Tarix shuni koʻrsatadiki, omma psixologiyasi inqiloblar, ijtimoiy harakatlar va inqirozlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Nega? Chunki umumiy g‘oyalar, maqsadlar yoki hissiyotlar bilan birlashgan katta odamlar guruhi ommani tashkil etadi. Ommada esa hissiy qo‘zg‘aluvchanlik kuchayib, mantiqiy fikrlash susayadi. Masalan, birjalarda yoki inqiroz paytidagi vahima koʻpincha irratsional harakatlarga sabab boʻladi. Gʻoyalar, his-tuygʻular va xulq-atvor guruh ichida tez tarqalib, zanjirli reaksiyani yuzaga keltiradi. Bu holatni biz hozirgi kundagi Instagramʼda trend deb ataladigan videolar, turli fleshmoblar orqali yaxshiroq tushunishimiz mumkin.

Olomon ichidagi odamlar maʼlumotni tahlil qilmay, koʻpchilikning fikrini qabul qilishga moyil boʻladilar. Ommaviy yigʻinlarda shaxs guruhga singib ketib, oʻzini anonim deb his qiladi va masʼuliyatni yoʻqotadi. Bu holat qahramonona yoki aksincha, buzgʻunchi harakatlarga olib kelishi mumkin. Yuqorida keltirilgan barcha misollar omma psixologiyasini individual psixologiyadan farqi hisoblanadi. 

Omma psixologiyasini qanday boshqarish mumkin? Ommaviy ongni manipulyatsiya qilish va boshqarish siyosat, reklama va targʻibotda muhim vositadir. Boshqaruv usullari orasida quyidagilarni ajratish mumkin:

Yetakchi kuchi bu – jamiyatni yoki muayyan bir guruhni oʻz ortidan ergashtira oladigan shaxsning kuchi, shaxsiy fazilatlari va gʻoyalari taʼsiri ostida ommani boshqarish qobiliyatidir. Bunday yetakchilar harakatlarini shunchaki buyruq berish yoki kuch ishlatish bilan emas, balki odamlarning ongi va his-tuygʻulariga taʼsir koʻrsatish orqali amalga oshiradilar. Ular oʻz maqsadlariga erishish uchun ommaviy ong bilan ishlashning turli usullaridan foydalanadilar: kuchli nutqlar, oddiy va esda qoladigan shiorlar, umid va qoʻrquvni uygʻotish, umumiy dushman obrazini yaratish, katta kelajak vaʼdasi berish kabi vositalar ommaning oʻzini yetakchiga ishonch bilan topshirishiga sabab boʻladi. Bunday yetakchilar tarix davomida turli shakllarda namoyon boʻlgan: baʼzilari jamiyatni taraqqiyot sari yetaklagan, boshqalari esa halokatga olib kelgan. Ularning taʼsiri faqatgina siyosat yoki urush sohasida emas, balki iqtisodiyot, madaniyat va ijtimoiy hayotda ham katta rol oʻynaydi. Xarizmatik yetakchining kuchi faqat uning shaxsiy fazilatlariga bogʻliq emas – bu, ayni paytda, ommaning oʻz yetakchisiga boʻlgan ehtiyojining natijasidir. Insonlar qiyin sharoitlarda, beqarorlik va tartibsizlik hukm surgan paytlarda kuchli yetakchi ortidan ergashishga moyil boʻladilar. Shu sababdan, xarizmatik yetakchilik fenomenini tushunish omma psixologiyasi va jamiyat rivojlanishining muhim elementlaridan biri hisoblanadi.

Oddiy va taʼsirchan xabarlar – ommaga taʼsir oʻtkazishning eng samarali vositalaridan biri. Inson ongi murakkab va chuqur tahlil talab qiladigan maʼlumotlardan koʻra, sodda, qisqa, hissiyotlarga taʼsir qiluvchi gʻoyalarga tezroq javob qaytaradi. Shu sababli, shiorlar, “slogan”lar va targʻibot materiallari ommani boshqarish va yoʻnaltirishda muhim rol oʻynaydi. Bunga tarix guvoh. Bunday xabarlar odatda aniq, qisqa va joʻshqin boʻlib, unda kuchli maʼno mujassam boʻladi. 

Rasmiy targʻibot vositalari, plakatlar, ommaviy nutqlar va ijtimoiy tarmoqlardagi tez trendga aylanib ketuvchi qisqa xabar va videolar bugungi kunda ham bu usulning samarali ekanini koʻrsatmoqda. Shu bois, omma psixologiyasini boshqarishda shiorlar hamda qisqa, esda qolarli fikrlar oʻziga xos qurol sifatida qoʻllanadi.

Umumiy dushman yaratish – jamiyatni birlashtirishda kuchli vosita, chunki urushlar yoki jiddiy xavfli vaziyatlarda siyosiy ritorika koʻpincha xalqlarni yagona maqsad uchun birlashtiradi. Urush yoki qandaydir tahdid davrida siyosiy liderlar umumiy dushmanni aniq belgilab, xalqni bir maqsad sari yoʻnaltirishga harakat qiladi. Bu jarayon, odamlarning oʻzaro hamjihatligini kuchaytirib, bir-biriga yaqinlashtiradi, chunki har bir inson xavfga qarshi birlashish zarurligini sezadi.

Ramzlar va anʼanalardan foydalanish – Bayroqlar, madhiyalar va ommaviy tadbirlar (masalan, sport musobaqalari) insonlarni birlashtiradi, ularda umumiy qadriyatlar, maqsadlarni ifodalaydi. 

Omma psixologiyasining fojialari

Omma psixologiyasi keltirib chiqaradigan fojialar koʻpincha shubhali qarorlar va ommaviy his-tuygʻular asosida yuzaga keladi. Olomonning birgalikdagi qarorlari baʼzan emotsiyalarga tayanib, mantiqiylikdan uzoqlashadi va obyektiv boʻla olmaydi. Bundan tashqari, omma psixologiyasi ayniqsa, salbiy fikrlarni va stereotiplarni yaratishda kuchli rol oʻynaydi. Jamoaning toʻplangan salbiy his-tuygʻulari, jamiyatdagi ayrim guruhlarga yoki shaxsiyatlarga qarshi murosasizlik va yomonlashishga olib kelishi mumkin. 

Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, turli fojiaviy holatlarni guvohi boʻlishimiz mumkin. Oʻrta asrlarda “jodugarlar ovi”, oxirzamon haqidagi mish-mishlar ommaviy jazavaga sabab boʻlgan. Yoki Gitler, Mussolini va Franko kabi diktatorlar oʻzlarining jozibador nutqlari bilan ommani manipulyatsiya qilgan. Natija esa barchaga ayon. 

Omma psixologiyasini oʻrganish jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun foydali boʻlishi mumkin. Shuningdek, bu hozirgi kundagi marketologlar uchun ancha qoʻl kelishi aniq. Chunki bu orqali reklama, ommaviy tadbirlar bilan jamiyat fikrini shakllantirish yoki maqsadli guruhlarni jalb qilish imkoniyati tugʻiladi. Va eng asosiysi, yolgʻon maʼlumotlarni haqiqatdan ajrata olish, manipulyatsiyalar qurboniga aylanmaslikka yordam beradi. 

Maʼrufjon OCHILOV