Sharq dunyosining asl nafosatini koʻrsatuvchi miniatyuralarni bir qarashda tushunish, qabul qilish uchun maʼlum bilim va anglamlar talab qilinadi. Chunki bu sanʼat toʻlaligicha reallikdan koʻra kishining ichki olamiga koʻproq taʼsir qiladi. Har bir shakl, naqsh, chizgi, rang – oʻziga xos ramz, tuygʻularni ifodalab keladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da keltirilishicha, “miniatyura” italyancha nafis, nozik qilib ishlangan rasm, lotincha – “minium” qizil yoki qizgʻish-jigarrang boʻyoq maʼnosini anglatadi.

XV–XVІ asrlardan boshlab kitobat miniatyurasi oʻz choʻqqisiga chiqdi. Bu jarayon badiiy adabiyotning keng ommalashishi va rivojlanishi bilan bogʻliq edi. Sheʼriyat, nasr va tarixiy voqealarning taʼsiri miniatyura orqali yanada aniq va taʼsirchan namoyon boʻla boshladi. Bora-bora miniatyurada tarixiy shaxslarning portretlari va jang-u jadallar tasvirlari ushbu sanʼatga chuqur mazmun va hayotiylik qoʻshib, asarni yanada taʼsirchan va sirli boʻlishini taʼminladi.

Shu joyda savol tugʻiladi: nega Sharq miniatyurasida inson portreti reallikdan uzoq? Mutaxassislar bu holatni turlicha izohlasalar-da, oʻsha davr nuqtai nazaridan ikki muhim omilni taʼkidlab oʻtish joiz. Birinchisi, islom taʼlimotida jonli mavjudotlarni aynan tasvirlashga nisbatan ehtiyotkorlikning mavjudligi boʻlsa, ikkinchisi musavvirlarning real dunyo qiyofasini koʻchirishdan koʻra, uning maʼnaviy mohiyatini ramzlar orqali ifoda etishga moyilligidir.

Ushbu maqolada tarixiy va mumtoz asarlarga ishlangan miniatyuralar hamda Horun ar-Rashid, Muhammad Xorazmshoh, Bobur Mirzo, Shayboniyxon va Husayn Boyqaro kabi shaxslarning miniatyura sanʼati va haqqoniy hayotdagi qiyofalariga qiyosiy baho berishga harakat qilamiz. Tadqiqot jarayonida tarixiy manbalar va memuarlarda keltirilgan maʼlumotlar musavvirlar chizgan obrazlar bilan taqqoslanib, ularning tashqi qiyofasi, feʼl-atvori va muhiti miniatyuralarda qanday aks etgani oʻrganiladi. 

Hayotda pahlavon, suratda nozik...

Horun ar-Rashid miniatyurasiga nazar tashlagan kishi, shubhasiz, hayratga tushadi: Abbosiylar sulolasining dovruqli xalifasi, “Ming bir kecha” afsonalarining qahramoni, katta mamlakatning hukmdori nahot shunday nozik qiyofadagi yigit boʻlsa. Zotan, tarixiy manbalarda u qudratli, adolatli, dovyurak va qatʼiyatli podshoh sifatida tasvirlanadi. Ammo musavvir Behzod uni nafis qiyofali, oʻychan hukmdor sifatida gavdalantirar ekan, uning jismoniy qudratidan koʻra, maʼnaviy va falsafiy olamini koʻrsatmoqchi boʻladi.

 

Xoʻsh, hukmdorning asl surati qanday edi?

Manbalarda Horun 15 yoshlarga yetganda katta janglarda ishtirok etgani, hatto ularda qoʻmondonlik qilgani aytiladi. Jumladan, Mansur Abdulhakimning “Horun ar-Rashid: tuhmatlar qilingan xalifa” asarida quyidagi voqea bayon etiladi: “Mahdiy farzandi Horunni ot choptirish, oʻq otish, nayza uloqtirish va jang sanʼati kabi oʻyin-mashqlar bilan band qildi. Horunning qaddi-qomati mustahkamlanib, baquvvat yigit boʻlib yetishganidan keyin, 163-yilda (hijriy) otasi uni Rum (Vizantiya)ga urushga joʻnatdi. Qoʻshinda Husayn ibn Qahtoba, Muso ibn Iyso va Abdulloh ibn Solih kabi mashhur va kuchli sarkardalar borligiga qaramay, Horunni qoʻshin boshligʻi (sarkardasi) qilib tayinladi. Bu paytda ar-Rashidning yoshi 15 dan oshmagan edi”. Garchi Kamoliddin Behzod asarida Horun ar-Rashid qiyofasi adabiy va badiiy tasavvurda jonlantirilsa-da, manbalarda keltirilgan tarixiy-real holatni ham yoddan chiqarmasligimiz lozim.

Sallasi dumalagan Muhammad Xorazmshoh

Eʼtiboringizni Rashididdinning “Jome’ ut-tavorix” asari uchun Sayf al-Vohidiy tomonidan chizilgan, 1430-yilda Hirotda Shohrux Mirzo kutubxonasi uchun tayyorlangan mashhur miniatyuraga qaratamiz. Undagi tasvir faqat badiiy epizod emas, balki tarixning ogʻriqli sahifasidir. Asarda hukmdorning jon berish sahnasi, yaʼni kuch va saltanatning mahv etilishi ramziy tarzda aks ettirilgan. Miniatyurada Muhammad Xorazmshoh sallasi boshidan uchgan, kuch-quvvatsiz qiyofada koʻrsatiladi. Bu hukmdorning magʻlubiyati, taqdir oldidagi ojizligi ramzidir. Yerda yotgan salla orqali musavvir podshohning siyosiy tanazzulini koʻrsatishga erishadi.

