Migratsiya agentligi Germaniya Federal bandlik agentligi bilan hamkorlikda 2027-yil fevralda boshlanadigan APAL (Ausbildung) dasturiga qabul ochilganini eʼlon qildi.

Dastur doirasida gulchilik va bogʻbonlik yoʻnalishlari boʻyicha uch yillik dual kasb-hunar taʼlimi taklif etilmoqda. Taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Germaniyada doimiy ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Dasturda 18−25 yoshdagi, nemis tilini kamida B1 darajasida biladigan yigit-qizlar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar Goethe, ECL, telc, DSD, ÖSD yoki TestDaF sertifikatlaridan biriga ega boʻlishi kerak. Sertifikat 2026-yil fevraldan oldin olingan boʻlmasligi lozim.

Oʻrta maktab, kollej, litsey yoki texnikum bitiruvchilari dasturda qatnashishi mumkin. Oliy maʼlumotli nomzodlar qabul qilinmaydi.

 

Taʼlim davrida ishtirokchilarga Germaniyaning qaysi federal yerida oʻqishiga qarab, oylik stipendiya toʻlanadi. Uning miqdori birinchi yilda 724−900 yevro, ikkinchi yilda 854−1000 yevro, uchinchi yilda esa 977−1100 yevroni tashkil etadi. Bu soliqlar va boshqa majburiy ushlanmalardan oldingi — brutto summalardir.

Loyiha ishtirokchilari uchun quyidagi imtiyozlar ham nazarda tutilgan:

  • bepul kasb-hunar taʼlimi;

  • aviachipta va viza bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha qoʻllab-quvvatlash;

  • oyiga taxminan 200−250 yevro turar joy, birinchi oy bepul;

  • sugʻurta xarajatlarini qoplash;

  • Germaniyada nemis tilini B2 darajasigacha oʻrganish kurslari.

Hujjatlar 20-oktabrga qadar qabul qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Migratsiya agentligining 1282 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish mumkin.

Dastur haqida batafsil maʼlumotni Germaniya Federal bandlik agentligining saytidan (gulchi, bogʻbon) olish mumkin.