Buxoro qadimdan Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan sahrodagi shaharlardan biri sanalgan. Jazirama issiq, tandirdek qizigan qum barxanlar har bir sayyoh-u musofirni, mehmon-u mezbonni soya-salqinga chorlagan. Aholiga faraxbaxshlik baxsh etish maqsadida Buxoroda koʻplab hovuzlar qurila boshlangan. Toj Mahal-u, Misr ehromlari bilan boʻylasha oladigan maftunkor hovuzlar Buxoroni Sharqning zebo shahriga aylantirgan.
Obi hayot manbai hisoblangan suv zaxiralarini jamlash va uni ahli guzarlarga yetkazish maqsadida qurilgan Buxoro hovuzlari nodir meʼmoriy inshootlar boʻlib, oʻz vaqtida shaharning qon tomiri hisoblangan. Buxoro shahristonida 103 ta, shahar atrofida esa 250 dan ortiq hovuzlar mavjud boʻlgan.
Buxoroda hovuzlar xilma-xil, havzi xokiy (loy hovuz), havzi taxta (yogʻochli hovuz), havzi sangin(toshli)larga boʻlingan. Bundan tashqari, toshquduqlar, qumquduqlar va korizlar ham mavjud boʻlgan. Hovuz aslida suv uyi, xonasi maʼnosini bildiradi. Suv uyining Buxoro va uning qaramogʻidagi hududlarda koʻp uchrashi – suvning koʻp, kamligi bilan bogʻliq boʻlgan. Qayerdakim sersuv ariqlar boʻlsa, u joylarda hovuzlar kam qazilgan. Suvi kamchil tuman, qishloq, qalʼalarda koʻproq toshhovuzlarga ehtiyoj sezilgan. Taxtadan ihota vositasi bor suv uylari obi hayotni koʻp vaqt saqlagan. Toshtaroshlik rivojlanib, pishiq gʻisht ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgach, toshquduqlar koʻproq qurilib, qishloq, ovullar suvsizlik changalidan xalos boʻlgan.
Muarrix Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida podshohlar saroyi Joʻyi moʻliyonda goʻzar sarhovuzlar borligi keltirib oʻtilgan. Sada qayragʻochlar shunday bir tarzda chodir shaklini olgan edi-ki, sarhovuz labidagi oʻtiradigan joyga sharq tomondan ham, gʻarb tomondan ham zarracha quyosh tushmas edi. Hovuz boʻyidagi chorbogʻlarda nashvati, bodom, yongʻoq, gilos, jilon jiyda va anbar boʻyli jannatda boʻladigan har bir meva gʻoyatda yaxshi va goʻzal tarzda oʻtqazilgan edi.
Buxoro hududida sarhovuzlar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilganligi bois hovli joylar ahli yoz paytida salqin sarhovuz boʻyida yozni yayrab oʻtkazishgan. Agar yoz toʻqsoni 20-maydan 20-iyulga qadar davom etishini inobatga olsak, hovuzlar naqadar muhim ahamiyat kasb etishini anglash mumkin.
Buxoro shahristoni ichida 103 ta koʻcha, guzar, mavze, hovlilar hovuzi boʻlib, bundan meshkoblar, korxona, masjid, madrasa ahli keng foydalanganligi tarixiy kitoblarda oʻz aksini topgan. Sanʼatshunos L.I.Rempel, etnograf O.A.Suxareva va arxeolog V.L.Vyatkin tadqiqotlarida Buxoro shahriston bagʻrida 103 ta hovuz, bitta shahriston arigʻidan suv olganligini yozadilar. Buxoroda eng katta hovuz Sitorai Mohi Xosa suv xazinasi boʻlib, u Oʻrta Osiyo hududida ikkinchi oʻrinda turadi. Shaharda 5 600 m kub sigʻimgacha kattalikdagi hovuzlar boʻlgan. 75% hovuzlar 400 m.kv gacha, 25% esa 400 m.kv dan ortiq hajmni tashkil etgan. Eng kam sigʻimli Mirakon hovuzi 144 m.kv, eng katta suv havzasi Labi hovuz boʻlib, 1 552 m kv.dan iborat boʻlgan.
