Ijtimoiy tarmoq asosan bir xil mazmundagi munosabatlar yomgʻiri ostida qoldi. Ha, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning sobiq direktori Umida Tursunova oʻrtasidagi tortishuv tafsilotlariga ayni damda hamma eʼtibor qaratmoqda.

Maʼlumot uchun, bu ijtimoiy “duel” 26-iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli maktabda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 2023-2024 oʻquv yiliga tayyorgarligi masalasiga bagʻishlangan videoselektor seminarda yuzaga kelgan. Unda direktor Umida Tursunova hokimdan nima aybi sabab ishdan olinayotganini soʻragan. Shu tariqa tomonlar oʻrtasida tortishuv boʻlgan. Personajlarning ikkisi ham bir-biriga qoʻpollik qilgan. Natijada, hokim “gʻolib” kelib, sobiq direktorga 10 kunlik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan. Kassatsiya tartibiga koʻra qisqartirilgan 7 kunlik jazo muddati tugagach, direktor ozodlikka chiqqan. Keyin tafsilotlarni qoʻzgʻatib yuborgan video tarqaldi. Shundan soʻng, Umida Tursunovaga nisbatan yana bosim paydo boʻldi, vaziyatga maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova aralashgandan soʻng maʼlum boʻldiki, sobiq direktordan xavotir olishga asos yoʻq – U davlat himoyasida...

Jamoatchilik faollari va yurtdoshlarimizning aksariyati tafsilotlarni oʻz pozitsiyasi va emotsiyasi orqali izohlashga urinayapti – kimdir ayblanayapti, kimdir oqlanayapti, mansabdorlar taʼsiri bilan qamash va ozod etish voqealari fonida sudning roli muhokama qilinayapti, vazirning munosabati tahlil qilinayapti va hokazo. Umuman, munosabatlar mazmunan ikki guruhga boʻlingan. Biri hokim va direktor toʻqnashuvi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchisi, vazir Hilola Umarova munosabatidan keyin ochiqlangan haqiqatlar bilan bogʻliq.

Munosabatlarning birinchi oqimiga eʼtibor qaratamiz. Jurnalist Sharofiddin Toʻlaganov holatni Birinchi prezident Islom Karimov davridagi yigʻilish bilan bogʻliq holatga qiyoslagan va bugungi kun hokimlarini qattiq tanqid qilgan:

 – Hokimlarga imidjmeyker(lar) kerak. “Oʻzim xon – koʻlankam maydon” oʻrta asrlarga xos. Hozir Yangi Oʻzbekistonda yashayotganimizni unutmaylik.

Shuningdek, jurnalist post ostidagi baʼzi eʼtirozlarga javoban, “U oʻz haqqini himoya qildi. Mard ayol. Maktabda jinoyat qilgan boʻlsa, el oldida emas, sud orqali isbotlab, sharmanda qilish kerak edi”, deya pozitsiyasini mustahkamlaydi.

Toʻqnashuvning bir tomoni ayol kishiligini inobatga olsak, vaziyat yanada sentimental tus olishi tabiiy edi. Koʻpchilik direktor ayolni himoya qilishga urindi. Xususan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Botir Ergashev oʻz emotsiyasini yashirib oʻtirmagan:

– 28-maktab direktori Umida Tursunova timsolida ustozlarning obroʻsi bir pul ekan. Viloyat hokiminiyam maktab oʻqitgan, osmondan hokim boʻlib tushmagan. Shoʻrlik oʻqituvchi, bechora ayol. Agar nohaq boʻlganida, zarracha aybi boʻlganida bu qadar gapirib tashlamagan boʻlardi. Toʻgʻrisi, judayam rahmim keldi. Kuchlaring bitta ayol oʻqituvchiga yetgan boʻlsa, mayli-da...

