Atoqli sanʼatkor Bahodir Yoʻldoshev Hamza Hakimzoda Niyoziy dunyosiga bir necha bor sayohat qilgan rejissyor. “Boy ila xizmatchi” spektakli soʻnggi bor shu inson talqinida sahna yuzini koʻrdi va xayrlashdi. “Paranji sirlari” – oʻzidan koʻngli toʻlmas rejissyorning noyob beshtaligiga kirgan shoh asar. “Maysaraning ishi” esa Bahodir Yoʻldoshevning arzandasi, hamon turli talqinlarda yashab kelyapti. Shu bois uzoq yillarga choʻzilgan dilxufton sukunatni buzishga bu ijodkorning maʼnan haqqi bor deb oʻylayman...

– Hamza Hakimzoda Niyoziyning ijodiy va insoniy qismati haqida oʻylaganda, Samuil Marshakning misrasi yodga tushadi: “Mana senga ajr, qachonlardir urf boʻlganing uchun!”

– Bunaqa “urf” boʻlish ham, bu shon-shuhratga badal toʻlash ham uning oʻziga emas, siyosatga kerak boʻldi. Holbuki, shoir ijodining qanday qilib buzilgani, “Yasha Turon” “Yasha Shoʻro”ga aylanib qolgani allaqachon isbotlangandi.

Hamzaning shoiru yozuvchiligi haqida adabiyotshunoslar gapirgani maʼqul. Men shoirning oʻzi bilan ishlagan aktyorlardan u repetisiyalarga qanday qatnagani haqida eshitganman. Xolida Xoʻjayeva va Sharif Qayumovning hikoyasida Hamza butkul boshqacha odam boʻlib gavdalanardi. Kitoblardagi Hamzaga oʻxshamasdi. U ijtimoiylashgan qizil arbob boʻlib gavdalanmasdi. Xullas, eshitganlarim va kuzatuvlarim asosida gapiradigan boʻlsam, u avvalo teatr kishisi boʻlgan, degan fikrga kelaman. Teatr tufayli yozuvchilikka ehtiyoj sezgan. Shoir, yozuvchi, musiqachi Hamzadan dramaturg Hamza baland turadi. U oʻzbek teatrining shaklini juda yaxshi bilgan. Bugun Hakimzoda orzu qilgan oʻzbekona shakl buzilgan. Asl oʻzbek teatri – davra teatri. Davra teatrida tomoshabin spektakl ishtirokchisi vazifasini oʻtaydi. Yaʼni, voqeaga aralashishi, munosabatini bildirishi mumkin boʻladi. Hamza domla bilganmilar yo yoʻq, bu — Shekspir teatri. Shekspir teatrida ham bosh qahramon tomoshabin. Ular Hamletni “himoya qilish” huquqiga ega. Hamza Hakimzoda Vaxtangov maktabini bitirib kelgan Mannon Uygʻur bilan Yetim Bobojonovning koʻp repetisiyasida qatnashgan. Shoir bularning suhbatini eshitib, teatr nimaligini tushungan. Xolida opa “Nim qorongʻi zalda uzoqdan eski doʻppi koʻrinib turardi, shundan bilardik, Hamza kelganini”, deb eslardi. Kechgacha oʻtirarkan.

– Bir necha yillar oldin eʼlon qilingan suhbatingizda bugungi oʻzbek teatrini Hamza qutqarib kelyapti degansiz.

– Haliyam shu fikrdaman. Bizda Hamza bilan boʻylasha oladigan dramaturg yoʻq. Uning har bir pyesasidan tilni, voqealarni bir-biriga qanday bogʻlashni oʻrganish mumkin. Odatda pyesalar oʻqiladi yoki koʻriladi. Hamzani ham oʻqiysiz, ham koʻrasiz. Yumorlari juda nozik, askiyalar meʼyoridan oʻtmagan. Masalan, yallachi Mastura satang qarib quyilmagan eshonning ahvolini gapiryapti: “Eshonimiz “Vitir vojib”ni oʻrgatganlari oʻrgatgan. Xabarlari yoʻqki, bir uyda bittasiga bir kishi “Vitir vojib” bilan ovora, toʻrtta uyda toʻrttasiga “oʻtir vojib” boʻlib chiqadi”.

