Elchilik munosabatlarining qaror topishi barqarorlikni saqlash, savdo yoʻllari xavfsizligini taʼminlash, ittifoqchilik va hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, saltanatlarning bir-birini siyosiy jihatdan eʼtirof etishi kabi hayotiy zaruratlardan tugʻilgan. Elchi qadimdan davlat shaʼnining timsoli, hukmdorning eng ishonchli vakili sifatida koʻrilgan. U saltanatlar oʻrtasidagi muzokaralarda tinchlik, adolat va hamkorlik mezonlarini qaror toptirishda asosiy vositachi vazifasini oʻtagan.
Turkiy xalqlar tarixida elchilik faoliyatining ildizlari gʻoyatda qadimiy va boydir. Bitiktoshlarda uchraydigan “elchi”, “yalavoch” yoki “sovchi” kabi istilohlar turkiy davlatchilik tizimida tashqi aloqalar tartibi (tuzuki) juda erta shakllanganidan dalolat beradi. Mazkur tushunchalar keyinchalik islomiy davr madaniyati taʼsirida yanada takomillashib, maʼmuriy-huquqiy mazmun kasb etgan. Mahmud Koshgʻariy oʻzining “Devonu lugʻotit turk” asarida “yalavoch” soʻziga “elchi” deya izoh berib, uning “hukmdor nomidan xabar (yarlig‘) eltuvchi shaxs” ekanligini alohida taʼkidlaydi. Shuningdek, u “arqish” atamasini “karvon va savdo yoʻlidagi elchi” maʼnosida qoʻllaydi. Bu holat Xoqoniylar saltanatida elchilik faoliyati iqtisodiy manfaatlar va siyosiy maqsadlar bilan naqadar uzviy bogʻliq boʻlganini koʻrsatuvchi tub omildir.
Islomiy madaniyat rivoji jarayonida elchilik faoliyati alohida axloqiy va siyosiy maqom kasb etgan. Elchilar saltanatlararo tinchlik va omonlik vakillari sifatida koʻrilgan boʻlib, ularning daxlsizligi shariat tamoyillari bilan kafolatlangan. Qurʼon va hadis manbalarida elchilarga zarar yetkazish qatʼiy qoralangani musulmon davlatchiligida tashqi muloqot odobining shakllanishiga tub asos boʻlgan. Shu bois, Abbosiylar, Somoniylar va Saljuqiylar kabi yirik saltanatlarda elchilik munosabatlari davlat boshqaruvi tartibotining (tuzuklarining) ajralmas boʻlagi boʻlib xizmat qilgan.
Tarixiy manbalarda elchilik vazifasi (yalavochlik) faqat yuqori martabali, bilimli va hukmdorning xos ishonchini qozongan siymolarga topshirilgani qayd etiladi. Abu Fazl Bayhaqiy “Tarixi Masʼudiy” asarida Gʻaznaviylar saroyida elchilar odatda qozilar, hojiblar yoki kotiblar orasidan tanlanganini yozadi.
Milliy davlatchiligimizning noyob obidasi boʻlmish Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida elchining maʼnaviy-huquqiy qiyofasiga alohida toʻxtalib, u “soʻzi rost, tili muloyim, sir saqlovchi va adolatni sevuvchi” shaxs boʻlishi lozimligi uqtiriladi. Nizomulmulk esa “Siyosatnoma”da elchilarning saltanat sirlarini asrashi va faqat xoqon manfaatlarini koʻzlab harakat qilishi zarurligini poydevor talab sifatida qoʻyadi. Bu esa oʻrta asrlar Turkiston davlatchiligida elchilik faoliyati yuksak maʼmuriy madaniyat va huquqiy intizom negiziga qurilganini isbotlaydi.
Xoqoniya saltanatining elchilik tajribasini oʻrganish nafaqat tarixiy, balki siyosiy-huquqiy jihatdan ham dolzarb vazifadir. 9–12-yuzyilliklar davomida Turkiston kengliklarida hukm surgan Qoraxoniylar sulolasi tarixida qaror topgan elchilik anʼanalari oʻzbek davlatchiligi tamoyillarining koʻplab jihatlari uchun tub asos boʻlib xizmat qiladi.
