1893-yilda Buxoro shahrida qorakoʻl savdogari Yoʻldosh Saidjonov oilasida tugʻilgan, avval oʻz mahallasidagi boshlangʻich maktabda besh yil oʻqib, xat-savod chiqargan, oʻn bir yoshida otasidan ayrilib, 1905–1908-yillarda ukasi Muxtorjon Saidjonov bilan Kogondagi rus-tuzem maktabida oʻqigan, yoshligidanoq ilm-u maʼrifatga qiziqib, arab, fors, turkiy tillar, adabiyot, tarix va geografiya bilan jiddiy shugʻullangan holda Rossiya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlar matbuoti va adabiyoti bilan tanishgan taraqqiyparvar, “Yosh buxoroliklar” harakatining yetuk namoyondalaridan biri, davlat va jamoat arbobi, olim va ilk oʻzbek professori Muso Saidjonning (1893–1938) tavallud topganiga bu yil 130 yil toʻlmoqda. Butun umrini Turkiston xalqining milliy manfaati va madaniyati yoʻlida sarflagan yurt farzandining ilmiy merosini tadqiq etish, arxiv va nodir fondlarda saqlanayotgan asarlarini oʻquvchilarga yetkazish bugunning ahamiyatli masalalaridan biri. Shu boisdan ham biz Muso Saidjonning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari institutida 2601-inventar raqami ostida saqlanayotgan “Goʻri Amir – Amir Temur maqbarasi” risolasini siz aziz oʻquvchilarga taqdim qilishni lozim topdik.
Muso Saidjon (1893–1938).
Muso Saidjonning ushbu risolasi 1929-yilda arab yozuvi asosidagi eski oʻzbek tilida Samarqandda chop etilgan boʻlib, unda Amir Temur shaxsiyati, siyosiy va ijtimoiy portreti, temuriy shahzodalar hamda Sohibqironning vafoti, u dafn etilgan maqbara – Goʻri Amirning yuzaga kelish tarixi olimlarga xos tarzda ochib berilgan. Asarning 1929-yil 9-aprelda yakunlangani esa muallifning Sohibqiron shaxsiyatiga chuqur hurmati va qolaversa uning tavallud kuniga ham moʻtabar hadyasi edi.
Muso Saidjon ushbu asarida “Goʻri Amir”, yaʼni Amir Temur maqbarasining qurilishi, undagi qabr va qabrtoshlarning tarixi xususida shunday qiziqarli va chuqur tahlillangan mulohazalar keltirganki, ular siz aziz oʻquvchilarni aslo befarq qoldirmaydi.
Ushbu asarning yana bir oʻziga xos jihati shundagi, unda Turkiston mustamlakaga aylantirilgandan keyingi mazkur mahobatli maqbaraning holati toʻgʻrisida ham muhim maʼlumotlar berilgan. Biz bugun ushbu dalillar orqali “Goʻri Amir” maqbarasining XX asr boshlaridagi holati xususida mufassal maʼlumotga ega boʻlamiz. Bu esa maqbaraning mustamlaka tuzumi sharoitidagi shakl va holatiga doir tarixiy maʼlumotlarni toʻldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muso Saidjonning “Goʻri amir” risolasi muqovasi
Bundan tashqari Muso Saidjon Amir Temur shaxsiyatiga turli xil boʻhton va haqoratlar aytib turilgan va shu bilan birga oʻlka boʻylab Turkiston taraqqiyparvarlari ustida “Milliy Ittihod” ishi doirasida qatagʻon mashinasi ishga tushirilayotgan bir paytda oʻzining maʼnaviy jasoratini koʻrsatib, Sohibqiron toʻgʻrisidagi ushbu risolasini nashr qilib, turkistonliklarni milliy tarix bilan gʻururlanishga daʼvat etdi. Biroq butun hayotini Vatan ravnaqi, Turkiston xalqining ilm-maʼrifat taraqqiyoti uchun bagʻishlagan fidoyi olim jismoniy qiynoqlar, maʼnaviy tahqirlar va qip-qizil boʻhtonlar asosida 1938-yil 14-oktyabrda otib tashlandi.
Muso Saidjonning ushbu asari bugungi kun oʻquvchilariga ilk marotaba taqdim etilmoqda.
