Inson yaralibdiki, yolgʻizlikdan xalos boʻlishga urinadi. Shu sabab ham Odam Ato uchun Momo Havvo yaratildi, ularga farzandlar berildi. Individuallashuv va yolgʻizlikdan xalos boʻlishga intilish ehtiyoji ikki oʻrtada muhabbatni yuzaga keltirdi. Bu yogʻi esa Xodi Toqtosh aytganidek: “Muhabbat oʻzi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi”.
Muhabbat har bir davrda turlanib-tuslanib bordi. Taniqli fizik olim Blez Paskal oʻz davri muhabbatini geometrik va nazokatli deya tasniflagan boʻlsa, yozuvchi Stendal ham oʻz zamondoshlari uchun “kristallangan muhabbat”ni taʼriflab berdi. Bunda:
Geometrik muhabbat – inson ehtiyojlari va manfaatlarini hisob-kitob qilgan holda muhabbatini eng maqbul insonga “sarflash”idir. Masalan, Abdulla Qahhor qalamiga mansub “Sarob” romani qahramoni boʻlmish Saidiy oʻz manfaatlariga monand Murodxoʻja domlaning qizi Soraga uylanadi.
Nazokatli muhabbat – goʻzallikning har qanday koʻrinishini sevish bilan yuzaga chiqadi. Masalan, Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asarida Alimardon Toʻrayev Muqaddamni goʻzal boʻlgani uchungina sevgan.
Kristallangan muhabbat – inson oʻz qadr-qimmatini toʻgʻri baholagan holda munosib yoʻldosh tanlashiga aytiladi. (Ingliz tilida bu “right person” deb yuritiladi.) Masalan, Pirimqul Qodirovning “Erk” qissasida Sattor oʻziga qishloqda qolgan, molxona hidi anqiydigan xotinini emas, dunyoqarashi, qiziqishlari oʻxshash shaharlik Robiyani munosib koʻradi.
Oʻrta asrlarga kelib, insonlar oʻz muhabbatini topishda bevosita va bilvosita harakat qila boshladilar. Bevosita usul – koʻrkam koʻrinish, soʻnggi urfda kiyinish, (qizlar uchun) pardoz-andoz orqali eʼtiborni jalb qilishda namoyon boʻlsa; bilvosita usulda yigit-qizlar ballarda uchrashib yoki sovchilik orqali taqdirini bogʻlaganlar. Bunga yaqqol misol sifatida Jeyn Ostinning “Andisha va gʻurur” romanidagi toʻrt opa-singillar oʻzlari yashayotgan muhit anʼanalariga binoan umr yoʻldosh topish maqsadida ballga boradilar. Opa-singillarning biri sevgisini ballarda uchratib sevib qoladi. Boshqasi esa qarindoshiga turmushga chiqadi.
Avvalambor sevgi insonlarga ikki xil taʼsir qiladi. Birinchi turdagi insonlar sevganiga munosib boʻlish uchun oʻzini oʻzgartirishga urinadi. Bu holat bizga Jek Londonning “Marten Iden”ini eslatadi. Asarda bosh qahramon Martin boy va ziyoli oila qizini – Rufni sevib qoladi. Qizning muhabbatiga erishish uchun dengizchi Martin yozuvchi Martinga aylanadi.
Ikkinchi turdagi odamlar esa xuddi Chingiz Aytmayovning “Jamila”si kabi sevganini (choʻloq boʻlsa ham) boricha sevadi.
Psixologlar muhabbatni 4 turga tasniflab oʻrganadilar:
1. Shartli muhabbat – “agar ... ...sa”/“agar ... ...da” formulasidagi bu muhabbatda inson kimnidir shartli ravishda, “agar menga munosib boʻlsa, uni sevaman” qabilida sevadi. Bu xuddi yuqorida tilga olingan “Marten Iden” romanidagi Rufning muhabbatiga oʻxshaydi. Ruf sevgisini qozonishi uchun yigitni mashhur boʻlishga, boy boʻlishga undayveradi.
2. Sababli muhabbat – “seni ... uchun sevaman”/“seni sevaman, chunki ...” formulasidagi muhabbat “Tazkirat ul-avliyo” tazkirasidagi Robiya Adaviyaning muhabbatiga oʻxshaydi. U yaratganga shunday iltijo qiladi: “Yo Rab, men jannatingdan umidvor boʻliganim uchun senga ibodat qilayotgan boʻlsam, meni jannatingdan mahrum et; agar men doʻzaxingdan qoʻrqqanim uchun senga ibodat qilayotgan boʻlsam, meni doʻzaxingga giriftor et; gar men visoling ilinjida senga ibodat qilayotgan boʻlsam, meni visolingdan benasib qoldirma”.
3. Shartsiz muhabbat – “...ga qaramay” formulasi boʻyicha inson sevgilisining kamchiliklariga qaramay sevadi – xuddi Nodar Dumbadzening “Kukaracha” qissasi qahramonlari kabi. Bu asarda ashaddiy jinoyatchi dorixonada ishlaydigan qizni sevib qoladi, qiz esa nazoratchi Kukarachani sevib qoladi. Kukaracha ham qizga mehr qoʻyadi. Lekin qiz haqida atrofda yomon gaplar tarqalgan edi. Kukaracha mish-mishlarga ham, raqibining kimligiga ham parvo qilmay uni sevadi.