Xoqoniya saltanati oʻz davrida Turkiston siyosiy hayotida yetakchi oʻrin egallagan boʻlib, uning tashqi aloqalar tizimi yuksak rivojlangan edi. Saltanatning jugʻrofiy joylashuvi – Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Fargʻona, Soʻgʻd va Shosh vohalarini oʻz ichiga olgani – qoʻshni siyosiy markazlar bilan muntazam elchilik muloqotini taqozo etgan. Saltanatning Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgani elchilar zimmasiga savdo aloqalari xavfsizligini taʼminlashdek strategik vazifani ham yuklagan. Hukmdor saroyida elchilar hukmdorning eng yaqin va ishonchli mahramlari orasidan tanlangan.
Qoraxoniylarda elchilarni tayinlash tartibi ham oʻziga xos maʼmuriy nizomga tayangan. Nomzodlar dastlab saroy kengashida (devonda) koʻrib chiqilgan, soʻng xoqon huzurida topshiriq mazmuni batafsil tushuntirilgan. Nizomulmulk “Siyosatnoma” asarida shunga oʻxshash tartibot haqida soʻz yuritib, “hukmdor elchini sinovdan oʻtkazib, unga soʻzma-soʻz yoʻriqnoma berishi shart”ligini uqtiradi. Har nechuk, bu asar Saljuqiylar boshqaruviga oid boʻlsa-da, Qoraxoniylar sulolasi amaliyotida ham shunday tartib mavjud boʻlgani shubhasizdir. Zero, har ikki turkiy sulola oʻrtasidagi siyosiy anʼanalar va huquqiy asoslar mushtarak edi.
Qoraxoniylarda elchilar zimmasidagi vazifalar koʻlamiga koʻra bir necha turga boʻlingan:
• Doʻstlik va ittifoq elchilari – bular barqarorlikni mustahkamlash va savdo yoʻllari daxlsizligini taʼminlash bilan shugʻullangan;
• Taziyat va tabrik elchilari – saltanat taxtiga yangi hukmdor oʻtirishi, yirik gʻalabalar yoki falokatli voqealar munosabati bilan yoʻllangan;
• Maxsus topshiriqli vakillar – nizolarni barham toptirish, chegara masalalarini hal etish yoki saltanatlararo sovgʻa-salom almashish uchun yuborilgan.
Bunday tizimli yondashuv Qoraxoniylar sulolasi tashqi aloqalarining naqadar puxta boʻlganidan dalolat beradi. Ilmiy tahlillar shuni koʻrsatadi-ki, Xoqoniya saltanatida ham elchilik safarlari shunday yordamchi shaxslar hamrohligida amalga oshirilgan. Bu esa oʻrta asrlar Turkiston davlatchiligi diplomatik odobining umumiy va qatʼiy qoidasi sanalgan.
Xoqoniya saltanatida elchilarni tayinlash tartibi bilan bir qatorda, ularning huquqiy maqomi ham qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk” asarida turkiy davlatchilikning qadimiy huquqiy qoidasini keltirib: “Yosh hoʻl oʻtin oʻtda yonmaganidek, xabari ogʻir boʻlsa ham, elchiga oʻlim yoʻq”, deya yozadi. Ushbu hikmatli ibora elchilik daxlsizligini ifodalovchi eng qadimgi huquqiy qarashlardan biri boʻlib, nafaqat axloqiy, balki maʼmuriy-huquqiy kuchga ham ega boʻlgan. Xoqoniya saltanati hukmronligi davrida ham mazkur tamoyilga qatʼiy amal qilingan: elchiga nisbatan hurmatsizlik qilish yoki unga zarar yetkazish saltanat nufuziga dog‘ tushirish hamda xoqon shaʼniga tajovuz etish deb baholangan. Bunday huquqiy tartibot 12-yuzyillikda Turkiston kengliklarida elchilik munosabatlari yuksak madaniy va qonuniy poydevorga qurilganini koʻrsatuvchi navbatdagi tub omildir.
Elchilik faoliyatining siyosiy va iqtisodiy mazmuni bilan bir qatorda, uning beqiyos madaniy ahamiyati ham mavjud edi. Mahmud Koshgʻariy oʻz asarida Xoqoniya saltanatida va Chin (Xitoy) oʻrtasidagi yozishmalarda turkiy til ishlatilganini, chinliklar bu tilni tushunganini alohida taʼkidlaydi. Bu holat 10–12-yuzyilliklarda turkiy tilning elchilik aloqalari tili sifatidagi yuksak mavqeini koʻrsatadi.