Goʻri Amir – Amir Temur maqbarasi
I qism
Temur Taragʻay oʻgʻli Keshning [1] (Shahrisabz) Hoʻja Ilgʻor [2] qishlogʻida 736-hijriyda (milodiy 1336-yil) tugʻildi. Uning yoshliq chogʻida, mangʻullarning (moʻgʻullar – M.Alijonov) chigʻatoylar oʻlkasi sanalgʻon Turkiston, koʻpdan beri oʻzaro nizolar, urushlar bilan kuchsizlangan, oʻlkaning siyosiy va iqtisodiy ahvoli buzuq, Chingizning mahkam yasoqidan asar ham qolmagʻon edi. Xuddi shuning kabi, Eron chingiziylari va Eron ham buzuq, xaroba holgʻa aylangan edi.
Eron va Turonda ahvol shunday ekan, ismi bilan sifati Temur boʻlgʻon, irodasi kuchli bu shaxs, oʻzining kuchini sinashga kirishdi. Temurning bu harakati Movarounnahrning [3] boylar va ular bilan manfaatdor boʻlgʻonlar tarafidan xursandliq bilan qarshi olingʻon. Mazkur tabaqa Temur kuchayib olguniga qadar uni himoya qilib, yordam etganlari maʼlumdir.
Temur Turkistonni mustahkam bir hukumat qoʻl ostidagʻi davlat holigʻa keltirishni oʻziga maqsad qilgan turk jahongiridir [4]. Ul bu maqsadgʻa erishishda, boshlab koʻp muvaffaqiyatsizliqlargʻa uchradi. Biroq, u sira oʻzining irodasidan qaytmadi. Mayda-chuyda qabila boshliqlaridan kuch yigʻib olib, “Tugʻluq Temur”, “Amir Husayn” kabi kuchli hukmdorlarni yengdi va hijriy 771-yilda (milodiy 1370-yil) Chingiziylar sulolasiga mansub boʻlgʻon va oʻzining kichik qoʻmondonlaridan Surgʻutmishni xon eʼlon etdi va uning nomidan jahongirlik etishga kirishdi.
Oʻrta Osiyo, Eron, Dashti Qipchoq (Oltin Oʻrda), Hindiston, Kichik Osiyo va Shomni fath etgan bu jahongir, egallagan mamlakatlarning hunarmandlari, sanʼatkorlarini oʻzining poytaxti Samarqand va Shahrisabzga koʻchirdi. Yerli (mahalliy – M.Alijonov) ustalar va mazkurlarning yoʻllovi va ularning mamlakatlaridan toʻplanib keltirilgan boyliqlar bilan Turkistonni obod etishga kirishdi. Har bir muzaffariyatning (gʻalabaning – M.Alijonov) ketidan 2-3 oy davom etgan xursandchilik va toʻylar bilan bir qatorda, ayniqsa Samarqand va Shahrisabzda katta-katta binolar (toʻgʻrirogʻi zafar toqlari) soldirdi.
Tarix va taʼrifini yozmoqchi boʻlgʻonimiz “Goʻri Amir” uning tarafidan xursandliq bilan soldirilgʻon zafar toqlari qatorida emas, balki baxtga qarshi vafot etgʻon bir shahzodaning koʻmish oʻrni uchun edi. Bu shahzoda Temurning nabirasi va Gʻiyosiddini Jahongirning (Gʻiyosiddin Jahongir) oʻgʻli Muhammad Sultondir. Bu maqbara boshlab mazkur shahzoda uchun soldirilgʻon boʻlsa ham, keyinchalik Temur va temuriylarning maqbarasiga aylandi.
Temur boshlab oʻzining koʻmilish joyigʻa Shahrisabzni intixob (tanlagan – M.Alijonov) etgan, shuning uchun Shahrisabzda Shayx Shamsiddin Kulol va otasining qabrlari ustida maqbara bino etdirgan. Mazkur maqbaraning sog‘ (oʻng) va soʻlida (chap) avlodi ham oʻzi uchun maxsus binolar soldirgʻon edi. Uning rioyati uchun, katta qoʻmondonlar ham, oʻzlari uchun maqbaralar bino etdirganlar. Shu boisdan ham qayerda oʻlsalar ham ularning jasadlari Shahrisabzga koʻchirilib, maxsus maqbaralarga koʻmilgan.
