Galstukli qassob
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning yangi asari – “Daʼvo” romani nashrdan chiqdi. Mutolaadan keyingi mulohazalarimni bayon qilishni kitob boshidan emas, sal oxirrogʻidan, 6-bobdagi bir holat tasviridan boshlamoqchiman. Bu holat ramziy maʼnoda ham, real maʼnoda ham roman mohiyatiga kirishda kalit vazifasini oʻtaydi. Asar qahramoni Jamshid Boʻron tilidan hikoya qilinadigan bu epizod shunday:
“Ustoz koʻrsatgan tomonga oʻtib, qotib qolay dedim. Pastak behining egri shoxida hozirgina terisi shilingan qoʻzi, oldiga peshband tutib, oq koʻylagi yengini shimarib olgan erta-indin fan doktori boʻlajak Ramziddin Poʻlatov ogʻzida pichoqni koʻndalang tishlagan koʻyi abjirlik bilan son goʻshtni tanadan ajratib supra ustidagi korsonga tashlamoqda. Qora kostyum bilan qizil boʻyinbog‘ olma shoxiga osib qoʻyilgan. Kiyim-boshni almashtirib qilsa boʻlmasmikan shu ishni?
– Qassobchilik qutlug‘ boʻlsin, aka! – dedim ham taajjub, ham zavq bilan.”
Xuddi shu oq koʻylakda yeng shimarib qoʻy soʻyayotgan odam bir kun kelib oʻzining ustozini “soʻyadi”, desam ishonasizmi? Ha, bu muloyimxunuk daʼvogar unga oq-u qorani tanitgan, yoʻl koʻrsatgan oʻz muallimini qora kostyum va qizil galstukda, qoʻli koʻksida, beozorgina jilmayib, pichoqsiz soʻyadi. Hech narsa boʻlmaganday, aslida “hamma vaqt shunday boʻlishi” kerakday xijolatsiz soʻyadi. Soxta unvon, soxta shon uchun, “kimsan, akademik” degan nom uchun shunday tubanlikka boradi. U piri murshidini boʻgʻizlayotganda ham soxta mulozamatini, oʻlik tabassumini darig‘ tutmaydi, ajabo! Bunday vaziyatda nima ham deya olasan? “Dunyosi tamom boʻpti, Jamshid Boʻron, dodingni Xudoga aytasan endi!” deb ich-ichingdan faryod koʻtarasan, xolos.
Holbuki, ustoz Shokir Toʻlaganov bu murtadni oʻz farzandiday koʻrardi. Shu bois nekbin Jamshid Boʻron aynan Ramziddin-u Ruhiddin Poʻlatovlar bilan bogʻliq bir muammosi haqida unga aytay deganda, koʻnglidan shunday oʻy oʻtadi:
“Ustozni aralashtiray desang, u kishining nima demogʻi ayon: “Ramziddinga ayt, oʻzingning akang-ku!” Soddagina qilib, bolalarcha ishonch bilan shunday deydi, aniq.
Oʻzimning akam?! Agar kechagi gumonlar rost chiqsa, u menga qanday aka-yu sizga qanday shogird boʻlsin, Ustoz?!”
Tarki dunyo, tarki ilm
Mustaqillikning dastlabki yillaridagi oʻta murakkab sharoitda ilm-fanga, olimlarga munosabat nechogʻli choʻkib ketganini hamma biladi. Talay ilm ahli qalam-qogʻozini shamolga tashlab, bozorga chiqib ketgani ham bor gap. Ilm maydonida sobit qolganlar esa koʻp ovora-yu aftola boʻldilar. Bu fojia ham (ilimiliq soʻzlarni izlab oʻtirmay, bu holni fojia deb qoʻya qolaylik) romanda keskirgina soʻzlar bilan oʻz narxida xolis baholangan.
“Toʻgʻri-da, deylik sportga qarashilsa, zoʻr-zoʻr chempionlar chiqib, jahon boʻylab yurtning dongʻi oshadi; sanʼatkor u yallachilarga nishon-pishon berib turilsa, toʻy-toʻychigʻingizga yaraydi; shoir-yozuvchisiga har zamonda “balli” deb qoʻysangiz, el oldida soʻz topolmay qolganingizda osmon-u falakdan kelib joningizga ora kiradi – ilm-fandan nima naf, nima shamchiroq, xoʻsh?! Oʻttiz-qirqlab tadqiqot instituti, allaqanday markaz-u stansiya atalmish har turli muassasalar, ularda ivirsib yuradigan minglab tepakal “avliyo”… Shularning orasidan birorta Nobel sovrindori chiqdimi deng?!”