Shoir oʻlganidan keyin Mannon Uygʻurdan “Hamza oldingizga koʻp kelardi, mabodo pyesalari sizda emasmi”, deb soʻrashadi. “Cherdakni koʻringlar, bir tugun olib keluvdi, men oʻsha yoqqa tashlab qoʻygandim”, deydi u. Shu bilan “Boy ila xizmatchi”, “Paranji sirlari” va “Maysaraning ishi” topilgan. Agar oʻshanda axtarib kelishmasa, umuman yoʻq boʻlib ketardi. Biroq bu pyesalar bizda notoʻgʻri talqin etilgan. Hamza koʻnikmayu qoliplarga qarshi ijodkor. Boy deganda semiz, badjahl bashara deb tushuniladi. Hamza “Boy ila xizmatchi”da yozadiki, Solihboy ellikka kirgan, navqiron yigitday odam. Qilichdek oʻktam, novcha. Gʻofirni barvasta, barno yigit deb oʻylaymiz. Yoʻq, uni choʻtir, past boʻyli deb yozadi. Agar koʻrkam yigit boʻlsa, Jamila nega undan keta olmasligi tabiiy hol. Hayratlanarli joyi yoʻq. Lekin asl variantda Jamila kambagʻal, xunuk erini xushsurat boyga alishmaydi! Gʻofir ham kambagʻal, ham choʻtir, ham past boʻyli odam. Demak, bu yerda muhabbat bor. Kvazimoda kabi Gʻofirning koʻngli goʻzal.

Hozir odam savdosi deb fohishalar hayotidan boʻlar-boʻlmas pyesalarni yozishadi. Hamza buni allaqachon yozib qoʻygan. “Paranji sirlari” klassik va hamisha aktual asar. Qiz bolani tovar deb bilish, uning oʻgʻirlanishi va islovatxonaga tushishi butun dramasi bilan koʻrsatilgan. Yallachi Mastura satang oldida toʻqima mamarozalar hech narsa emas. Mastura “Boʻldi men ishimni tashlayman, Makkaga boraman”, desa, eri kuladi: “Shu harom pullar bilan Makkaga bormoqchimisan?” deb. “Maysaraning ishi”ni ham buzishgan. Hidoyatxonni bachchavoz qilib qoʻyganmiz. Bachchavoz boʻlsa, Oyxonning ortidan yuguradimi? Aslida u kishim nihoyatda noziktaʼb, shoirtabiatlar. Bu obrazga dramaturg faqat kulimsirab qaraydi. Shu dastak boʻlgan. Masalan, “Boy ila xizmatchi”da boyning uch xotini bor. Poshshoyim 27 yoshda. Xonzoda 24, Gulbahor 18 da. Endi boy 16 yoshliga uylanmoqchi. Xotinlaring shunaqa yosh boʻla turib, nega yana yosh qizga koʻz olaytirasan, bu ayollaringga nisbatan vijdonsizlik-ku. Biroq bizning sahnada Poshshoyimni ellik yoshli aktrisa, Xonzodani 40 yoshli aktrisa oʻynab kelgan. Shuning uchun ham Gʻofir “Boy ota, avval uydagilarning hisobini qiling”, deydi. Domlaning Gʻofirga aytgan gapini eshiting: “Sen badbaxtning baxting shundaki, boyning nazari xotiningga tushibdi”. Qarang-a, “baxting shundaki”! Bunaqa dialogni boshqa dramaturgda uchratmaysiz. Komil Yashin ishlagan “Boy ila xizmatchi”ning tiklangan variantida Gʻofir “Qozi domla, xotinimning inon-ixtiyori oʻzida. Boyga tegmoqchi ekan, tegaveradi. Mendan nima istaysiz?” deydi. Axir, qanaqasiga? Oʻzbek yigiti shunday deyishi mumkinmi? Nima emish, xotin ham inson, oʻz taqdirini oʻzi hal qiladi. Bu ayol uchun haqorat-ku. Hamzada bu gap umuman yoʻq. “Boy ili xizmatchi”ni qoʻyayotganimda mening maslahatchim Uygʻur bilan ishlagan Saʼdixon Tabibullayev edi. Shu inson meni “buzilgan Hamza”dan ihotalab turgan. Dramaturgning oʻzi ham Solihboy rolini oʻynagan ekan. Uni rus dramaturgiyasi bilan tanishtirib, dramaturg sifatida shakllanishida rafiqasi aktrisa Mariya Kuznesovaning hissasi katta.