Xoqoniya saltanatida elchilik tizimining qaror topishi davlatning xalqaro mavqeini mustahkamladi. Ular Xalifalik, Chin, Gʻazna va boshqa saltanatlar bilan muntazam elchi almashib turganlar. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Xoqoniya elchilari Chin saroyiga saman otlar, ipakli matolar va qimmatbaho toʻnlar eltgan, javoban esa oltin, chinni hamda nafis ipak buyumlar bilan qaytganlar. Bu jarayon saltanatning savdo-sotiq va tinchlik siyosatini oʻzaro uygʻunlashtirishga xizmat qilgan.
Xoqoniya elchilik tizimi keyingi turkiy-musulmon sulolalari uchun poydevor namuna boʻldi. Saljuqiylar va Xorazmshohlar saroylarida elchilarni tayyorlash, ularni kuzatish va qabul qilish marosimlari Xoqoniya saltanatidagi anʼanalarning mantiqiy davomi sifatida shakllangan. Ushbu ilmiy tahlil turkiy siyosiy madaniyatning uzviylik xususiyatiga asoslanadi: qadimgi turkiy elchilik unsurlari islomiy davr talablariga moslashgan holda yangi bosqichga koʻtarilgan.
Tahliliy jihatdan qaraganda, Qoraxoniylarda elchilik tizimi uch asosiy yoʻnalishni oʻzida mujassam etgan: siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-savdo va madaniy-maʼnaviy. Siyosiy-huquqiy yoʻnalishda elchilar saltanatlararo bitimlarni amalga oshirgan boʻlsa, iqtisodiy-savdo yoʻnalishida karvon yoʻllari daxlsizligini taʼminlaganlar. Madaniy-maʼnaviy yoʻnalishda esa turkiy til, yozuv va davlat boshqaruvi odobini keng targʻib etganlar. Binobarin, Qoraxoniylar sulolasi elchilik faoliyatini shunchaki tashqi siyosat vositasi emas, balki davlat tuzumining uzviy boʻlagi sifatida shakllantirgan.
Qoraxoniylarda elchilarni qabul qilish marosimi siyosiy hayotning eng muhim jarayonlaridan biri sanalgan. Bu marosim nafaqat tashrifni qabul qilish, balki saltanat nufuzi, maʼmuriy tartib va madaniy quvvatni namoyon etuvchi vosita sifatida qadrlangan. Elchilik marosimi xoqon shaxsining qudratini, saroy tartibotining mukammalligini va turkiy siyosiy odobning yuksak darajasini koʻrsatgan. Shu bois, u shunchaki tashkiliy tadbir emas, balki chuqur siyosiy va maʼnaviy mazmun kasb etgan davlat ahamiyatidagi jarayon sifatida qaralgan.
Yalavoch saroyga yetib kelgach, u avvalo maxsus mutasaddilar (hojiblar) tomonidan kutib olingan. Elchining shaxsi, safar maqsadi va keltirgan sovgʻa-salomlari aniqlangach, u saltanat poytaxtiga yoʻllangan. Nizomulmulk “Siyosatnoma” asarida shunga oʻxshash tartibotni tasvirlab, chegaradagi amaldor kelgan elchi haqida zudlik bilan markaziy devonga xabar berishi va uni ishonchli kishilar hamrohligida saroyga yetkazishi lozimligini uqtiradi. Har nechuk, bu maʼlumot Saljuqiylar boshqaruviga oid boʻlsa-da, Qoraxoniylar sulolasida ham xuddi shunday tartibning mavjud boʻlgani shubhasizdir. Zero, har ikki sulolaning boshqaruv tuzumlari va siyosiy odatlari umumiy turkiy-islomiy maʼmuriy anʼanalarga tayanar edi.
Saltanat saroyiga kirishdan avval yalavoch maxsus hojiblar tomonidan kutib olinib, u bilan odob-axloq, kiyinish va soʻzlashish tartibi (tuzuki) xususida suhbat oʻtkazilgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarida: “Hukmdor huzuriga kiruvchi kishi soʻzda rost, odobda toza boʻlsin”, deya taʼkidlaydi. Bu xoqon huzuriga chiqishning nafaqat siyosiy, balki yuksak axloqiy meʼyorlarga asoslanganidan dalolat beradi. Shu bois, yalavochning nutqi, harakati va hatto oʻzini tutishi saltanat shaʼniga munosib boʻlishi shart edi.