Oʻsha yillari menga akamday qadrdon boʻlgan taniqli fan doktori, professorning: “Yelkamdagi plashimni olganimga 22 yil boʻldi. Almashtirishga imkonim yoʻq” degan gapini, yana bir fidoyi, yirik biolog olimning “Men ishxonaga faqat ishimni yaxshi koʻrganimdan, usiz yashay olmaganimdan kelaman. Yoʻqsa, berayotgan oyliklari yoʻlga yetmaydi. Bir kosa ovqatni uyimdan koʻtarib kelaman” degan gaplarini eshitganman.
Adib ilm ahliga nisbatan bunday bepisandlik va zugʻumni “ilmbezorlik” degan birgina qoʻshma soʻzda ifodalab beradi. Shugina soʻzda jamiyatga baho ham, tashxis ham bor. Albatta, “miyasida nimadir gʻimirlab turgan mardum”ni istagan koʻyga solish qiyin, chunki u fikrlayapti, fikr bormi, eʼtiroz ham boʻladi. Bunday oʻr qavm esa “buyruq bilan ikki karra ikkini besh qilib boʻlmaydi” deb oyogʻida mahkam turib oladi. Baʼzilarini buldozer bilan ham oʻrnidan jildirolmaysiz. Oʻzi zoʻrgʻa yuradi-yu, lekin bunday masalalarga qolganda, qattiqroq shamolga yiqiladigan jussa birdan metin bir qoyaga aylanadi. Lekin zamon ham ularning raʼyiga muloyimgina qarab turmaydi, kerak boʻlsa, bir siltab, tutday toʻkib tashlaydi. “Shunaqami hali?! Qarab turing, kerak boʻlsa, ikki karra ikkingizni birga aylantirib qoʻyamiz! Yoping, daf qiling, bunaqa sarkash, tekinxoʻrlar mahkamasining bizga darkori yoʻq!” degan doʻq bilan butun mamlakatni gumuburlatadi. Qarabsizki, ahli ilmning boshini qovushtirib turgan, ozmi-koʻpmi yangi gʻoyalar nish urib turgan dargoh bir doʻq-siyosat bilan “tekinxoʻrlar mahkamasi”ga aylanadi, qoladi.
Bunday munosabatdan soʻng nima boʻladi? Shubhasiz, haqiqiy olimlar, fidoyilar, manglayiga olimlik qismati yozilganlar chetga chiqadilar, tarkidunyo, tarki jamiyat qiladilar. Endi ilmga kirib kelayotganlar esa tarki ilmni maʼqul koʻradilar. Oqibatda, Alining maydonini soxta ilmkashlar, xushomadgoʻylar, “delovoylar”, karnaychilar-u pufakchilar egallaydilar. Ularga “ilm” navbatdagi karera uchun hech qursa, “ptichka” uchun kerak boʻlib qolishi ehtimoldan uzoq emas. Kerakli toshning ogʻiri boʻlmaganday, keraksiz tosh ham kun kelib asqotishi mumkin.
Qisqa bir zaiflik va uzun bir daʼvo
“Daʼvo” romani jamiyatga, xususan, ziyolilar qatlamiga katta koʻzgu tutdi. Bu koʻzguda koʻp narsalar ayon koʻrinib qoladi. Yolgʻonlar, xiyonatlar, fitnalar, sotqinliklar... Ziyolilar jamiyati Tolstoy yuz oʻgirgan kiborlar jamiyatiga aylanib qolmadimikin degan ishtibohlarga borasiz. Kattagina ilm dargohining inspektori Dono Inoyatovna “Bunaqasi boʻlib turadi, Jamshidbek. Oramizdagi gap, ishingiz yuzasidan ikkita taqriz kelgan, ikkalasi ham ijobiy – oʻzim oʻqib koʻrdim. U yogʻini soʻrasangiz... diplomingizga imzo ham chekilgan boʻlishi mumkin. Lekin oʻrtada birov eshikni tambalab turibdi-da. Kimligini bilarsiz – tepadagi mutasaddimiz, Ruhiddin Poʻlatov. Doʻstona maslahat-da, oʻsha kishiga bitta qoʻngʻiroq qilinsa, olam guliston. Yuqorida tanish-panishingiz bormi?