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham tarqalgan video yuzasidan oʻz izohini bildirib oʻtdi:

– Videoni koʻrib, viloyat hokimligi vaziyatni oʻrganmagan yoki adolatsiz qaror qabul qilgan, degan fikr shakllandi. Hokimlikdan koʻpchilik boʻlib shu bitta maktab direktorini ovozini oʻchirishga harakat qilishdi. Opa ham oʻz haq-huquqi uchun tortishdi. Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi.

Shuningdek, jurnalist Ibrat Safo ham hokimning munosabatidan qattiq taʼsirlangan:

 – Surxondaryo viloyati hokimi va maktab direktori boʻlgan ayol oʻrtasidagi tortishuvning asosida nimalar yotganini oʻrganmadim, lekin videosidan menga eng qattiq botgani – hokimning mirshablarga ayolni “yoʻqot” deb aytgani boʻldi. Feodalizm zamonlari allaqachon qaytgandek – mahalliy xonlar seni pashshadek koʻrmaydi, huzurimdan yoʻqot, boshini tanasidan judo qil deyishlariga oz qoldi, shekilli...

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanoqulova ham holat yuzasidan oʻzining keskin fikrlarini bildirib oʻtgan:

– Tushunmadim, nega chiqarib yuborishni talab qildi hokim bu ayolni? Shaxsiy fikrini turib bildirgani uchunmi? Bu ayol oʻz konstitutsion huquqidan foydalandi-ku, nima hokim konstitutsion huquqni cheklash vakolatiga ega shaxsmi? Nega savollariga javob bermadi, masalani oydinlashtirmadi? Hokimning nima haqqi bor oʻqituvchiga bunday darajada muomala qilishga? Buyoqda Prezident oʻqituvchilar mavqeyini oshirish kerak deb turganda, bu hokim kuppa-kunduzi viloyatni hamma amaldorlari orasida oʻqituvchi xalqini bir tiyinga ilmaganini koʻrsatdi-ku! Nima hokim Prezident siyosatiga qarshimi? Shuncha eʼtirozi bor ekan hokimni, nega alohida yuzma-yuz gaplashib, muammoni ochiqlab olmaydi? Oʻqituvchini mavqeyini oshiramiz deb bizga ertak aytishdan oldin, hech kim saylamaydigan hokimlaringizni saviyasini oshirib, oʻqitib olinglar!

Vaziyat haqiqatdan ham bahsli tus oldi. Umumlashtirganimizda, maʼlum boʻladiki, amalda “duel” gʻolibi boʻlgan hokim koʻproq aybdor – har qanday holatda ham U ayolga bunday munosabatda boʻlmasligi kerak edi.

Telejurnalist Dilshoda Matchonova bir ogʻiz munosabati orqali vaziyatni xolis baholashga urinadi:

– Ayol ming buzgʻinchi, tovlamachi, shallaqi boʻlmasin, hokimning bunday muomala qilishga haqqi yoʻq edi.

Shu asosda, huquqshunos Saidali Muxtoraliev vaziyatga qonuniy tus berdi:

– Hokim janoblari qonun oldida javob berishi kerak. Keyin maktab direktori alohida himoyaga olinmas ekan, unga nisbatan har xil asossiz boʻhtonlar oʻylab topilishi hech gap emas. Bundan tashqari, bu opaga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudyaning masalasi sudyalar oliy kengashi tomonidan albatta koʻrib chiqilishi kerak.

Gap bu yerda sudyaning mustaqilligi haqida ketyapti. Katta ehtimol bilan maktab direktoriga nisbatan qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudya hokimlik bosimi ostida mustaqil harakat qilmagan boʻlishi mumkin. Hatto Prezident sudyalarning mustaqilligi borasida qatʼiy talablar qoʻyayotgan bir vaqtda, buni istamayotgan va bunga loyiq boʻla olmayotgan sudyalarga tizimda umuman oʻrin yoʻq. Bu voqea taʼlim tashkilotlari faoliyatiga hokimlarning asossiz aralashuviga zudlik bilan barham berilishini talab etmoqda.