Elchilik marosimining uzviy qismi sovgʻa almashish anʼanasi boʻlgan. Mahmud Koshgʻariy ushbu qadimiy odatni “bushuq” soʻzi orqali ifodalab, uni “elchilik vazifasini bajargan kishiga beriladigan ehtirom sovgʻasi” deb izohlaydi. “Bushuq” yalavochning xizmatiga nisbatan minnatdorchilik boʻlish bilan birga, davlatlararo oʻzaro hurmat ramzi ham sanalgan. Odatda bunday sovgʻalar zarrin toʻnlar, asil otlar, oltin va kumush buyumlar koʻrinishida taqdim etilgan. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, keyinchalik Gʻaznaviylar va Saljuqiylar saroylarida ham davom etgan ushbu marosimlar oʻz ildizini bevosita Qoraxoniylar sulolasining siyosiy tajribasidan olgan.
Yalavochning saroydagi nutqi marosimning eng masʼuliyatli pallasi hisoblangan. Yusuf Xos Hojib “elchi soʻzi – hukmdor soʻzi” deya qayd etadi. Shu sababli yalavoch tomonidan xoqon yarligʻining oʻqilishi yoki vaziyatning izohlanishida oʻta hushyorlik va aniqlik talab etilgan. Tarjimonlar yalavoch nutqini hukmdorga buzmasdan, boricha yetkazishga masʼul boʻlganlar. Bu jarayon 12-yuzyillikda Turkiston davlatlari oʻrtasidagi muloqotning naqadar nozik va yuksak madaniy darajada boʻlganini ifodalaydi.
Qoraxoniylar saroyida elchilarni qabul qilish marosimi gʻoyat ulugʻvor tarzda oʻtgan. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, yalavochlarni joylashtirish va ularning barcha ehtiyojlarini taʼminlash bilan “hojib” va “biruk” lavozimidagi amaldorlar shugʻullangan. Bu esa Qoraxoniylar sulolasi davrida marosimlarni tashkil etish tizimi mukammal yoʻlga qoʻyilganini koʻrsatadi. Tarixiy manbalarda, xususan, Abu Fazl Bayhaqiy asarlarida elchilarga ehtirom ramzi sifatida “hilʼat” – maxsus toʻn kiydirilgani bayon etiladi. Bu turkiy elchilik madaniyatining uzviy qismi boʻlib, Qoraxoniylar saroyida ham qatʼiy amal qilingan tartibotlardan biridir.
Yalavochlarni qabul qilish marosimi koʻpincha davlat ahamiyatiga molik ziyofat bilan yakunlangan. Bunday majlislar siyosiy suhbatlarning davomi sanalib, unda xoqonning yaqin maslahatchilari, ulamolar va kotiblar ishtirok etishgan. Bu jarayon Qoraxoniylar siyosiy hayotida diniy qadriyatlar bilan davlat odobining uygʻunligini yaqqol ifodalagan.
Qoraxoniylarda hukmdorlarning yalavochlarga boʻlgan munosabati davlat siyosatining oʻzagini tashkil etgan. Yalavoch – davlat shaʼnini ifoda etuvchi siymo sifatida eʼzozlangan. Mahmud Koshgʻariy keltirgan “elchiga oʻlim yoʻq” degan qadimiy ibora nafaqat maʼnaviy, balki siyosiy qonuniyat sifatida amal qilgan. Xoqonlar elchini, hatto u gʻanim mamlakatdan kelgan boʻlsa-da, daxlsiz deb bilganlar. Yalavochning soʻzini tinglash, unga javob yarligʻini tutqazish va munosib sovgʻa bilan kuzatish hukmdorning adolati hamda siyosiy madaniyati belgisi sanalgan.
Yalavochning saroydagi mavqei va unga koʻrsatilgan iltifot saltanat siyosatining ochiq ifodasi boʻlgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarida hukmdor “oʻzi bilan soʻzlashayotgan kishining koʻziga tik boqsin, ammo izzatini ham joyiga qoʻysin”, deya taʼkidlaydi. Bu yalavochga nisbatan yuksak ehtiromni saqlagan holda, siyosiy masofani ham unutmaslik zarurligini anglatadi. Xoqoniya hukmdorlari aynan shu muvozanatni mahkam tutganlar: ular elchiga izzat-ikrom koʻrsatish barobarida, uning har bir soʻzi yoki keltirgan tuhfalari ortidagi pinhona siyosiy maʼnolarni ham teran tahlil qilganlar.