Jamshid oʻylanib qoldi: Ruhiddin Poʻlatov boʻlsa, Ramziddin akaga qarindosh-parindosh emasmikan? Shunday bir gap qulogʻiga chalingandek boʻlib edi. Biroq u nega toʻsqinlik qiladi? Kim uning arpasini xom oʻribdi?
Jamshid boshini koʻtarib ayolga qaradi, nozik bir joyiga tig‘ urilgandek ichdan seskandi, keyin nima deyarini bilmay asta burilib xonadan chiqdi”.
Eshikni tambalash bir zamonlar Ruhiddin Poʻlatov bilan ustoz Shokir Toʻlaganov orasida boʻlib oʻtgan tariqdan ham kichik bir mayda gap uchun edi.
Roman daʼvolar toʻqnashuvi, ambitsiyalar jangini tasvirlaydi. Kurashlar ochiq maydonda emas, orqavorotdan pana-panada kechadi. Oʻzi ultonchaning ham iddaosi osmoncha. Hakim Termiziy “Inson nima” degan savolga “Inson bu – qisqa bir zaiflik va uzun bir daʼvodir” deb javob bergan. Asarda xuddi shu “qisqa zaiflik va uzun daʼvo”ning tuganmas oʻyinlari tasvirlanadi.
Bir kitob ichida yonma-yon yashayotganlar
Romanda xarakterlar qattiq ishlangan, har bir odam oʻz xarakteri, oʻz dunyosiga ega. Qatorlashib, inkubatordan chiqqan bir xil yasama personajlar emas ular. Bosh qahramon Jamshid Boʻronning nomzodlik dissertatsiyasi “oʻsha kezlar nisbatan yangi, ayni choqda qaltisroq – jadidlar mavzusida” ekanligi va ilgʻor olimlarning bugungi taʼlim-tarbiya borasidagi islohotlarga jadid bobolarning dasturiy taʼlimotlarini asos qilish haqidagi gʻoyasiga moyilligi uning botinidan, ichki insoniy tutumlaridan darak beradi. Kimsan, hamma uchun hurmatli domla Elmurodov unga “Mavzuni oʻzgartir, ikki yilga qolmay himoyaga chiqasan, men kafil” deyishiga qaramay, u yoʻlidan qaytmaydi. U paytlar birgina shaxsning kimgadir yoqmay qolishi evaziga ham tayyor dissertatsiyalar oʻn yil orqaga surilib ketishi mumkin edi-da. Jamshid qaysar va halol darveshnamo ustozi Shokir Toʻlaganovning izidan boraveradi. Toʻlaganov esa, Vatan tarixini buzib koʻrsatuvchilarga tish-tirnogʻi bilan qarshi turadigan, bosqinchilar istilosining ayanchli oqibatlarini chuqur biladigan, yurtining tarixi uchun ham, kelajagi uchun ham kuyinadigan haqiqiy ilm odami.
Romanda bu odamlardan tabiatan yiroq boʻlgan ajab-ajab toifalar bor. Garchi bular tiynatan teskari boʻlsalar-da, nailoj, bir kitob – bir dunyo ichida yonma-yon yashaydilar, oʻzaro munosabatlarga kirishadilar. Masalan, Junayd Jabborzoda, Shohiya Amur... Ismi shariflarning hashamatini qarang, otni hurkitadi-ya.
Junayd bir qarasangiz, tuman prokurori, bir qarasangiz, viloyatda masʼul lavozimda, yana bir qarasangiz, poytaxtda nufuzli martabada. Qizigʻi, Junayd bu mansab-u martabalar bilan cheklanib qolmaydi. Goho shoirga, goho bastakorga, goho rassomga aylanadi. “...dovruq-ovozasi toʻrt tomonni tutgan: Junayd Jabborzoda sheʼri, Junayd Jayhun musiqasi, Junayd Jabborlining rangtasvir asarlari... Bamisoli bir kishi emas, butun boshli toʻda tinmay sheʼr-u qoʻshiq yozib, musiqa bastalab, yana bir galasi dastgoh qurib rasm chizib yotgandek!” Bu jumladagi “toʻda” soʻzida vaziyat, mohiyat yashiringan. Bu soʻz oʻrnida yozuvchi “guruh” degan soʻzni qoʻllaganda, bu soʻz oʻrniga tushmasdi, mohiyat ochilmasdi. Mana, mahorat qayerda.