Muhammad Xorazmshoh tarixiy manbalarda jasur, aqlli va baquvvat sarkarda sifatida taʼriflanadi. Biroq miniatyurada magʻlublikning badiiy ifodasini, barbod boʻlayotgan saltanat va qoʻrquv, kuch va ojizlikning bir tan ichida mujassam boʻlganini oʻziga xos rakurslarda koʻrganday boʻlamiz.

 

Husayn Boyqaro hayotda ham shunday odam boʻlganmi? 

Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan “Husayn Boyqaro” portreti tarixiy shaxs qiyofasini aniq va hayotiy tarzda ifoda etgan asar sifatida eʼtiborga molikdir. Muhimi, aynan shu asarni real manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan hamohang tarzda yaratilgan, deyish mumkin. Buning isbotini Bobur Mirzoning “Boburnoma”dagi Husayn Boyqaroga berilgan taʼriflardan ham topsak boʻladi:

“Shakl va shamoyili qiyiq koʻzluk, sherandom boʻyluq kishi edi. Belidan quyi ingichka edi, xush rang qizil, yashil abrishimni kiyar edi. Qora qoʻzi boʻrk kiyar edi, yo qalpoq Ahyonan iydlarda kichik sepech dastorni yap-yassi yamon chirmon chirmab, qarqara oʻtakasi sanchib, namozga borar edi” (“Boburnoma” 47-b.).

 

Ushbu taʼrif oʻquvchiga shohning tashqi qiyofasi bilan birga, uning salohiyati va jismoniy tuzilishi haqida ham aniq tasavvur bera oladi. Behzod ham oʻz portretida aynan shu belgilar, yaʼni shohning keng yelkalari, yapaloq yuzi, qiyiq koʻzlari va salobatli holatini aniq proporsiyalarda aks ettiradi. Uning kiyimidagi qizil va yashil ranglar, bosh kiyimining shakli va bezaklari ham Bobur taʼrifidagi elementlarga mos keladi. Aytish mumkinki, “Husayn Boyqaro” portreti real manbalardagi tavsif bilan musavvirning individual qarashi uygʻunlashgan holda yuzaga kelgan. Ushbu asarni Temuriylar davridagi inson qiyofasini ilmiy aniqlik va tasviriy haqqoniylik asosida yoritgan muhim sanʼat namunasi sifatida baholash mumkin. Nusxasi Shvetsiyaning milliy galereyasida saqlanayotgan bu portretning asli shved sanʼatshunos olimi F. Martinning shaxsiy kolleksiyasida saqlanadi. 

Toj kiydirish marosimi

Navoiyning doʻstidan uzoqlashmaymiz. “Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi” deb ataluvchi miniatyura Temuriylar davri madaniy hayoti va davlatchilik anʼanalarini ifoda etgan muhim asarlar sirasiga kiradi. 1469-yilda Mansur Musavvir tomonidan chizilgani taxmin qilinadigan bu ushbu kartina hozirda AQSHning Vashington shahridagi Osiyo sanʼati Milliy muzeyida saqlanmoqda.

Miniatyurada yosh Husayn Boyqaro toj kiyish marosimi markazida salobat bilan oʻtirgan holda aks etgan. Uning ikki tomonida saroy amaldorlari, shoir va ulamolar, jumladan, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyni ham koʻrishimiz mumkin. Sezgir oʻquvchi tasavvurida bir holat gavdalanishi aniq. Maʼlumki, 1469-yili Xuroson taxtini Alisherning bolalik doʻsti Husayn Boyqaro egallaydi. Shu yili Alisher Navoiy Husayn Boyqaroga atab “Hiloliya” qasidasini bitadi. Ehtimol oʻsha mashhur qasida ana shu lahzalarda oʻqib eshittirilgandir.

 

Nizomiy panjasiga panja urayotgan lahza

Kamoliddin Behzod rahbarligida musavvir Qosim Ali tomonidan yaratilgan mashhur miniatyura “Navoiy buyuk shoirlar davrasida” (“Sufiylar bogʻda”) deb nomlanadi. Asarda Alisher Navoiyning “Xamsa”sining soʻnggi qismini ustozi va doʻsti Abdurahmon Jomiyga taqdim etishi hamda uning fikrini bilmoqchi boʻlgan lahza tasvirlangan. Manzara nafis chamanzor bogʻda kechadi: gullar ichidagi hovlida joylangan gilam ustida Sharq sheʼriyatining buyuk namoyandalari Nizomiy Ganjaviy, Firdavsiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Saʼdiy, Sanoy, Anvariy, Unsuriy va Zakoniylar davra qurib oʻtirganini koʻramiz. Majlis ishtirokchilari Navoiyning ijodiy salohiyatini yuksak baholab, uni oʻzlariga munosib shoir sifatida tan oladilar.