Bir millatning oʻz tilidagi kitob, risola, gʻazeta, jurnal va boshqalargʻa bir soʻz bilan adabiyot (literatur) deyilur. Shuning uchun arabcha kitob va risolalargʻa “adabiyot arabiya”, turk, tatarcha boʻlgʻonlarigʻa, “turk adabiyoti”, “tatar adabiyoti” deydurlar. Dunyoda yashab turgʻuchi har bir millatning ilmda hozirda va boshqa toʻgʻrilarda qaysi darajada ekanligi adabiyoti bilan oʻlchalinilib, adabiyoti boy boʻlgʻon millatni har vajdan oldinda va yuqorida eʼtibor qilinur. Bilaks, adabiyoti boʻlmagʻon boʻlsa ham borlik, yoʻqlik (yogʻi sob (tugab) boʻlgʻon chirogʻdek, oʻchar, oʻchmas) boʻlsa ul qavmning boshqalar oldida hurmat va eʼtibori boʻlmas va ham har navi hayot ijtimoiya va madaniyatdan bahra ololmas.

Bas endi bizda ham, ul “adabiyot” degan narsa bormu? Yo yoʻq?! – Yoʻq desa hato boʻlmaydurgʻon bir darajada bordurki: ul misol nima qilishimizni bilmaydurgʻon kishining qoʻligʻa tushgan xom toladek borgan sari oni qoraytirilur, chiritilur. Oxiri temirgʻa yo boshqa narsagʻa alishtirilur. Mana shul qabildan bizning ham xoh ulamo va mudarrislarimi va xoh yosh oʻsmirlarimiz boʻlsunlar, bul muqaddas ona tilimizni tiriltirmoqlari unda tursun, balki yoʻqotmoqligigʻa sabab boʻlurlar va ham boʻlib turubdurlar.

Nechukki, olimlarimizdan biri biror yergʻa xat yozsa yoki birovgʻa bergan narsasini xotira daftarigʻa yozsa, oʻz ona tilini qoʻyib, fors tilida yozadurlar. Hammasidan ham zararligi buldurki: yangi dars oʻqumoqgʻa boshlagʻon, oʻz ona tilini ham durustlab bilmaydurgan bir shogirdga dars berganlarida forscha tarjima bilan oʻrgatadurlar. (Ul turkiy sarf, turkiy nahv oʻqutmoqni onda qoʻyaylik). Hech boʻlmaganda oʻshal arabcha sarf, nahvni turkiy tiligʻa tatbiq qilib, yaʼni aning keraklik oʻrinlarigʻa tildan misollar koʻrsatib aytib bersalar, arabchagʻa ham zehni kirishib, buning barobarida oʻz ona tilini ham bir narsagʻa yaraydurgʻon til ekanligini bilib ona tiligʻa muhabbat bir daraja ortib, tartibgʻa solib borur edi. Halo ul qanda? (Hozir qanday?) Yosh oʻsmirlarimiz boʻlsalar oʻz yerliklaridan birini ziyofatgʻa chaqirib, xat yozsalar ham usmonicha, yoki tatarcha yozadurlar. Boydaki (vaholanki), ona tiligʻa muhabbat va islohni ulardan kutular erdi.

Bularning sababi ham ravshandur-ki birinchilari: oʻzlarining eron adabiyoti taʼsiri bilan nurlangan boʻlsalar, ikkinchilari: tatar va usmonli adabiyoti vositasi bilan fikrlarini ochgandurlar. Shuning uchun har ikki sinf ham oʻzlarining “nur” olgʻon taraflarigʻa qarab tortadurlar-da oʻz ona tillarigʻa haqorat nazari bilan boqib kundan kun esdan chiqarmoqgʻa boshlaydurlar.

Durust forsiycha, arabcha, oʻruscha va boshqalarni ham bilaylik, bilaylikgina emas juda yaxshi bilaylik, lekin oʻz ona tilimizni hammasidan ortuq va ziyodaroq bilaylik. Sarf va nahvlari bilan bilaylik va ham shundog’ boʻlgʻonda arabcha, forscha va boshqalarigʻa tushunurmiz. Chunki oʻz tilimizni yaxshilab bilmadikmi boshqa tilni albatda durust bilmaymiz va buni hijriy 900-yilda undan ilgariroq ham “Mavlono Lutfiy”, “Alisher Navoiy”dek zotlar vujudgʻa kelib qirqgʻa yaqin asarlari bilan ona tilimizning boshqa tillargʻa nazran (qaraganda) boy ekanligini, sheʼrda berilgʻon jozibasini, musiqa (muzika) da boʻlgʻon latofatini, “Meʼzon ul avzon” va “Muhokamatul lugʻatayn” lari bilan bildurgʻon erdilar.

Turkiyni doʻst tutqon kishi jugʻrofiyani oʻqib koʻrub, Turkiyaning shuncha yerlari qoʻldan chiqib ketganiga yuragi yonib joni siqilganidek, ona tiligʻa muhabbati bor kishi ham Alisher Navoiy asarlarini oʻqib koʻrganda, tilimiz avvalda shuncha boy va mukammal ekan, nima qildikki ul latofat, ul nafosatlarini yoʻqotib kishi tanimaydurgʻon bir holgʻa kelturib qoʻydik deb ohlar tortur.

Nechukki har bir insonning jonidan aziz narsasi din va millatidur. Ul din va millatni muhofazati ham har afrodi insongʻa vojibdur. Uning muhofazati ona tilining muhofazati bilan boʻlur. Qachonki bir millat tilini yoʻqotsa, ul vaqt dinini va millatini ham yoʻqotur.

Tatar qarindoshlarimizning hozirdagʻi til va adabiy yotlarini bundan oʻn, oʻn besh yil ilgari chiqqan adabiyotlarigʻa tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada ularning tillarini kengaymogʻi milliy va ona tilidagʻi gazetalari bilan boʻldi. Gazeta va jurnallarining dunyo ahvolidan va boshqa toʻgʻrilaridan xalqgʻa xabar berib turmogʻidan boshqa ulug‘ va koʻzgʻa koʻrinmaydurgʻon bir foydasi boʻlurki, ul ona tilining kengaymogʻi va mukallashmogʻidir.

Buning birlan millat oʻzini dunyoda borligʻini bildirib, ona tilida oʻqitmoq va taʼlim bermoq masalalari chiqganda, oʻzigʻa ayrim tili borlar qatoridan hisoblanib, tili yoʻqlar qatoriga kirib qolmas. Turkistonda chiqgan gazeta va jurnallar til toʻgʻrisigʻa hech bir iltifot qilmadilar va hali ham eʼtibor etmaslar. Takror aytaman, gazeta ona tiligʻa xizmat etsun! Vaqti kelganda millatini tili yoʻqlar qatorida qoldirmasun!

Ashurali ZOHIRIY,

 “Sadoi Fargʻona” gazetasi, 1914-yil 13-aprel soni.

Muslimbek ALIJONOV nashrga tayyorladi.