Junaydning aralashmagan narsasi yoʻq. Bu eshikdan chiqsa, boshqa eshikdan kirib kelaveradi, eshik topilmasa, devorni oʻyib ham kirib keladi. Har baloga qobiliyatli. Har ishga suyagi yoʻq. Nima duch kelsa, oʻzini bir urib koʻradi. “Jamshid Boʻron boʻlasi Junaydga hayrat bilan tikilib qoldi. Ha, buning qoʻlidan keladi partiya tuzmoq! Boshqasi ham!..”
Bunday uddaburrolar keyingi paytlarda yana koʻpaydi. Goʻyo ular hamma narsani eplaydiganday, ularning qoʻlidan kelmaydigan ishning oʻzi yoʻqday, juda faol, jonkuyarday koʻrinishadi. Lekin oxir-oqibat uddaburroning uddalagan biron narsasi yoʻq boʻlib chiqadi.
“Jamshid Boʻron boʻlasining koʻkragiga yengilgina mushtlab, “Omadingni bersin”, dedi-yu sekin burilib katta koʻcha sari yurdi. U oʻzini allanimada gʻolib sezardi, ammo koʻnglida Junaydga nisbatan bir achinish ham bor edi”.
Jamshid bekorga jingalaksoch boʻlasi Junaydga ichida achinish hissini tuymadi. Chunki, Junayd qisqa bir zaiflikning uzundan uzun daʼvosi edi. Vijdonli odam bunday tomoshalardan zavqlanolmaydi, qiynaladi, iztirob chekadi.
“Bir mahal qayoqdandir Shohiya Amur paydo boʻldi. Yengiltakroq libosda: egnida allambalo deb yozilgan qora mayka, tizzasi yirtiq shim. Boshidagi keng-koʻlam, ola-bula kepkasini qiyshaytirib kiyib olgan. Sumkachasini yelkasiga tashlab. Begʻam betashvish bir xirom bilan”.
Bunday ayollar bitta zavodda bitta qolipdan chiqarilgan qoʻgʻirchoqlarday bir-birlariga juda oʻxshaydilar. Oʻzlarini tutishlari ham, gapirishlari ham, noz-u karashmalari ham, burnidan nariga oʻtmagan maqsadchalari ham bir xil, bir xil. Ularga hayotda koʻp duch kelasiz. Bir muddat mahliyo boʻlib turasiz-da, tezda hafsalangiz pir boʻladi. Maftunkor jozibaning umri tovoqdagi chiroyday qisqa.
“– Bilmadim, – dedi kulib Jamshid Boʻron. – Oʻzlariyam koʻp farishta boʻlmasalar kerak? Anovi qiz nima qilib yuribdi bu yerda? Inessa Armanding shumi?
– Qaysi qiz? Ha-a, Shohimi? Shohiya Amur. Ommani jalb qilish uchun shunaqalariyam kerak-da, joʻram! Qayerdan taniysan uni?”
“Shunaqalariyam kerak-da”. Shu gapning oʻzi koʻp narsani bildiradi. Meni falon joyga taklif qilishyapti, mensiz bu davra oʻtmay qoladi, deb hovliqib, uch soatlab makiyaj qilib, jilpanglab boradiganlar shunchaki kimlargadir ermak boʻlayotganlarini bilmaydilar.
Tagʻin bu kishim, aktrisa, rejissyor, ssenarist, buning ustiga, ikkita sheʼr kitobi chiqqan. “Voy, “Men, men, men”ning ssenariysini onamning eri yozganmi boʻlmasa! Bilmasmidingiz sheʼr kitobim chiqqan-ku, ikkita!”
Ha, asarda har bir personaj oʻz xarakteri bilan, fazilati-yu nuqsoni, jiddiyati-yu bachkanaligi bilan manaman deb ajralib turadi. Ular yozuvchining ixtiyori-yu mayli bilan toʻqib chiqarilmagan, bu obrazlarni hayotning oʻzi romanga taqdim qilgan. Siz har qadamda ularni uchratasiz. Jamiyatning qaysidir jabhasida “javlon urib” yurgan odamlar. Hatto asar boshida yilt etib bir koʻrinib keyin yoʻq boʻlib ketadigan, oʻzicha “Turknoma” atlig‘ buyuk dastan yazayatgan” Selim turk ham xotirangizga muhrlanib qoladi. Hatto asarda umuman koʻrinish bermaydigan Alikning qiyofasini ham tasavvur qilsa boʻladi: “Olamda yoʻq kiyim-boshni egniga ilib, siyrak soqoliga oro berib, allaqanday tayinsiz xalqaro loyihalar bahona mamlakatma-mamlakat izgʻib yuradigan, bir polyak qiziga uylanib ajrashgan Alik ona tilidan boshqa koʻp tilni biladi. Otaginasiga tortib juvon tiliga ham mohir. Manovi xonimchamiz bilan ham soz shekilli, “oʻzlarining tili”da chuldirashib yuradi”.
