Fukuyamaning bashorati

1989-yili Sovet davlati va uning tamali boʻlgan sotsializm gʻoyasi tanazzuli aniq boʻlgan kezlarda amerikalik siyosatshunos Frensis Fukuyama liberalizm va sotsializm oʻrtasidagi “sovuq urush”da liberalizm uzil-kesil gʻalaba qozonganini yozgan edi. Olim “Tarix intihosi va soʻnggi odam” kitobida esa insoniyat mafkuraviy evrilishlarning soʻng nuqtasiga yetib kelgani, bundan buyon Gʻarb liberal demokratiyasi boshqaruvning yagona maqbul shakli sifatida butun dunyoga tarqalishini bashorat qiladi (Francis Fukuyama. The End of History and the Last Man. Free Press, 1992).

Liberalizmning asosida sekulyar, avtonom va rasional individualizm turadi. Individualizm esa, Yevropa tarixiy taraqqiyoti, jumladan, Maʼrifatparvarlik va Reformatsiya davrining noyob mahsulidir. Liberalizm oʻn yillar mobaynida, diniy qarash va anʼanalardan qatʼi nazar, barcha madaniyatlarga mos tushadigan universal qadriyat sifatida talqin etildi. Xususan, 90-yillarda Gʻarb madaniyatiga mansub boʻlmagan jamiyatlarda liberalizm va demokratiya targʻiboti kuchaydi. Pirovardida, liberalizm ijtimoiy uyushishning muqobil shakllaridan biri maqomidan muhokama etib boʻlmas gegemon mafkura va Gʻarb imperializmi hamda global hukmronligi (“Vashington konsensusi”) timsoliga aylandi-qoldi. Vaholanki, Gʻarbda ham, boshqa mintaqalarda ham unga muqobil nazariyalar hamisha mavjud boʻlgan.

Ana shunday mafkuralardan biri – respublikachilikdir (jumhuriyatchilik). Uni yangi siyosiy lison qidirayotgan oʻzbek jamiyati uchun ham maqbul gʻoya desak yanglishmagan boʻlamiz. Birinchidan, liberalizmdan farqli oʻlaroq, jumhuriyatchilik oʻzbek siyosiy tafakkuri va amaliyotida azaldan mavjud. Ikkinchidan, jumhuriyatchilik liberalizmga xos – inson erkinligi, sotsializmga xos – tenglik, millatchilikka xos – siyosiy millat, dinga asoslangan gʻoyalardan esa insoniy fazilat kabi eng yaxshi jihatlarni oʻzida mujassamlashtirgan.

Bosh gʻoya – tahakkumsizlik

Ushbu mafkuraga “hurriyatga asoslangan idora shakli boʻlmish respublikaga ishonch-ixlos” deya muxtasar taʼrif berish mumkin. Lotinchada “res” – narsa, ish, “publica” esa umum, ummat, jumhur kabi maʼnolarni anglatadi. ResPublica bu – ummat uyushib, bamaslahat amalga oshiradigan harakatlar demak. Arab va turkiy   tillarga mazkur ibora “jumhuriyat” shaklida kirgan.

Yevropalik mutafakkirlar Nikkolo Makiavelli, Jon Milton, Jeyms Harrington, Oljernon Sidney, Tomas Peyn hamda AQSH davlati “ota”lari Jon Adams, Tomas Jefferson, Jeyms Medison klassik respublikachilik gʻoyasi asoschilari sanaladi. Filip Pettit, Kventin Skinner, Maurisio Viroli kabi yangi davr faylasuflari esa ushbu nazariyani zamonamizga moslab takomillashtirmoqda. Jumladan, irland faylasufi Filipp Pettitning 1997-yilda chop etilgan “Republicanism. A Theory of Freedom and Government” kitobi XX asrda ahamiyatini bir oz yoʻqotgan gʻoyani tom maʼnoda qayta jonlantirdi.

Har qanday siyosiy gʻoya mavjud qonunchilik, boshqaruv institutlari faoliyatiga oʻz bahosini beradi. Respublikachilik falsafasi ham siyosiy voqelikni baholashda bir necha tamoyilga suyanadi.

Tahakkumsizlik (non-domination) tamoyili. Qonun-qoidalarni ishlab chiqish, boshqaruv institutlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, umuman, siyosat yuritishda eng ustuvor vazifa tahakkumga – dominantlikka yoʻl qoʻymaslik yoki uni kamaytirish boʻlmogʻi lozim, deb hisoblaydi respublikachilik tarafdorlari.

Shu oʻrinda tahakkumsizlik istilohiga ikki ogʻiz izoh berib oʻtsak. Arabcha “al-tahakkum” kalimasi oʻzbek tilida ham mavjud. U Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur qoʻllagan, ammo hozirda ishlatilmaydigan arxaik soʻzlar sirasiga kiradi. Tahakkumning oʻzagi – hukm. U tilimizdagi hukmdor, hokim, mahkum, hakam soʻzlari bilan oʻzakdosh boʻlib, zoʻrlik-la hukmronlik qilish, soʻzini oʻtkazish, ustun chiqish kabi maʼnolarni ifodalaydi. Ingliz tilidagi “domination”, rus tilidagi “dominirovaniye” soʻzlarida nafaqat ustunlik (dominantlik), ayni choqda, zulm, tazyiq kabi maʼnolar ham mujassam. Nazarimizda, “tahakkum” soʻzi “domination”ning barcha maʼno noziklarini toʻliq qamraydi. Shunga koʻra mazkur arxaik soʻzni ishlatishni maʼqul koʻrdik.

Tahakkum manbai biror shaxs (qul ustidan hukm yuritayotgan xoja), guruh (xalqni idora etayotgan zolim hukumat, bir hovuch boylar, harbiylar yoki muayyan shaxsga jamoaviy bosim oʻtkazuvchi omma), iqtisodiy-ijtimoiy yoki tabiiy kuchlar (monopoliya yoki ekologik omillar) boʻlishi mumkin. Respublikachilikning asosiy maqsadi    – turi yoki manbaidan qatʼi nazar, tahakkumni imkon qadar cheklashdan iboratdir. Negaki, u insonni falajlantiradi, butun imkoniyat va malakasidan erkin foydalanishiga, demakki, shaxs sifatida kamol topishiga toʻsqinlik qiladi. Maʼlumki, ham siyosiy, ham shaxsiy erkinlikka erishish siyosiy jamoaga birlashmoqni talab etadi. Zotan, yakka holda zaif sanalgan insonlar jamoalarga birlashib, istiqbolini oʻzi belgilashdek ulkan qudratga ega boʻladi.

Respublikachilar taʼbiricha, tahakkumsiz erkin umrguzaronlik qilishning shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham afzalliklari koʻp. Bunday muhitda inson oʻz hayotiy maqsadlarini boshqalarning aralashuvisiz, mustaqil belgilaydi; oʻzgalar qosh-qovogʻiga qarab yashash, xushomadgoʻylik, maddohlik majburiyatidan xoli boʻladi. Sirasini aytganda, tahakkumsiz jamiyat insonga chin maʼnoda ozodlik tuhfa etadi.

Tahakkumsizlik siyosatda ustuvor maqsad oʻlaroq tatbiq etilganda esa, jamiyatda tenglik barqaror boʻladi. Shu nuqtai nazardan, respublikachilar ham oʻta qashshoqlik, ham oʻta davlatmandlikning oldini olish haqida qaygʻuradi, tabaqalanish haddan ziyod kuchaymasligi uchun universal bazaviy daromad kabi qayta taqsimlash choralarini taklif etadi. Qolaversa, bunday jamiyatda birodarlik hissi kuchayadi. Gap shundaki, barcha ezgu gʻoyalar kabi tahakkumsiz erkinlik ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Unga siyosiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, muayyan institutlarni shakllantirish orqali erishmoq mumkin. Bu esa jamoaviy harakat va hamkorlikni taqozo etadi. Shu tariqa davlat va millatga mansublik tuygʻusi, birodarlik hissi nashʼu namo topadi.

Lotincha ResPublisa istilohi siyosiy erkinlik – yakkahokim podshoh yoki sultonning inʼomi emas, balki jamiyatning barcha aʼzolari umumharakati mevasi ekaniga ishora qiladi. Bu – amirlik, xonlik kabi sulolaviy idora usuli; diktatura, oligarxiya yoki olomon boshqaruvidan yuksak siyosiy idealdir.

Huquq ustuvorligi tamoyili. Bunga koʻra, jamiyatda har qanday kuch ishlatish – xoh mansabdor tomonidan, xoh fuqaro tomonidan boʻlsin – faqat qonunchilikka asoslanmogʻi shart.

Odamlar yagona jamoada yashar ekan, bir-birlarining qaror va tanlovlariga turli usullarda taʼsir oʻtkazishi tabiiy. Taʼsir vositalarining eng jiddiysi – kuch ishlatish tahdididir. Zoʻravonlik jilovlanmas ekan, na kishining oʻz mehnati mahsuliga egaligi, na jismoniy daxlsizligi kafolatlanadi. Ingliz faylasufi Tomas Gobbs taʼkidicha, mushtumzoʻrlik muhitida na sanʼat, na iqtisodiyot, na jamiyat ravnaq topadi; davomiy qoʻrquv va oʻlim tahdidi insonlar hayotini zulmat-u mashaqqatga aylantiradi (Thomas Hobbes. Leviathan. Chapter 11, 1651).

Demak, tahakkumning har qanday turini jilovlash kuch ishlatish, zoʻravonlik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatishni taqozo etadi. Masalan, iqtisodiy tahakkumni cheklash uchun, avvalo, bozorni tartibga soluvchi, qayta taqsimlashga qaratilgan chora-tadbirlar zarur. Zoʻravonlikka esa faqat huquq ustuvorligini taʼminlash orqali barham berish mumkin. Qonun ham, aslida, tahakkumning bir turidir. Lekin respublikachilik nazdida, bu – tahakkumning yagona joiz koʻrinishidir. Agarda diktatura zarur boʻlsa, huquq diktaturasi boʻlsin, deydi mazkur nazariya namoyandalari.

Eʼtiborga molik jihati, respublikachilar muayyan huquqiy tizimni targʻib etmaydi. Ularning fikricha, tahakkumni eng koʻp jilovlay olgan huquqiy tizim – eng maqbulidir. Demak, muayyan zamon va makondagi jamoa oʻzi uchun maʼqul huquqiy tizimni joriy etishi, bu tizim ayni choqda sobit mezonlarga javob bermogʻi lozim. Huquqiy tizim, avvalo, aniq va puxta qoidalardan tashkil topishi, tez-tez oʻzgarmasligi kerak. Konstitutsiyada belgilangan tartib-qoidalar, deylik, davlat rahbari vakolat muddatini tez-tez oʻzgartiraverish Asosiy qonunning legalligiga putur yetkazadi. Ikkinchi mezon – zoʻravonlikka olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday holat ehtimoliy tahakkum oʻlaroq qonunchilikda taqiqlanishi kerak. Masalan, oiladagi (er va xotin yoki ota-ona va bola oʻrtasida) zoʻravonlik klassik respublikachilikda tahakkum hisoblanmagan, lekin zamonaviy nazariyotchilar uni jilovlash lozim deb hisoblaydi. Uchinchi mezon jamiyatning barcha aʼzolari teng himoya qilinishida ifoda topadi. Baʼzida inson muayyan guruhga mansub boʻlgani uchungina himoyadan mosuvo qoladi. Olis va yaqin tarixda qullar, ayollar, qora tanlilar, yahudiylar taʼqib va tazyiqqa uchragani maʼlum.

Jamoatchilik nazorati tamoyili. Adolatli qonunlar va faol institutlar fuqarolarni boshqa fuqarolar yoki guruhlar tahakkumidan nisbatan samarali himoya qila oladi. Lekin buning uchun qonun-qoidalar vakolatli mansabdorlar tomonidan amaliyotga toʻliq tatbiq etilishi lozim. Mansabdorlar bunga qodir boʻlmasa yoki istamasa-chi? Respublikachilarning uqtirishicha, hurriyat mansabdorlarning kayfiyati, mayliga bogʻliq boʻlib qolmasligi kerak. “Agarda siz qonunchilikdan tashqari kuch-qudratga ruxsat (imkon) berib qoʻygan hokimiyat amri ostida yashayotgan boʻlsangiz, allaqachon qulsiz. Hukmdorlaringiz oʻzboshimcha (cheklanmagan) qudratga ega ekani haq-huquqlaringizdan foydalanishingiz ularning mayliga, qosh-qovogʻiga bogʻliq ekanidan dalolat beradi”, deb yozadi ingliz tarixchisi Kventin Skinner (Skinner Quentin. Liberty Before Liberalism. Cambridge University Press, 1997).

Bu kabi mushkul sharoitlarda faqat jamoatchilik nazoratigina erkinliklarni munosib kafolatlay oladi. Respublikachilar aynan qaysi mansabdorlar faoliyati jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi kerakligi borasida bahslashib keladi, lekin eng yuqori lavozimdagi shaxslar (ijroiya, qonunchilik va kuch ishlatar tuzilmalarini nazorat qiluvchi masʼullar    –    xonlar, sultonlar, prezidentlar, bosh vazirlar, spikerlar) jamoatchilik nazoratida boʻlishi shartligi borasida yakdil toʻxtam mavjud. “Munosib jamoatchilik nazorati” – xalq kuch ishlatishga majbur boʻlmay (inqilob-u isyonlarsiz), odatiy siyosiy jarayon orqali nomaqbul mansabdorlarni isteʼfoga chiqarish va almashtirish imkoniyatiga ega boʻlishi deganidir.

Tahakkumsiz erkinlik, huquq ustuvorligi va jamoatchilik nazorati respublikachilikning eng muhim tamoyillari sifatida yakdil tan olingan. Ushbu nazariya uch tamoyil bilan cheklanmaydi, albatta. Yana boshqa bir qator tamoyillar ham bor. Ulardan biri – “omixta tuzum” gʻoyasidir. Bunga koʻra, siyosiy tizim shunday shakllantirilishi lozimki, hokimiyat vakolatlari turli boʻgʻinlar oʻrtasida rasamadi bilan taqsimlanishi, oliy boshqaruv boʻgʻinlari bir-birining faoliyatini qisman boʻlsa ham cheklash yoki jilovlash huquqiga ega boʻlishi kerak. Yaʼni, mutlaq iqtidor odamni muhaqqaq buzadi, demak, cheksiz hokimiyat yakka shaxs yoki yagona guruh qoʻlida toʻplanmasligi lozim. “Qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud – butun hokimiyatning bir qoʻlda yoki guruhda jamlanishini – saylov yoki tayinlov orqali amalga oshadimi yoinki meros orqalimi, bundan qatʼi nazar – haqli ravishda tiraniya deb atasa boʻladi”, deydi AQSH Konstitutsiyasi mualliflaridan biri, atoqli davlat arbobi Jeyms Medison (Madison, James. “Federalist No. 39,” in Selected Writings of James Madison, Ralph Ketcham, ed. Hackett Publishing, pp. 99–105).

Zamonaviy siyosiy tafakkurga bu gʻoya hokimiyatlarning boʻlinishi, iqtidorning taqsimlanishi tarzida kirgan. Respublikachilarga koʻra, qonun ijodkorligi bilan bir guruh, qonunlarning ijrosi bilan boshqa guruh shugʻullanishi kerak, uchinchi guruh esa ular oʻrtasidagi nizolarda hakamlik qilishi lozim. Iqtidorning taqsimlanishi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud tomonidan tasarruf etilishi bilan cheklanmaydi. Ayni choqda, ikki palatali parlament risoladagidek faoliyat yuritmogʻi, ijro hokimiyatining oʻzida ham tiyib turish mexanizmlari joriy etilmogʻi darkor. Bu borada hokimiyatning desentralizatsiyasi, yaʼni hududlarga boshqaruv vakolatini koʻproq berish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sirasi, zamonaviy konstitutsionalizm respublikachilikning ajralmas tarkibiy qismi boʻlib, hokimiyat vakolatlarining samarali taqsimoti orqali tahakkumning oldini olish boʻyicha salmoqli bilim va tarixiy tajriba orttirilgan.

Liberallardan farqli oʻlaroq, respublikachilar siyosiy erkinlikni tasodif mahsuli boʻlgan ijtimoiy bitimning natijasi emas, balki qadriyatlarni ongli ravishda amaliyotga tatbiq etilishidan vujudga kelgan konstitutsiyaviy tuzum mevasi deb biladi.

Bu oʻrinda boshqa omillar ham mavjudligini unutmagan maʼqul. Deylik, risoladagidek siyosiy tizim shakllantirildi. Shuning oʻzi tizimning muvaffaqiyatiga kafolat boʻla oladimi? Yoʻq, albatta. Aholi ongi, dunyoqarashida oʻsha siyosiy tizimga mos qadriyatlar shakllanmas ekan, uning umri qisqadir. Respublikachilar ilgari surgan navbatdagi tamoyil – “fuqaroviy fazilatlar” gʻoyasi ayni shu muammoni hal etishga xizmat qiladi.

Fuqaroviy fazilatlar – umum manfaatiga yoʻnaltirilgan siyosiy tizimning fasodga uchrashi oldini olishga bel bogʻlagan, bundan minbaʼd moddiy manfaat koʻzlamagan insonlarning xulq-atvori, xatti-harakatlari majmuasidir. Respublika tartibotini oʻrnatish, qonun-qoidalarni qabul qilish osonroq kechishi mumkin, lekin siyosiy tizimni saqlab qolish uchun fuqaroviy fazilatlar lozim boʻladi.

Xoʻsh, respublika umrboqiyligi uchun nima muhim? Muxtasar aytganda, umum (jamoa) manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qoʻyishga undaydigan fazilatlar shakllanishi kerak. Savolga batafsilroq javob bersak, bu borada toʻrt muhim fazilatni sanash mumkin.

Birinchisi – odamlarning tahakkumsiz erkinlikka ixlos qoʻymogʻidir. Bu jamiyat aʼzolarining hurriyatni cheklashga qaratilgan har qanday xatti-harakatga qarshi turishini talab etadi. Zero, klassik respublikachilar nazdida, tahakkumga toqatli boʻlish ham tobelik, qullikdan dalolat beradi.

Ikkinchi fazilat – shaxsning jamoat ishlarida faol boʻlishi. Fuqarolar umum manfaati yoʻlidagi yumushlardan qochib, maishatga oʻralashib qolsa, siyosiy loqaydlik kuchaysa, u holda respublika tanazzuli muqarrar boʻlib qoladi.

Uchinchi fazilat – siyosiy moʻtadillik. Sogʻlom bahs siyosiy tizim ravnaqiga xizmat qiladi, albatta. Lekin munozaralar qutblarga boʻlinish, qabilachilik, tarafkashlikka olib kelmasligi kerak. Bu siyosiy moʻtadillik, muxolif fikriga ham quloq tuta bilish, u bilan mushtaraklik qidirish, kezi kelganda oʻz daʼvolarini jilovlashni taqozo etadi.

Zamonaviy respublikachilar birdamlikni toʻrtinchi fazilat hisoblaydilar. Binobarin, fuqarolar nafaqat oʻz erkinligi doirasida farogʻatda yashashi, ayni choqda boshqalarning erkinligiga daxl qilmasligi kerak.

Odamzod feʼl-atvori, tiynati haqida u qadar nekbin fikrda boʻlmagan respublikachilar mudom bir gapni takrorlaydi: inson xom sut emgan bandadir, aksar hollar ehtirosga beriladi, kalta oʻylaydi, umum manfaat oʻrniga shaxsiy manfaatlarini tanlashga moyil. Shunga koʻra, tahakkumsiz erkinlik uzluksiz davom etadigan jamoaviy loyihadir. Respublika institutlari tashkil etilgach, erkinliklarning fuqarolar ishtirokisiz doimiy muhofaza etilishiga umid qilish soddalikdir. Aksincha, erkinliklar faqat fozil fuqarolarning siyosiy faolligi orqali taʼminlanadi.

Xoʻsh, fuqaroviy fazilatlar qanday shakllantiriladi? Bu savolga ham manbalarda batafsil javob berilgan, lekin maqola hajmi talabiga koʻra qisqaroq javobni maʼqul koʻrdik.

Respublika tuzumining afzalliklarini koʻrgan aholida oʻz-oʻzidan uni muhofaza etishga ragʻbat uygʻonadi, fuqarolar uni saqlab turishdan manfaatdor boʻlgani uchun nomashru’ xatti-harakatlardan oʻzini tiyadi. Masalan, jazo muqarrar boʻlmagani vajidan yoʻl qoidalariga amal qilmaydigan oʻzbekistonlik Skandinaviya mamlakatlariga koʻchib borsa, yoʻl qoidalariga toʻliq rioya etishga, yaʼni risoladagidek yashashga intiladi.

Fazilatlarni shakllantirishning yana bir manbai – taʼlim. Respublikachilar, taʼlimda betaraflikni targʻib etadigan liberallardan farqli oʻlaroq, maktabda tahakkumsiz erkinlikning afzalligini koʻrsatib beruvchi fuqarolik asoslarini (vatanparvarlik darslari) oʻrgatish kerak deb hisoblaydi. Umuman, taʼlimda mustaqil shaxsni tarbiyalashga qaratilgan uslub-metodlar ragʻbatlantiriladi.

Aziz mushtariylardan ushbu satrlarni jumhuriyatchilik gʻoyasini sharhlash yoʻlidagi dastlabki urinish oʻlaroq qabul qilishlarini soʻragan boʻlar edik. Maqolamizning yakuniy qismida “Ushbu taʼlimot nega oʻzbek jamiyati uchun muhim?” degan savolga baqadrihol javob beramiz.

Oʻzbek respublikachiligi

Buni qarangki, siyosatshunos Frensis Fukuyamaning liberalizm gʻalabasi haqidagi daʼvosi puch boʻlib chiqdi. Gʻarb liberalizmi na postsovet mamlakatlarda, na boshqa mintaqalarda mustahkam ildiz otdi. Bir tomondan, bu – afsuslanarli holat. Chunki liberalizmning jontomiri boʻlgan erkinlik mazkur jamiyatlar uchun suv bilan havodek zarur edi.

Xayriyatki, oʻzbek siyosiy tafakkurida liberalizmga muqobil jumhuriyatchilik gʻoyasi mavjud. Din yoki millat gʻoyasiga asoslangan muhofazakor taʼlimotlarda shaxs hurriyati targʻib etilmaydi. Jumhuriyatchilik esa shaxsiy erkinliklarni ulugʻlaydi, ayni choqda, ularni anʼanaviy jamiyatlarga tatbiq etish yoʻllarini ham tavsiya etadi.

Respublikachilik – ajnabiy gʻoyalarga koʻr-koʻrona taqlid oʻlaroq oʻzlashtirilgan emas, u oʻzbek siyosiy tafakkuri va amaliyotida chuqur ildiz otgan mafkuradir. Ulug‘ alloma Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” risolasi mohiyatiga koʻra jumhuriyatchilik haqida. Muallifning fikricha, fozil odamlar shahrida (yoki mamlakati) hamma teng boʻladi, odamlar chin maʼnoda hurlikka erishadi, bir odamning ikkinchisi ustidan xoʻjayinlik qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Odamlarning tinchligi va erkin hayotiga toʻsqinlik qiluvchi sulton (yaʼni yakkahokim) boʻlmaydi. Ular oʻz oralaridan eng olijanob insonlarni rahbarlikka loyiq topadilar. Rahbarlar raiyat ozodligi va tinch hayotini muhofaza etadi, barchaga barobar munosabatda boʻladi, hatto omma manfaatini oʻz manfaatidan ortiq koʻradi, umum manfaati uchun shaxsiy manfaatidan voz kechadi (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, 1993. 190-bet).

Jamiyat aʼzolarining biri ikkinchisiga xoʻjayin yoki yakkahokim boʻlmasligi aynan tahakkumsiz erkinlikni ifodalasa, umum manfaatini oʻz manfaatidan ustun koʻrish jumhuriyatchilik tutumiga ishoradir. Diqqatga molik jihati, alloma bu fikrlarni Nikkolo Makiavelli, Franchesko Gvichchardini kabi atoqli respublikachilardan olti asr oldin bayon etgan.

Forobiy oʻz risolasida fozillar oʻlkasining ziddi oʻlaroq johillar shahridan bahs etadi. Respublikachilik anʼanalari va institutlari korrupsiya va boshqa illatlar sabab vaqt oʻtib fasodga uchrashi, yemirilishi tafakkur ahlini oʻylantirib kelayotgan asosiy masalalar sirasiga kiradi. (Fasodning lugʻaviy maʼnosi yiringlash, gazak olish, chirish, buzilish demakdir. Ingliz tilidagi corruption soʻzi ham aslida korrupsiya yoki poraxoʻrlikni emas, aynan shu maʼnolarni ifodalaydi.)

Respublikachilar nazdida manfur boshqaruv shakllaridan biri boʻlmish oligarxiya hodisasi haqida Forobiy bunday yozadi: “Ammo baʼzi shaharlar boʻladiki, ularda butun xalqning fikri-zikri, aql-idroki boylik toʻplash, mol-dunyo orttirishga qaratiladi. Ulardan chiqqan rahbarlar ham rahbarlikni mol-dunyoni koʻpaytirishda deb biladilar. Shuning uchun ham ular erta-kech mol-dunyo toʻplash harakatida boʻladilar. Bunday rahbarlar qoʻl ostida boʻlgan shahar xalqlarida turli buzuq odatlar, shahvoniyat, bir-birini koʻrolmaslik, bir-birini talash, dushmanlik, nizo-janjallar avj oladi” (oʻsha manba, 161-bet).

Taassufki, tarix fani hamon yevrosentrizm paradigmasi orqali oʻrganilayotgani bois, respublikachilik ibtidosi, tadriji va gʻoyalari tadqiqida asosan qadimgi Yunoniston va Rim, Venetsiya, Florensiya, Genuya, Novgorod kabi shahar-davlatlarga andoza sifatida qaraladi. Yevrosentrizm – mustamlakachilik qarashlariga asoslangan dunyo modeli. Unga koʻra, insoniyat yuksak madaniyatli (yevropaliklar) va yovvoyi xalqlarga (boshqalar) ajratilgan. Hozirda bu tasnif “rivojlangan” va “rivojlanayotgan” millatlar shaklini olgan. Yevropa tamadduni boshqa tamaddunlardan ustun boʻlgani uchun qolgan xalqlar tarixning nofaol obyekti, Gʻarb esa uning faol subyekti – loyga ishlov berib, uni shaklga soluvchi kuloldek talqin qilingan. Bu iddao tarixnavislik, turli antropologik va psixologik nazariyalar yordamida dastaklangan.

Sirasi, ilmda respublikachilik faqat Gʻarb siyosiy madaniyatiga xos, degan yanglish qarash oʻrnashib qolgan. Gʻarb madaniyatiga mansub boʻlmagan Ibn Xaldun, Abu Nasr Forobiy kabi mutafakkirlarning qarashlari esa endi-endi ilmiy muomalaga kiritilmoqda.

Maqola avvalida qayd etganimizdek, jumhuriyatchilik – oʻzbek siyosiy amaliyotida mavjud fenomen. Masalan, oʻzbek tarixchisi Baxtiyor Olimjonov hozirgi Oʻzbekiston hududi soʻnggi 600 yil davomida kamida 8 ta respublikachilik anʼanasiga guvoh boʻlgan, degan qarashni ilgari suradi (Алимджанов Б. Республиканизм на территории современного Узбекистана // Вестник Санкт-Петербургского университета. История. 2022. Т. 67. Вып. 1. Стр. 293–306). Bular: Samarqand (sarbadorlar) respublikasi (1365–1366); Toshkent zodagonlar respublikasi (1784–1809); Turkiston muxtoriyati (1917–1918); Turkiston Sovet Respublikasi (1918–1924); Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920–1924); Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (1920–1924); Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (1924–1991) va mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi.

Sharqshunos Vasiliy Bartold “musulmon Oʻrta Osiyo shaharlarida ham respublikachilik anʼanalari mavjud boʻlgan” deb yozganida 1365-yili Samarqandda sarbadorlar hokimiyatga kelganiga ishora qilgan (Бартольд В. Народное движение в Самарканде в 1365 г. // Собр. соч. Т. II, ч. 2. Москва, 1964. Стр. 362). Olim sarbadorlar davrida Samarqandni turli aholi qatlamlarining vakillari (ziyoli Mavlonzoda Samarqandiy, kosib Abu Bakr Kalaviy va harbiy Xoʻrdak Buxoriy) boshqargani, aholiga yengillik beruvchi soliq islohotlari oʻtkazilganini respublika elementlari deya talqin etadi.

Boshqa rus tadqiqotchilari esa XVII asrda Toshkent erkin shahar boʻlganini eʼtirof etadi. Xususan, T.Burnashev va M.Pospelov Toshkentda respublikachilik anʼanalari kuchliligi, oʻz-oʻzini boshqarish madaniyati shakllangani haqida batafsil maʼlumot beradi (Поездка Поспелова и Бурнашева в Ташкент, в 1800 году // Вестник Императорского Русского географического общества. СПб, 1851). Oʻzbek tarixchilari ham Toshkentni Genuya va Novgorod kabi respublikalar bilan solishtirib, uni “savdogarlar respublikasi” deb ataydi.

Jadid loyihalari boʻlmish Turkiston muxtoriyati, BXSR va XXSR siyosiy uyushishga boʻlgan ilk urinishlar boʻlib, ularning barchasi aynan respublikachilik gʻoyalari, jumladan, konstitutsionalizmga muvofiq tashkil topgan (Adib Xolid. Oʻzbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob. Toshkent, “Akademnashr”, 2022).

Oʻzini oʻzbek deb his eta boshlagan jadidlar islohot modellarini “Yosh turklar” harakatidan olgan. Masalan, Abdurauf Fitrat Istanbulda tahsil koʻrayotgan davrda (1909–1913) Usmoniylar imperiyasi taqdiri, davlatni qay tariqa saqlab qolish masalasi matbuotda qizgʻin muhokama etilmoqda edi. Respublikachilikka asoslangan islohot modellaridan ilhomlangan jadidlar avval Buxoroda konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatishni orzu qilgan. Fitrat “buxoroliklarning mehribon otasi, millatpanoh podshoh”ga yolvorib, “to kech boʻlib imomimizni poʻpgʻa, azonimizni qoʻngʻiroqqa, masjidimizni cherkovga almashtirmoqqa boshqa chora qolmaguncha” harakat qilishni soʻraydi (Abdurauf Fitrat. Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususida qilgʻan munozarasi. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2000. 94-bet).

Jadidlar fikricha, islohot oʻtkazish musulmon hukmdori sifatida aynan amirning zimmasidagi vazifa edi. Fitrat va boshqa islohotparvarlar dastlab Buxoro amiri islohotlarga bosh-qosh boʻladi deya umid qildi. Biroq ularning amirga sodiqligi shartli edi. Buxorolik islohotparvarlar, aslida, “ulug‘ Buxoro millati”ga (millati najibayi Buxoro) amir va uning sulolasidan mustaqil, ularsiz ham mavjud boʻlgan boqiy subyekt sifatida qaray boshlagan edi. Amir endilikda mutlaq monarx emas, Buxoro xalqining xizmatchisiga aylanib, hukmronligi ham millatning inon-ixtiyoriga bogʻliq edi. Bu tom maʼnoda respublikachilik gʻoyasidir. 1917-yili amirning islohotlarni amalga oshirishdan voz kechishi, ayrim islohotchilarni qatl etishi, taraqqiyparvarlar nazdida, uning hukmronlik huquqini yoʻqotganini anglatardi. Jadidlar yozgan talabnoma­ultimatumda ham (uni ado etish uchun Buxoro amiriga 24 soat berilgan, aks holda, u taxtdan agʻdarilishi bayon qilingan) respublikachilik gʻoyalari aks etgan: “Buxoroda mashruta usuli qurulub, Millat Majlisi ochilur. Amirdan boshqa barcha hokim va qozilarning azl va nasbi, butun xazina va qoʻshunning ixtiyori Millat Majlisi ochilguncha yosh buxoroliklarning qoʻligʻa oʻtar. Amir esa mashruta qonuni boʻyincha amirlikda boqiy qolib, Millat Majlisi oldida masʼul topilur” (iqtibos Adib Xolidning “Oʻzbekiston tavalludi” kitobidan olindi).

Millat sifatida siyosiy uyushish – mutaraqqiylikning sharti va kafili degan maslakning uzil-kesil gʻalabasi 1924-yilda Oʻzbekiston respublikaga aylanishi bilan roʻyobga chiqdi. 1991-yilda dunyo xaritasida paydo boʻlgan mustaqil Oʻzbekiston davlati esa oʻzini oʻzbek deb anglagan siyosiy jamoaning tom maʼnodagi “ResPublica”sidir.

Xulosa

Postsovet oʻzbek jamiyati oʻz orzu-havaslarini ifoda eta oladigan yangi siyosiy lison qidirmoqda. Liberalizm yoki millatchilik turli sabablarga koʻra oʻzbek jamiyatida chuqur ildiz otmadi. Keyingi vaqtlarda muhofazakorlik keng tarqalayotgandek, lekin muhofaza qilishga arzigulik qadriyatlar mavjudligi hamon savol ostida. Diniy lisondan foydalanishning garchi oʻziga yarasha afzalliklari boʻlsa-da, hozirgi fikriy tanazzul davrida tafriqani yanada kuchaytirishi mumkin. Bizningcha, aynan respublikachilik oʻzbek jamiyatining intellektual va axloqiy yangilanishi uchun maqbul yechim boʻla oladi. Gap – respublikachilik tamoyillari asosida dasturlar ishlab chiqish va amalga tatbiq etishda qolgan.

Sardor SALIM

 “Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Yangi siyosiy lison ehtiyoji” maqolasi