Temurning birinchi oʻgʻli Gʻiyosiddin Jahongir Samarqandda 777-hijriyda (milodiy 1375-yil), Umarshayx Eronda 797-hijriy yilda (milodiy 1395-yil) vafot etgan boʻlsalar ham, Shahrisabzga olib kelinib dafn etilganlar. Temur saroyigʻa kelgan Ispaniya elchisi Klavixo Shahrisabzdagi Temur soldirgʻon binolarni taʼrif etganda mazkur maqbaralar toʻgʻrisida quyidagʻilarni yozadir: “Bu shaharda (Shahrisabzda – M.S) juda koʻp katta uylar va masjidlar bordir. Ayniqsa Temurbek soldirgʻon bir masjidkim, hali bitgani yoʻq; unda Temurbekning otasi koʻmilgan katta maqbara bor. Bundan boshqa oʻzi uchun ayrim maqbara bino etishni buyurgan. Bu ham hozir bitmagan edi. Rivoyatga koʻra ul (Temurbek) bundan bir oy burun kelib oʻzining maqbarasini koʻrgan. Biroq eshigi (peshtoqini boʻlsa kerak) past boʻlgʻoni uchun yoqtirmagʻon, buzib qaytadan tuzishni buyurgʻon. Hozir ustalar ishlamakdalar. Bundan boshqa bu masjid va Temurbekning Jahongir (Aslida – Yangir) otli birinchi oʻgʻli koʻmilgandir. Bu masjid va maqbaralar juda boy va goʻzal suvratda oltin va lojuvardlar bilan koshinlangan. Uning oldi katta sahnli (bogʻcha) boʻlub karb yogʻochlari va hovuzlari bor. Shohning amri bilan bu masjidga har kun 20 qoʻyni pishirib yuborarlar. Bu koʻmilgan otasi va oʻgʻlining yoddoshti (xotirasi – M.Alijonov) va ruhlarining istirohatlari uchundir” [5].
Zotan Temur jahongirlikning birinchi davridan boshlab Shahrisabzga katta ahamiyat bergan, obodonchiliqgʻa, xalqni koʻpaytirishga tirishgan, vatani boʻlgʻon bu shaharni Turkistonning birinchi shahri qilmoqchi boʻlgʻon. Biroq Samarqandning joʻgʻrofiy mavqeyi, unga (Shahrisabzga) raqobat etgan, shuning uchun Temur Samarqandni poytaxt etgan. Shunday boʻlsa ham Shahrisabzni esdan chiqarmagʻon. Umrining oxirgʻi yiligʻacha Shahrisabzda koʻmilishni istagan. Nechundir isteʼdodli nabirasi Muhammad Sultonni Samarqandgʻa koʻmdirishga buyurgan (Temurning bu shahzodagʻa eʼtimodi katta edi).
Agar mazkur shahzoda oʻlmasa edi, balki Temur uni oʻziga valiahd tayin etar edi.
Temur har vaqt oʻzining taxt vorisi haqida oʻylar, bolalarini bu yoʻlda askariy tarbiya berishga, davlat ishlaridan toʻla xabardor boʻlishlarigʻa jiddiy ahamiyat berar edi. Shuning uchun bolalarini yoshliqdan oʻzi bilan barobar urushlarga olib borar, buyuk qoʻmondonlarning qoʻl ostlarigʻa askar qilib berar ham keng mamlakatlarni sinalgʻon qoʻmondonlarning rahbarliklari ostiga – topshirar edi. Shuning bilan barobar Temur turk-moʻgʻul odatlarigʻa, Chingiz yasoqigʻa sodiq, ularni toʻla bajarishga harakat etuvchi edi. Qoʻmondonlari, farzandlaridan ham shuni kutar edi.
