Havo, suv va ovqat… Bular hayot uchun zarur boʻlgan elementlar. Tez orada inson yashashi uchun zarur boʻlgan bu elementlar yoniga telefonlarimizni ham qoʻshsak, ajab emas. Negaki, smartfonlar allaqachon hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Biror narsa haqida bilmoqchimisiz? Googledan qidiring. Biror narsani hisoblash kerakmi, marhamat, kalkulyator. Biror joyga borish kerak boʻlsa va u manzilni bilmasak ham qoʻrqishga hojat yoʻq. Axir smartfonimizda butun dunyoni besh qoʻliday biladigan xarita bor-ku! Telegramda doʻstlar bilan suhbatlashish, ijtimoiy tarmoqlarda “suzish”, musiqa tinglash, filmlar tomosha qilish, bolalar uchun ovuntirish vositasi, hattoki uxlaganda ham yostigʻimiz tagida turadi… Telefonda qiladigan ish boʻlmasa ham shunchaki uning yoniq ekraniga termilib oʻtiramiz. Shunday qilib, oʻrtacha foydalanuvchi oʻz smartfonini kuniga 150 marta ochadi. Bu esa asrning yangi kasalliklaridan biridir, demakki, hammamiz kasalmiz.
Nomofobiya – asr vabosi
Bugun koʻpchilik nomofobiya kasaliga yoʻliqqan. Nomofobiya soʻzi – (Nomophobia – no mobile phone phobia) inglizchadan olingan boʻlib, oʻz telefonidan uzoqlashishdan qoʻrqish maʼnosini beradi. Fobiya yaʼni qoʻrquv kasalliklarining ommabop turi. Davolash mumkin boʻlgan xastaliklardan ham xavotirliroq bu yangi kasallik asr vabosi deb tan olingan. Psixologlar nomofobiyani giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bilan teng deb tan olishmoqda. Shuning uchun dunyoning koʻplab davlatlarida bu kasallikni aniqlash va davolash ustida allaqachon ishlar olib borilmoqda.
Bugun dunyo boʻyicha 7,2 milliarddan ortiq odam oʻz mobil telefoniga ega. Bu dunyo aholisining 91 foizini tashkil qiladi. Gadjetlar shu darajada ommalashdiki, kichik yoshdagi bolalar ham ota-onasining telefonidan cheksiz ravishda foydalanmoqda.
Saudiya Arabistoni va Iordaniyada oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, bu ikki davlat aholisining 51 foizidan ortiqrogʻiga telefonga qaramlik tashxisi qoʻyildi. 5191 kishi ishtirok etgan soʻrovnomaning 26 foizi ishtirokchilari telefonsiz qolish qoʻrquvi bilan yashayotganini va bundan davolanish istagini aytgan.
Buyuk Britaniyada esa aholining 53 foizi nomofobiyadan aziyat chekadi. Braziliyada bu tadqiqot oʻtkazilganda ishtirokchilarning 68 foizida smartfonlarga qaramlik aniqlangan. Natijalar ayollarga nisbatan erkaklarda mobil telefonlarga bogʻlanib qolish va nomofobiya xavfi yuqoriroq ekanligini isbotlagan.
Braziliyada yaqinda olib borilgan tadqiqotga koʻra, oddiy odam oʻyin, ijtimoiy tarmoq va boshqa ilovalarga kuniga oʻrtacha 4 soat vaqt sarflaydi. Bu haftasiga 28 soat degani. Foydalanuvchi kuniga 2617 marta telefonidan foydalanadi. Soʻrovnomaga koʻra, 18-29 yoshli smartfonlar egalarining 22 foizi oʻz telefonini, soatiga bir necha marta koʻzdan kechiradi.
Dunyo mamlakatlarini xavotirga solayotgan bu holat haqida Oʻzbekistonda hali biror tadqiqot oʻtkazilmadi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, 2022-yilning yanvar holatida respublikamizdagi har 100 ta uy xoʻjaligiga 308 ta mobil telefon toʻgʻri kelishi aniqlangan. Demak bizda ham ahvol u qadar yaxshi emas…
Qaramlik – qurbonlik
Bir vaqtlar gazeta yoki kitobni koʻp oʻqish ham koʻzga zararli hisoblangan. Lekin bugungi kun muammolari oldida u hadiklar “pista poʻchoq” boʻlib qoldi. Inson gazeta oʻqiganida uni odatda 40 sm masofada ushlaydi. Kompyuterda ishlaganidan esa 60-70 sm masofa saqlaydi. Telefonda esa bu raqam 20-30 santimetrga tushadi va xavfli tus oladi. Soʻnggi 20 yil statistikasi shuni koʻrsatmoqdaki, Yevropaning aksariyat davlatlari orasida bolalar shabkoʻrligi bir yarim barobar ortgan. Odamzod gadjetlar ummoniga borgan sari koʻproq shoʻngʻimoqda va buning uchun koʻzlarini qurbon qilishda davom etmoqda.