Havzi Nodir Devonbegi esa shahriston ichidagi hovuz boʻlib, buni havzi sangin (toshli hovuz) ham deydilar. Shaharni asosiy suv bilan taʼminlovchi Shohrud arigʻi qirgʻogʻida joylashgan hovuzning eni 36 m, boʻyi 45,5 m boʻlib, chuqurligi 5 m ni tashkil etadi. Shaharning markaziga aylana boshlagan hovuz atrofida birin-ketin yangi imoratlar qad koʻtara boshlaydi. Gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shimolda Koʻkaldosh madrasasi va hozirda saqlanmagan Ernazar elchi madrasalari qad koʻtargan.
Labi Hovuz suv havzasi bir necha tarixiy obidalarni oʻz ichiga olgan arxitektura ansamblining kompozitsion markazidir. Labi hovuzning ansambl kabi shakllanishi diqqatga sazovor. Quyuq daraxtlar bilan oʻrab olingan keng hovuzning monumental binolar kompleksiga qoʻshish Markaziy Osiyo sanʼat tarixida yangi meʼmorchilik uslubini boshlab berdi.
Shuningdek, Havzi xoni Zayniddin, Havzi Chochchaxona, Havzi Oybinok, Havzi Xoja Jaʼfar, Havzi Nav, Havzi bodom, Havzi shisha, Havzi Arki oliy, Havzi Tagmanbofon va boshqa hovuzlarni sanash mumkin. Bular orasida Hovuzi Devonbegi, Hovuzi Rashid, Hovuzi Xoʻja Zayniddin, Hovuzi Bolo kabi oʻnlab suv manbalari Buxoroda mashhur boʻlganini esa qariyalar taʼkidlashadi.
Bunday sersuv hovuzlar qishloqlarda ham koʻp boʻlgan. Ikki, uch hovli hisobiga qazilgan toshhovuzlardan tashqari mahalla, masjid, choyxona hovuzlari ham aholi xizmatini ado etgan. Shahar 10 ta katta ariqdan suv olgan va Buxorodagi barcha hovuz suv bilan taʼminlangan. Zarafshon daryosidan ariq, rud orqali sersuvligi taʼminlangan hovuzlar qavatiga esa sardobalar ham qoʻshilgan. Bular soni 1000 tani tashkil etgan. Xoja Ubbon yoki Choʻli Ubon hududida ham sardoba boʻlgan. Buni xalq tili bilan saron deganlar. Oʻsha saron qudugʻi hali ham bor. Hovuzlar atrofi marmar yoki yonilgan toshlar bilan ishlangan boʻlib, faqatgina Eshoni Imlo, Xalifa Xudoydod hovuzlari ustiga sardoba qurilgan.
Yoshi ulug‘ keksalarning aytishicha, Buxoro hovuzsozligida mashhur usta Majid Qurbonov alohida oʻrin tutadi. Shaharda mashhur hovuzsoz usta Usto Majid Soliyev, Oʻzbekistonning eng yaxshi xalq ustasi Usta Shirin Murodov asarlari barcha meʼmorlar uchun etalon vazifasini bajargan. Hovuzlar qurilishi boʻyicha uch jihat, yaʼni, seysmik holat, yaxshi joylashuv va suvni yaxshi saqlay olishiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Hovuz uchun yaxshi joy tanlangach, keyin chuqur kovlangan. Hovuzni begona oʻt qoplamasligi uchun uning sathiga kigiz toʻshalgan. Soʻngra uning ustiga qora ohak sepilgan. Atrofi marmar yoki yonilgan toshlar bilan bezatilib, zinalar hosil qilingan. Asosan gʻozgʻon va Nurota toshlaridan foydalanilgan. Zinalar mustahkam boʻlishi uchun toshlar osti hamda orasiga tut choʻplar qoʻyilgan. Har 50-60 sm.da tut daraxti yogʻochlari qoʻyib chiqilgan. Maxsus ishlov berilgan bu yogʻochlar toshlarni silkinishdan saqlashda bogʻlagich vazifasini oʻtagan. Hovuzlar suvni yaxshi saqlovchi yirik va mustahkam chashkaga oʻxshashi kerak edi. Usta Majid Qurbonov shu usulda qadim shaharning guzarlarida 18 ta hovuz barpo etgan ekan.