Jamoatchilik faoli Gʻofir Hamro esa bu vaziyatga biroz oʻzgacharoq baho bergan:

– Haqiqatparvarlik bilan betgachoparlik, manfaatparastlik oʻrtasidagi farqni anglab olish lozim. Direktor xalqning bolalari manfaati uchun jon koyitayaptimi yoki oʻz manfaati uchunmi?! Uning bor gapni aytib tashlashi kimga foyda? Bunday chiqish qilishdan maqsad nima oʻzi, tizimni rivojlantirishmi yoki rahbarlarni obroʻsizlantirishmi? Mana shu muhim. Betgachoparlik avj olib bormoqda. Haqiqatni talab qilishga hech kim qarshi emas, ammo uni madaniyat bilan ham tushuntirish mumkin. Toʻgʻri, taʼlimni rivojlantirmasdan hech bir natijaga erishib boʻlmaydi, ammo biz qaysi yoʻldan boryapmiz?! Rivojlangan davlatlarning bu boradagi madaniyatini ham oʻrganishimiz kerak. Rahbar kishi ham muloqot madaniyatiga jiddiy rioya qilishi kerak, aks holda mana shunday izza boʻlib qolishi mumkin. Kishining muomalasi, gap-soʻzidan, hatto gʻazablabganda ham uning taʼlim-tarbiya maskani – maktab rahbari ekani sezilib turishi kerak. Pedagoglar bu yoʻl bilan obro‘ topishini oqlamayman! Nutq maʼrifat maskani rahbariga xos boʻlishi kerak edi. Birovlarning aybini fosh qilish, oʻz ayblarini ochishga olib keladi.

Vaziyatning yanada muhim tus olishi maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning munosabatlari bilan ham bogʻliq boʻldi. Vazirning birinchi munosabati maktab direktorining ozod etilishi va taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxsdagi muomala madaniyati haqida boʻlgan edi. Bir muddat oʻtib uning ikkinchi munosabati ham eʼlon qilindi va maʼlum boʻldiki, maktab direktori oʻz ish faoliyatini davom ettiradi va U davlat himoyasida. Shuningdek, vazir Umida Tursunovadan xabar olish uchun uning uyiga odam ham joʻnatgan va telefonda ham oʻzaro suhbatlashgan.

Shundan soʻng, munosabatlarning ikkinchi oqimi yuzaga keldi. Xususan, jurnalist Botirjon Shermuhammad dastlab vaziyatdagi huquqiy chalkashliklar haqida fikr bildirdi:

– Hokim qamab, vazir qamoqdan qutqarsa, sudning nima keragi bor?

Bu fikrga qoʻshimcha sifatida pedagog Komil Jalilov ham oʻz kanalida munosabatini bildirdi:

– Bu keysda eng xavfli narsa – qonunlarning ishlamasligi. Hokim qamaydi, vazir ozod qiladi, keyin hokim yana qamaydi, vazir telefon qilib “orqangizda Prezident turibdi” deydi. Hamma narsani shaxslar hal qilyapti – shaxslar nima desa, nimani xohlasa, shu boʻlyapti. Oʻzimiz shuncha dabdaba bilan, “meniki, seniki” qilib qabul qilgan Konstitutsiyaning 1-moddasida “Oʻzbekiston – huquqiy davlat” deb belgilab qoʻymadikmi? Huquqiy davlatda qonunlar shaxslarning qosh-qovogʻiga, xohish-irodasiga qaramasdan ishlashi kerak emasmi? Ishlamasa, shuncha xarajat-u harakat bilan nega yangiladik?