4. Sukutli muhabbat – izhorsiz, taʼmasiz, taʼnasiz sevish. Xuddi Gyotening “Yosh Verter...”i kabi muhabbatini ichiga yutish. Asarda Verter ota-onasidan yetim qolgan qizni sevib qoladi. Uning koʻngliga ozor berishdan choʻchib, dil izhor qilmaydi. Oqibatda qizga Verterning doʻsti uylanadi. Munosabatlarga putur yetmasligi uchun ham yana jim boʻlishga majbur boʻlgan Verter oxir-oqibat dardi ichiga sigʻmay oʻz joniga qasd qiladi.
Shu bilan bir qatorda, biz sevgini “Bogʻlanib qolish” va “Koʻnikish” bilan adashtirmasligimiz kerak. Ilm-fan tilida “Bogʻlanib qolish” “Simbiotik aloqa” deb ham yuritiladi. Uning passiv va aktiv shakllari mavjud. Passiv shakli mutelik, maʼbudaparastlik, “Piter Pen” sindromi kabi belgilar bilan mazoxizm koʻrinishida namoyon boʻladi.
Aktiv shakli esa sadizm koʻrinishida uchraydi. Sadist va mazoxist insonlarning oʻzaro muhabbatini Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani qahramonlari boʻlmish Bashor opa va Pochcha nikohida kuzatishimiz mumkin. Bashor opa erkakshoda xarakteriga ega. Turmush oʻrtogʻi esa aksincha, qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan inson edi. Hatto Pochcha urushga ketayotgan vaqtda “Gitlerni oʻldirmasang, taloqsan” deganidan ham uning sadistik xarakterini koʻrishimiz mumkin.
Koʻnikish yoxud masʼuliyatli aloqa – buni kattalar uchun falsafiy ertak nomi bilan tanilgan “Kichkina shahzoda” asaridagi bir jumlani keltirib izohlash kifoya: “Kimniki qoʻlga oʻrgatgan boʻlsang, hamisha uning taqdiriga javobgarsan”.
Muhabbat deyilganda odatda xayolimizga qarama-qarshi jins vakillari oʻrtasidagi ishqiy munosabatlar keladi. Lekin muhabbat faqat shundangina iborat emas. Bundan tashqari, ona muhabbati, ota muhabbati, oʻz-oʻziga muhabbat, Parvardigorga muhabbat va shu kabi koʻplab turlari mavjud.
Ona muhabbati – yuqorida formulasi keltirilgan “Shartsiz muhabbat”ning oliy koʻrinishidir. Farzand ona vujudida vujudga kelgani tufayli tugʻilgandan soʻng ham ona farzandini oʻzining bir qismi degan ongosti qarashidan qutila olmaydi. Bola hayotining ilk davrlarida kimningdir tasarrufida boʻlishi foydaga ishlasa-da, ulgʻaya boshlagach, individuallashuv jarayonida ona muhabbatini boshqara olmasa, “tanasining bir qismi” shaxs sifatida shakllanmay qoladi. Bunday shaxslarga psixoterapiyada “Piter Pen” sindromi tashxisi qoʻyiladi. Bu shaxslarning kelajagi esa katta ehtimol bilan “aqlli kishilarning farzandlari ustidan qilgʻan ishlari nomaqbul boʻlmagʻay” deguvchi Otabeknikiga oʻxshash boʻladi.
Ota muhabbati. Ota bilan munosabat tamomila boshqacha. Ona bizlar uchun qadrdon boshpana, tabiat, zamin, ummon, otani qadrdon boshpana tarzida tasavvur qila olmaymiz. Dastlabki yillarda farzand bilan ota yoʻllari deyarli tutashmaydi va bu pallada otaning chaqaloq bilan bogʻliqligini ona bilan muhim bogʻliqlikka mutlaqo tenglashtirib boʻlmaydi. Biroq tabiat, tabiiylik ifodasi boʻlmasa ham, ota insoniy hayotning boshqa jihatlarini namoyon etadi: fikr-mulohazalari, oʻzi yaratgan olamini, qonun-qoidalar va tartib-tamoyillarni, intizomni, sayohatlar va sarguzashtlar olamini taqdim etadi. Farzandga ota taʼlim berib, hayotga boshlaydi.