Xoqonlarning yalavochlarga nisbatan ehtiromi ularning xalqaro maydondagi boy tajribasidan dalolat beradi. Yalavochni munosib tuhfalar bilan kuzatish – “bushuq” berish odati nafaqat saroy marosimi, balki muhim siyosiy ishorat ham edi. Bu orqali hukmdor tinchlikka moyilligini, oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash niyatida ekanini namoyon etgan.
Qoraxoniylar sulolasining elchilik siyosati ikki asosiy ustunga tayangan: birinchisi – elchini hurmat va himoya qilish orqali saltanat nufuzini yuksaltirish boʻlsa, ikkinchisi – elchilik munosabatlaridan oqilona siyosiy vosita sifatida foydalanish edi. Ushbu ikki tamoyilning uygʻunligi Qoraxoniylarni 12-yuzyillikning eng yetuk va salobatli siyosiy kuchlaridan biriga aylantirgan.
Qoraxoniylar sulolasining elchilar almashuvi, avvalo, Sharqiy Turkiston, Xuroson va Mavorounnahrni bogʻlovchi hududlarda kuchli siyosiy muvozanat oʻrnatish maqsadini koʻzlagan. Mazkur oqilona siyosat orqali ular nafaqat oʻz mustaqilligini saqlab qolgan, balki qoʻshni sulolalar – Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va hatto Chin (Xitoy) bilan teng asosda munosabat oʻrnatishga muvaffaq boʻlganlar.
Saljuqiylar bilan aloqalarda Qoraxoniylar goh hamkorlik, gohida esa manfaatlar muvozanatini mahkam tutish yoʻlini tanlagan. Masalan, Dandanoqon jangidan keyin Saljuqiylar qudrati ortgan palla boʻlishiga qaramay, Qoraxoniylar oʻz siyosiy mustaqilligini saqlab qoldilar. Ular elchilar vositasida har ikki tomonlama eʼtirof va tinchlik shartlarini kelishib olganlar. Bunday elchilik munosabatlari bir tomonning boʻysunishini emas, balki oʻzaro hurmat va hududiy osoyishtalikni mustahkamlovchi vosita sifatida xizmat qilgan. Saljuqiylar saroyida Qoraxoniylarning elchilariga yuksak ehtirom koʻrsatilishi sulolaning siyosiy nufuzi butun mintaqa miqyosida tan olinganidan dalolat beradi.
Gʻaznaviylar bilan olib borilgan elchilik yozishmalari ham ikki tomonlama ishonch tamoyiliga tayangan. Abu Fazl Bayhaqiy manbalarida qayd etilishicha, Qoraxoniylarning elchilari muntazam ravishda tuhfalar va tabrik yorligʻlari bilan Gʻazna saroyiga yuborilgan. Shu bilan birga, Mahmud Koshgʻariy asarlarida Gʻaznaviylar bilan muloqot turkiy tilda olib borilgani qayd etilgan. Bu holat ikki qudratli turkiy sulolaning teng asosda va oʻzaro milliy qadriyatlar ehtiromi doirasida muloqot qilganini tasdiqlaydi.
Abbosiy xalifaligi bilan bevosita aloqalar tarixiy hujjatlarda kamroq qayd etilgan boʻlsa-da, ilmiy tahlillar shuni koʻrsatadi-ki, Qoraxoniylar sulolasi vakillari ayrim hollarda xalifalik elchilari bilan uchrashib, diniy va madaniy masalalarda fikr almashganlar. Bu holat sulola elchilik munosabatlarining faqat siyosiy emas, balki maʼnaviy qamrovga ham ega boʻlganini namoyon etadi.
Qoraxoniylarda elchilar almashuvi keskin markazlashgan bosimga emas, balki elchilik muvozanatiga asoslangan edi. Ular hech bir qoʻshni sulolaning tobe tomoniga aylanmagan, balki oʻzining tarixiy hududiy mavqeini, ona tilini va “bushuq” kabi qadimiy udumlarini saqlagan holda Turkiston kengliklarida siyosiy barqarorlikni taʼminlaganlar. Shu bois, Qoraxoniylar sulolasining elchilik amaliyoti oʻrta asrlar davlatchiligi tarixida mustaqil va milliy maktab sifatida eʼtirof etiladi.