Hovuzlarning marmar tarnovlari ham uch xil shaklda: oddiy – faqat toshdan ishlov, oʻrta – naqshlar va ornamentlar hamda murakkab – sher, baliq, ajdar koʻrinishdagilardan iborat boʻlgan.
Xoʻja Zayniddin hovuzi tarnovi baliqning ogʻziga oʻxshatilib, unda nastaliq xatida quyidagi forsiy sheʼr sangtaroshlar tomonidan bitilgan. Uning oʻzbek tilidagi tarjimasidan quyidagilarni anglash mumkin:
Sayyid Amir Olim Bahodirxon davlatining barokatidan uning asrida hech bir insofsizlik, muruvvatsizlik joriy boʻlmagan. Amir Nasrulloh qushbegining saʼy-harakati va tashabbusi bilan bu mustahkam toshli bino xayriya tariqasida qurildi. Odamlarga maʼlum boʻlishi uchun uning taʼmir yilini aql egalaridan soʻradim. Lutf va valoyat egalari mening javobimga shunday dedilar: “Bu xayrli ish joriy boʻlib, olamga xushxabar yetdi” 1345/1926.
XIX – XX asr boshlarida Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qoʻqon va boshqa shaharlardagi yirik binolarda, hovuz (Labi hovuz ansambli, Sitorai Mohi Xosa) xarsangtosh va marmar koʻp ishlatilgan.
Buxoro hovuzlarining hammasi ham oddiy hovuzlar boʻlavermagan. Misol uchun, Xavzi Lesak Arki Oliyning janub tomonida joylashgan boʻlib, uning suvi, loyqasi shifo boʻlgan. Yara, yiring, zaxm teri kasalliklariga loyi surtilgan.
Eʼtibor qaratilsa, Buxorodagi koʻplab yirik va mahobatli inshootlar oldida hovuzlar barpo etilgan va atroflarida tut va chinor daraxtlari ekilgan. Masalan, Gavkushon majmuasi, Bolo Hovuz masjidi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Bahouddin Naqshband majmuasi, Sitorai Moxi Xosa saroyi, Chor Bakr yodgorligi va boshqalar. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad imoratlarni zax taʼsiridan muhofaza etish boʻlib, ularning umrboqiyligini taʼminlagan. Masalan, Labi Hovuz boʻyidagi bir tup daraxt bir yilda 330 litr suvni oʻziga shimib olishini mutaxassislar isbotlashgan.
Eski shaharning qon tomiri hisoblangan hovuzlarning vazifasi aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash bilan birga yana koʻpgina muammolarni hal etishda asqotgan. Jumladan, ular shahar iqlimini moʻtadil saqlash, tarixiy obidalarni shoʻrlanishdan asrashga xizmat qilgan. Eng asosiysi, hovuzlar atrofida odamlar miriqib dam olganlar, turli yigʻin va tadbirlarda ishtirok etganlar. Bundan koʻrinadi-ki, koʻhna shahar odam tanasiga qiyos etilsa, hovuzlar esa uning arteriya tomirlari boʻlgan.