– Siz qoʻygan “Paranji sirlari”da Rimma Ahmedova ijrosidagi yallachi Masturaning ruhiy talqini Lutfixonim Sarimsoqovaning shoʻx-shaddod Masturasidan butkul farq qiladi...

– Ular spektaklni “Sharqning baxtsiz ayollari” gʻoyasi ustiga qoʻyishgan. Men Hamzaning oʻziga tayanganman. Hamzaning oʻzini oʻqisangiz, huzur qilasiz. “Paranji sirlari” parcha-parchalardan iborat boʻlgan. Buni ham hukmron mafkura istagiga boʻysundirib, qayta yasashgan. Ilgari oʻzimizda ham oʻgʻirlangan qizlar yaponlarning geyshasidek tarbiyalangan. Ular sheʼr oʻqigan, dutor chalgan, raqsga tushgan. Qizning nomi sir tutilgan. Masalan, Toʻlaxon Xolisxonga aylanadi. U joyga duch kelgan odam boravermagan. Poeziyani tushungan, kuyni tushungan odamlar borgan. Boyvachchalar dam olib ketishgan. Hamza bunaqa joylarni juda yaxshi bilardi. Bu pyesada onalar taqdiri, satanglar taqdiri, qizlar taqdiri butun ayanchi bilan aks etgan. Masturaning ayol boshi bilan qanday koʻylarga tushishini koʻrasiz. Mastura “Qora boʻlgan bu yuzlarimni baytulloga surkamay oʻlsam, roʻzi qiyomatda qanday bosh koʻtaraman”, deydi va doʻppi tikib pul toʻplaydi. Mastura oʻzining kimligini bilgan ayol. U shunchaki qoʻshmachi xotin emas. Mazkur pyesadagi Norboyvochcha buzuq xotinboz emas, husn shaydosi. Pichoq shaydosi bor, ot shaydosi bor, sheʼriyat shaydosi bor. U husn shaydosi. Ayol goʻzalligi nimaligini bilgan erkak! Bu dardibalo xilqatni yuqori maqomda koʻradi. “Opa, qirq kunlik sholipoyamni beraman. Faqat qoʻlidan bir piyola choy ichsam bas”, deydi. Oʻsha qizni olib bering demayapti, qoʻlidan bir piyola ichsam bas, deyapti. Husn shaydosida junun yomon kechadi, uni toʻxtatib boʻlmaydi. Shuning uchun ham “Tomogʻimdan koʻz yoshdan boshqa narsa oʻtmaydi”, deb arzi hol qiladi. Hali Hamzaning dramaturgiyadagi sir-sinotiga yetib borolganimiz yoʻq. Faqat sosrealizm qarichidan chiqa olmay, oq kaltagu-koʻk kaltak qilib yotibmiz. Endi qismatida shu koʻrgiliklar bor ekan, Shekspirnikiga oʻxshab uning ruhi ham koʻp sarson boʻldi (Shekspirga ham qilinmagan tuhmatu boʻhton qolmadi: bu haqda qancha qancha kitob chiqib, pyesalar yozilgan, kinolar olinyapti).