Junayd Jabborzoda, Shohiya Amur, Ramziddin Poʻlatovlar poygasida ustoz Toʻlaganov, Jamshid Boʻronlar oʻz-oʻzidan chetga chiqadilar. Ular uyaladilar, or qiladilar. Attangki, ularning safi siyrak, sanoqli. Lekin iddaochilar maydonni hech kimga bermaydi, orini sotib boʻlsa-da, otini chiqarsa boʻldi. Har narsadan bir ilinj izlab, goh u yoqqa, goh bu yoqqa, har oʻtganda bir turlanib, eng chopqir otlarni choptirib oʻtaveradilar. Baʼzilari lavozim-u mol-dunyo uchun qulay kelib qolsa, hammani ulgurjisiga sotib yuboradi. Otang – bozor, onang – bozor!
Tili bir roviylar
Roman yorqin uslubda yozilgan. Matnning oʻziga xos ohangi ohanrabodek oʻquvchini tortib ketadi. Asarda voqealar uchinchi shaxs va birinchi shaxs tilidan hikoya qilinadi. Baʼzan ikkinchi shaxs tili ham aralashadi. Lekin shunisi muhimki, mutolaa vaqtida birinchi shaxs roviyligidagi bir bobdan uchinchi shaxs roviyligidagi boshqa bobga oʻtish jarayonida hikoyachilar almashinuvi sezilmay qoladi. Chunki, asarda til yaxshi. Ravon. Tishga tegadigan joyi yoʻq. Soʻzlar oʻz maromida quyilib keladi. Ayniqsa, Erkin Aʼzamga xos tagdor jumlalar-u iboralar alohida diqqatga loyiq: “Telefondagi ovozni ajratib boʻlmasdi: erkak kishiga tegishli desangiz – juda ingichka, ayolmikan desangiz – allaqanday “temir” aralash”, “Qator-qator vazir-u vuzarodan tortib mashhur xonanda-yu sozanda, shoir-u shuaro, mashshog‘-u qashshoq...”, “Yangi tarix”dagi karnayvoy bola”, “oʻzaro nosamimiy lutf-u havolar”, “qoʻlyozmasining “soʻnggi xollari”, “qozonga yaqin kelsang, “kisht-kisht” deb quvishlar”, “silliqlab-siporishlab oʻtiradi”, “ikki oʻgʻil ham (oʻqishdan) ikki martadan “yiqilib berdi”, “nomi uzun oʻzi kalta film”. Bunday oʻziga xos, shirali, badiiyat qaymogʻi bilan toʻyintirilgan jumla-yu iboralar asar sifatini oshirgan.
Ming xil mayda-chuyda girepmarketi
Romanning avj pardasida ijtimoiy tarmoqlarda ustoz haqida tarqalgan xabarlar bugungi tarmoqlar ahvolini aniq koʻrsatib beradi. Millionlab odamlar ivirsib yuradigan bu tarmoqlarda ne ishlar, ne mish-mishlar, ne qilmishlar urchimaydi deysiz. Rosti ham bor-u, yolgʻoni undan koʻp. Bu toʻs-toʻpolon ichida yaxshi xabarlar ham suvga choʻkkan toshday yoʻq boʻlib ketadi. Allaqanday laykchilar, istashsa, bir odamni bir necha daqiqada badnom qilishlari ham mumkin, istashsa, bir ahmoqdan daho yasashlari ham mumkin. Eʼtibor qilmaslik kerak deymiz-u, lekin bu olagʻovur ham jamiyatda katta jarayonga aylanib boʻldi. Endi unga ming xil mayda-chuydalar doʻkoni deb qarab boʻlmaydi. Bu doʻkon zamonning zayli bilan gipermarketga aylangan. Ustoz yoʻqolib qolgandan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga bir quloq tuting:
“...Kampiri bilan gʻijillashib qolib, oʻzini jarga otgan ekan, jasadi topilmayotganmish...”