Temurning orzusigʻa muvofiq boʻlgʻon birinchi oʻgʻli Gʻiyosiddin Jahongir 20 yashar ekan vafot etdi. Jaloliddin Eronshox esa, bir kasallik natijasida gʻayri tabiiy holgʻa keldi. Shohrux boʻlsa, moʻgʻul odati, Chingiz yasoqidan koʻra shariat hukmlarini ortiq koʻrar edi… Shu sabablarga koʻra Temur Muhammad Sultonning tarbiyasiga ayricha ahamiyat berdi, ul (Muhammad Sulton) Temurning tilagiga muvofiq isteʼdodli edi. Hatto, Xitoy urushiga hozirliq koʻrish, Moʻgʻuliston chegarasida mustahkam qalʼa bino etish, urush vaqtida askarlar ozuqasiz qolmasliqlarini taʼmin qilish, yurtda ekinzorlar barpo etish kabi muhim ishga tayin etilgan qirq ming askarning boshligʻi Muhammad Sulton edi. Ul (Muhammad) Moʻgʻuliston chegarasida uch yilcha qoldi. Temur turklarga qarshi hozirliq koʻrib Onadoʻli atrofidagʻi joylarni Shomgʻacha olgʻoch, hijriy 804-yilda (milodiy 1402-yil) Muhammad Sultonni chaqirib Erongʻa tayin etdi.
Kichik Osiyo – Onadoʻlida hukmronliq etgan Yildirim Boyazid 805-hijriy yilda (milodiy 1403-yil) magʻlub va asir boʻlgʻon, Temur shodliqqa gʻarq boʻlgʻon edi. Shul asnoda Muhammad Sulton xastalanib Qora Hisor yaqinida oʻldi [6]. Buyuk (katta – M.Alijonov) taʼziya marosimi barpo etildi. Temur bilan barobar, oʻrdudagi (qoʻshin – M.Alijonov) butun askarlar taʼziyada ishtirok etdilar. Barcha qora va koʻk kiyim kiygan, boʻynilariga kigiz va palos osilgʻon, askar va umarolar odati boʻyicha koʻrpa-yostuqda emas, somon ustida yotar, hatto oq ot minmas edilar. Har kun tong va oqshom yigʻi va oh-u zor bilan taʼziyani yangilatar edilar. Shahzodaning jasadi Avingaga (Arzirum viloyatida) keltirildi. Tobutni yangilatib sultongʻa (Erongʻa) yuborib “Qaydar paygʻambar” mozoriga muvaqqat koʻmdilar.
Temur mashhur yetti yilliq safarini hali bitirgani yoʻq, yangi urushib olgʻoni Iroq, Kafkaziya, Onadoʻli va Suriyada qiladurgʻon ishlari koʻp edi. Ul hali qolgʻon-qutgʻon “osiy”larni boʻysundirish, u yerlarda hokimiyatni mustahkamlashi kerak edi. Muhammad Sultonning oʻlimidan odatdan tashqari (qattiq – M.Alijonov) qaygʻursa ham, boshlagʻon ishini bitirishga kirishdi. Bu ishlar uchun tagʻin bir yil kerak boʻldi. 806-hijriy (milodiy 1404-yil) yil ramazon oyida shahzodaning yilliq taʼziya marosimi oʻtkazildi. Fuqarolargʻa osh berilib “Hatmi Qurʼon” ado etildi. Bu marosimdan keyin Xonzoda (Muhammad Sultonning onasi) Temurdan ruxsat olib, Shahzodaning tobutini Sultoniyadan Samarqandgʻa koʻchirdi.
(Davomi bor)
Asarda keltirilgan izohlar:
1) Keshni eski tarixchilarning koʻpi “Kish” suvratida yozarlar. Bizim ismlar bilan “Kesh” boʻladir.
2) Ibn Arabshoh. Ajoyibul-maqdur fiy axbori Temur. 3-bet.
3) Movarounnahr – Amudaryo va Sirdaryo oʻrtasidagʻi yerlar.
4) Bu toʻgʻrida “Tuzuki Temur”da mufassal maʼlumot bor.
5) Рюи Гонзалес де-Клавико. Путешествие ко двору Тимура. Санкт-Петербург.: 1881. Стр 233-4.
6) Muhammad Sulton 29 yashar ekan, hut oyining oxirida (Hut oyi 22-fevral – 21-mart davriga toʻgʻri keladi) dushanba kuni 8-shaʼbon, 805-hijriy yilda vafot etdi. Sharafiddin yozdi. “Zafarnoma” qoʻlimdagʻi yozma nusxa, varaq 361. Bu asarda Temurning butun voqealari, soldirgʻon binolari… toʻgʻrisida mufassal maʼlumot berilgʻon.
Nashrga tayyorlovchi:
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori