Nizomiy Aruziy Samarqandiyning 12-yuzyillikda yozib qoldirgan maʼlumotlariga koʻra, Somoniylar sulolasining yosh amiri Nasr ibn Ahmad qishni, odatdagidek poytaxt Buxoroda emas, balki Xuroson hududidagi Hirot atrofida joylashgan Bodgʻis yaylovlarida oʻtkazishga qaror qiladi. Bahor kelgach, u ortga qaytish oʻrniga: “Bundan goʻzalroq joy qayerda bor, yozni ham shu yerda oʻtkazamiz”, deydi. Yoz oʻtib, kuz fasli yetib kelganda esa yana: “Hirotning kuzini ham bir koʻraylik”, deb qoladi. Shu tariqa fasllar almashaveradi. Orada – sarkardalar hayratda, oilalar esa sogʻinchda qolib – toʻrt yil vaqt oʻtib ketadi.

Hukmdorning tabiat goʻzalligiga chalgʻib, davlat poytaxtini unutib qoʻyishidek bir qarashda noodatiy tuyulgan bu holat – aslida Sharq adabiyoti va tarixidagi eng mashhur voqealardan biriga sabab boʻlgan. Chunki bu tarixiy lavhaning muhim davomi bor: qanday qilib atigi oʻn ikki misradan iborat birgina sheʼr amirni taxtdan tushirib, poyabzalini kiyishga ham ulgurmasdan yalangoyoq otga minib, Buxoro sari yoʻl olishga majbur qildi? Bu satrlarni yozgan kishi – oʻsha davrning yetuk soʻz ustasi Abu Abdulloh Jaʼfar Rudakiy edi.

Nasr ibn Ahmad 914-yilda, sakkiz yoshida taxtga oʻtirgan va 943-yilgacha – qariyb oʻttiz yil hukmronlik qilgan. Uning davri Somoniylar sulolasi tarixidagi eng barqaror va farovon bosqich sanaladi. Turon bilan Xuroson yagona hokimiyat ostida birlashgan, savdo yoʻllarida xavfsizlik taʼminlangan, iqtisodiy holat mustahkamlangan edi. Ammo Somoniylar sulolasining haqiqiy boyligi moddiy xazinada emas, balki Buxoro saroyi atrofida toʻplangan olimlar va ijodkorlar muhitida edi. Aynan shu yillarda va shu hududda sheʼriyat oʻz tarixidagi dastlabki choʻqqiga koʻtarildi. Bu yuksalishning boshida esa Rudakiy turar edi.

Panjrud qishlogʻidan boʻlgan Rudakiy taxminan 858-yilda tugʻilgan. U umrining asosiy qismini Nasr ibn Ahmad saroyida – amirning eng yaqin suhbatdoshlaridan biri sifatida oʻtkazgan. Rivoyatlarga koʻra, uning devonida yuz mingdan ortiq bayt boʻlgan. Biroq bizgacha shundan atigi bir necha ming misragina yetib kelgan, qolgan asarlari saqlanib qolmagan. U faqatgina yetuk soʻz ustasi emas, balki mohir musiqachi ham boʻlgan. Rudakiy chang chertib, sheʼrlarini oʻzi kuylagan va aynan shu isteʼdodi tufayli saroyda yuksak eʼtibor qozongan.

Bu tarixiy voqeani bizgacha yetkazgan asosiy manba – Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Toʻrt maqola” (“Chahor maqola”) asaridir. Muallifning asl ismi Ahmad ibn Umar ibn Ali boʻlib, “Nizomiy” uning sheʼriy taxallusi boʻlgan. Oʻsha davrda yana ikki shoir xuddi shu taxallus bilan tanilgani uchun uni boshqalardan ajratib turish maqsadida “Aruziy” – aruzning yetuk bilimdoni deb atashgan. Tadqiqotlarga koʻra, u mazkur kitobni 1156-yilning oxiri – 1157-yilning boshlarida, markaziy Afgʻonistonning baland togʻlari orasida joylashgan Bomiyon vodiysida, yirik kutubxonalar va madaniy markazlardan yiroqda yozib tugatgan. Muallif asarni toʻrt qismga boʻlib, har bir maqolani hukmdor uchun zarur boʻlgan toʻrtta kasb egasiga – kotib, shoir, munajjim va tabibga bagʻishlagan. Rudakiy haqidagi voqea, tabiiyki, shoirlarga atalgan ikkinchi maqolada keltiriladi. Nizomiy Aruziy 1110–1111-yillarda Samarqandda boʻlganida, bu voqeani mahalliy bir dehqondan eshitganini alohida taʼkidlaydi (bu haqda keyinroq batafsilroq toʻxtalamiz).

“Toʻrt maqola”da yozilishicha, amir qishni poytaxt Buxoroda, yozni esa Samarqandda yoki Xurosonning boshqa bir shahrida oʻtkazishga odatlangan edi. Biroq bu safar navbat Hirotga keladi. U bahorni Bodgʻisda oʻtkazadi – muallifning taʼrifiga koʻra, bu joy Xuroson va Gʻarbiy Eronning eng xushmanzara yaylovlaridan biri boʻlib, u yerdan mingga yaqin sersuv soy oqib oʻtgan. Bu suvlarning har biri butun boshli qoʻshinni taʼminlashga yetarli boʻlgan. Bahor boʻyi yaylovda oʻtlab, jangga tayyor holatga kelgan otlarni koʻrgach, amir Hirotga yoʻl oladi va shahar darvozasi yaqinidagi Margʻi Safed mavzesida qarorgoh quradi.

Aynan shu davrda hududdagi Molin va Karux (Hirot atrofidagi mashhur bogʻdorchilik qishloqlari) mevalari pishib yetiladi – bunday neʼmatlarni boshqa hech qayerdan, hech qanday boylikka topib boʻlmas edi. Hirot hududiga kuz kech kelib, sovuq tushmagani sababli, uzumlarning taʼmi oʻzgacha mazali edi. Shahar atrofida yuz yigirmata uzum navi oʻstirilgan boʻlib, ular orasida butun yer yuzining boshqa biror burchagida uchramaydigan ikki nav – parniyon va qalanchariy alohida ajralib turardi. Qora, deyarli urugʻsiz, shakardek shirin bu uzumlarning birgina boshi besh mangacha (“man” — qadimiy ogʻirlik oʻlchovi boʻlib, oʻrtacha bir necha kilogrammga teng kelgan) tosh bosar edi. Atrofda nargis gullaydi, Molin qishlogʻida kishmish tayyorlanadi, uzumlar bandidan tizib osilib, omborlar toʻldiriladi. Bunga qoʻshimcha ravishda, amir dasturxoni uchun Sakistondan norinj (apelsinga oʻxshash nordon-shirin sitrus meva), Mozandarondan esa turunj (limon turiga kiruvchi yirik, qalin poʻchoqli xushboʻy meva) keltiriladi. Garchi saroy poytaxtdan yiroqda oʻziga xos “surgun”da boʻlsa-da, hech qanday hashamatdan cheklanmagan edi.

Amir tabiat manzaralariga shu qadar maftun boʻladi-ki, qoʻshini bilan Gʻura va Darvoz nomli ikki qishloqqa borib oʻrnashadi. Bu qishloqlarning bogʻlari shamol yoʻnalishini hisobga olib shunday barpo etilgan edi-ki, muallifning taʼrifiga koʻra, har biri naq jannatning oʻzginasiga oʻxshardi. Qishni oʻsha yerda oʻtkazadilar. Bahor kelganda yana oʻsha gap takrorlanadi, yoz oʻtib, kuz fasli kelganda ham shu holat davom etadi. Shu tariqa fasllar almashib, orada naqd toʻrt yil oʻtib ketadi. Muallifning taʼkidlashicha, bu davr Somoniylar sulolasining eng gullab-yashnagan chogʻi edi. Mamlakat obod, dushman yoʻq, qoʻshin sadoqatli, omad esa hukmdorga yor edi. Hech narsa amirni Buxoroga qaytishga majbur qila olmasdi – na urush, na ichki isyon va na biror xavf-xatar. Faqatgina bir narsa – yurt sogʻinchi yetishmasdi, yaʼni amirning koʻngli bu tuygʻudan mosuvo edi.

Amir bilan birga Hirotda yurganlar, xususan, toʻrt yil davomida poytaxtdagi oilasidan uzoqda yashayotgan sarkardalar va mulkdorlarning sabr kosasi toʻlib toshadi. Ular hukmdorni ortga qaytishga ochiqdan ochiq koʻndirishga jurʼat qila olmasdilar. Chunki amirning yuragida Hirot ishqi shu qadar chuqur ildiz otgan edi-ki, u suhbat chogʻida bu joyni jannatga, hatto xalq tasavvurida oʻta goʻzal sanalgan afsonaviy “Bahori Chin”dan (Xitoydagi betakror goʻzallikka ega afsonaviy bog‘ va ibodatxona) ham ustun qoʻyib taʼriflardi.

Shunda sarkardalar saroydagi eng obroʻli, soʻzi oʻtkir shaxs – Rudakiyga yordam soʻrab murojaat qilishga qaror qiladilar. “Agar amirni shu yerdan qoʻzgʻalishiga va Buxoroga qaytishiga koʻndira olsang, senga besh ming dinor hadya qilamiz”, deydi ular shoirga, “Chunki farzandlar sogʻinchidan yuragimiz qon boʻldi, jonimiz Buxoro ishtiyoqidan xalakdir”.

Rudakiy taklifni qabul qiladi. U amirning tabiati va ruhiyatini juda yaxshi bilardi. Muallifning taʼbiri bilan aytganda, u “amirning nabzini ushlab turadigan” inson edi. Bu tajriba unga muhim bir haqiqatni anglatadi: masalani nasr, yaʼni ochiqdan ochiq oddiy soʻz yoki quruq nasihat bilan hal qilib boʻlmaydi. Shu sababli Rudakiy nazmga – sheʼriyatga murojaat qiladi. U bir qasida yozadi, ammo uni darhol oʻqib bermay, qulay fursat poylaydi. Kunlarning birida, amir tongda kayfiyati koʻtarinki boʻlib turgan pallada Rudakiy saroyga kirib, oʻz joyiga oʻtiradi. Cholgʻuchilar navoni toʻxtatishi bilanoq, u qoʻliga chang cholgʻusini oladi va oʻn ikki qadimiy maqomdan biri boʻlgan “Ushshoq” ohangida oʻz qasidasini kuylay boshlaydi.

Sheʼrning dastlabki misralaridayoq Vatan sogʻinchi va yurtga boʻlgan mehr ramzi sifatida Buxoro qalʼasi yaqinida joylashgan, Somoniylar sulolasining xususiy bogʻidan oqib oʻtuvchi Moʻliyon anhori tilga olinadi:

Moʻliyon anhorining boʻyi kelmoqda,
Mehribon yorimning hidi kelmoqda.

Amu qumi, yoʻlining tosh-togʻi bilan,
Oyogʻim ostida ipakdek jilolanmoqda.

Jayhun suvi doʻstimning yuzidan shod boʻlib,
Otimning beligacha koʻtarilib kelmoqda.

Ey Buxoro, shod boʻlgin, uzoq umr koʻr,
Amiring senga shod boʻlib qaytmoqda.

Amir – oy, Buxoro esa osmon,
Oy oʻz osmoni sari kelmoqda.

Amir – sarv, Buxoro esa boʻston,
Sarv oʻz boʻstoni sari kelmoqda.

Fors tilida:

Boʻyi joʻyi Moʻliyon oyad hamiy,

Yodi yori mehribon oyad hamiy.

Rigi Amuy va durushti rohi u,

Zeri poyam parniyon oyad hamiy.

Obi Jayhun az nishoti ruyi dust,

Xangi moro to miyyon oyad hamiy.

Ey Buxoro, shod bosh va dir ziy,

Mir zi tu shodmon oyad hamiy.

Mir moh astu Buxoro osmon,

Moh sui osmon oyad hamiy.

Mir sarv astu Buxoro buston,

Sarv sui buston oyad hamiy

Bu – sheʼrning soʻzma-soʻz emas, balki mazmuniy tarjimasidir. Forscha asl matnda har bir misra “oyad hame” (“kelmoqda” yoki “kelaveradi”) iborasi bilan tugaydi. Ushbu takror sheʼrga jozibali qoʻshiq ohangini baxsh etgan va ehtimol, aynan shu xususiyati sababli ham uni chang joʻrligida kuylash oson kechgan. Yana bir muhim jihatni alohida taʼkidlash lozim. Yuqorida keltirilgan oʻn ikki misra Nizomiy Aruziy oʻz asarida yozib qoldirgan matn boʻlib, aslida bu – mashhur qasidadan bugungi kungacha yetib kelgan yagona parcha boʻlish ehtimoli yuqori. Voqeaning oʻzi Muhammad Avfiyning “Lubob ul-albob” asarida ham (biroz farqli tafsilotlar bilan) qayd etilgan, biroq sheʼrning ushbu matni bizgacha faqatgina “Chahor maqola” orqali saqlanib qolgan, deb taxmin qilinadi.

Nizomiy Aruziyning yozishicha, Rudakiy qasidaning aynan mana shu baytiga yetganida, amir shu qadar hayajonga tushadi-ki, taxtdan sakrab tushadi-yu, poyabzalini kiyishga ham ulgurmasdan shay turgan otning uzangisiga oyoq qoʻyib, toʻgʻri Buxoro sari yoʻl oladi. Xizmatkorlar amirning oyoq kiyimini naqd ikki farsax – taxminan oʻn ikki-oʻn uch kilometr yoʻl davomida uning ortidan koʻtarib borishga majbur boʻladilar. Hukmdor poyabzalini faqatgina Baruna nomli manzilga yetgandagina kiyadi, otning jilovini esa to Buxoroga yetib borguncha biror marta ham tortmaydi, yaʼni, yoʻlda umuman toʻxtamaydi.

Voqea shu bilan tugamaydi. Sarkardalar Rudakiyga vaʼda qilingan besh ming dinorni mamnuniyat bilan ikki barobar qilib toʻlaydilar. Nizomiy Aruziy oʻz asarida bu voqea doirasida yana bir qiziq tafsilotni keltiradi. Bu oʻrinda u maʼlumotni kimdan eshitganiga alohida toʻxtalib oʻtish lozim.

1110–1111-yillarda Samarqandda boʻlganida, muallif Abu Rijo Ahmad ibn Abdussamad Obidiy ismli bir dehqon bilan suhbatlashadi. Dehqonning aytishicha, bu voqeani unga xuddi shu ism bilan atalgan bobosi – qari Abu Rijo hikoya qilib bergan ekan. Unga koʻra, Rudakiy oʻsha safardan qaytib Samarqandga kirib kelganida, uning yuk-taqasini naqd toʻrt yuzta tuya tashigan. Toʻgʻri, bu maʼlumot Nizomiy Aruziyga ikki bosqichda – avval bobodan nabiraga, soʻng nabiradan muallifga ogʻzaki tarzda yetib kelgan, ammo u baribir shoirning naqadar boy va izzat-hurmatli shaxs boʻlganini koʻrsatuvchi yorqin dalildir.

Yana bir tafsilot bundan-da qiziqroq. Oradan ikki yuz yilcha vaqt oʻtib, Saljuqiylar sultonlari saroyining rasmiy shoiri, “amir ush-shuaro” (shoirlar amiri) unvoniga sazovor boʻlgan va oʻz davrining eng nafis, ravon uslubli ijodkori sanalgan Muʼizziydan (11-yuzyillik oxiri – 12-yuzyillik boshi) Zaynulmulk Abusaid Hindu ibn Muhammad Isfahoniy ismli bir amaldor shu qasidaga javob sheʼri (nazira) yozib berishni soʻraydi. Muʼizziy avvaliga “Bunga qurbim yetmaydi”, deb rad etadi. Soʻng zoʻrma-zoʻraki bir necha bayt bitadi. Ulardan biri Rudakiy sheʼridagi oʻsha takrorlanuvchi soʻzga (radifga) – “kelmoqda” iborasiga taqlid qilib, shunday yozilgan edi: “Mozandarondan Rustam kelmoqda, Isfahondan Zaynulmulk kelmoqda”.

Afsonaviy pahlavon Rustamni oddiy bir saroy amaldori bilan yonma-yon qoʻygan bu satrlar Rudakiyning asari oldida naqadar gʻarib va zaif ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi. Nizomiy Aruziy oʻz yashab turgan davrigacha, yaʼni voqeadan ikki yuz yil oʻtgach ham, hech bir ijodkor bu qasidaga munosib javob yoza olmaganini alohida taʼkidlaydi.

Qizigʻi shundaki, ushbu mashhur voqea Rudakiy hayotidagi eng yuksak davrni aks ettiradi. Biroq shoir umrining yakuni unchalik baxtli kechmagan. Taxminan 937-yilda uning uzoq yillik homiysi boʻlmish vazir Abulfazl Balʼamiy mansabidan chetlashtiriladi. Katta homiysidan judo boʻlgan Rudakiy ham asta-sekin saroydagi nufuzini yoʻqota boshlaydi (garchi bu jarayonning aniq tafsilotlari boʻyicha tarixiy manbalarda qarashlar turlicha boʻlsa-da). Shoir umrining soʻnggi yillarini yoʻqchilik va muhtojlikda, oʻzining tugʻilib oʻsgan qishlogʻida oʻtkazadi hamda 940 yoki 941-yilda vafot etadi.

Xoʻsh, bu tarixiy qissani qanchalik jiddiy qabul qilish mumkin? “Chahor maqola”ning 1963-yilda rus tilidagi ilmiy nashrini tayyorlagan sharqshunos olim Aleksandr Boldirev bu savolga alohida toʻxtalib oʻtgan. Uning taʼkidlashicha, asardagi Rudakiy, Firdavsiy va Umar Xayyom haqidagi hikoyalar mazkur ijodkorlar toʻgʻrisida bizgacha yetib kelgan eng qadimgi maʼlumotlar hisoblanadi. Boshqacha aytganda, bu voqeani tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi bundan-da ishonchliroq boshqa biror yozma manba yoʻq.

Shu bilan birga, Boldirev yana bir muhim jihatni qayd etadi: zamonaviy tadqiqotchilar Nizomiy Aruziyning boshqa koʻplab hikoyalarida sezilarli tarixiy xatoliklarni – voqealar, shaxslar ismlari va sanalarning oʻzaro aralashib ketganini aniqlaganlar. Buning sababi tushunarli. Muallif oʻz kitobini yirik kutubxonalar va bilimdon kishilardan yiroqda, Bomiyon togʻlari orasida yashab, koʻp oʻrinlarda faqat oʻz xotirasiga tayanib yozishga majbur boʻlgan.

Hatto voqea boʻlib oʻtgan manzil borasida ham olimlar oʻrtasida yakdil fikr yoʻq. Baʼzi zamonaviy tadqiqotchilar qasida aynan Hirot atrofida emas, balki Nishopur yoki Marv shaharlari yaqinida bitilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilishadi. Shunga qaramay, Boldirevning xulosasiga koʻra, bu kitob oʻz davri odamlari orasidagi munosabatlarni, turmush tarzini hamda adabiy siymolar qiyofasini tasvirlashda yorqin, haqqoniy va oʻziga xos noyob hujjat boʻlib qolmoqda.

Demak, Rudakiy va amir Nasr ibn Ahmad haqidagi bu hikoyani ham aniq bir kunning quruq hujjatli bayoni sifatida emas, balki Somoniylar davrida shoir shaxsiga qanday munosabatda boʻlingani hamda sheʼriyat qanday qudratli kuchga ega deb hisoblanganini koʻrsatuvchi ishonchli koʻzgu sifatida qabul qilish toʻgʻriroq boʻladi.

Nizomiy Aruziy ushbu voqeani shoirlarga bagʻishlangan maqolasiga bejiz kiritmagan. Aslida, uning bu kitobi hukmdor uchun shoir naqadar zarur shaxs ekanligini isbotlashga qaratilgan edi. Buni dalillash uchun esa bundan yaxshiroq misol topish mushkul. Butun boshli qoʻshin ham, oila sogʻinchi ham, hatto toʻrt yillik kutish ham ortga qaytara olmagan amirni – atigi oʻn ikki misra sheʼr Buxoro sari yoʻlga solgan edi.

Ulugʻbek OLIMOV, 

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)