– “...Katta olim boʻlgani bilan rosa icharkan deng. Dachasi togʻda ekan, tog‘-toshda mast-alast daydib yurib, jonivorlarga yem boʻlgandir-da...”
– “...Zoʻr olim boʻlgani uchun koʻrolmaydigan hasadgoʻylar ustidan yoza-yoz qilib jonidan toʻydirib yuborishgan-u boshini olib bir yoqlarga ketvorganmish...”
– “Unda oʻzi toʻgʻrisidagi past-baland mishmishlarni oʻqiyverib... yashagisi kelmay qolibdi...”
Yetishmayotgan odam
Asarning boshidan oxirigacha nurday oʻtadigan yana bir obraz bor. Bu togʻa obrazi. Jamshid Boʻronni oʻz bolasidan ham yaxshi koʻradigan togʻa. Xuddi shu togʻa asarning boshidan oxirigacha ajib bir ruh berib turadi. U asardagi hamma obrazlardan balandroqda yashaydi. Unda ortiqcha daʼvoni sezmaysiz, yoqayirtar iddaoni koʻrmaysiz. Togʻa timsolida zahmatkash,sodda samimiy xalqingizning bir boʻlagini koʻrganday boʻlasiz. “Choshgohga yaqin maʼraka tarqab, mozorboshiga borish taklifi chiqdi mendan. Nuqul kimdir yetishmayotgandek, halizamon kimdir darvozadan kirib keladigandek boʻlaverdi. “Jamshidboy keldima, jiyanginam keldima…” Togʻam!”.
Ha, bunday odamlar hamma joyda hamisha yetishmaydi.
Asarda togʻa bilan bogʻliq yana bir lavha borki, bu lavha ham oʻsha yillardagi koʻp kechmishlarga ishora qiladi. Jamshid Boʻron togʻasining taʼziyasiga qishloqqa borganda atrofga qarab, koʻnglidan shunday bir oʻy oʻtadi: “Bamisoli shuncha yil mobaynida biror mardum bitta daraxt oʻtqazmagandek, chiqib eshik-derazasini boʻyamagandek, koʻcha-koʻy oʻnqir-choʻnqir, kechagi zamondan bu yogʻiga asfalt koʻrmagan, uy-tomlar-chi, past-pastqam! Hammayoqni balo urib ketgandek vayron-vayrona…
Odamlar-chi, odamlar? Bari allaqanday mijgʻov, ruhsiz, zerikarli. Dasturxon atrofidagi gap-gurunglari ham ho‘-o‘ almisoqdan qolgan diydiyolar”.
Ikki jumla va ikki dunyo orasida
Maqolamizning muqaddimasini asar oxirrogʻidagi bir lavha bilan boshlagan boʻlsak, xotimasida asar boshiga qaytamiz.
Roman nashriyotdan kitobi chiqayotgan Jamshid Boʻronning kitob boshida ustoziga bir ogʻiz bagʻishlovi mojarosidan boshlanadi va shu mojaro yakuni bilan tugaydi. Birinchi bobda nashriyot direktori Sanaqulovich: “Kitobingizni, monografiyani ustozingizga bagʻishlabsiz-ku. Bagʻishlaganingiz yaxshi-yu, domlaning atrofidagi keyingi gap-soʻzlar... Shundoq katta olim, salkam akademik badnom boʻlib qoldi-da endi, a, esiz! Qayoqqa ketgani ham nomaʼlum, dom-daraksiz emish-a? Chet elga qochgan deyishadi, rostmi shu gap?” degan bir qop somonni pe-peshlab, bagʻishlovni olib tashlashni talab qiladi. Jamshid Boʻronning ichidan zil ketib bagʻishlovni olib tashlashga undagan nashriyot direktoriga: Kitob meniki, kimga bagʻishlash oʻzimning ishim” degan gapi asar oxirida yanada qatʼiy vijdoniy tus oladi. Shuncha, bir kitoblik voqealardan keyin Jamshidning nashriyot xodimi – kitob muharririga yuborgan xati shunday: “Muniraxon! Iltimos, kirib kattangga – Sanaku-ulovichingga ayt, bagʻishlov qatʼiyan mana bunday boʻlsin: “Ushbu kitobimni unutilmas Ustozim, akademik Shokir Toʻlaganovning oʻchmas xotirasiga bagʻishlayman”. Tamom!”