– Oʻylab turib, qazoi qadar adolatiga hayron qolasan. Shoirning oʻzligidan mosuvo etgan “shunos-shunos”laru zamonasoz ijodkorlarning uzoq umrguzaronlik qilishganida, siyosiy evrilishlarning guvohi boʻlishganida hikmat koʻraman. Shuning oʻzi ham yunon tragediyalari bilan boʻylasha oladigan shekspirona drama emasmikan?

– Hamzashunoslar koʻrgiligi alohida fojia. Adabiyot ahli insofli odam boʻlishi kerak. Davr deb bir yozuvchining umriga zavol boʻlmaslik kerak. Qoʻy, yozma, buyurtmani bajarma, unvoningni olma. Bu kasallik faqat hamzashunoslikka yoki shoʻro davrigagina tegishli illat emas. Hamzashunoslar koʻrgiligi — ilohiy haqiqat, samoviy saboq. Xudo zamonasozlik oqibatini, nima qilib qoʻyganingni oʻz koʻzing bilan koʻr, deb ularga uzoq umr bergan. Bu jazo edi. Seni bir vaqtlar qilgan “xizmat”ing uchun Hamza nelarga duchor boʻlganini koʻrgin, degan. Men davrni emas, davr labbaygoʻylarini ayblayman. Agarda men hamzashunos boʻlsam, shoir nomini darsliklardan oʻchirilishi, haykallarining qulatilishi, asarlarini teatr repertuarlaridan olib tashlanishiga, buzilgan pyesalari va sheʼrlari qanday fosh etilishiga guvoh boʻlish yuragimni sugʻurib olgandek ogʻriqli kechardi. Axir butun bir umring oʻtgan-a! Men baribir ich-ichimdan ishonardim, mafkurabozlar har qancha chiranmasin, Hamza nomini oʻzbek madaniyati tarixidan oʻchira olishmasdi! Hamzaniki oyoqosti qildik, oʻzbek teatri shu darajaga tushdi. Biz nonkoʻrlikka bordik. U teatrdan hatto oʻz nomini ham olib ketdi, bu joy menga munosib emas, deb. Islom madaniyati marhumlar haqida ehtiyot boʻlib gapirish kerak, deb bejiz uqtirmaydi. Chunki ruhlar tinch qoʻymaydi. Lekin Hamzaga ahmoqona hukm oʻqishgan mahalda ham men baribir “Maysaraning ishi”ga murojaat etdim, studiya tinglovchilariga dramaturg Hamzani tanishtirishdan chekinmadim. Behuda gaplarga eʼtibor qilmadim, shukrki, menga ham eʼtibor qilishmadi. Bir oʻylab koʻring-a, har qancha tayyorgarliklarga qaramay, 2014 yili teatrning yuz yillik yubileyi nega bu qadar rangsiz, muvaffaqiyatsiz oʻtdi? Chunki Hamza Hakimzoda Niyoziyga juda katta adolatsizlik qilingandi. Prezidentning tabrigida hammaning nomi bor, faqat u zot eslanmadi. Oʻzbek teatri Hamzasiz yuzga kira olarkanmi?! Bu teatr yetmish yil davomida mavsumni “Boy ila xizmatchi” asari bilan ochdi. Mannon Uygʻurni Mannon Uygʻur qilgan, Yetim Bobojonni Yetim Bobojon qilgan, Obid Jalilovni Obid Jalil qilgan Hamzaning pyesalari-ku. Abror Hidoyatov, Shukur Burhon, Sora Eshontoʻrayeva, Xolida Xoʻjayevalarning biografiyasini boyitib turgan ham shu Hamza! Birgina u zotning unutilishi, qarang, teatr tarixidagi qancha ulugʻlarning umrini kul qilayozdi!

Iqbol QOʻSHSHAYEVA

suhbatlashdi.

2017 yil