Tashkiliy jihatdan qaraganda, Gʻaznaviylar saroyida elchilarni qabul qilish va kuzatish maxsus lavozim — “rasuldor” tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, Saljuqiylarda bu vazifa vazir Nizomulmulk rahbarligidagi devonlar zimmasiga yuklangan. Qoraxoniylarda esa elchilarni qabul qilish va ularning ehtiyojlarini taʼminlash bevosita hojiblar va biruklar masʼuliyatida boʻlgan. Bu jihat shuni koʻrsatadi-ki, Qoraxoniylar elchilik ishini qogʻozbozlikka asoslangan devoniy tizimga emas, balki saroy xizmatidagi oliy martabali amaldorlarning shaxsiy ishonchi va javobgarligiga tayanib olib borganlar.
Til masalasida Xoqoniya saltanati qoʻshni sulolalardan aniq farq bilan ajralib turadi. Gʻaznaviy va Saljuqiy devonlarida arabiy va forsiy tillar siyosiy yozishmalarda ustun boʻlgan boʻlsa, Qoraxoniylar sulolasi ona tilini, yaʼni turkiy tilni elchilik aloqalarining asosiy vositasiga aylantirgan. Mahmud Koshgʻariy Chin (Xitoy) bilan olib borilgan yozishmalar haqida soʻz yuritar ekan, “chinliklar turk tilini bilur” deya qayd etadi.
Elchini tanlash mezonlarida ham oʻziga xoslik koʻzga tashlanadi. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarida elchi “soʻzi toʻgʻri, aqli tiniq, sir saqlaydigan” boʻlishi kerakligini uqtiradi. Ushbu talablar Saljuqiylarning “Siyosatnoma” asaridagi mezonlar bilan mazmunan yaqin.
Marosimiy jihatdan ham oʻziga xos oʻxshashlik va farqlar mavjud. Saljuqiylar huzurida elchilar gʻoyatda dabdaba bilan, qurollangan navkarlar safi orasida qabul qilingan boʻlsa, Qoraxoniylar sulolasida bu jarayon birmuncha vazmin, ammo maʼnaviy maʼnoda teran oʻtkazilgan. Elchilarga yuksak ehtirom koʻrsatilib, safar yakunida unga saltanat tuhfasi topshirilgan. Ushbu qadimiy odat shunchaki moddiy ragʻbat emas, balki davlatlararo siyosiy doʻstlik ramziga aylangan.
Qoraxoniylar sulolasining elchilik faoliyati oʻz davrining siyosiy, diniy va madaniy anʼanalarini teran mujassam etgan. Uni Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi turkiy-islomiy sulolalar bilan qiyoslaganda, oʻziga xos oʻxshash va farqli jihatlar ravshan koʻzga tashlanadi. Umumiylik shundaki, ushbu sulolalarda elchi – davlat shaʼnini ifodalovchi daxlsiz siymo hisoblangan, unga zarar yetkazish eng ogʻir siyosiy jinoyat sanalgan. Biroq Qoraxoniylar sulolasida bu qoida shunchaki tashkiliy tamoyil emas, balki eʼtiqodiy qadriyat darajasiga koʻtarilgan.
Qoraxoniylar sulolasi oʻz elchilik siyosatini mutlaq kuch koʻrsatishga emas, balki oqilona murosa va tinchlikka asoslagan. Gʻaznaviylar koʻproq harbiy qudratni, Saljuqiylar esa maʼmuriy tartibotni namoyish etishga intilgan boʻlsa, Qoraxoniylar sulolasi elchilik munosabatlari orqali osoyishtalik, savdo rivoji va madaniy muloqotni targʻib etgan. Shu bois, ularning bu boradagi tajribasi keyingi asrlarda Turkiston zaminida hukm surgan turkiy sulolalar uchun oʻziga xos andoza boʻlib xizmat qilgan.
Qoraxoniylar sulolasi elchilik tizimi 12-yuzyillikning eng yuksak davlatchilik madaniyatini aks ettiradi. Ularning siyosati kuch bilan emas, balki soʻz qadri, oʻzaro hurmat va murosa orqali natijaga erishish tamoyiliga qurilgan. Shu sababli, ushbu davr anʼanalari keyingi turkiy sulolalar uchun chinakam elchilik maktabi vazifasini oʻtadi hamda turkiy dunyo tashqi aloqalari tarixining mustahkam poydevorini yaratdi.
Qoraxoniylarning elchilik faoliyati – bu shunchaki oʻtmish xotirasi emas, balki bugungi tashqi aloqalar va mintaqaviy yaxlitlik uchun tarixiy saboq, maʼnaviy negizdir.
Sarvar QOʻLDASHEV,
Toshkent ijtimoiy innovatsiya universiteti oʻqituvchisi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)