Buxoro atrofi suv taʼminotini mirob boshqargan. Uning boshqarmasi amir saroyi – Shirbudun oldida, Shohrud tarmogʻining boshida boʻlgan. Suv shahar ichkarisiga oqib kirgani zahoti uni xalifa boshqargan. Xalifaning kuzatish joyi Mozori Sharif darvozasi oldida boʻlib, u shahardagi hovuz va bogʻlarning suv taʼminotini amalga oshirgan. Chunki, Shohrud arigʻi Mozori Sharif darvozasidan Xoʻja (madrasasi) bozorigacha ochiq holda oqqan. Hovuzlarni ishlatish ustidan qattiq nazorat olib borilib, mirshablar, nazoratchilar hovuzlar suvini oʻlchab turishgan. Meshkoblardan suvni isrof qilmaslik qatʼiy talab qilingan. Shu bois hovuz ham, undagi suv ham qadrlangan, mudom atrofi toza tutilgan.
Aholi suv bilan taʼminlanish maqsadida meshkoblar xizmatidan foydalangan. Buxoro amirligining devonxonasi, madrasa, karvonsaroylar, choyxona, bozor, badavlat xonadonlarni meshkoblar doimiy suv bilan taʼminlab turgan. Birgina Nodir devonbegi hovuzidan 80 ta meshkobchi suv tashigani manbalarda uchraydi. Buxoroning Mirzo Haydari poyon guzarida meshkobchilar oilasi istiqomat qilgan. Har bir hunar ahli biror tarixiy yoki diniy afsonaviy shaxsni oʻzlariga pir deb hisoblagani kabi, meshkoblar oʻzlarining piri sifatida Abbos (paygʻambarning amakisi)ni tanlashgan.
Har hovuz meshkobchilarining oqsoqolini shu hovuzdan suv tashiydigan meshkobchilar ommasi ochiq tarzda saylashgan. Kichik hovuzlarning meshkobchilari oz sonli boʻlgani sababli, oqsoqol saylovida oʻzlariga yaqinroq katta hovuz meshkobchilariga qoʻshilib saylov oʻtkazishgan.
Meshkoblar oqsoqolining vazifasi suv isteʼmolchilari oldida meshkobchilar huquqini himoya qilishdan iborat boʻlardi. Masalan, bir meshkobchi bir hovli egasi bilan kuniga bir yo ikki mesh suv keltirib berishga kelishadi. Agar meshkobchi bilan hovli egasi orasida janjal chiqsa, yaʼni hovli egasi meshkobchining haqini toʻlab bermasa, meshkobchi u hovliga suv tashishni toʻxtatib, bu haqda oqsoqolga xabar qilardi. Bunday mavridda hovli egasi qancha ortiq pul bersa ham, boshqa biror meshkobchi unga suv tashib bermasdi.
Agar biror meshkobchi pulga aldanib, unga suv tashib berguday boʻlsa, oqsoqol uni qoidani buzgani uchun jarimaga tortib, qayta u joyga suv tashishni man etardi. Agar u meshkobchi ikkinchi marta qoidani buzib u hovliga suv keltirsa, oqsoqol uni suv tashish huquqidan mahrum etib, meshkobchilar qatoridan chiqarib yuborardi. Xullas, to hovli egasi oʻzining avvalgi meshkobchisini rozi qilmaguncha boshqa meshkobchi unga suv tashib bermasdi. Hovli egasi avvalgi meshkobchisini rozi qilgandan soʻng, u hovliga suv tashish huquqi birinchi navbatda oʻsha avvalgi meshkobchining oʻziniki boʻlardi. Bordi-yu, u oʻz ixtiyori bilan bu joyda suv tashishni istamasa, u holda boshqa meshkobchi bu hovliga suv tashishga haqli boʻlardi. Meshkobchilarning huquqlarini bu xilda himoya qilish boʻyicha ularning tartib qoidalari aks etgan risolalarida yoʻq edi. Lekin hayot ularning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun risolada yozilmagan shu qoidani joriy etishga majbur qilgan edi.