Tibbiyotda etalon hisoblanuvchi nemis klinikalarining soʻnggi tadqiqotlariga eʼtibor bering. Mamlakatdagi 50 mln nafardan ortiq aholi smartfon va gadjetlarga tikilishni odat qilib boʻlgan. Ayniqsa 14-29 yosh oraligʻidagi yoshlar har kuni (!) kamida 274 minut vaqtini monitorga tikilib oʻtkazmoqda.. Arzimas tuyulishi mumkin, ammo bu bir hafta, oy yoki yilga koʻpaytirilsa, qancha muddatga aylanishini bilish qiyin emas. Bularning hammasi koʻzga bevosita zoʻriqish beradi. Soʻnggi uch yil ichida Germaniyada koʻzoynak taquvchilar soni 1 mln kishiga oshgan.
Qaramlik qurboni nafaqat koʻzlarimiz, balki miyamiz hamdir. Xitoylik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotda smartfonlarga qaram odamlar miyaning kognitiv funksiyalar, ijodkorlik, aqliy moslashuvchanlik va maʼlumotni idrok etishda ravonlik uchun masʼul boʻlgan faol qismlari kamroq ekanini aniqladi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, smartfonga qaram boʻlgan ishtirokchilar ravonlik, moslashuvchanlik va fikrning oʻziga xosligi boʻyicha pastroq ball olgan.
Yechim qanday?
Tan olish kerak, telefonga qaramlik hozirgi kunda koʻpchilikning muammosi. Lekin baʼzilar buni arzimasdek qabul qiladilar yoki umuman muammo sifatida qaramaydi. Ushbu masala keng qamrovli ekanligini inobatga olgan holda nomofobiyadan qanday qutilish mumkinligi haqidagi savollarga javob topishga harakat qilib, psixolog Dilfuza Sattorova bilan bogʻlandik.
– Unutmang, muammo borligini anglashingizning oʻzi muammoni bartaraf qilishga qoʻyilgan birinchi qadamdir! Ushbu kasallikdan qutilish uchun esa yotogʻingizda telefondan foydalanmang. Biz yumshoqqina oʻrnimizda yonboshlab telefondan foydalanishni yaxshi koʻramiz. Afsuski, bu holat sogʻligʻimizga jiddiy zarar yetkazadi. Tadqiqotchilarning aytishicha, uxlashdan oldin telefondan foydalanish nerv sistemasini faollashtiradi va siz uxlasangiz ham miya uygʻoq holda qoladi. Yotoq oʻrningizda telefondan foydalanmaslik uchun oʻzingizga qatʼiy talab qoʻying. Telefonsiz ham uxlash mumkin. Har safar telefonni qoʻlga olmoqchi boʻlganingizda oʻzingizga quyidagicha savol bering. “Hozir telefonda nima qilmoqchiman?”, “Bu ish juda ham muhimmi?”, “Shu ishni ertaga qilsam nima boʻladi?” kabi.
Uygʻotkich soatlardan foydalaning. Siz uxlaydigan xonada telefon boʻlishining oʻzi zararli, yoningizda tuni bilan turishini gapirmasa ham boʻladi.Ular insonda turli saraton kasalliklarini paydo boʻlishiga sabab boʻlishi olimlar tomonidan bir necha yillar oldin isbotlangan.
Oila aʼzolari va doʻstlar bilan muloqotda telefondan foydalanmang, eslatmalardan voz keching, telefoningizda qatorlashib turgan dastur(apps)larni saralang, barcha faoliyatingizni smartfonga bogʻlab olmang. Tan olish kerakki, qoʻlimizdagi telefonlar bir vaqtning oʻzida kitob, jurnal, gazeta, MP3 pleyer, kamera, televizor, kompyuter kabi koʻplab vazifalarni bajaradi. Telefonga qaramlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omil ham shu. Ammo bu telefon hamma vazifani bajarishiga yoʻl qoʻyish kerak degani emas, – deydi psixolog Dilfuza Sattorova.
Darhaqiqat, inson oʻzidagi mavjud yomon odatlardan qutilishning eng oson yoʻli – bu ularning oʻrniga yangi foydali odatlarni yoʻlga qoʻyishdir. Shunday ekan avtobusda yoki metroda ketayapsiz yoxud navbatda turibsiz, telefoningizni olishga shoshilmang. Bu qisqa vaqt davomida siz, bir yoki ikki bet kitob oʻqishingiz, chet tilida 4-5 yangi soʻz yodlashingiz, yangi oʻrgangan mavzuni takrorlashingiz, yodlagan qoidalaringizni eslab koʻrishingiz mumkin. Bu roʻyxat cheksiz davom etishi mumkin. Muhimi vaqtingizni bir daqiqasini ham besamar oʻtkazmang. Oʻylab koʻring, har kuni shu tarzda ozgina boʻsh vaqtdan ham unumli foydalansangiz, bir oyda qancha natijaga erishasiz? Bir yilda-chi?
Shahruza SATTOROVA.
Oyina.uz