Romanning yaxlitligi, butunligi ham shundaki, undagi barcha hodisalar ana shu ikki jumlaning orasida boʻlib oʻtadi. Asar boshida va oxirida aytilgan bu ikki jumla qator voqealarni birlashtiradi, cheki chegarasi yoʻq daʼvo-iddaolar, xiyonatlar, bir-birini sotish mojarolaridan maʼnan butun chiqqan Jamshid Boʻronning Shaxsini namoyon qiladi.
Bu eʼtirof Ustozning oʻjar, qaysar, bilganidan qolmaydigan, oʻrischa aralashtirib gapiradigan qizi Bibixonimning tilidan Jamshidni otasiga mengzab “Sizlar asli bir odamsizlar-ku...” deb aytgan gapida yanada aniq koʻrinadi. Shokir Toʻlaganovning qizi haqida gap ketganda, bir vaqtlar gazetada rossiyalik bir akademikning qizi bilan boʻlgan suhbat esga tushadi. Otasi bilan koʻp masalalarda chiqisholmayotgan qizga muxbirlarning: “Nega otangiz bilan kelisholmaysiz, axir u mashhur akademik-ku?” degan savoliga qiz: “Hamma gap shunda, men akademikning qiziman, otam esa oddiy dehqonning oʻgʻli” deb javob beradi. Garchi Bibixonim qancha murakkab xarakterga ega boʻlmasin, Toʻlaganovning maʼnaviy muhiti havosidan bahramand boʻlib oʻsgandi. Bu bahramandlik oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymasdi. Jamshid gʻoyib boʻlgan domlasini izlab, qiz bilan birga qaytganda buni anglaydi: “Ilk koʻrishgan kunidan buyon bir-biriga yotsirab yurgan ikki odam bugun aka singil boʻlib qaytarkanmiz, qizning boyagi gapi xayolimdan ketmasdi: “Sizlar asli bir odamsizlar-ku...”
Romanda teran ramziy ishoralar bisyor. Bu ramzlarni sharhlash alohida mavzu. Ustozning yoʻqolib qolishi ham aslida ramziy maʼnoga ega. Bu ishorada jamiyatda boy berilayotgan qadriyatlar, tutumlar, halol fazilatlarga ishora borday. Toʻsatdan gʻoyib boʻlgan ustoz Shokir Toʻlaganovdan Jamshid Boʻronga kelgan oxirgi SMS xabar shunday yakunlangan: “Meni qidirmanglar, yer ustida qiladigan ishim qolmadi...”
Bu ogʻir gap. Shukur Xolmirzayevni oʻlimidan oldin koʻrgani borganimda, uning horgʻin nigohlaridan shu maʼnodagi gapni oʻqiganman. Yana bu gap Abdulla Oripovning bir sheʼrini eslatadi:
Mening Yer ustida tanishlarim kam,
Mening Yer ostida doʻstlarim koʻproq.
Kibri havomi, kibri daʼvo?
Maqolaga “Daʼvoning davosi ne?” deb nom berdik. Daʼvoda mudom xatar borligi rost. Zero, bobolarimiz toʻqigan “kibr-u havo” iborasini bizning zamonamizda “kibr-u daʼvo” deb oʻzgartirsak, mantiqdan uzoqlashmaymiz. Agar daʼvo haddan oshib ketsa, xiyonatlar, sotqinliklar, hasad, tubanliklarga manba boʻladi. Xoʻsh, xulosa nima? Taxminiy boʻlsa-da, daʼvoning davosi bormi? Bu haqda bir narsa deyish qiyin. Bir shoir aytganiday: “Dardning oʻzini koʻrsatib berish ham katta gap”. Faqat shuni qoʻshimcha qilish mumkin, uzun daʼvodan oldin qisqa zaiflik bor. Har kim Hakim Termiziy uqtirgan “qisqa zaiflik”ni angladimi, bas, kibr-u daʼvo oʻz-oʻzidan chekinadi. Yana yapon shoirining bir satri esga tushadi: “Men ojizman va avaylayman oʻzimning ojizligimni”. Oʻzining ojizligini avaylagan odam kuchli boʻladi.
Eshqobil SHUKUR
“Jadid” gazetasi, 2026-yil 11-sentyabr, 37-son.
“Daʼvoning davosi ne?” maqolasi