Umuman olganda, mansabdor shaxslar taʼsiri bilan qamoqqa olish va ozod etish borasidagi tanqidiy fikrlar juda koʻpayib ketdi. Biroz muddat oʻtib esa vaziyatda biroz yanglishish borligi ochiqlandi. Aynan jurnalist Ilyos Safarov navbatdagi munosabati orqali vaziyatga izoh berdi:

– Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri eʼlon qilgan munosabatdan keyin jamoatchilikda goʻyoki sariosiyolik maktab direktori Hilola Umarovaning aralashuvidan keyin qamoqdan chiqarilibdi, degan xulosa uygʻondi. Sal avval menga kelgan maʼlumotga koʻra, Umida Tursunovaning qamoqdan ozod qilinishiga vazirning umuman aloqasi yoʻq. Maktab direktori Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov bilan 26-iyul kungi tortishuvdan keyinoq 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi olgan. Ushbu qaror unga nisbatan berilgan apellyatsiyada ham oʻzgarishsiz qoldirilgan. Qamoq qarori ish faqat kassatsiya tartibida qayta koʻrilgandagina 7 kunga qisqartirilgan. Yaʼni, Hilola Umarova ishda nimani va qanday nazoratga olgan, bilmadim-u, U maktab direktorini qamoqdan chiqarmadi. Direktor jazoni toʻliq oʻtab boʻlgachgina ozodlikka chiqdi.

Shuningdek, vazirning munosabatiga tanqidiy fikr bildiruvchilar boʻldi. Xususan, jurnalist Sharifa Murod munosabatga “munosabat” bildirdi:

– Eng kulgili narsa nima aytaymi? Hilolaxonning mana bu gaplari: “Shu oʻrinda taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs oʻz muomala madaniyati bilan barchaga oʻrnak boʻlishi lozimligini eslatib oʻtmoqchiman”. Vazirning oʻz xodimiga boʻlgan munosabati shu boʻlsa... Bu gapdan yaqqol “hamma taʼlim muassasalari direktorlari va oʻqituvchi xodimlari jim yursin” degan maʼno kelib chiqmayaptimi? Shumi munosabat?

Uning oʻrniga hokim va ichki ishlar boshqarmasi boshliqlarini savolga tutganida aʼlo ish boʻlardi? “Nega mening direktorimga qattiq gapirding, nega mening direktorimni zaldan qoʻlidan ushlab, majburlab olib chiqib ketding” deb. Xafa boʻlmanglar-u, eng himoyasiz va zaif qatlam taʼlim tizimi xodimlari! Doim shularga qiyin boʻlgan. Taʼlim vazirligi hech qachon direktor va oʻqituvchilarning yonini olmagan.

Siyosiy figura sifatida voqealarning guvohi boʻlib turgan deputat Alisher Qodirov ham oʻz kanalida qisqa mulohazasini yozib qoldirgan:

– Prezidentning vakili pedagoglarga munosabatda Prezidentdan oʻrnak olishi kerak. Haqoratga rozi boʻlgan pedagog farzandlarimizni oyoqosti boʻlishga rozilikka oʻrgatadi! Pedagoglarni behurmat qilmang.

Fikrlar va munosabatlar yomgʻirida ikki tomon shaxsiyati ham muhokama qilindi. Kimdir hokimni uzoq yillik prokurorlik faoliyatida asosan “buyruqbozlik”ka oʻrganib qolgani haqida gapirsa, kimdir birinchi kelganidayoq ishni doʻq-poʻpisa qilishdan boshlaganiga taʼma qildi.

Shuningdek, sobiq direktor ham soʻnggi yillarda oʻzi faoliyat yuritgan maktabning mashmashalariga bosh sababchi boʻlgan. Shu kungacha maktabidagi oʻqituvchi-xodimlar hamda OAV xodimlari bilan toʻqnashishga ham ulgurgan. Unda ham asosan muomala madaniyati tanqid qilingan.

Voqealar rivoji hozircha tugagani yoʻq. Toʻqnashuv atrofidagi munosabatlar oqimini kuzatishda davom etamiz.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

“Oyina.uz”ni Telegramʼda kuzating!