Oqsoqolning yana bir vazifasi suv tashish tartibini nazorat qilish boʻlgan. Meshkobchi meshni yerga qoʻymasligi lozim edi, suv olayotgan vaqtda meshning bir tomoni hovuz zinasiga tegib turadi, shuning uchun meshkobchi zinaning shu joyini yuvishi, soʻngra meshning bir uchini shu toza joyga qoʻyib, suv olishi lozim. Shuningdek, meshga suv quyadigan charm doʻlchani yerga qoʻyish man etilgandi. Meshkobchi oʻz meshini suv bilan toʻldirar, doʻlchani mixga yoki daraxtga ilib qoʻymogʻi lozim edi. Agar meshkobchi shu qoidalarning birortasini buzsa, oqsoqol undan qoidani buzgani uchun ikki tanga jarima olardi va shu yoʻl bilan toʻplangan pullarni “Arvoxi pir” ziyoratiga sarf qilardi. Meshkobchilarning ham “Arvoxi pir” ziyorati diniy ruhda oʻtkazilgan.
Buxorodagi hovuzlar chuqurda joylashgan boʻlib, suvlari oqib turmagani bois doimiy yangilab turilishi lozim boʻlgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yerlar oʻzlashtirilib, Shohrud arigʻi Buxorogacha oqib kelolmaganligi sababli hovuzlarning suv taʼminoti qiyinlashgan. Buning natijasida hovuzlarning suvi hidlangan. Yuqumli kasalliklar, jumladan, rishta kasalligi avj olgan. XX asrda 50 000 aholisi bor Buxoroda 171 ta kasallik qayd etilgan. Tarixiy hujjatlarning birida Buxoro shahridagi oliy oʻquv yurtlarining (madrasalar) rishtaga yoʻliqqan 127 nafar talabasi roʻyxati keltirilgan. Shahardagi tibbiyot vakillari rishtaga qarshi qiyinchilik bilan kurashardi. Shunda bu ishga “Rusiya siyosiy agentligi” ham aralashadi va taraqqiy etgan Gʻarb taʼlimini olgan mutaxassislar bu muammoni bartaraf qilishga jalb etiladi. Tadqiqotchi R.Pochekayev yozadi: “Muhandis X.Gelman 1895-yilda Rus siyosiy agentligi koʻmagida Buxoro hovuzlarini tozalash va tibbiy nazorat qilish uchun amir hukumatining roziligini oladi. Lekin bir qancha sabablar bilan loyiha amalga oshmay qoladi.
Hovuzlar keyinchalik koʻmilib tashlangan. Shundan soʻng buxorolik Mirzo Abdulvohid Burxonov (Munzim) bor mol-mulkini sotib, toʻplagan mablagʻini Buxoroga suv keltirishga safarbar qilgan. 1920-yil toʻntarishdan soʻng, sentyabr oyida Buxoro Xalq Respublikasi tashkil etilgach, Abdulvohid Burxonov Maorif hamda sogʻliqni saqlash noziri vazifasida ishlab, uning ishtirokida 1925-yilda Ark yonida Shuxov suv minorasi qurilib, shahar suv bilan taʼminlana boshlandi.
Istiqlol qadim Buxoro bagʻriga yangicha nafas olib kirdi. Koʻplab koʻhna hovuzlar, jumladan, Hovuzi Nav, Hovuzi Boboniyoz, Hovuzi Xoʻja Zayniddin, Hovuzi Lesak, Bolohovuz, Hovuzi Eshoni Imlo, Ismoil Somoniy, Xoʻja Kalon hovuzlari qayta taʼmirlandi. Sharif shahardagi koʻhna hovuzlarni asl holiga keltirish yoʻlida ham katta jonbozlik koʻrsatildi. “Devonbegi”, “Hazrati Imom”, “Piridastgir” hovuzlarining qayta barpo etilgani ham buning yorqin dalilidir.
Shavkat BOBOJONOV,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent