safarini ado etdi, xolos. Shu oʻrinda qiyos uchun taʼkidlash joizki, birgina 2022-yilning oʻzida 12 000 nafardan ortiq vatandoshimiz haj safarini ado etgan boʻlsa, umraga borgan yurtdoshlarimizning soni 40 mingdan oshdi.

Toʻrtinchidan, bu davr xalqimizni oʻz tarixi, ona tili, madaniyati, odatlari, ming yillar davomida shakllangan qadriyatlaridan begonalashtirish davri sifatida tarixda qoldi. Soxta “sovet madaniyati”, “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat”ni yaratish yoʻlidagi chiranishlar, til masalasida oʻtkazilgan makkorona tajribalar – bularning bari xalqimizning qoʻrquvdan iborat ijtimoiy kayfiyatini shakllantirdi.

Ayniqsa, bu davr ona tilimiz taqdirida eng ogʻir davr sifatida tarixga kirdi. Shu oʻrinda atigi ikkita misolni keltirish maqsadga muvofiq. 1989-yilgi maʼlumotga koʻra, respublikamiz aholisining 80 foizi oʻzbek boʻlgani holda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston SSR davlat kutubxonasidagi barcha kitoblarning 9 foizigina oʻzbek tilida edi. 1980–1985-yillarda Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Tarix institutida yozilgan ilmiy asarlarning bor-yoʻgʻi 3 foizigina oʻzbek tilida nashr etilgan, xolos.

Yuqoridagi holatlar Oʻzbekiston mustabid tuzumda haqiqatan ham ijtimoiy qoʻrquvda yashaganidan darak beradi. Mustamlakachilikning turli koʻrinishlari xalqimizda avval hadikni yuzaga keltirgan boʻlsa, keyinchalik bu holat ijtimoiy qoʻrquvga aylandi. Chunki bu davrda milliy taraqqiyot, oʻzlikni anglash bilan bogʻliq har qanday harakat cheklandi, millatchilik sifatida baholandi, qatagʻon qilindi.

Mustaqillik mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqdi, xalqimizning azaliy orzularini roʻyobga chiqardi. Oʻzbek millati ongida shakllanib qolgan ijtimoiy qoʻrquv hissi asta-sekin yoʻqola bordi. Bu jarayon 2016-yildan tezlashdi. Mamlakat rahbarining saʼy-harakatlari xalqimizning orzulari bilan uygʻunlashdi.

Biroq, afsuski, mustabid tuzum oqibatlarini bartaraf etish qiyin boʻlmoqda. Oʻsha davrda shakllangan ijtimoiy qoʻrquv qon-qonimizga singib ketgan ekan. Ayrim fuqarolarimiz, baʼzi rahbarlarimizda hali ham saqlanib qolayotgan ijtimoiy qoʻrquvni bartaraf etish uchun bugun katta imkoniyatlar borligini unutib qoʻyayotganga oʻxshaymiz. Bu bugungi umumiy taraqqiyotimiz, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy ravnaqimizga xalaqit qilmoqda. Xoʻsh, bugun ana shunday shaxslar orasidagi ijtimoiy qoʻrquv nimalarda namoyon boʻlmoqda? Keling, yaxshisi, oʻshalar haqida ayrim fikrlarimizni bayon etsak.

Birinchidan, bunday toifadagi odamlar, eng avvalo, oʻz erkinligini his qilmaydi. Ular har bir masalada oʻzidan yuqori turuvchi rahbarning fikri bilan ishlashga koʻnikib qolgan. Oʻzining fikriga ega boʻlmaslik esa shaxsda haddan tashqari ehtiyotkorlikni yuzaga keltiradi. Bunday odam, ayniqsa amaldor “ortiqcha gap” aytishdan, xato qilib qoʻyishdan oʻlguday qoʻrqadi, shuning uchun har doim rahbarining ogʻziga qarab turadi.

Ikkinchidan, ijtimoiy qoʻrquv kayfiyatidagi baʼzi rahbarlarda eng muhim sifat – tashabbuskorlik yetishmaydi. Avvaldan belgilab qoʻyilgan qoidalar asosida ishlash, faqatgina qabul qilingan rejalarni bajarishga harakat qilish insonda, ayniqsa rahbarlarda tashabbusni boʻgʻadi, uning erkin tafakkur qilishiga yoʻl qoʻymaydi, pirovardida bunday holat ularni topshiriqni bajaruvchi “kichkina odam”ga aylantirib qoʻyadi.

Uchinchidan, ijtimoiy qoʻrquv insonda jurʼatsizlikni yuzaga keltiradi. Jurʼatsiz inson faqat bir narsani oʻylaydi: “Bu ishim tufayli yutuqqa erisha olmasam nima boʻladi?”. Jurʼatsiz odam, ayniqsa rahbar yutuqdan koʻra magʻlubiyatni koʻproq oʻylaydi. Uning uchun ustuvor masala boshlagan ishining tirnoqcha boʻlsa ham elga naf berishi emas, magʻlubiyatga uchramaslik. Bunday kishilar har doim oʻziga “suyanchiq” qidiradi, oʻz fikrini rahbarlarga tasdiqlatib olishga asosiy eʼtiborni qaratadi.

Toʻrtinchidan, bir ijtimoiy taraqqiyot bosqichidan boshqasiga oʻtilayotganda qoʻrqoqlar mamlakat va jamiyatga katta xavf soladi. Ular kimgadir yoqmaydigan gapni gapirib qoʻyishdan, xato fikr bildirib qoʻyishdan, xato yoʻlni tanlab qoʻyishdan qoʻrqib,  haddan tashqari ehtiyotkor boʻlib qoladi. Haddan tashqari ehtiyotkorlikning ziyoni baʼzan dushmannikidan koʻp boʻladi.

Boshqacha aytganda bunday odamlarda urvoqcha ham jasorat topilmaydi.

Qadimiyatning daho mutafakkiri, ustozi avval Arastu “Qanday odamni jasur deyish mumkin?” degan savolga javoban “Jasoratni neʼmat va yaxshilik deb biluvchi odamlarning jasurligi haqiqiy jasurlikdir” deydi. Uning fikricha, bunday odamlar birov qarab turganida ham, hech kim yoʻqligida ham jasurlik qilaveradi. Ammo shunisi borki, ehtiros va intilishsiz jasorat boʻlmaydi. Kimki yaxshilik uchun xatardan qoʻrqmay oʻzini shu xavfga ursa, ana shu odam jasurdir (Arastu. “Poetika. Axloqi kabir”. –Toshkent, 2004. 123-bet).

Beshinchidan, eskilikka yopishib qolgan, konservator odamlarda ham ijtimoiy qoʻrquv hissi kuchli boʻladi. Albatta, biz butun jamiyatdagi odamlarda konservatorlik kayfiyati butkul yoʻqolishini xohlamaymiz. Chunki sogʻlom konservatorlik ham biz uchun zarur. Masalan, tarbiya masalalarida, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash maʼnosida, madaniy merosimizga munosabat borasida biz uchun sogʻlom konservatorlik juda kerak.

Ammo bugun butun dunyo shiddat bilan rivojlanib, qadriyatlar ierarxiyasi mutlaqo oʻzgarib borayotgan, kechagi, nazarimizda oʻta toʻgʻri boʻlgan xulosalar bugun hayotda oʻz tasdigʻini topa olmayotgan bir paytda eskicha fikrlab, “ota-bobomiz shunday qilib kam boʻlmadi-ku” deb oʻzimizdan qoniqib oʻtiradigan boʻlsak, koʻp narsani boy berib qoʻymaymizmi?

Oltinchidan, qoʻrqoqlarda birovga tobelik hissi kuchli boʻladi. Chunki ularning irodasi boʻsh. Ular ijtimoiy faol emas, koʻpincha ishonchsizlik kayfiyatida yuradi, oʻzlariga eʼtiborning kamligi tufayli oʻzini tahqirlangan sezadi. Bundaylarda oʻzini himoya qilish istagi sotqinlik va yuzsizlikning shakllanishiga ham olib keladi.

Yettinchidan, ijtimoiy qoʻrquv kasaliga duchor boʻlganlarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida hujumkorlikka qaraganda himoya pozitsiyasi doimo kuchlilik qiladi. Maʼlumki, insonning mohiyati uning doim olgʻa yurishida, oldidagi qiyinchiliklarni mardonavor yengib oʻtishida, faolligida koʻrinadi. Himoya pozitsiyasi esa insonni harakatsizlikka undaydi. Bundaylar xato qilishdan qattiq qoʻrqadi, “och qornim, tinch qulogʻim” deb yashaydi.

Hujumkorlik pozitsiyasi esa insondan tavakkal qilishni ham talab qiladi. Bekorga xalqimiz “Oʻychining oʻyi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi” demaydi. Bu bilan hamma ishimiz tavakkalchilikka asoslanishi kerak demoqchi emasmiz. Hech shubhasiz, biror ishni ado etmoqchi boʻlsak, yetti oʻlchab bir kesishimiz lozim. Biroq tavakkalchilik tufayli aql-u hushimizga birdaniga keladigan eng oson, eng toʻgʻri, eng samarali yoʻllar ham hayotimizda koʻp uchrashini unutmasak yaxshi boʻlardi.

Muhimi, kimga va qanday tavakkal qilishni ham bilish zarur. Zero, muqaddas dinimizda taʼkidlangani kabi “Alloh tavakkal qiluvchilarni sevar”, “Kim Allohga tavakkal etib, suyansa, Alloh har qanday tanglik holida unga yetarli boʻladi, umid qilmagan joyidan unga rizq eshiklarini ochadi” (Abu Homid Gʻazzoliy. “Mukoshafatul-qulub”. –Toshkent, 2014. 361-bet).

Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, sovet davrida uzoq yillar bizni qattiq iskanjada ushlab turgan ijtimoiy qoʻrquv bugun ham xalqimiz ongi va tafakkuriga taʼsir koʻrsatib turibdi. Biz oldin qayd etganimiz kabi bunday holat odamlarimiz, ayniqsa baʼzi rahbarlarimizda erkinlikning yoʻqolishiga, tashabbus va shijoatning kamayishiga, mustaqil fikrlashning cheklanishiga olib kelmoqda.

Ijtimoiy qoʻrquv jamiyat taraqqiyotini ortga suradi, odamlarda har narsadan hadiksirash kayfiyatini paydo qiladi. Buyuk vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy (1075–1144) bu borada shunday degan edi: “Qoʻrquvga mubtalo boʻlgan kishi (oftob tigʻidan pana izlagani misoli) faqat qochishdan najot izlaydi”. Haqiqatan ham shunday. Bekorga xalqimiz “Qoʻrqqanga qoʻsha koʻrinar” demagan.

Xoʻsh, bu borada endi nima qilish lozim? Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizda ochiq, demokratik davlat barpo etishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga oʻtishning asosiy yoʻllari barchamizga maʼlum. Qolaversa, har bir inson erkin faoliyat olib borishining huquqiy-meʼyoriy poydevori yaratildi. Shaxs manfaatlari qonun asosida muhofaza qilinmoqda.

Agar biz bugun Allohning oldida yuzimiz yorug‘ boʻlsin desak, jamiyatni harakatga keltirib turgan qonun-qoidalarga qatʼiy amal qilsak, ijtimoiy qoʻrquvdan qutulamiz. Buning natijasida oʻzimizda tashabbuskorlik, shijoat, ishonch, oʻz fikrga ega boʻlish kabi barchamizni yangi manzillar sari yetaklaydigan sifatlarni shakllantira olamiz.

Abduxalil MAVRULOV,

 tarix fanlari doktori, professor

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.
“Ijtimoiy qoʻrquv nima?” maqolasi