Otaning bu burchi boshqa, ijtimoiy-iqtisodiy ravnaq bilan bogʻliq vazifaga ham aloqador. Xususiy mulk paydo boʻlib, oʻgʻillardan biriga meros boʻlib qola boshlagach, ota mol-mulkini ishonib qoldiradigan oʻgʻilni istay boshlaydi. Bu otaning nazdida, voris boʻla oladigan, bevosita oʻziga oʻxshaydigan va ayni shu bois sevimli oʻgʻil. Ota muhabbati muayyan shartlarga tayanadi. Uning qoidasi: “Seni yaxshi koʻraman, chunki ishonchimni oqlaysan, chunki oʻz burchingni ado etasan, chunki menga quyib qoʻyganday oʻxshaysan”. Onaning “shartsiz” muhabbati singari otaning “sababli” muhabbatida ham salbiy va ijobiy jihatlar mavjud. Salbiy jihati shundaki, ota muhabbatini qozonish yoki aksincha, umidlarini oqlamasang, boy berishing hech gap emas. Ota muhabbatiga koʻra, itoatgoʻylik asosiy fazilatga, boʻyin tovlash esa ota mehridan judo boʻlishdek jazoga mustahiq etadi. Biroq ijobiy jihati ham muhim. Agar muhabbat muayyan shartlar asosida paydo boʻlsa, uni qozonish, sazovor boʻlish uchun nimadir qilish, saʼy-harakatlar ila qoʻlga kiritish mumkin; ona muhabbatidan farqli ravishda ota muhabbatini idora qilsa boʻladi. Bunga misol tariqasida Stendalning “Qizil va qora” romanidagi Jyulenning otasi bilan oʻzaro munosabatlarini olishimiz mumkin. Asardagi ota kenja oʻgʻli ozgʻin va nimjon boʻlgani, dehqonchilikka yaramasligi sababidan uni cherkov taʼlimiga beradi. Chunki u yerda bolaning barcha xarajatlari cherkov tomonidan qoplangan.
Oʻz-oʻziga muhabbat bu narsizm bilan ayni bir nomdir. Atamaning kelib chiqishi Yunon mifologiyasiga borib taqaladi. Unda keltirilishicha, Nargis – daryo maʼbudi Kefissa va nimfa Lavrionning oʻgʻli. U barno va sovuqqon yigit boʻlib, oʻziga bino qoʻygan edi. Avliyo Tiresiy bu bola qismati haqida: “Agar u oʻz suratini koʻrmasa, uzoq umr koʻradi”, deya bashorat qiladi.
Bir kuni Nargis muzalar yashaydigan Gelikon togʻidagi bir chashmadan suv ichmoqchi boʻlib engashadi va koʻzgu kabi tip-tiniq suvda oʻzining butun borligʻi, mukammal goʻzalligi namoyon boʻladi. Nargis oʻz aksidan koʻz uzolmaydi, oʻzini sevib qoladi.
Parvardigorga muhabbat. Muhabbat ehtiyoji begonalashuv kechinmasi va shundan kelib chiqadigan xavotir va begonalik hissini tavhid vositasida bartaraf etishga asoslanishini yuqorida kuzatdik. Muhabbatning eʼtiqod bilan bogʻliq shakli – Xudoga muhabbat – psixologik jihatdan ham uning boshqa shakllaridan hech farq qilmaydi. Bu tuygʻu ham begonalashuvni yengish va tavhidga erishish ehtiyojidan kelib chiqadi. Amalda Xudoga muhabbat insonga muhabbat singari koʻp qirrali va xilma-xil. Bunday muhabbatda ham taxminan ayni shunday rang-baranglik mavjud.
Barcha teistik – ham politeistik, ham monoteistik – dinlarda Parvardigori olam eng oliy qadriyat, barcha talpinuvchi ilohiy kuch sifatida talqin qilinadi. Shu bois Xudoni aniq idrok qilish inson uchun eng oliy saodat nima ekaniga bogʻliq. Shunday qilib, Xudo konsepsiyasini anglash, idrok qilish uchun dindor shaxsiyatining xususiyatini tahlil qilish joiz. Badiiy adabiyotda esa bu holatni Etil Lilian Voynichning “Soʻna” romanida kuzatishimiz mumkin. Asarda Xudoga boʻlgan sevgisi bilan xalq orasida nom qozongan rohib ota Papa lavozimi uchun nomzod boʻlib turgan bir vaqtda farzandi borligini va u ertasi kun otib oʻldirishi kerakligini bilib qoladi (Rohib ota bir umr oʻzi sigʻingan din – ulug‘ Muhabbat ustiga qurilganiga ishonib yuradi. Lekin oʻgʻli borligini, u jamiyatni uygʻotish uchun oʻzi qurbon boʻlayotgani Rohib otaga Isoni eslatadi. Iso ham insonlarni uygʻotish yoʻlida qurbon boʻldi. Qurbonlik marosimini odamlar jimgina tomosha qildi. Xuddi gladiatrlarni tomosha qilganday. Kim oʻlishi omma uchun qiziqmas. Muhimi oʻlgandan keyin uning haqiqatini anglab yetishlari... Rohib ota ham Albertning koʻngliga insonlarni uygʻotish hissini oʻzi ekkandi. Uning otilishi shu urugʻning hosili edi. Masihiylik mohiyati ham shunda: unish uchun avval yerga qadalishing; yashash uchun esa avval oʻlishing kerak.). Ana shundagina Masihlik mohiyatini – Ota oʻz oʻgʻlini gunohkor bandalar uchun qurbon qilishdan maqsadini anglab yetadi.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA